AQShda soliq to’lash mavsumi: bu haqda nimalarni bilish kerak?

Posted March 21st, 2019 at 11:01 am (UTC-4)
Leave a comment

Amerika Qoʻshma Shtatlarida yashaydigan har bir inson, xoh u muhojir boʻlsin, xoh sayyoh fevral oyidan to aprel oyining 15-kuniga qadar bu mamlakatda hukm surajak mavsum haqida biladi. Bu Soliq idorasiga yil davomida ishlab topgan daromadi haqida maxsus deklaratsiyani toʻldirish va topshirish. Aslida bu Amerikada qonuniy istiqomat qiluvchi har bir inson qatnashishi shart boʻlgan juda muhim jarayon. Uni mensimaslik yoki unda qatnashishdan bosh tortishlik Qoʻshma Shtatlarda eng ogʻir jinoyat sifatida baholanadi. Ammo hayratga soluvchi tarafi shundaki, hech kim bu jarayonni shunchaki oʻtkazib yubormaydi, albatta, unda ishtirok etishga urinadi, zero buning alohida yoqimli tarafi bor. Yoqimli tarafi ne ekani haqida biroz keyinroq…

Amerikaga yaqinda kelgan va kelganiga u qadar koʻp boʻlmagan ayrim vatandoshlar shubhasiz mamlakatda kechayotgan bu muhim mavsum haqida toʻliq maʼlumotga ega boʻlmasligi tabiiy. Qiziq tomoni shundaki, kelganiga ancha boʻlib qolgan vatandoshlar ham aslida bu mavsum haqida, toʻgʻrirogʻi, uning ayrim jihatlari haqida toʻliq maʼlumotga ega boʻlmasligi mumkin. Shu sabab va qolaversa, aksar vatandoshlarga yordam boʻlsin degan niyat bilan biz Amerikaning Virjiniya shtati Fayrfaks shahrida boʻlib, bu yerda soliq bo’yicha mutaxassis sifatida ishlab kelayotgan vatandoshimiz Zokir Alini suhbatga tortdik. Aksar “Amerika Ovozi” muxlislari bu insonni yaxshi taniydi, zero oʻtgan yili Oʻzbekistonga safari chogʻidagi sarguzashtlari haqida gapirib oʻtganmiz.

“Hurmatli vatandoshlar, agar Amerikaga kelgan boʻlsangiz, bu shubhasiz, siz uchun katta imkoniyat. Bu yerda oʻzining qonun-qoidalari bor, albatta va bular orasidagi eng muhimi bu Soliq haqidagi qonun va soliq deklaratsiyasini toʻldirish masalasi. Siz Grin karta yutib kelgan boʻlsangiz, albatta, xush kelibsiz Amerikaga va agar siz ishlashni boshlagan boʻlsangiz, yil soʻngida yillik daromadingizdan soliq toʻlashingiz shart. Siz masalan W-2 formasi olgan boʻlishingiz mumkin yoki 1099 formasini olgandirsiz. Bundan qatʼi nazar tegishli muddatda, bu demak yil boshidan aprel oyining 15-kuniga qadar davom etadi, hamma hujjatlarni toʻldirib topshirishingiz shart! Agar bu ishni qilmasak, demak, biz davlatga tegishli miqdorda jarima toʻlashga majbur boʻlamiz”, – deydi Zokir Ali.

Vatandoshimiz Zokir Ali aytib oʻtgan oʻsha ikki turdagi soliq formalariga toʻxtalib oʻtsam. Yil yakunlangach, ish joyingiz sizga ishingizning turiga qarab Soliq idorasiga taqdim etishingiz shart boʻlgan u yoki bu koʻrinishdagi formalarni beradi. Bu formalarning nomi W-2 (dabl yu ikki) yoki 1099. Bu hujjatlarda sizning ish joyingizda yil davomida topgan daromadingiz haqidagi maʼlumot koʻrsatilgan boʻladi. Agar ish beruvchi sizning oylik maoshingizdan soliq uchun maʼlum miqdorni olib qolgan boʻlsa, demak sizga soliqlar toʻlab borilgani haqdagi maʼlumot ham koʻrsatilgan W-2 formasini beradi. Bordiyu ish beruvchi sizning maoshingizdan soliq miqdorini olib qolmagan boʻlsa va bu yumushni sizning oʻzingizga qoldirgan boʻlsa, u holda yil davomida toʻlangan oylik maoshdan soliq olinmagani haqida maʼlumot keltirilgan “1099” formasini beradi.

“Afsuski, ish beruvchining istagi baʼzan sizning xohishingizdan farqli boʻlishi mumkin. Yaʼni sizni aynan qanday shartnoma asosida ishga olishni ish beruvchi hal qiladi, yo kontraktor (shartnomaviy ishchi) asosida yoki shtatdagi ishchi sifatida qabul qiladi. Agar kontraktor sifatida ishga olsa, demak, sizga yil soʻngida 1099 formasini berishi mumkin va soliq toʻlashni sizning zimmangizga yuklaydi, agar toʻliq ishchi sifatida olsa, demak soliqlaringizni ham toʻlaydi va tabiiy sizga W-2 formasini taqdim etadi. Moddiy ragʻbat masalasida esa tabiiy W-2 formasi egasi boʻlish yaxshiroq. Qolaversa, yilning soʻngida siz qarzim bormikan, qancha toʻlashim kerak ekan, deb oʻylamaysiz, ancha xotirjam boʻlasiz”, – deydi Zokir Ali.

Aytib oʻtish joiz, W-2 formasi sohiblarini xursand qiluvchi holat faqat soliqlar borasida koʻngil xotirjamligi emas. Aynan mana shu koʻrinishdagi forma sohiblari Soliq idorasining Income Tax Refunds ragʻbatiga ham ega boʻlishlari mumkin. Income Tax Refunds degani soliq toʻlovchiga yil davomida toʻlagan soliqlaridan maʼlum miqdordagi summani qaytarish degani. Yaʼni agar soliq toʻlovchining daromadi toʻlangan soliqning umumiy miqdoridan u qadar katta boʻlmasa, oilaviy sharoiti qiyin boʻlsa va koʻp farzandlik boʻlsa yoki ortiqcha soliq to’lab yuborgan bo’lsa, davlatning maxsus yordami sifatida toʻlangan soliqlaridan maʼlum miqdorini yordam oʻlaroq qaytarib oladi. Baʼzan yordam uchun moʻljallangan miqdor toʻlangan soliqdan ham kattaroq boʻlishi mumkin.

Aytaylik, soliqchi yil davomida toʻlagan soliqning miqdori 4000 AQSh dollariga teng boʻldi, lekin uch farzandi bor, turmush oʻrtogʻi ishlamaydi (sogʻligi yomon, ishga yaroqsiz yoki ish topa olmadi), turli koʻrinishdagi kommunal va hokazo toʻlovlari bor. Bunday holatda Soliq idorasi qonunga muvofiq bu vaziyatni oʻrganib, aytaylik, soliq toʻlovchiga 6000 va yoki 7000 AQSh dollari miqdorida moddiy yordam qaytarishi mumkin. Aynan shu bois ham koʻpchilik amerikaliklar ish qidirayotganida W-2 sohibi boʻlishi mumkin boʻlgan ish qidiradi. Ammo baʼzan 1099 formasi sohiblari ham yordam puliga umid qilishlari mumkin. Bunda ham asosan soliq toʻlovchining yil davomidagi daromadi, xarajati va oilaviy sharoiti inobatga olinadi.

Lekin vatandoshimiz Zokir Aliga koʻra, agar yillik daromad 40 000 AQSh dollaridan balandroq boʻlsa, u holda moddiy yordamning berilishi qiyinlashadi va aksincha soliq toʻlovchi toʻlanmagan soliqlarini toʻlashga jalb etilishi mumkin.

“Masalaning bir yechimli tomoni ham bor. Aytaylik soliq toʻlovchi yil soʻngida 1099 formasi olishini biladi va yil davomida oyligidan oʻz tashabbusi bilan kerakli miqdorda soliq toʻlab bordi. Yil soʻngida ana shu Soliq idorasiga taqdim etgani 1099 formasi, soliqlarni oʻzi toʻlab borgani bois xuddi W-2 maqomida koʻriladi va moddiy yordamga umid qilishi ham mumkin boʻladi”, – deydi suhbatdoshimiz.

Zokir Alidan yuzaga kelishi mumkin yana bir holat haqida ham maʼlumot olishga erishdik. Maʼlumki, aksar vatandoshlar Amerikadagi turmush tarzini yaxshilash, oʻzi va oilasi uchun birmuncha chiroyliroq sharoitlarni yaratish maqsadida bir vaqtning oʻzida ikkita-uchta joyda ishlashlariga toʻgʻri keladi. Va baʼzan ish joylarning qaysinisidandir kelishi kerak boʻlgan soliq formalari haqida unutib, hujjatlarni unutgani ish joyidagi daromadi haqdagi maʼlumotni koʻrsatmay topshirvorishi mumkin. Yoki aytaylik mamlakatga yangi kelgani bois umuman soliq deklaratsiyasi haqida xabarsiz, bu masalani qanday hal qilishni ham bilmaydi… Bunday vaziyatda vatandoshimizni nima kutyapti?

“Aslida bu jarayon Amerikada juda ham mashhur, shu bois bilmay qolishingiz amrimahol, qolaversa, ish beruvchingiz ham aytadi, mana bu sizning soliq formangiz, deklaratsiyani toʻldirib Soliq idorasiga topshiring deydi. Bordiyu hech kim aytmadi va siz shu ishni qilmadingiz. Bu holda sizga IRS dan maktub keladi, yil davomida mana bunday daromadga ega boʻlgansiz, mana shu haqda deklaratsiya topshiring degan. Endi qaysidir ish joyidagi daromadni koʻrsatish esdan chiqdi yoki oʻsha ish joyidan soliq formasi kelmadi, bu holda garchi buni esdan chiqarib hujjatni topshirgan boʻlsa ham, xavotirga oʻrin yoʻq. Zero IRS unutgan daromadi haqda eslatuvchi maktub yuboradi, zero ularda ish beruvchilardan olingan formalarning nusxalari boʻladi”, – deydi Zokir Ali.

