Bizda bori bunda yoʻq, bunda bori bizda…

Posted January 1st, 2021 at 1:36 pm (UTC-5)
Leave a comment

Bugungi, insoniyat maʼlumotlar boʻroni ostida umr kechirayotgan kunlarda, aminmanki koʻpchilik doʻstlarimiz dunyoning har oʻlkasi, har millati va xalqlari haqida yetarli axborotga egaman degan xulosaga boradi. Bir qarashda chindan ham shunday, bunda ayniqsa ijtimoiy tarmoq orqali oʻz blogiga ega insonlarning xizmati katta.

Har qalay, bugun siz u yoki bu davlatga mehmonga ketar payt, oʻzingiz bilan (shaxsiy ehtiyoj uchun) nima olishni, mezbonlar uchun nima sovgʻa harid qilishni yaxshi bilasiz. Sizdan oldinroq oʻsha taraflarga borib olgan vatandoshdan maslahat soʻrab oʻtirmaysizda har qalay. Ammo, qanchalar “bilaman”, deb ishonmang insonlar koʻz oʻngidan tashqarida qolayotgan holatlar va odatlar ham borki, ularni bilishlik ham foydadan holi boʻlmaydi. Boʻlib ham agar siz u yoki bu davlatga doimiy yashash niyatida yoʻlga chiqayotgan boʻlsangiz.

AQSh hali ham dunyo xalqlarini oʻziga maftun qilib kelayotgan davlatlardan biri boʻlib qolmoqda. Mamlakatga kirishda joriy qilinayotgan cheklovlar, noqonuniy, baʼzan esa qonuniy muhojirlarga nisbatan uyushtirilib turuvchi reydlar va davlatdan chiqarib yuborish amaliyotlariga qaramay, keluvchilar oqimi mutlaqo pasaygan emas. Amerikaning eng yaqin qoʻshnilari bu borada hamon peshqadam. Joriy yilda dunyoni tashvishga solib qoʻygan koronavirus pandemiyasi AQSh tibbiyot tizimini jiddiy sinovga oldi, hatto dunyoda “ilgʻorlikni daʼvo qilgan davlat tibbiyotining ahvoli shu ekanmi?”, degan tanqidiy chiqishlar ham boʻldi. Bunday iddaolar uchun bir qarashda yetarlicha maʼlumotlar ham chiqib turdi. Qurbonlar soni, kasallanganlar soni, virus huruji oldida kuchsizlanish… Shu bois biz ham, maʼqul boʻlsa bilishingiz zarur holatlar haqidagi suhbatimizni aynan AQSh tibbiyoti haqida boshlaymiz.

Dunyoning har bir davlatida boʻlgani kabi AQShda ham tibbiyot tizimida oʻziga xos jiddiy oʻrnatilgan tartib bor. Bu tartiblar kichik doirada, bir guruh shifokorlar ishtirokida qabul qilinmagan, bu tartib va qoidalar Amerika tarixi davomida tibbiyot yuz kelayotgan holatlar va oqibatlar ortidan joriy etilgan. Masalan Oʻzbekistondan farqli amerikaliklar istagan payt oʻz shifokori oldiga dadil kirib bora olmaydi. Albatta dastlab hamshiraga sim qoqasiz, shifokor uchun qulay vaqt haqida soʻraysiz va uchrashuvga yozilasiz. Agar shifokorning vaqti kelasi oyga toʻgʻri kelsa, demak kelasi oy borasiz. Oʻzbekistondan farqli tez yordam xizmati tekin emas. Bu yerda men tez yordam shifoxonasini aytmadim, tez yordam, oʻzbekistonliklar “03” raqami orqali chaqiradigan, Gollivud kinolaridan tanish boʻlgani “911” orqali chaqiriluvchi yordam haqida gapiryapman.

AQShda bu raqam faqat tez yordam shifokorlariga tegishli emas. Ayni raqam favqulodda holatlar xizmatlari, yongʻinga qarshi tarkib, politsiya va shifokorlar uchun umumiy raqam hisoblanadi. Shu bois, agar siz 911ni terib, yordam bering desangizu, aynan qaysi turdagi yordam kerakligini aytmasangiz uyingiz yoniga bir vaqtning oʻzida yongʻinga qarshi kurash (favqulodda holatlar boʻyicha ham shu soha egalari keladi), tibbiy yordam va politsiya yetib keladi. Shuning uchun, Oʻzbekistondan farqli Amerikada chindan ham 911ni tergach, sabr bilan, oʻzingizni qoʻlga olgan holda hammasini batafsil tushuntirmogʻingiz shart boʻladi. Ammo bir narsada amin boʻlishingiz mumkin, siz telefonda kerakli maʼlumotlarni berayotgan payt, tez yordam mashinasi allaqachon yoʻlga chiqqan boʻladi va hali suhbatingiz tugamay yetib keladi. Yagona farq, politsiya va yongʻinga qarshi kurash tarkibi kelmaydi, ularni ortiqcha ovoragarchilikdan qutqargan boʻlasiz. Demak, aytib oʻtganimday tez yordam AQShda pullik. Oʻzbekistondan farqli tez yordam xodimlari, isitmaga qarshi “liticheskiy” ukol qilmaydi, bunday yondashuv hatto tez yordam shifoxonasida ham deyarli yoʻq.

