O’zbekiston xorijdagi mutaxassislarning ortga qaytishini kutmoqda

Posted January 9th, 2018 at 9:34 am (UTC-4)
Leave a comment

Shavkat Mirziyoyev xorijdagi o’zbekistonliklarga, bu safar tadbirkor boylarga murojaat bilan chiqdi. O’zbek  boylariga o’z mablag’larini vatanga ko’chirish taklifini bergan prezident ularni tekshirmaslikka va’da bergan.

Bu Shavkat Mirziyoyevning xorijdagi o’zbekistonliklarga qilayotgan ilk taklifi emas, avvalroq u tajribali mutaxassislarni vatanga qaytishga chaqirgan edi.

Hozircha prezident chaqirig’i ortidan o’z faoliyatini vatanda davom ettirishga qaror qilgan tajribali mutaxassislarning ko’pligi kuzatilmaydi, ammo ular bor.

Mirziyoyev yaqinda Qoraqalpog’istonga qilgan safari davomida Germaniyadan qaytgan mutaxassis  Alisher Qurbonovga “Kaptiva” mashinasi sovg’a qilgani mahalliy matbuotda eng ko’p bosilgan xabarlardan biriga aylandi.

Germaniyada doktorlik darajasini yoqlagan Alisher Qurbonov  chorvachilik bilan shug’ullanuvchi tashkilotda menejerlik lavozimida ishlagan. 11 yil davomida Germaniyada ishlagan Qurbonov ayni paytda Qoraqalpog’istonda ham shu sohada faoliyatini davom ettirayotgani, shuningdek, mahalliy fermerlarga o’quv kurslari tashkil etishni maqsad qilayotgani xabar qilinadi.

Read the rest of this entry »

Shukronalik kuni tarixiga nazar

Posted November 24th, 2017 at 11:33 am (UTC-4)
Leave a comment

Shukronalik kuni garchi avvalgi maqomini deyarli yo’qotib ulgurgan bo`lsa-da, uning asosiy tartiblaridan biri, bayramni, albatta, oilaning barcha a`zolari bilan barobar nishonlash hanuzgacha saqlanib qolgan. Aslida shukronalik dasturxonini tuzash an`anasi haqida bugun amerikaliklar orasida turli taxminlar yashaydi. Ularning barchasi aslida o`z holicha qiziq, ammo haqqoniy tarixga aloqasi yo`q. Bayramning diniy maqomi ham aslida haqiqatdan biroz uzoq. Aslida Shukronalik kuni u yoki bu dinga mansub an`ana yoki ibodat emas, ammo bu bayramning asosiy maqsadi shubhasiz barakotlar yog`dirib, mo`l hosil bergan Yaratuvchiga sidqidildan shukr aytish. Garchi bayramning, yana ham to`g`rirog`i uzoq yillardan beri yashab kelayotgan bu urfning asosiy maqsadi deyarli unutilib bayram ko`proq ko`ngil ochar davra yig`inlariga aylanib ulgurgan bo`lsa-da, Amerikaning ayrim shtatlarida uning azaliy an`analari saqlanib qolgan.

Shukronalik dasturxonini yozish urfi 1620-yilga borib taqaladi. Dastlab qisqa eslatma, ma`lumki Amerika qit`asiga kelgan ilk ko`chmanchilar bu erkin, o`z yurtlaridagi daniy qarashlardan farqli ibodat uslubini tanlagan insonlar, yagona qirollik boshqaruviga qarshi bo`lgan guruhlar va dehqonlar bo`lgan. Ya`ni ko`rib turganingizday, Amerika azaldan o`z bag`riga aynan erkinlik va o`z ixtiyoridagiday hayot tarzini tanlagan insonlar uchun imkoniyat manbayi bo`lib kelgan. Ana shu ilk ingliz ko`chmanchilari dastlab juda qiyin sharoitga duch kelishgan. Yangi yerning iqlimi, tabiati bilan u qadar tanish bo`lmaganlari bois ko`chmanchilarning kata qismi ochlik va qaqshatqich sovuqdan o`lib ketgan. Dastlab mahalliy hindu qabilalaridan masofa saqlashni afzal bilgan ko`chmanchilar boshga tushgan musibat tufayli ulardan yordam so`ragan. Hindular tabiatiga ko`ra (buni bugun Amerikadagi minglab tadqiqotlar isbotlamoqda) juda ham mehmondo`st bo`lgan. Ular qit`adagi yerlarni Tangrining in`omi deb bilishgan va bu in`om hamma uchun degan qat`iy ishonchda bo`lishgan.