Suhbatdoshimiz aksar vatandoshlar yoʻliqadigan qiyinchiliklardan yana biri, yaʼni deklaratsiyani toʻgʻri va ayniqsa qonuniy toʻldirish masalasida ham maslahat berib oʻtdi. Unga koʻra, har bir vatandosh dastlab deklaratsiyani qanday toʻldirish haqida, oilaviy sharoiti va moddiy yordamga umid qilishi mumkin yoki yoʻqligi haqida mazkur sohada koʻmak beruvchi firmalarga uchrashishni tavsiya berdi. Darhaqiqat, bunday firmalar bor va ularning aksariyati oʻz ofisi peshtoqiga “Tax service”, yaʼni soliq servisi deb yozilgan boʻladi. Bundan tashqari bir qator Internet resurslari ham bor va ular orasida eng mashhuri Turbo Tax veb tarmogʻi. Bor yoʻgʻi veb tarmoqqa kirasiz va u yerda koʻrsatilgan yoʻriq yordamida soliq deklaratsiyasini toʻldirasiz. Bu holatda sizga eng kerakli narsa bu ingliz tilini yaxshi bilish va AQSh qonunlaridan xabardor boʻlish.

Ammo bordiyu shunda ham ikkilansangiz yoki deklaratsiya toʻldirish shartlarini tushunmasangiz, u holda Zokir Aliga koʻra IRS  yaʼni Soliq idorasi saytiga murojaat qilib barcha savollarga javob topishingiz mumkin. Har ehtimolga qarshi deklaratsiyani toʻldirgach, unda koʻrsatib oʻtganingiz har bir holat borasidagi barcha hujjatlarni saqlab qoʻying. Zero Soliq idorasi sizning deklaratsiyangiz borasida shubhaga borsa audit taftishi oʻtkazishi mumkin. “Soliq deklaratsiyasiga kiritganingiz hujjatlar qoida boʻyicha uch yilgacha saqlanmogʻi shart, zero taftish istagan muddatda oʻtkazilishi mumkin. Sizdan bollaringiz bor-yoʻqligi tekshirilishi mumkin, tugʻilganlik guvohnomasini koʻrsatasiz. Daromadlar haqdagi va soliq toʻlangani haqdagi formalarni koʻrsatishingiz shart boʻladi, shu uchun ularni uch yilga qadar saqlab turishingiz lozim”, deydi Zokir Ali.

Husniddin Qutbiddinov

Asosli va asossiz qo’rquv haqida mulohaza

Posted March 6th, 2019 at 12:12 pm (UTC-4)
Leave a comment

Dunyo olimlari tomonidan oʻtkazilgan qator tadqiqotlar natijasi oʻlaroq maʼlum qilinishicha, inson zotini tinimsiz bezovta qilib turuvchi 100 dan ortiq qoʻrquv turlari mavjud. Garchi bu qoʻrquvlar keng tarqalgan va hatto alohida tadqiqotlar oʻtkazilishi uchun sababga aylangan boʻlsa-da, hammasi jamlanib faqat ikki turga boʻlinar ekan. Yaʼni ASOSLI va ASOSSIZ.

Ishoning. Biroz kulgili tuyulsada, qoʻrquv “asosli” va “mutlaqo asossiz” deb ajratib olingan. Asosli turini, mutaxassislar inson uchun zarur va hatto uning hayoti uchun muhim deb tan olishsa, asossizi chinakamiga insonning ham maʼnaviy, ham jismoniy tugashiga sabab boʻladi. Shu bois asossiz qoʻrquvni tibbiy olimlar patologik qoʻrquv deb nomlashgan. Ne taajjubki, ana shu patologik qoʻrquv turlari koʻproq totalitar va diktatorlik rejimlari hukm surgan davlatlar fuqarolarida, ayniqsa, koʻp uchraydi. Qanchalar ogʻriqli koʻrinmasin, Oʻzbekiston fuqarolarida ham ana shu patologik qoʻrquv mavjud.

Maʼlumki, yaqin kunlargacha ijtimoiy tarmoqlarning Oʻzbekistondagi foydalanuvchilari orasida “tashqaridan turib gapirish oson”, degan taʼkid juda ham mashhur edi. Nega? Sababi aksar oʻzbekistonliklar fikricha, ayrim oʻsha “tashqaridan” bildirilayotgan fikrlarni “ichkarida” gapirish xavfli hisoblanardi. Yaʼni, bildirilgan fikr allaqanday choralar koʻrilishiga sabab boʻlishi va yoki oʻta jiddiy noxush natijalarni paydo qilishi mumkinday edi. Olimlar fikricha, tabiiy qoʻrquv va patologik qoʻrquv tashuvchilari orasidagi farq shundaki, tabiiy qoʻrquv egasi uning uchun noqulaylik tugʻdirayotgan bu qusurga qarshi kurashishga urinadi. Yaʼni qoʻrquvdan qutilish yoʻllarini qidiradi. Inson butun hayoti davomida qoʻrquvni yengish orqali u yoki bu natijalarga erishib kelgani bois, qoʻrquv bilan kurashish tarixan mavjud boʻlgan tabiiy “evolyutsion” (rivojlanish deb olaylik – muallif) jarayon hisoblanadi.

Ammo agar inson qoʻrquvga magʻlub boʻlsa va aynan qoʻrquvi bois mavjud sharoitni oʻzgartirmay, boz ustiga unga asir boʻlib yashashda davom etsa, bu holat sekin asta patologik, yaʼni surunkali qoʻrquvga aylanadi. Oʻzbekistonda bugun biroz dadillik kuzatiladi. Va eng qizigʻi oʻsha dadillik aynan ijtimoiy tarmoqda ayniqsa keng koʻzga tashlanmoqda. Aslida biroz tahlil qilib koʻrsangiz, mamlakatda u qadar katta oʻzgarish boʻlgani yoʻq. Ijtimoiy tarmoqlarda fikr bildirish, u yoki bu mavzuni shartta koʻtarib chiqish masalasida demoqchiman. Toʻgʻri, mamlakat boshqaruvida oʻzgarishlar boʻlyapti, ayrim islohotlar yaqqol koʻzga tashlanyapti, ammo Internet va ayniqsa bugungi davrda fikrlar “toʻqnashuvi” uchun eng gavjum “maydon” boʻlgan ijtimoiy tarmoqlarga oid hech qanday yangilik joriy qilingani yoʻq.

Kimdir shartta boshladi, boshqalar ergashdi va qarabsizki… Demak aslida urinib koʻrish mumkin, faqat bunga mutlaqo asossiz boʻlgan oʻsha patologik qoʻrquv halaqit berayotgan edi.

Xullas, Oʻzbekistondagi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari patologik qoʻrquvdan qutilish sari harakatga kirishdi va hattoki mavjud muammolarga hukumat va mahalliy amaldorlar eʼtiborini tortib, ulardan izoh olishga ham erishmoqda. Taajjubli tomoni shundaki, Oʻzbekistondagi yaʼni ijtimoiy tarmoq shevasida aytganda “ichkaridagilar” bemalol gapirayotgan bir paytda, xorijdagi yaʼni “tashqaridagilar” patologik qoʻrquvga magʻlub boʻlmoqda. Toʻgʻri hammasi emas, gapirayotganlar ham, nimalarnidir ijtimoiy tarmoq orqali taqdim etayotganlar ham bor, ammo bu taqdimotlar koʻproq koʻngilochar, “yengil-yelpi” koʻrinishga ega. Jiddiy chiqishlar deyarli yoʻq.

Maqola avvalidagi iddaoni qoʻllaydigan boʻlsak, “mamlakat ichidan turib gapirish oson”, boʻlib qolganday. Darvoqe kamina suhbatga chorlagan oʻzbekistonliklardan biri ham aynan shu fikrni aytgan edi, Oʻzbekistondan turib gapirish osonroq degan mazmunda. Goʻyo patologiya bir hududdan ikkinchisiga koʻchganday.

Pensilvaniya shtatida yashovchi Bahodir Fayziy

AQShning Pensilvaniya shtati, Pitsburg shahrida istiqomat qilib keluvchi vatandoshimiz, jamiyatdagi kayfiyatlarni tahlil qilish boʻyicha mutaxassis Bahodir Fayziy bu holatni juda oddiy izohlaydi.

“Oʻzbekistonda siz va biz koʻrayotgan islohotlar koʻlami aslida u qadar katta emas. Shu bois ularni bu yerda, xorijda qolayotgan oʻzbeklar deyarli sezmayapti. Oʻylaymanki, Oʻzbekistondagi islohotlar, erkinliklar berilishi agar astoydil, samimiy darajada olib borilsa, buning shabadasi albatta Amerikaga ham, xorijda yashayotgan oʻzbeklarga ham yetib keladi. Baribir ham, hali xorijda qolayotgan oʻzbeklarda Oʻzbekistondagi oʻzgarishlarga shubha bilan qarash kayfiyati bor. Va bu, menimcha, normal holat, aytishadiku, sutdan ogʻzi kuygan qatiqni ham puflab ichadi deb. Ehtiyotkorlik juda kuchli, zero bilasiz, bu xalq juda uzoq muddat diktatura ostida yashadi”, – deydi Bahodir Fayziy.

Kanadada yashovchi jurnalist Ulug’bek Ashur

Hozirda Kanadada istiqomat qiluvchi jurnalist Ulugʻbek Ashur (Haydarov) ham Bahodir Fayziy fikrini qoʻllaydi. Uning aytishicha, Oʻzbekiston hali sobiq prezident, marhum Islom Karimov davrida hukm surgan siyosatdan butkul voz kechgani yoʻq va aksar xorijdagi oʻzbeklar buni yaqqol koʻrib, sezib turibdi.

“Islom Karimov mamlakatda mutlaq qoʻrquv tizimini yaratib, uni yaxshilab ishga tushirib ketdi. Shavkat Mirziyoyev oʻsha “tizim ijodkori”ga haykallar qurdiryapti, muzeylar ochdiryapti. Bu oʻz navbatida xorijda yurib, 5-10 soʻm topib, oʻzining biron bir biznesiga ega boʻlgan oʻzbeklarni qoʻrqityapti. Ular “Jim oʻtirsang, uzoq yashaysan”, naqliga amal qilishyapti xolos. Va menimcha ular bunday oʻylashga haqli. Agar oʻzbek hukumati Islom Karimovdan soʻng xuddi Gruziyadagi kabi lyustratsiyaga yuz tutib, yangicha yoʻlni tanlaganida edi, xorijdagi oʻzbeklar bugungi hukumat bilan barobar gaplashayotgan boʻlar edi”, – deydi Ulugʻbek Ashur.

Bahodir Fayziy va Ulugʻbek Ashur fikrlaridan kelib chiqadigan boʻlsak, aslida xorijdagi oʻzbeklardagi qoʻrquv goʻyoki shunchaki vasvasa, yana ham ilmiyroq aytganda, patologik qoʻrquv emas, balki asosli qoʻrquvdir. Va bu qoʻrquvning asosiy tashxislaridan biri, bu garchi yangi deb atalayotgan boʻlsa-da, mavjud hokimiyatga ishonmaslik.