Umuman zudlikda isitmani tushirish odati yoʻq desa ham boʻladi. Amerikalik shifokorlar inson tanasi oʻzi kurashish qobiliyatiga ega boʻlmogʻi lozim degan qarashga qattiq suyanadi. Albatta sizni tinchlantirish uchun AQShda bunday holatlarda beriladigan Tylenol yoki Motrin va yoki Advil beramiz deyishi mumkin, toʻgʻrirogʻi shifokor bu haqda hamshiralarni ogohlantirishini aytadi. U yogʻiga kutasiz. Baʼzan juda ham uzoq kutasiz. Albatta hayotingiz xavf ostida boʻlsa, hushingizni yoʻqotsangiz harakatlar ikki barobarga tezroq boʻladi, deyarli tibbiyot muassasasining barcha boʻlinmalari shifokorlari yetib keladi va sizga oʻz yonalishidagi tezkor yordamni koʻrsatishga tayyor turadi. Ammo oʻz oyogʻingizda kelgan boʻlsangiz, demak… Amerikadagi oʻzbeklar aytmoqchi, shifokor sizni kasalingizni yenga olmasa, ertasiga keladigan toʻlov qogʻozi albatta oyoqqa turgazadi. Chunki tez yordam mashinasining oʻzi uchun 1200 AQSh dollaridan 1500AQSh dollariga qadar toʻlov undiriladi. Tez yordam shifoxonasidagi narhlar sal koʻproq.

Shuning uchun odatda tez tibbiy yordam boʻlimiga shaxsiy mashinangizda borganingiz maʼqul. Shifokoringiz bilan uchrashuv vaqtlaringiz odatda har 6 oyda bir marotaba boʻladi. Agar oʻzingiz bunga qarshi boʻlmasangiz, yoʻqsa 1 yilda bir marta boʻlishi ham mumkin. Bordiyu sizni tez-tez bezovta qiluvchi qandaydir dard boʻlsa, bu haqda darhol shifokoringizni ogohlantiring va dardingizni inobatga olgan holda, baʼzan zudlikda qabul kerak boʻlishini aytib oʻting, shunda shifokoringiz buni oʻzi uchun qayd etadi va zudlikda uchrashuvga tayyor turadi. Aytgancha, suhbatimiz boshidan buyon shifokoringiz, deb yozyapman, gap shundaki AQShda har bir inson oʻzining doimiy shifokoriga ega. Bu shifokorlarni amerikaliklar qisqa qilib PCP doctor (PiSiPi doktor) deb atashadi. Toʻliq nomi Primary Care Physician (praymeri keyer fiziyshn) yaʼni davolovchi shifokor degani. Mana shu shifokor sizning eng yaqin kishingiz, dardkashingiz, sirdoshingiz, ishonchli kishingiz. Sizu biz bu qadar sevibqolgan antibiotiklarga yoʻl ochib beruvchi ham aynan shu inson.

Aytgancha AQShda antibiotik anqoni urugʻi. Yoʻq, antibiotik mavjud emas demoqchimansman, unga erishish osonmas. Amerikalik shifokorlar antibiotikka kamdan kam murojaat qiladi, bunga esa sal yuqoriroqda aytganim inson organizmi oʻzi kurashmogʻi lozim, degan qarash sababchi. Qachonki organizm buni u qadar uddalay olmayotgani sezilishni boshlasa, ana undan soʻng kam miqdorda antibiotik beriladi, oʻshanda ham agar sizning Tibbiy sugʻurta kampaniyangiz bunga qarshi boʻlmasa. AQShda tibbiy sugʻurta kampaniyalari shifokorlarning asosiy maslahatchilari hisoblanadi. Har qanday tibbiyot muassasasi birinchi galda sizning sugʻurta kampaniyangiz bilan bogʻlanadi va siz ularning qfabulida ekaningiz haqda ogohlantiradi. Shundan soʻng sizni koʻrikdan oʻtkazgani, qanday xulosaga kelgani va nima tavsiya etmoqchi ekanini aytadi. Sugʻurta kampaniyasi albatta bu jarayonni bilmogʻi va davolash usulini tasdiqlamogʻi shart. Aks holda, shifokor sizga avvalroq aytib oʻtganim Tylenol yoki Motrin va yoki Advilni tavsiya qiladi. Bu kompleks (umum asoratlar) kasalliklar uchun ishlab chiqilgan eng ommabop dorilar. Tumov, bosh ogʻriq, isitma, har turdagi ogʻriqlar, tomoq qichishi va hokazo, bularning hammasi uchun tilga olganim dorilar (sirop holidagilari ham bor) toʻgʻri kelaveradi.