Fransiyada yashovchi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov

“Oʻzbekistonda 2016 yilda hokimiyat almashdi. Lekin maʼlumki, agar hokimiyat tizim doirasida oʻzgargan boʻlsa, bunday tizimlar juda tezlikda oʻzgarmaydi. Oʻzbekistondagi joriy tizim ham avtoritar. Avtoritar deyishga sabablar koʻp. Jumladan, fuqarolik jamiyati mavjud emas, liberal demokratik qadriyatlar asosida ishlaydigan davlat institutlari shakllanmagan. Ayni paytda, yangi hokimiyat siyosiy tizimni isloh qilishga, uni repressiyalardan tozalashga harakat qilayapti”, – deydi hozirda Fransiyaning Parij shahrida istiqomat qiluvchi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov.

Shunday boʻlsa-da, mutaxassislar fikricha, aynan qaysidir harakat va urinishning natijasi shubhasiz qandaydir koʻngilsizlikka olib boradi va uning oqibati juda ham yomon kechadi degan gumonning mavjudligi ham aslida patologik qoʻrquv turiga kiradi. Yaʼni insonlar nimadir roʻy berishi naqadar aniq yoki noaniqligini aslida bilmaydi, ammo shunday boʻlishi muqarrar deb oʻzlarini ishontiradi. Suhbatdoshlar fikricha, odamlardagi garchi “noaniqday tuyulsa-da” nedandir kuchli qoʻrqish hissi shunchaki oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qolgan va yoki odamlar bu qoʻrquvni oʻzlari uchun oʻzlari yaratib olgan emas. Bu ham aslida atayin singdirilgan, yuqtirilgan “virus”dir.

“Maqsad – odamlarni davlat,hukumat oldida taslim qilish, boʻysundirish, davlatga yashirincha yoki oshkora ishlatish. Shuning uchun ham, kuch ishlatar tizimlari oʻz faoliyatlarini afsonalashtirishga, boʻrttirishga intilishadi. Chunki kuch ishlatar tizimlarining faoliyati fuqarolar ongida kuchli qoʻrquv uygʻotar ekan, fuqarolarga bosim oʻtkazish oson boʻladi”, deydi Kamoliddin Rabbimov.

Zamonaviy ruhshunoslar fikricha, inson ongida u yoki bu vahimani rivojlantirish uchun katta ish qilish shart emas, buning uchun ming yillar davomida insonlar uchun asosiy maʼlumot (toʻgʻri yoki notoʻgʻriligi muhim emas – muallif) yetkazuvchi vosita boʻlib kelgan usulni qoʻllash kifoya. Bu usulning nomi “ovoza”. Insondagi u yoki bu “ovoza”ni xayolida boʻrttirib qabul qilish va kerak boʻlsa uni (garchi ovozada bu haqda u qadar urgʻu berilmagan boʻlsa-da – muallif) yanada dahshatliroq manzaralar bilan boyitib olish odati ham aslida yashayotgani jamiyat uzoq yillar davomida guvoh boʻlgani ijtimoiy adolatsizliklardan kelib chiqadi.

“Bunday odamlarning ongida, hokimiyatga nisbatan juda chuqur ildiz otgan qoʻrquvlar boʻladi. Ularning tasavvurida hokimiyat oʻta qudratli, xotirasi juda ham kuchli, oʻch oluvchan va yovuz boʻladi. Odamlar ishonadiki, “agar oʻrta miyona boʻlsa ham tanqid qilsam yoki hokimiyatga yoqmaydigan kichik bir ish qilsam ham – katta badal toʻlashimga toʻgʻri keladi: yaqinlarimga bosim boʻladi, yurtga bora olmayman, viza ololmayman va hokazo”, – deydi Kamoliddin Rabbimov.

Mutaxassislar olib borgan tadqiqotlarga koʻra, insonni haddan ziyod vahima ichida yashashi, garchi bu vahima hech qanday asosga ega boʻlmasa-da, bora-bora insonning ruhiy va hatto jismoniy zaiflashiga olib keladi. Doimiy qoʻrquv hech qachon uning toʻliq komillikka erishishga yoʻl qoʻymaydi. Misol uchun nisbatan erkin, erka oʻsgan bola bilan doimiy qoʻrquv va nazorat ostida oʻsgan bolaning jismoniy va maʼnaviy rivojlanishidagi farq kabi. Biri biroz dadilroq va balkim toʻporiroq boʻlsa, ikkinchisi birmuncha jurʼatsiz va har qanday kasallikka oson yengiluvchi boʻladi.

“Aslida mavjud boʻlmagan “vahimali” allaqanday nimadandir qoʻrqib yashashlik insonni mutlaqo juda qiyin ahvolga solib qoʻyadi. Har narsaga shubha bilan qaraydigan, yoʻq joydan oʻzi uchun muammolar oʻylab chiqaradigan qilib qoʻyadi. Bunday “virus”ning davosi juda ham qiyin va ogʻir kechadi. Insonni bunday holatga tushiruvchi har qanday hokimiyat aslida noinsoniy va mutlaqo yovuz hokimiyat hisoblanadi”, deb yozadi GoPSY nashri.

Asosli va asossiz qoʻrquvga oid oʻtkazilgan tadqiqot ishtirokchilariga koʻra, hatto patologik qoʻrquvni ham yengish mumkin, avvalo, buning uchun jiddiy xohish boʻlishi shart. “Maʼnaviy tugab boʻlmagan inson albatta, uning uchun noqulaylik tugʻdirib kelayotgan illatdan qutilishga urinishi shart”, deb hisoblaydi tadqiqotchilar. Qutilish borasida taqdim qilingan bir necha uslublar orasidan olimlar faqat uchtasini eng toʻgʻri va ijobiy natijaga olib kelishi muqarrar deb tanlab olishgan. Bular qoʻrquvning “yuziga tik qarash”, qoʻrquv aslida xayolan boʻrttirilgan “asossiz vahima” ekanini chin dildan tan olib uni inkor etish va qoʻrquvning rivojlanishiga sabab boʻlayotgan holatga qarshi chiqish. Bizning holatda ijtimoiy faol boʻlish, jurnalistga oʻz fikringni izhor etishdan qoʻrqmaslik. Goʻyoki boʻyningdan tutib turgan, aslida esa yoʻq boʻlgan, mavjud boʻlmagan “arqonni” uzib tashlash. Aks holda… mana shu aks holdaning oʻrnida, ijtimoiy tarmoqlarda oʻz fikrini faol bildirishda choʻchimay kelayotgan vatandoshimiz Shavkat Usmonov tomonidan yozib qoldirilgan bir misolni taqdim etsam. Nazarimda koʻtarilgan mavzu uchun ayni muddao boʻladi.

“Bir dehqon odam tunda xoʻtigini bogʻlash uchun arqon topolmay qoʻshnisi eshigini taqillatibdi. Qoʻshnisi “afsus uyda arqonim yoʻq edi, biroq maslahat berishim mumkin. Siz xoʻtigingiz oldiga boring-da, oʻzingizni goʻyo uning boʻynidan arqon oʻtkazib, bogʻlaganday tuting. Koʻrasiz oʻrnidan siljimaydi ham”, debdi. Dehqonboy qoʻshnisi aytganidek qilipdi va uyiga kirib ketibdi. Tongda uygʻonib qarasa, chindan ham xoʻtik oʻrnidan jilmaganmish. Haqlga (dalaga) borish uchun xoʻtigini hozirlab yurgizsa hech yurmasmish. Qoʻshnisi oldiga kelib arzlanipdi, “Tunda siz aytganday qildim, gap-soʻz boʻlishi mumkin emas. Oʻrnidan qimirlamabdi ham. Ammo muammo shundaki, tongda yurgizsam ham oʻrnidan qimir etmayabti”.

Shunda qoʻshni “arqonni yechdingizmi?”, deb soʻrapdi. Dehqon hayratda “Qiziqmisiz? Qanaqa arqon, arqon yoʻq-ku?” desa, qoʻshnisi “arqon siz uchun yoʻq, biroq xoʻtik uchun haliyam boʻynida turipdi”, depdi. Dehqon xoʻtigi oldiga borib goʻyo arqon boʻshatayotganday harakatlar qilipdi. Shundan soʻng ne ajabki, xoʻtik yura boshlapdi”.

“Xoʻtikning holi kulgilik emas. Bugun ayrim insonlar ham xuddi mana shu xoʻtik kabi vahmiy, noaniq, asli yoʻq boʻlgan tahdid, qoʻrquv, vahimalarga koʻra ish tutadi. Insonlarning uygʻonishi uchun ularning xayolidagi soxta qoʻrquv arqonlarini yechib yuborish lozim. Aksariyat insonlarning zehnlari soxta tahdid arqonlari bilan bogʻlangandir. Oʻz haq-huquqi poymol boʻlsa ham miyadagi qalbaki arqon hamisha uning jilovini tortib turadi”, – deydi Shavkat Usmonov.

Siz nima deb oʻylaysiz?

Husniddin Qutbiddinov

Turkiyada Xitoydagi uyg’urlar himoyasiga namoyish bo’lib o’tdi

Posted December 29th, 2018 at 9:51 am (UTC-4)
Leave a comment

Istanbuldagi Fotih masjidi oldida o’tgan norozilik namoyishi ishtirokchilari Xitoy hukumatini Sharqiy Turkistondagi qayta tarbiyalash lagerlariga joylashtirilgan musulmonlarga zulm qilishda, ularni o’z e’tiqodidan voz kechishga majburlashda ayblashdi.

Faollarning aytishicha, musulmonlarni qayta tarbiyalash maqsadida tashkil qilingan bu lagerlarda kommunizm g’oyasi, ateizm mafkurasi o’qitilmoqda; ayrim holatlarda musulmonlar to’ng’iz go’shti yeyishga majbur qolishmoqda.

Namoyishchilar Xitoy hukumatidan musulmonlarga qarshi zulmni to’xtatishni talab qilar ekan, xalqaro jamoatchilik, jumladan, Turkiya hukumati diqqatini ham uyg’urlar bilan bog’liq vaziyatga qaratishga urinishadi.

Quyida Istanbulda o’tgan ushu namoyishdan olingan suratlarni taqdim etamiz.

Matn va rasmlar muallifi Malik Mansur

Amerika pasportiga bir nazar

Posted December 15th, 2018 at 11:52 am (UTC-4)
1 comment

Soʻnggi paytda ijtimoiy tarmoq va hatto ayrim anchagina ommaviylashib ulgurgan axborot vositalari dasturlari va sahifalarida Oʻzbekistonda fuqarolar pasporti atrofidagi voqealar qizgʻin muhokama qilinmoqda. Maʼlumki, soʻnggi salkam 20-24 yil davomida amalda qoʻllanilib kelingan fuqarolik pasporti yangilandi, avvalgi pasport oʻrnini biroz oʻzgartirilgan, yangicha texnologiyalar yordamida ishlov berilgani daʼvo qilinayotgan “biologik” pasport egalladi. Bu jarayon ham, xabaringiz bor u qadar oson kechmadi, fuqarolar yoʻliqayotgan sarsongarchiliklar haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarning eng dolzarb mavzulari boʻldi. Vatandoshlarning aytishicha, bu holat hali ham davom etyapti va hali ham yangi, mukammal ekanligi aytilayotgan “biometrik” pasportining tayyor boʻlishini kutayotganlar bor.

Sarsongarchiliklar tugab ulgurmasdan Oʻzbekiston hukumati yana bir yangilikni maʼlum qildi. Yangilikning minglab fuqarolarga maʼqul kelgan qismi Ichki ishlar qoshidagi Kirish-chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish (KChFR) boʻlinmalari tomonidan taqdim qilinib kelgan va ikki yillik muddatga ega boʻlgan chet elga chiqish huquqini beruvchi maxsus stikerning tugatilishi boʻlsa, tashvishga solgan qismi esa, ana oʻsha mashʼum stikerlar oʻrnini endilikda horijga chiqish huquqini beruvchi maxsus, qizil muqovalik “biologik” pasportlar egallashi boʻldi. Albatta, pasport bir berilganida naq 10 yilga berilishi aytilmoqda va bu holat har ikki yilda KChFRga yugurish shart emasligini anglatadi, ammo kechagina yangi Fuqarolik pasportini olish jarayoni qanday kechganini unutib ulgurmagan fuqarolar, horijga chiqish huquqini beruvchi pasportga ega boʻlishlik ham oson kechmasligida tashvish bildirmoqda.

Yana bir pasportning joriy etilishi naqadar shart ekanligi borasida ham turli fikrlar mavjud, ayrimlar yangi fuqarolik pasportining oʻzi kifoya qilar edi desa, boshqalar xalqaro tajribaga asoslangan holda horijga chiqish uchun alohida pasport joriy qilinishini olqishlaydi. Aynan mana shu holat kaminani AQSh fuqarolarining chet elga chiqish pasportini qanday olishlari borasida tadqiqot oʻtkazib koʻrishga undadi. Maʼlum boʻlishicha, Oʻzbekiston va balkim sobiq ittifoqning boshqa mamlakatlaridan farqli Amerikada bu u qadar mushkul ish emas va hatto hech qanday sarsongarchilikni keltirib chiqarmaydi. Yaʼni amerikaliklar pasportga ega boʻlish uchun qayoqqadir borishga, uzundan-uzun navbatda turishga, turar joyi, ish joyi, harbiy qism va yoki boshqa idoralardan maxsus soʻrovnomalar olmaydi. Bunaqangi tartib bilan amerikalar mutlaqo tanish ham emas. Va nazarimda yana bir, oʻta muhim holat, AQShda pasport taqdim qilish politsiya va yoki boshqa huquq-tartibot idoralari zimmasidagi vazifa emas.

Bu borada biroz batafsilroq toʻxtalishdan oldin qisqagina Amerika pasporti tarixiga toʻxtalib oʻtsam. Mamlakatda pasport joriy qilinishi uzoq 1775-1783 yillarga borib taqaladi. Toʻgʻri u paytlardagi pasportning tashqi koʻrinishi bugungi AQSh pasportining koʻrinishidan tubdan farq qilgan. Hatto koʻpchilik tarixchilar ilk pasportlarni chin maʼnodagi pasport boʻlmagani, shunchaki insonlar shaxsini tasdiqlovchi oddiy varaqalar boʻlganini aytadi. Lekin pasportning asosiy sharti kimsa shaxsini tasdiqlashdan iboratligini hisobga oladigan boʻlsak, demak… dastlabki “pasport”larda surat boʻlmagan, ammo unda albatta berilgan kimsaning yuz tuzilishi, koʻzlarining rangi va jagʻ koʻrinishi batafsil yozib qoʻyilgan. “Pasport”ni nazarotdan oʻtkazgan harbiylar (zero pasport aynan harbiylar va chegara qoʻshinlari askarlariga koʻrsatish uchun berilgan) aynan oʻsha yuz tuzilishi, koʻzi va jagʻi haqidagi maʼlumot yozilgan qismiga jiddiy eʼtibor qaratgan.

Albatta, ilk “pasport” alohida belgilarga, mahsus ishoratlarga ega boʻlmagani bois bir qarashda istagan odam uni oʻzi uchun yozib olishi mumkinday edi. Ammo tarixchilar maʼlumotiga koʻra, har bir pasport ostida uni taqdim qilgan shaxs, aytaylik biror shtat va yoki shahar gubernatori, harbiy qoʻshin qoʻmondoni va yoki sudyaning muhri va imzosi boʻlgan. Keyinchalik oddiy qogʻozda tayyorlangan pasport ichidagi matnlar qoʻldan qoʻlga (namoyish payti – muallif) oʻtavergani, uzoq muddat choʻntakda qolib ketgani bois oʻchib ketib, tekshiruvchilar uchun qator noqulayliklar keltirib chiqara boshlagach, shtatlar oʻrtasidagi va Federal hokimiyat taklifi bilan “pasport”larga suratlarni yopishtirish haqidagi kelishuvga erishilgan. Tarixning aynan mana shu qismini aksar amerikaliklar kulgu bilan esga olishadi. Zero pasportga kiritilajak suratlar haqda hech qanday maxsus koʻrsatma boʻlmagani bois istagan suratni yopishtirish mumkin boʻlgan.

Asosiy shart unda, yaʼni suratda pasport egasi ham boʻlishi kerak. Shu bois aksar pasportlarda oilaviy, doʻstlar davrasida tushgan suratlar, ov payti, dam olish payti va hatto otga taqa qoqayotgan paytidagi suratlar ham yopishtirilavergan. Yana bir juda qiziq va amerikalik ayollar tomonidan kinoya bilan eslanadigan holat, ilk pasportlarda ayollar ikkinchi sahifada, pasport egasining rafiqasi oʻlaroq tanishtirilib kelingan. Yaʼni ayollarning surati ikki varoqli qogʻozning ikkinchi sahifasiga “mana shu kimsaning turmush oʻrtogʻi” degan yozuv bilan yopishtirilgan. Alohida pasport faqat bevalarga, turmushga chiqib ulgurmaganlarga berilgan xolos. Qolgan ayollar faqat erlarining pasportidagi qoʻshimcha varoqdan oʻrin olib kelganlar va bu holat 1930 yilga qadar davom etgan.

1920-yildan boshlab pasport masalasini tartibga keltirish harakatlari boshlandi. AQSh Federal hokimiyati pasport bora-bora muhim hujjatga aylanib borayotgani va aksar Yevropa davlatlarida bu masala har qalay chiroyli hal etilganini bilgach, bu ishni jiddiy hal qilish zarurati paydo boʻlganini aytdi. Aynan shu yildan boshlab pasportga qoʻyilajak suratlar masalasi ham qayta koʻrib chiqilib, buning uchun alohida meʼyorlar tavsiya etildi. Aytishlaricha yangi meʼyor ham jiddiy eʼtirozlarga sabab boʻlgan, yaʼni odamlar va ayniqsa oliy tabaqa vakillari galstuk taqib faqat yuz qismigina aks etuvchi suratning qoʻllanilishini hurmatsizlik deb baholadi. Hatto The New York Times gazetasida 1929-yili chop etilgan maqolada, oʻsha payt zodagonlaridan birining “Hamma vaqt, men falonchiman va falon tabaqa vakiliman, degan taʼkid kifoya qilib kelgan jamiyatda, endi kimligingni isbotlovchi hujjatni koʻrsatishing shartligi va boʻlib ham yuz qismingni bu qadar bemaza shaklda suratga olinishi, oʻta ajablanarli hol”, qabilidagi iqtibosi ham keltirilgan.

Surat borasidagi meʼyor bugungi kunda ham amalda qoʻllaniladi, yagona farqi bugungi amerikaliklar bu masalaga u qadar ajablanmay qoʻygan. Zero ayni meʼyor haydovchilik guvohnomasida ham, shtat guvohnomasida ham (State ID) va nihoyat pasportda ham mavjud. Maʼlumotlarga koʻra aslida 1920-yil nafaqat AQSh pasporti balki aksar boshqa davlatlar pasportlari uchun ham muhim yil boʻlgan, aynan shu yildan boshlab pasportni shakllantirish, uning sahifalarini aniqlash, yaʼni u ilk pasportda boʻlgani kabi atigi 2 sahifalik boʻlishi kerakmi, toʻrt sahifalikmi yoki hozirgiday 32 sahifalik. Keyingi yillar davomida bu masala faol muhokama qilingan va 1926-1927-yillarga kelib AQShda mamlakat pasporti aynan qanday koʻrinishda boʻlishi va qaysi tilda boʻlishiga qaror qilingan. Pasport muqovasi qizil boʻlib, uning oʻrtasida ochiq joy boʻlgan (amerikaliklar uni oynacha deb atashgan), bu pasport tartib raqami koʻrinib turishi uchun qilingan.

Keyinchalik pasport muqovasining rangi oʻzgargan, aftida qizil rang kommunizm rangi oʻlaroq rad etilgan va 1941-yildan to 1976-yilga qadar AQSh pasportining rangi yashil boʻlgan. Huddi bugungi oʻzbek pasportining rangiday. Keyin AQShning 200 yillik yubiley arafasida pasport muqovasi moviy rangga oʻzgargan va toʻqsoninchi yillarga kelib yana yashil rangga qaytgan. Keyinchalik AQSh pasportining doimiy rangi oʻlaroq bugungi toʻq moviy rang tanlangan. Ha, aytgancha, AQSh pasporti oʻsha 1920-yildan boshlab ikki yil muddatga berilib kelingan, 1950-yillarga kelib pasport egasining talabiga binoan uning sahifasiga muddati choʻzilgani haqda muhr bosiladigan boʻlgan. Keyinchalik oltmishinchi yillarga kelib pasportning amal qilish muddati 3 yilga, keyin 5 yilga va nihoyat 10 yilga qilib oʻzgartirilgan. Hozirga kelib muhr bilan muddatini choʻzish amaliyoti bekor qilingan.