Qolaversa, tibbiy sugʻurta kampaniyangiz bilan kelisha olmagan hollarda ham ayni oʻsha aytganim dorilar shifokorlar uchun qutqaruv vositasidir. Ha, hayron qolmang, baʼzan sugʻurta kampaniyangiz u yoki bu turdagi davolash usulini tan olmasligi mumkin, shikoforlar esa buningsiz hech narsa qila olmaydi, zero tibbiy yordam AQShda pullik. Toʻgʻri yonimdan naqd pulda toʻlayman deyishingiz mumkin, ammo bu holatda juda ham qimmat xizmat taklif etiladi. Sugʻurta kampaniyalari va ularning faol ishlashiniga erishish sirlari haqida keyingi suhbatlarimizda batafsil gaplashamiz…

Mavsumiy tashvishlar AQShda ham bor

Koʻpchilik vatandoshlar albatta buni bilmasalar kerak, ammo chindan ham mavsumiy muammolar AQShda ham bor. Ammo bu muammolar davlat va yoki davlat organlari faoliyatidagi kamchiliklar bilan bogʻliq emas. Yoʻq. Muammolar koʻproq mahalliy odat va mavjud hayot tarzi bilan bogʻliq. Eng katta mavsumiy tashvilar tabiiy qish mavsumiga oid. Oʻzbekistonda boʻlgani kabi, AQShda ham qish mavsumida koʻp qavatli uyda yashovchilar uchun issiqlik asosiy muammoga aylanadi. Bu yerda asosiy masala shundaki, aksar koʻp qavatli uylar xususiy shirkatlarga qarashli. Bu shirkatlar orasida sobiq ittifoqdan kelgan muhojirlarga tegishlilariyam bor. Xullas, deyarli barcha koʻp qavatli uylarning menejerlari issiqlik quvvatini shaxsiy odatidan kelib chiqib belgilaydi. Masalan ular uchun normal hisoblangan issiqlik, sizu biz uchun mutlaqo sovuq. Amerikaliklar uchun ayni muddao boʻlgan harorat, sizu biz uchun naq Alyaska havosiday.

Shu bois aksar holatlarda qish mavsumi payt uy ichida ham qalinroq kiyimda yurasiz, bolalar tez-tez shamollab turadi. Masalan oʻzbekistonliklar qishga yaqin koʻmir, gaz balon, tappi va hokazolarni ommaviy sotib olishni boshlasa, aksar AQShdagi oʻzbeklar Tylenol yoki Motrin va yoki Advil sotib olishga kirishadi. Bolalar uchun. Chunki uydagi harorat shunaqaroq boʻladi. Boshqariluvchi issiqlik quvvati bilan aynan AQShda tanishsa boʻladi. Agar bordiyu mahalliy televideniye orqali juda ham qattiq sovuq kunlar kelishi haqida ogohlantirilsa, issiqlik quvvati oshiriladi, hatto yengilroq kiyimda yursa boʻlar darajaga chiqadi. Ammo sovuq kunlar chekindi deyilishi bilan quvvat ham shart chekinadi. Bilib tursangiz zarari yoʻq, bilmasangiz Tylenol, Motrin yoki Advil. Hatto oʻzingizga ham. Bilib tursangiz, u holda darhol issiqroq kiyinib olasiz, bolalarni ham kiyintirasiz.

Ikkinchi muammo ham oʻta tashvishli. Yaʼni qish mavsumida ham baʼzan quyosh chiqib qoladi. Bunday holatni Oʻzbekistonda ham koʻrish mumkin, toʻgʻrimi? Ammo Oʻzbekistonda adashmasam, quyosh chiqishi, koʻp qavatli uylarda (Toshkentda) issiqlik taʼminotining toʻxtatilib turilishiga sabab boʻlmaydi. AQShda boʻladi. Ertalab tursangiz va tashqarida quyosh charaqlab turgan boʻlsa, bilingki, issiqlik taʼminoti toʻxtagan. Amerikaliklar uchun tashqaridagi quyoshning issigʻi yetarli ekan. Har qalay men bogʻlanganda uyimiz menejeri shunday deb izohladi va hatto qoʻshnilarim (amerikaliklar) uchun quyosh payti issiqlik taʼminotining borligi haddan ziyod isib ketishiga sabab boʻlar ekan va ular eʼtirozli qoʻngʻiroqlar qilar ekan. Yaʼni amerikaliklar aslida biroz sovuqroq boʻlishini yaxshi koʻradi, ular uchun oʻzbek sevadigan issiqlik, choʻldagi issiqlik bilan barobar. Madomiki Amerikadasiz, bu holat bilan hisoblashishingiz shart.