Ana endi bevosita bugungi kunda pasportga buyurtma berish va uni olish jarayoni qanday kechishiga toʻxtalaman. Yuqorida aytib oʻtganimday 1920-1930-yildan boshlab pasport faqat va faqat AQSh Davlat departamenti zimmasidagi vazifa etib ajratilgan. Bu masalaga na politsiya, na Federal qidiruv boshqarmasi va na boshqa idora aralashadi. Pasport faqat AQSh Davlat departamentining maxsus boshqarmasi tomonidan beriladi. Boshqarma har bir shtat va har bir shtatning har bir shahrida oʻz boʻlinmalariga ega. Ammo ana shu boʻlinmalarga borib ham uzundan uzun navbatni yoki odamlar yigʻilib turganini koʻrmaysiz. Oʻzbekona qilib aytganda boʻlinma xodimlari huddi “pashsha qoʻrib oʻtirganday” tuyuladi. Sababi hamma jarayon allaqachon onlayn holatga oʻtgan. Istagan inson pasport olish uchun AQSh Davlat departamentining https://pptform.state.gov manzildagi sahifasiga kirib, u yerdan pasport uchun hujjat qismini tanlaydi va keltirilgan koʻrsatmalarni bajarib chiqadi.

Butun jarayonni toʻliq keltirib oʻtirmayman zero, quyidagi maxsus videoda bu jarayonni namoyish etib oʻtaman. Butun jarayon nari borsa 5-10 daqiqa vaqtingizni oladi.

Keyin toʻldirilgan hujjatlarni printerdan chiqarasiz, katta sariq konvertga joylasiz, unga qoʻshimcha tarzida ikki dona fotosurat (hajmini butun dunyo biladi, zero AQShga kelish istagida boʻlganlar juda koʻp), AQSh fuqarosi ekanligingizni tasdiqlovchi hujjat (bu yerda tugʻilganlik haqidagi guvohnoma nazarda tutilyapti), qaysi shtatdan boʻlsangiz oʻsha shtat hujjati (State ID) va bank chek varoqchasi. Varoqchaga pasport uchun toʻlanadigan pul miqdorini yozib imzo qoʻyasiz. Tamom vassalom.

Hurmatli doʻstlar, agar siz AQShga oid yana nimanidir bilishni istasangiz yozing, albatta sizni qiziqtiruvchi mavzuni yoritishga harakat qilaman.

Gaplashib turamiz.

Husniddin Qutbiddinov

Pitsburgdagi o’zbeklar: “Kavsar” restorani

Posted December 13th, 2018 at 10:37 am (UTC-4)
Leave a comment

Pitsburgni bir marotaba boʻlsin, ziyorat qilgan inson borki, bu yerdagi eng chiroyli, eng tomoshabop joylar qatori, shubhasiz, “Mount Washington”ni (Vashington tepaligi) tilga oladi. Chindan ham shaharning bu qismi oʻzgacha goʻzallikka ega. Zero aynan mana shu yerdan, shahar markazi, “Steelers” jamoasining AQShda juda ham mashhur oʻyingohi shundoqqina kaftingizda turganday koʻrinadi. Aynan mana shu yerdan, yaʼni “Mount Washington”dan qaraganingizda Allegheny va Monongahela daryolarining birlashib, ancha yirik Ohio daryosini hosil qilishini koʻrsangiz boʻladi. Baʼzan shaharda yirik bayramlar nishonlanganda, aytaylik, AQSh mustaqilligi kuni yoki Light Up Night (Chiroqlar yondiriladigan kecha) boʻlganda aynan ana shu daryolar kesishgan joydan bayram mushaklari otiladi, buni aynan mana shu Vashington tepaligidan tomosha qilish juda ham hayajonli.

2013-yildan boshlab Vashington tepaligi nafaqat ana shu, aytib oʻtganim goʻzal holatlarni tomosha qilish joyi, balki Pitsburgda istiqomat qiluvchi oʻzbeklarning biroz gʻururlanib olishlariga sabab boʻlguvchi bir yangilik joyim hamdir. Mana shu tomoshagohdan atigi bir necha chaqirim narida Pitsburgda yagona “Kavsar” oʻzbek taomlari restorani joylashgan. Garchi restoranning tashqi koʻrinishi Oʻzbekistondagi restoranlar hashamati oldida biroz soddaroq koʻrinishi mumkin, ammo ichki bezagi, taqdim etiluvchi taomlar rang-barangligi bilan aslo qolishmasa kerak. Toʻgʻri, buni ham albatta tan olish kerak, Oʻzbekistondan atigi uch-toʻrt kunga birrov kelgan vatandosh uchun yoki Oʻzbekistondan kelganiga hali uzoq boʻlmaganlar uchun “Kavsar” taomlarining mazasi biroz bahstalab tuyulishi mumkin. Bu aslida tabiiy hol, zero men avvalgi suhbatlarimizda ham aytganimday, Oʻzbekistondagi masalliq bilan AQShdagi masalliqning farqi ancha katta.

Oʻzbekistonda juda ham mashhur boʻlgan va har bir palovxonalar keng ishlatadigan guruchlar Pitsburgda yoʻq, goʻsht boshqacha, qoʻy yogʻi, qoʻy dumba deganlari nafaqat bu shaharda, balki butun AQShda muammo. Ammo ana shu masalliqlarsiz ham oʻzbek taomini minglab amerikaliklarga taqdim eta bilish katta sanʼatdir. Biz ham bordik, restoranni tomosha qildik, ayrim sogʻinganimiz oʻzbek taomlaridan tanavvul qildik, ajablangan joyimiz boʻlmadi. Yagona ajablantirgani restoran ahlining muloqotdan qochishi boʻldi. Oʻzbekchilik, deb qoʻydik. Restoran shahardagi ruslar, ukrainlar, tatar, qozoq va tojiklar orasida juda ham mashhur ekan. Restoran rahbari Xayrullo akaning aytishicha, sobiq ittifoq davlatlaridan kelgan muhojirlar yirik yigʻinlari, shodiyonalari va hatto tugʻilgan kunlarni shu restoranda nishonlashga odatlangan. Faqat oʻzbeklar kamnamo. Tirikchilik…

Xayrullo akaning aytishicha, tez kunlarda pitsburglik oʻzbeklar va qoʻshni davlatlardan kelgan birodarlar uchun bir syurpriz tayyorlanyapti. Bizga ham bu syurpriz neligini anglatmadi, har qalay kir yuvish mashinasi emasligini sezdik. Kutamiz. Ungacha esa restoranni tomosha qilamiz. Ha, aytgancha ishingiz, amerikacha aytganda bir tizimga tushmagan boʻlsa, istagan payt tushlik payti boʻlaverar ekan. Biz ham biroz erta borgan ekanmiz, Xayrullo aka restoran soat 12:00dan ish boshlashi, mijozlar esa soat 01:30-02:00dan kelishni boshlaydi. Taomlar ham aynan oʻsha paytda pishirila boshlanadi, toki mijoz “svejiy” tanavvul qilsin. Shuning uchun restoranni aylanar chogʻi mijozlarning koʻp emasligini sezdik. Ajablanishga ulgurmadik, holatimizni sezgan restoran xodimlari hammasini tushuntirib berishdi. Gap yoʻq, qasam ichish shartmas, ishonamiz, biz vatandoshlarga ishonib o`rganganmiz.

Istanbuldagi o’zbeklar takkasi

Posted December 3rd, 2018 at 1:11 pm (UTC-4)
Leave a comment

Istanbuldagi o’zbek takkalari Turkiston va Turkiya o’rtasidagi tarixiy-madaniy aloqalardan darak beruvchi obidalardan hisoblanadi.

Bu takkalarning eng qadimgisi 1692-yilda asos solingan Buxoro o’zbeklari takkasidir. Bu takka, to’g’rirog’i takiyaxona, Istanbul markazidagi o’zbeklar so’qog’i, ya’ni o’zbeklar ko’chasida joylashgan. Ko’chaga o’zbeklar nomining berilishi ham shu takka faoliyati bilan bog’liq.

Qurilish tarixi 1692-1693-yillarga taqalayotgan bu obida dastlab Haj ziyoratini ado etish uchun yo’lga chiqqan turkistonliklar uchun Istanbuldagi qo’nalg’a vazifasini o’tagan.

Makkaga otlanganlar shu kabi qo’nalg’alarda to’xtab, yo’l mashaqqatlarini yengishgan, o’sha davrning qudratlaridan bo’lgan Usmonli davlat markazi Istanbulni ziyorat qilishgan, hordiq chiqarib, salomatlikni tiklab, yana yo’lda davom etishgan.

Buxoriy o’zbeklar takkasi o’z faoliyati davomida qayta qurilgan, kengaytirib borilgan. Takka faoliyati, ayniqsa, 19-asrda buxorolik shayx Sulaymon Buxoriy boshqaruvida rivojlangani, madaniy, ma’rifiy  markazga ham aylangani ta’kidlanadi. Sulaymon Buxoriy rahbarligi davrida takka faxriy konsullik vazifasini ham o’tagan.

Shayx Sulaymon Buxoiy kimligi haqida o’zbek manbalarida ma’lumot yo’q. Turk manbalarida ta’kidlanishicha, haj ziyoratidan qaytayotgan turkistonlik shayx Sulaymon Buxoriy 1844-yilda Istanbulda to’xtashi ortidan keyinchalik shu yerda yashab qoladi. Turkiyada Sulaymon Buxoriy chig’atoy va usmonli turkchaga oid dastlabki lug’at muallifi sifatida ham tanilgan.

Buxoriy o‘zbeklar takkasi so’nggi bor 2006-yilda Istanbul shahar hokimligi tomonidan qayta ta’mirdan chiqarilgan. Ikki qavatdan iborat bu takka azon minorasi, masjid, shuningdek, mehmonlar uchun ajratilgan ichki va tashqi xonalardan iborat.

Ayni paytda takka binosida Istanbul tasviriy san’at markazi joylashgan. Bu yerda o’quv mashg’ulotlari, turli seminarlar o’tkaziladi, ammo ziyoratchilar uchun ochiq, binodagi tarixiy masjid hozir ham ishlab turibdi.

Quyida Istanbuldagi Buxoriy o’zbeklar takkasidan olingan suratlarni e’tiboringizga havola qilamiz.

Suratlar va matn muallifi Malik Mansur

Onlayn savdo qulayliklari va…

Posted September 22nd, 2018 at 10:43 am (UTC-4)
Leave a comment

Amerikaga kelganingiz zahoti sizni oʻziga shubhasiz maftun qilguvchi, yana ham aniqrogʻi oʻziga rom qilib domiga tortib ketguvchi qulayliklardan biri bu onlayn savdo-sotiq. Oʻzbekistonda bu turdagi xizmat koʻrsatish amaliyoti naqadar rivojlangan va uning foydalanuvchilari qanchalar koʻpligi bizga qorongʻi, ammo AQShda bu qulaylikdan foydalanuvchilar juda ham koʻp. Oʻzi aslida, avvalgi suhbatlarimizda aytib oʻtganimizday, amerikaliklar imkon qadar koʻp urinmasdan istagan narsasiga erishishni yaxshi koʻruvchi xalq. Taom xohladimi tamom, shu zahoti qoʻl telefoni orqali oʻzi yoqtirgan taomxonaning onlayn sahifasiga kiradi, u yerda taklif qilinuvchi taomlar orasidan kerakligini tanlaydi va qisqa fursatda taom yetkazib beriladi.

Onlayn buyurtmalar shu qadar mashhur boʻlgani bois ham aholiga oʻz xizmatini taklif qiluvchi har bir markaz, shahobcha, doʻkon, eng avvalo, oʻzining onlayn sahifasini yaratishga intiladi, yaratganda ham mijozlarning undan foydalanishini maksimal darajada oson qilishga urinadi. Zero amerikaliklar taʼbi oʻta nozik insonlar, qolaversa, raqobat shu qadar kuchliki, har qanday oqsoqlangan onlayn savdo oʻrnini bosuvchi biroz yengilroq, arzonroq, yetkazib berishda ancha tezkorroq minglab boshqa savdo resurslari mavjud. Balkim shuning uchun ham, bu holatdan yaxshi xabardor boʻlgan amerikaliklar oʻta tantiq boʻlib olishgan.

“Uber” taksi xizmatining ovqat yetkazib beruvchi bo’limi

Adolat yuzasidan taʼkidlab oʻtish joizki, birrovgina shu imkoniyatdan foydalangan har qanday muhojir ham aslida amerikaliklar kabi oʻta nozik taʼb mijoz boʻladi qoladi. “Ee, bunisi boʻlmasa ana unisi bor, boshimni qotirib nima qildim”, deydigan boʻlib qoladi. Amerikachilik.

Bugun hech kimga sir emaski, Amerikada tabaqalanish juda ham kuchli, bu u qadar katta sir emas va amerikaliklar uchun bu holat uyatli sanalmay qolganiga ham, aftidan ancha boʻlgan. Aytishlaricha, ayni shu tabaqalanish hatto onlayn savdo takliflarida ham seziladi. Yaʼni millionerlar, millionerlikka sal yaqinlashib qolganlar va garchi millioner boʻlmasa-da, boyligi yetarli boʻlganlar uchun alohida savdo resurslar mavjud. Imkoniyati cheklangan inson onlayn sahifani koʻrar payt narxlardan hushini yoʻqotmasin uchun bu resurslar choʻntagi baquvvat mijozlari uchun alohida aʼzolik kartalarini tarqatadi. Onlayn savdo qilar payt siz oʻsha aʼzolik kartadagi kerakli raqamlarni kiritasiz va shundan soʻng savdoni amalga oshirasiz. Aytishlaricha shunday, ammo millionerlik hali-beri nasib qilmagani bois, buni qatʼiy taʼkidlash qiyin. Sizning ham vaqtingizni olmay, hamma uchun ochiq boʻlgan resurslar haqida gaplashsak.

Demak, Amerikada istagan narsangizni (inson va uning ichki va tashqi aʼzolaridan tashqari, albatta) onlayn sotib olishingiz mumkin. Mahsulotlar odatda bir necha daqiqa, soatdan boshlab bir necha kungacha boʻlgan muhlatda sizga yetkazib beriladi. Aytaylik taom, oʻzbekcha aytganda shundoqqina qaynoq holatda, endigina tandirdan uzilganday qilib bir necha daqiqalarda yetkazib beriladi. Aytgancha, agar koʻchada avtomobillar tirbandlik payti boʻlmasa. Afsuski tirbandlik Amerikada mavjud boʻlgan eng yirik muammo va uning yechimi hali topilgani yoʻq. Ammo tirbandlik yoʻq boʻlsa, bir necha daqiqada istagan taomingizni qabul qilib olasiz. Yaqin kungacha taomlar yemakxonalarning oʻz haydovchilari tomonidan yetkazib berilar edi, ammo bugun bu yumush bir necha xizmatlar tomonidan amalga oshiriladi. Shunchaki tanlang, buyurtma bering va qabul qilib oling. Taom yetkazib beruvchi xizmatlar, men istiqomat qiluvchi Pitsburg shahrida: Grubhub, Doordash, Postmates, Uber eats. Bundan tashqari ayrim yemakxonalar oʻz haydovchilariga ham ega, odatda pitsaxonalarda shunday. Oziq-ovqat savdosi bilan shugʻullanuvchi doʻkonlar ham ana shunday xizmat turini taklif qiladi va ularning ham oʻz yetkazib beruvchi haydovchilari bor. Ammo…

Oziq-ovqat xarid qilish biroz sinchkovlikni talab qiladi. Zero maʼlumki, onlayn savdoda sotib olishni moʻljallaganingiz mahsulotning asl holati, ayniqsa, taʼmi va sof koʻrinishini bilish qiyin. Fotosurat baribir fotosuratda axir. Shu bois, aksar hollarda amerikaliklar onlayn buyurtmadan soʻng mahsulotlarni oʻzlari shaxsan olib ketishlarini aytishadi va savdo markaziga shaxsan borishadi. Unda onlayn savdoning nima keragi bor, borib olaveradi-da, deyishingiz mumkin. Bir tarafdan juda oʻrinli savol. Ammo gap shundaki, onlayn savdoda siz muntazam kuzatiluvchi uzundan uzoq navbatda turmaysiz, u boʻlim bilan bu boʻlim orasida ovorai sarson boʻlmaysiz. Onlayn buyurtma berasiz, soʻng doʻkonga kelgach u yerdagi maxsus yoʻlakcha oldida toʻxtab, oʻsha yerga oʻrnatilgan tugmachani bosasiz, doʻkon xodimlari sizdan onlayn buyurtmangizni tasdiqlovchi maxsus raqamni soʻraydi. Sizga berilgan raqamni aytganingizdan soʻng, xarid qilganingiz mahsulotlarni avtomashinangiz yukxonasiga joylab berishadi. Ana oʻsha payt erinmasdan mahsulotni birrov tekshirib olish imkoniga ega boʻlsaiz.

Onlayn savdodan foydalanuvchilar eng koʻp xarid qiladigan narsalar, albatta bu kiyim-kechak, oʻyinchoqlar, aloqa vositalari, foto va video kameralar, kompyuter, televizor, kir yuvish mashinalari va hokazo… Buning uchun amerikaliklar birinchi galda sanab oʻtilgan mahsulotlar savdosi bilan shugʻullanuvchi doʻkonlarning onlayn sahifalariga murojaat etishadi. Ammo agar bordiyu, u yerda koʻngillari uchun maʼqul boʻlgan mahsulotni topa olmasalar, u holda nafaqat Amerika, balki butun dunyoga tanilib ulgurgan savdo resurslari Amazon va eBayga murojaat qilishadi.

Gap shundaki, bu resurslar koʻp hollarda ayni mahsulotni birmuncha arzonroq narxda tavsiya qilishi mumkin. Albatta, savdo doʻkonlaridan farqli bu ikki resursda xarid qilingan mahsulotni biroz uzoqroq muddat kutishingizga toʻgʻri keladi. Ammo qoʻshimcha imkoniyatlar, yaʼni qisqaroq muddatda yetkazib berilishini istasangiz, qoʻshimcha toʻlovni amalga oshirasiz, tamom vassalom.

“Amazon” mahsulotlari ombori

Qiziq, 1994-yili Amazonni yaratish gʻoyasi bilan chiqqan Jeff Bezos 1995-yili Amazon.com saytini ishga tushiradi va dastlab bu sayt faqat kitoblar savdosi bilan shugʻullanadi. 1998-yildan boshlab esa sayt orqali musiqa disklari sotib olish va yoki sotish imkoni paydo boʻladi, keyin videomahsulotlar, soʻng kompyuter dasturlari, videooʻyinlar va undan soʻng kiyim-kechak, oziq-ovqat va hokazo narsalar savdosi yoʻlga qoʻyiladi. 2011 yili Amazon 30 ming xodimga ega boʻlgan edi, hozir xodimlar soni 180 mingdan oʻtgan.  Bugun braziliya, kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiya, Frantsiya, Italiya, Polьsha, Ispaniya, Hindiston va Xitoyda ham Amazon imkoniyatidan foydalanish mumkin.

“eBay” onlayn do’koni

eBayga ham AQShda asos solingan, bu servisni 1995-yili kaliforniyalik kompyuter dasturchisi Pyer Omidyar onlayn auksion oʻlaroq ishga tushirgan va shu bois uning nomi AuctionWeb boʻlgan. Ilk savdoga qoʻyilgan mahsulot, bu lazer chiroqli koʻrsatgich boʻlgan. 13 dollarga sotib olingan ayni koʻrsatgich boz ustiga biroz ishdan chiqqan boʻlgan. Onlayn auksionda yolgʻonga mutlaqo yoʻl qoʻyilmasligini tartib qilgan Pyer koʻrsatgichni sotib olgan shaxsga bogʻlanib, mahsulot buzuqligini nahot sezmaganini soʻraydi, xaridor esa “men shunchaki eskirgan koʻrsatgichlar kolleksioneriman”, deb javob qilgan. Bugun eBay 120 ga yaqin davlatda juda mashhur, ular orasida Rossiya ham bor.

Tanlab olganimiz mavzu uchun qoʻyilgan sarlavhani “Onlayn savdo qulayliklari va…”, deb nomladik, zero baʼzan ana oʻsha “va…” sizni biroz qiynab qoʻyishi mumkin. Eng avvalo, sizning pochta qutingiz xarid qilganingiz savdo doʻkoni va yoki yemakxonaga tegishli reklama varaqalariga toʻlib ketadi. Boz ustiga sizni misli koʻrilmagan chegirmalar vaʼda qilinuvchi ayrim oʻyinlar va yoki savdo takliflari bitilgan xatlar bilan “koʻmib” tashlashadi. Undan ham oʻtib tushgani esa… Shu joyiga bir misol keltirib oʻtsam. Ancha ovoza boʻlgan voqea.