Qolaversa aksar koʻp qavatli uylar egalari (ayniqsa sobiq ittifoqdan kelganlar) tejamkorlikni yaxshi koʻradi, koʻp sarflamaslik tarafdori, shu bois issiqlik quvvatini atay pasaytirishadi. Hatto juda ham sovuq boʻlgan kunlarda ham. Baʼzi koʻp qavatli uylarda issiqlik quvvatini har bir xonadon yashovchisi oʻzi belgilab olishi uchun imkoniyat yaratilgan. Bu, yangi davr uylaridagi qulaylik. Ammo uy egalari bu uskunalarning imkoniyatini oʻzlari cheklab qoʻyadi va natijada uy egalari uchun maʼqul sanalgan haroratdan baland haroratga ega boʻlish amrimahol boʻlib qoladi. Agar arz qilsangiz Amerika uchun mavjud harorat normal ekani uqtiriladi. AQShga yangi kelgan paytlarim, ilk qish mavsumida biz turgan uyning haroratini ancha yaxshilab oldik. Oy oxirida uy egasi yetib keldi va gaz uchun juda ham katta miqdorda pul toʻlanganini aytdi. Nega undayligini tekshirar ekan, koʻzi harorat belgilovchi moslamaga tushdi va undagi raqamni koʻrib rangi oʻchib ketdi. Oʻshanda uy egasi, bizdagi maʼqul harorat mana bu, deb ancha past raqamni koʻrsatdi, mening biz uchun bu sovuq degan eʼtirozimga javoban esa, “jemper kiyib olsang boʻladiku”, deb javob qildi.

Demak AQShga otlanar ekansiz jemperlardan koʻproq olvoling. Aksar uylardagaz plitalari elektron plitalarga oʻzgartirilgan. Bunisi biroz arzonroq. Ammo shunda ham, deyarli barcha plitalarga maxsus moslama oʻrnatiladi, ayni moslama plitadagi harorat koʻtarilgan payt avtomatik tarzda plitani oʻchirib qoʻyadi. Uch-toʻrt sekund yoki besh-olti sekunddan soʻng yana yoqiladi, ammo sal qizitib bergach yana oʻchadi. Ana shu tarzda oʻzbekistonliklar choy damlashadi va osh pishiradi. Tabbiy gaz oʻrnatilgan xonadonlarda har qalay bunday moslamalar yoʻq, gazni bemalol ishlatishingiz mumkin, ammo toʻlov oshib ketsa bilingki, uy egasi mehmonga keladi va sizga Amerikada yashash odatlari haqida maʼruza qilib ketadi.

Amerikadagi uylarning hech qaysisida, katta xona, oʻzbeklar mehmonxona deb oʻrgangan xonada chiroq boʻlmaydi. Istagan boshqa xonada boʻladi, ammo bu xonada emas. Nega deysizmi? Bu haqda kelasi suhbatimizda albatta gaplashamiz. Omon boʻlinglar.

 

Husniddin Qutbiddinov

Pitsburg, Pensilvaniya shtati

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

BLOG HAQIDA

muhojirlar shaharchasi2

Garchi blogimizni "Muhojirnoma" deb nomlagan bo'lsak-da, u alohida muhojirning kechinmalari va yoki sarguzashtlari haqida bayon qiluvchi sahifa emas. Bu ma'lum ma'noda muhojirotni o'z tanasida tatib ko'rgan insonlarning kundalik daftariday. Sahifa Amerika bilan tanishish, uning ijtimoiy-ma'naviy hayotini o'rganish, qolaversa bu mamlakatga kelish va undagi ayrim “imkoniyatlar”dan foydalanishni ko'zlayotgan minglab o'zbekistonliklar uchun ma'lumotnoma vazifasini o'tashni maqsad qilgan. Unda nafaqat Amerika, balki butun dunyodagi muhojirlar hayotiga oid ma’lumot va kechinmalarni berib borishni niyat qilganmiz.
Bizni kuzatib boring.

Kalendar

January 2021
M T W T F S S
« Jul    
 123
45678910
11121314151617
18192021222324
25262728293031