Bir xonadonga yaxshilab qadoqlangan, ustiga chiroyli qilib “Siz uchun bizning eng goʻzal sovgʻa”, deb yozilgan quticha yetkazilgan. Uy bekasi “sovgʻa”ni olib, ochib qarasa, unda chaqaloq uchun ikki juft paypoq, yengil qoʻlqop, bosh kiyim, belash uchun maxsus matohlar, sut idishlari va badaniga surtiluvchi maxsus yogʻlar boʻlgan. Ayol hayron boʻlibdi, zero uning yoshi 60 da, chaqaloq kutayotgani yoʻq, bittagina qizi bor, u hali endigina 19 ga kirgan. Ayol “sovgʻa”ning bir chetidagi “Umid qilamizki, sovgʻamiz sizga maʼqul keladi va butun quvonchli onlarni faqat bizning doʻkon mahsulotlari bilan oʻtkazasiz”, degan yozuvni koʻribdi, yozuv soʻngida esa savdo doʻkonining manzili bitilgan ekan. Ertasi kuni savdo doʻkoniga borib, Customer service (mijozlarga yordam koʻrsatish) boʻlimiga uchrabdi, “sovgʻa” va undagi yozuvlarni koʻrsatib, hech narsani tushunmaganini aytibdi. Shunda doʻkon xodimasi ikki-uch oy muqaddam ayolning qizi shu doʻkondan homiladorlikni aniqlash testini sotib olgani va undan soʻng esa bolalar boʻlimiga tez-tez kelib turganini aytibdi. Doʻkon rahbariyati qizning xursandchiligiga sherik boʻlish va uni oʻzining doimiy mijoziga aylantirish maqsadida oʻsha sovgʻani joʻnatganini aytibdi.

Yaʼni oʻz holatini maʼlum paytgacha (ehtimol) yashirishni maqsad qilgan qizaloqning rejasini savdo doʻkoni buzib qoʻygan. Albatta, doʻkon bu yerda eng avvalo mijozni oʻziga rom qilishni nazarda tutgan va buning uchun marketing boʻlimi tavsiyasi boʻyicha sovgʻa yuborishni eng zoʻr reklama oʻlaroq tanlagan. Natijada esa… Bu balkim u qadar kayfiyatni buzadigan holat emasdir, ammo hafsalani pir qiluvchi holatlar ham boʻlib turadi. Masalan, men maxsus tugmachani bosgan payt bir kishilik krovatga aylanuvchi va hatto massaj qilishi ham mumkin boʻlgan charmli kreslo sotib oldim. Ikki dona. 18 kun oʻtib buyurtmam uyimga yetkazildi. Korobkani ochdim, kreslolarni chiqarib oʻzim terdim. Soʻngra oʻtirib, dastlab massaj imkoniyatidan foydalanmoqchi boʻldim. Maxsus tugmachani bosgan edim, massaj oʻrniga kresloning u yer-bu yeri silkinishga tushdi. Soʻng yotoq holatiga oʻtkazuvchi tugmachani bosdim. Kreslo bir muddat yotoq holatiga keldiyu, soʻngra qayta yigʻilib qoldi.

Men kutgan kreslo chiqmadi, deb eBayga qilgan murojaatim eʼtiborsiz qoldi. Endi har safar kresloga koʻzim tushganda, birrov qovoqlarim osiladigan boʻldi. Agar kreslo, kompyuter, telefon Amazon va yoki eBaydan emas, shu mahsulotlar savdosi bilan shugʻullanuvchi doʻkondan boʻlsa, mahsulotni qaytara olish imkoningiz saqlanib qoladi, yangiroq, yaxshiroq mahsulotga almashtirish imkoningiz ham. Amazon va eBayda ham bunday imkoniyat bor, ammo baʼzan bu imkoniyatlar ishlamay qoladi. Kuyasiz. Baʼzan boshqa manzilga ketib qoladi. Ha, bunaqasi ham boʻladi. Ammo bu koʻproq Amazon va eBay hamkorlik qiluvchi pochta xizmatlarining eʼtiborsizligi bilan bogʻliq. Shu bois boʻlsa kerak, Amazon oʻz yuk tashish va mahsulotlarni egalariga yetkazib berish xizmatlarini ishga tushirdi. Lekin nima boʻlmasin, baʼzan, juda ham kam holatlarda uchrab turadigan ayrim vaziyatlarni hisobga olmasa, onlayn savdo-sotiq ayni muddao, ham vaqt tejaladi, ham kamsarf nimagadir ega boʻlvolasiz, ham asablar omon qoladi.

Ammo Amerikada onlayn sotib olish juda ham qiyin boʻlgan mahsulotlar ham bor. Bunday mahsulotlarning eng talabgiri bu tibbiy dorilar. Bu mavzuga esa keyinroq batafsil toʻxtalamiz…

Gaplashib turaylik.

Husniddin Qutbiddinov

“Qrim bor-u, qrimliklar yo’q…”

Posted June 30th, 2018 at 1:17 pm (UTC-4)
Leave a comment

Rahmatli Rauf Parfining sovet davrida e’lon qilinmagan, qo’lyozma holida tarqagan she’rlaridan biri  yig’layotgan Qrim haqida edi:

Ko’kka yetdi sog’inch daraxti,

Yig’la Qrim, yig’la endi ko’k,

Ne bo’lmoqda, odamlar ayting-

Qrim bor-u, qrimliklar yo’q.  

Yillar o’tib yana ramziylik kasb etayotgan bu she’r o’quvchini qatag‘onlar davrini boshdan kechirgan, bugun ham quvg’inga uchrayotgan qrim-tatarlar taqdiriga, ularning vatani Qrim qismatiga befarq qoldirmaydi.

Qrim Rossiya tomonidan ishg’ol qilinishidan to’rt yil o’tib qrim-tatarlar yana o’z yurtida dushmanga, ekstremistga chiqarilgan, millat yetakchilarining Qrimga kirishi taqiqlab qo’yilgan, ishg’ol bilan kelisha olmayotgan yuzlab qrim-tatarlar vatanidan siqib chiqarilmoqda, muhojirlikka yuz tutgan.

Ukraina matbuotida deyarli har kuni qrim-tatarlar uyida hibs o’tkazilgani, qrim- tatarlardan yana kimdir hibsga olingani haqidagi xabarlarni o’qish mumkin, siyosiy qarashlari uchun hibs qilingan  qrimliklar soni 60 kishiga yaqinlashgan, tazyiqlar tufayli Ukrainaga ko’chib o’tishga majbur bo’layotganlar soni esa minglab, o’sishda davom etmoqda.

Bu sovet qatag’onlari tufayli bugunga kelib o’z vatanida 13 foizdan oshiq aholini tashkil etayotgan millat uchun albatta tahlikali ko’rsatkich, ammo umidsiz emas, muhojirlik qrimtatarlarni yanada kuchliroq  birlashtirmoqda, vatan erki uchun, inson va millat qadri uchun kurashish namunasini ko’rsatmoqda.

“Dorulfununda o’qirdik. Ichimizda bittagina qrim-tatar bor. Ayder Osmon. Doim jiddiy. Bir joylarga borib keladi. Tinimsiz yuradi. Keyin bilsam, o’sha harakatni boshlagan ekan. O’zimiznikilar vatan nima, uyg’onish, qarshilik nima –o’ylab ham ko’rmasdi. 1963-yildan e’tiboran qrim-tatarlar namoyishiga chiqa boshlashdi. Men ham ularga qo’shildim. Vatan uchun, insoniy haq-huquq uchun tinmay kurashishni shu xalqdan o’rgandim”, – degan fikrlari keltirilgan Rauf Parfining “kh-davron.uz” saytida keltirilgan xotira maqolada.

Qrim-tatarlar ozodlik kurashini bugun ham davom ettirishmoqda. Diqqatlisi, bu kurash sovet qatag’oni yillaridagi kabi kuchga emas, irodaga tayangan. Buni yaqinda Kiyevda qrim- tatar milliy bayrog’ini nishonlash tadbirida ko’rsatdi, quyida mazkur tadbirdan olingan  suratlarni e’tiboringizga havola qilamiz.

Matn va suratlar muallifi Malik Mansur

Mirziyoyevning AQShga tashrifi o‘zbekistonlik immigrantlar nigohida

Posted May 17th, 2018 at 2:06 pm (UTC-4)
Leave a comment

 

O‘zbekiston Respublikasi yangi prezidentining AQShga tashrifi o‘zbekistonlik immigrantlar orasida turlicha qabul qilinmoqda.

Jurnalistlar bilan ochiq muloqotlar chog‘ida ular O‘zbekiston va AQSh prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Donald Trampning Oq uyda bo‘lajak uchrashuvlarini asosan olqishlashmoqda.

Mirziyoevning okean ortiga rasmiy tashrifi borasida AQShda istiqomat qilib kelayotgan o‘zbekistonliklar asosan ijtimoiy tarmoqlar va o‘zaro so‘hbatlar orqali xabar topayotganliklarini ta’kidlashayapti.

Shulardan biri hozirda Nyu-Yorkda yashab kelayotgan mashhur o‘zbekistonlik sportchi, Glory Xalqaro turniri jangchisi Zarrux Adashev. Asli samarqandik bo‘lgan Zarrux Adashev Grin kartda yutib 2012-yili AQShga ko‘chib kelgan.

Men Instagram tarmog‘i orqali bir yangilikni o‘qib xursand bo‘ldim.Yaqinda prezidentimiz Shavkat Mirziyoev AQShga tashrif buyurar ekanlar. Prezidentimiz Oq uyda Donald Tramp bilan uchrashishlarini eshitib juda quvondim. Prezidentning ushbu tashriflari O‘zbekistonga, barcha o‘zbekistonliklarga, xususan, talaba yoshlarga va sportchilarga katta hissa (dalda) bo‘ladi. Prezidentimizning ushbu tashrifi katta o‘zgarishlar keltirishiga ishonaman.

O‘zbekistonlik boshqa vatandosh Sanjar Babajanov, Nyu-Yorkdagi kompьyuter texnologiyalari o‘quv dargohida tibbiyot fanlari departamenti rahbari bo‘lib ishlaydi. Immigratsiyaning past-balandini ko‘rib yangi jamiyatda o‘z o‘rnini topgan ziyoli Sanjar Babajanov ikki davlat prezidentlari uchrashuvida ezgu belgilarni ko‘rmoqda.

– Matbuot orqali prezident Mirziyoyevning Amerikaga tashriflari borasidagi xabarni eshitib xursand bo‘ldim. Chunki bu ikki davlatning orasidagi munosabatlar rivojlanishining alomatidir.

Yuqori darajadagi muzokaralar har tomonlama muvaffaqiyatli bo‘lishiga umid bog‘lagan Sanjar Babajanov, uchrashuv ortidan shuningdek O‘zbekiston AQSh bilan ta’lim sohasida yanada yaqindan hamkorlik qilinishi tarafdori ekanligini bildirdi. Ushbu jarayonda u so‘nggi bir necha yillarda AQShda ishlab ortirgan tajribasi asosida O‘zbekistonga borib ilg‘or tizimlarni joriy etishga tayyorligini bildirdi. Mutaxassisning fikricha AQSh ta’lim tizimidagi ma’lum tajribalar o‘zlashtirilsa O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun zarur kadrlarni tayyorlash, turli yoshdagi odamlarning o‘rta-maxsus va oliy ta’lim olishlari mukammallashadi.

– Menga AQShning o‘rta-maxsus va oliy ta’lim tizimidagi kredit sistemasi juda ma’qul. Agarda O‘zbekistonda yaxshi imkoniyat va sharoit yaratilsa, men o‘zimdagi tajribamni O‘zbekistonga borib amalda joriy etishga tayyorman. Prezidentlarning bo‘lajak uchrashuvlarini biz diqqat bilan kuzatib boramiz va omad tilaymiz.

E’tiborga olish lozimki, Nyu-York shahri AQShga safar qiladigan ko‘psonli sayyohlar, ko‘chib kelayotgan va bu davlatni yangi vatan qilayotgan minglab o‘zbekistonliklar uchun xatlab o‘tadigan ilk ostonadir. Ochiq ma’lumotlarga asosan hozirgi kunda AQSh hududida 100 mingdan ko‘p o‘zbekistonliklar yashashadi. Shuningdek, so‘nggi yillarda har yili 4-5 ming o‘zbekistonliklarga “Green Card”(AQShda doimiy yashash va ishlash huquqini beruvchi yashil karta)lotereyasida omad kulib boqmoqda. Demak, borgan sari AQShni o‘zining doimiy yashash joyiga aylantirayotgan o‘zbekistonliklar soni yana shunchaga ko‘payapti. O‘zbekistonlik immigrantlar asosan Nyu-York, Nyu-Djersi, Illinoys, Indiana, Virdjiniya, Pensilьvaniya, Florida va Kaliforniya shtatlarida zich yashashadi. Biroq, yangi joyga ko‘chib kelgan o‘zbekistonliklarning jamoa bo‘lib yashashga kuchli intilish borligini Nьyu-York, Pensilvaniya va Chikagoda yaqqol kuzatish mumkin. Shuning uchun aynan ana shu shaharlarda o‘zbekistonliklarning o‘z jamiyatlarini tuzib diaspora manfaatlarini himoya qilishga urinishlari bo‘layotganini sezish mumkin. Shu maqsadda ular tomonidan TV, radio, gazeta va jurnallar tashkil etilayotgani ham kuzatilmoqda. Amerika jamiyatida muvaffaqiyat qozonayotganlar qatorida shuningdek bir vaqtning o‘zida ikki davlatda ham yashashga intilayotgan o‘zbekistonliklarni soni ko‘pligini inkor etib bo‘lmaydi.

Ana shunday o‘zbekistonlik vatandoshlardan prezident Mirziyoev tashrifi borasida fikrlari bilan qiziqqanimizda ularning barchasida bitta tilak bor – O‘zbekiston fuqarolariga ikkinchi davlat fuqaroligini qabul qilishga ruxsat berilsa.


Yillar o‘tsada til o‘rganmasdan yuqori malakani talab etmaydigan ishlarda band immigrantlar ham borki ularning asosiy axborot manbai Rossiya OAV.

Immigrantlarning bu qatlami esa O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning AQShga safarini xavotir bilan qabul qilishmoqda. Ularning mikrofonsiz so‘hbatlariga ko‘ra O‘zbekistonning AQSh bilan yaqinlashuvi Rossiya siyosatmadorlari jig‘iga tegib hududdagi tinchlikka putur etkazishi mumkin.

Maqolani tayyorlash jarayonida mazkur safarni quruq rasmiyatchilik deganlar ham topildi. Bunday fikrni bildirayotganlar so‘hbatga rad javobini berisharkan bunday qarorlarining sababi o‘zaro munosabatlarda o‘zgarishlar bo‘lmayotganida ekanligini ma’lum qilishdi. Xususan, ularning asosiy vaji o‘zbekistonliklarga nisbatan AQShning viza siyosati murakkablashsa murakkablashgan, engillik kuzatilmayapti. Hatto grin karta yutganlarga viza berilmasligi kuzatilmoqda.

O‘z ismini sir saqlashni istagan boshqa bir so‘hbatdosh o‘zbekistonlik immigrantga ko‘ra O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi vakillariga AQShda yashayotgan va bu erda diniy ayblovlar bilan mahkamaga tortilayotgan o‘zbekistonliklarning huquqiy manfaatlarini himoyalashga farmoyish bersa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Zero, unga ko‘ra shu kunlarda AQSh mahkamalarida qator o‘zbekistonliklarning diniy ayblovlarga asoslangan ishlari ko‘rilmoqda va ularning manfaatlarini himoyalashda diplomatik korpus vakillari ishtiroki odil hukm chiqarilishiga etaklaydi. Maqolani tayyorlash davomidagi uchrashuv chog‘ida so‘hbatdosh shaxsan o‘zi ana shunday sud jarayonlarining birida qatnashib 15 kishidan iborat hakamlar hay’ati orasida tarjimondan tashqari birorta musulmon yo‘qligiga guvoh bo‘lganini ta’kidladi. Hatto ekspertlar ham boshqa din vakillari ekanligini uqtirmoqda so‘hbatdosh.

Ko‘p sonli immigrantlar bir narsaga amin prezident Shavkat Mirziyoevning AQShga kutilayotgan safarining ularga aloqador ilk natijasi hozirdan ma’lum. Tashrif ortidan vatandoshlarning okean ortidagi hayotiga, ularning faoliyati-yu qalbidagi tug‘yonlarga O‘zbekiston rasmiylari tomonidan e’tibor uyg‘ondi.

Soleh Yahyoev

Nyu-York

Moskvada o’zbekistonlik muhojirlar kaltaklandi

Posted April 30th, 2018 at 11:17 am (UTC-4)
Leave a comment

Moskvada o’zbekistonliklar doxil bir necha mehnat muhojirlari Rossiya Ichki ishlar vazirligiga qarashli “OMON” guruhi tomonidan kaltaklangan, tintuv qilingan, pullari o’g’irlangan.

Rossiya “OMON”chilari muhojirlar yashaydigan yotoqxonaga tonggi soat to’rtlar atrofida bostirib kirgan. Yotoqxonada patent pulini to’lagan, Moskvada mutlaqo qonuniy tartibda yashayotgan, mehnat qilayotgan muhojirlar turishgan.

Ularning ayrimlari Rossiya bilan mehnat muhojirlariga oid shartnoma imzolagan O’zbekiston Mehnat vazirligi ko’magida ishga joylashgan bo’lishi ham mumkin.

Rossiyadan tashqari dunyoning boshqa biror bir davlatida mutlaqo qonuniy yashayotgan muhojirlarni xavfli jinoyatchilar singari yarim tunda bosish, ko’chaga haydab chiqarish, tintuv qilish, o’marish va kaltaklash amaliyoti namoyishkorona o’tkazilishini tasavvur qilish qiyin. Ayniqsa, bu muhojirlar Rossiyani turli jabhalarda qo’llab kelayotgan O’zbekiston kabi davlatlarning fuqarolari ekanligi nazarda tutilsa, bu muhojirlar qadrini, shuningdek, ular tamsilidagi davlatlar qadrini ham yanada achinarli qiladi.

Voqea 26-aprel tongida yuz bergan, Mehnat vazirligi ham, Islohotlar o’tkazilayotgan va birinchi galdagi vazifasi fuqarolarning haq-huquqlarini himoyalash bo’lishi aytilayotgan O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham, Rossiya bo’ylab sayr qilib kelgan “Yoshlar Ittifoqi” degan tashkilot, faoliyatdagi elchixona, konsulliklar ham hozirgacha bu voqea yuzasidan sukutda turibdi.

Agar so’nggi hafta O’zbekistonda sobiq ittifoq davrini sahnalashtirish, “qizil askarlar”ni metro bekatlari, poytaxt bo’ylab uyushtirgan konsertlari, “Georgiy tasmalarini” ommalashtirish, “Xalqlar do’stligi”nomining qaytarilishi va tarannum etilishi bilan o’tgani inobatga olinsa, O’zbekiston rahbariyati xorijdagi fuqarolari xo’rlanganini, kamsitilgani va kaltaklanganini o’rganishga vaqt va hafsala topmagan bo’lishi mumkin.

Ammo Prezident Shavkat Mirziyoyevning tantana bilan taqdim qilingan O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi faoliyatini tubdan isloh qilish haqidagi farmonidan keyin ham Abdulaziz Komilov yetakchiligidagi bu vazirlik xorijdagi fuqarolari kamsitilishiga oid ojiz bir bayonot, norozilik notasi bildirishga o’zida kuch topmayotgani tirikchilik ilinjida avtobuslarda yonib kulga aylanayotgan xalq qarshisida o’ta taassufli, ayanchli  ko’rinadi.

Malik Mansur

BLOG HAQIDA

muhojirlar shaharchasi2

Garchi blogimizni "Muhojirnoma" deb nomlagan bo'lsak-da, u alohida muhojirning kechinmalari va yoki sarguzashtlari haqida bayon qiluvchi sahifa emas. Bu ma'lum ma'noda muhojirotni o'z tanasida tatib ko'rgan insonlarning kundalik daftariday. Sahifa Amerika bilan tanishish, uning ijtimoiy-ma'naviy hayotini o'rganish, qolaversa bu mamlakatga kelish va undagi ayrim “imkoniyatlar”dan foydalanishni ko'zlayotgan minglab o'zbekistonliklar uchun ma'lumotnoma vazifasini o'tashni maqsad qilgan. Unda nafaqat Amerika, balki butun dunyodagi muhojirlar hayotiga oid ma’lumot va kechinmalarni berib borishni niyat qilganmiz.
Bizni kuzatib boring.

Kalendar

October 2024
M T W T F S S
« Jan    
 123456
78910111213
14151617181920
21222324252627
28293031