Read the rest of this entry »

Amerikada din va diniy ta’lim

Posted September 11th, 2017 at 10:47 am (UTC-4)
1 comment

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek auditoriyasi orasida O‘zbekistondagi maktablarda ro’mol o’ragan qizlarning o’qishga qo’yilmayotgani hamda yirik diniy marosimlarga, masalan, masjidlarga yosh bolalar qo‘yilmayotgani keng muhokama qilinmoqda. Ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bu kabi cheklovlarni ma’qullasa, boshqalari buning noto‘g‘ri ekanini aytmoqda. Cheklovlar tarafdorlari bu harakatlarni O‘zbekiston dunyoviy davlat ekanligi bilan izohlamoqda. Ayni mana shu holat bizni “Dunyoviy davlat” o‘laroq tanilib ulgurgan AQShdagi bu boradagi vaziyat bilan taqqoslash istagini paydo qildi.

Avvalo, aytib o‘tish joiz, amerikaliklar dinni o‘z hayotining ajralmas qismi o‘laroq biladi. Diniy urflarga amal qilishga jiddiy e’tibor qaratiladi. 25-sentabr 1789 yili Jeyms Medison AQSh Konstitutsiyasiga ilk qo‘shimchalar kiritilishi tashabbusi bilan chiqdi, bu ilk qo‘shimcha Huquqlar haqida Qonun (Bill of Rights) nomi bilan tanilgan. Ayni ana shu qo‘shimchada tilga olingan qator, mutlaqo inkor qilinmas huquqlar orasida Diniy erkinlik (Freedom of Religion) huquqi ham qayd etilgan. Oradan qariyib 228 yil o‘tibdiki, oddiy amerikaliklar ham, AQSh Davlat idoralari ham ayni huquqning kamsitilmasligiga jiddiy e’tibor qaratib kelishadi. Ana shu huquqqa ko‘ra, amerikaliklar istagan diniga e’tiqod qilishi, diniy liboslar kiyishi va hatto diniy jamoa ichida yashash huquqiga ega. Misol tariqasida Amish jamoasini olish mumkin.

Amerikada istiqomat qiluvchi har bir o‘zbek muhojiri bir marta bo‘lsa-da tilga olganimiz diniy jamoa vakillari amishlar bilan uchrashgan. Zero agar siz sof (organik) meva yoki poliz mahsulotlari xarid qilishni istasangiz, aynan ana shu jamoaga murojaat qilasiz. Aslida 1693-yili Yevropada paydo bo‘lgan bu diniy jamoa vakillari, keyinchalik turli ta’qib va tazyiqlardan qochib AQShga kelgani aytiladi. Har qanday zamonaviylikni, shu jumladan, taraqqiyot mahsulotlarini tan olmaslik va jamiki qulayliklardan voz kechgan holda nihoyatda oddiy hayot kechirish tarzini tanlagan amishlar AQShda keng tanilgan. Ular deyarli har bir shtatda bor va asosan dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Ayrim shtatlarda mahalliy hokimiyat amishlar bilan shartnoma tuzib, ulardan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini sotib oladi.

Darvoqe, amishlar zamonaviy liboslarni ham rad etadi, ularning o‘z diniy libosi bo‘lib, faqat ana shu libosda yuradilar. Pittsburgda hatto Tibbiy muassasalar ham amishlar yordamidan foydalanadi. Ular xastalarga ruhiy dalda berishda ishtirok etadi, hatto ayrim tug‘ruq xonalarda ham amishlarni uchratish mumkin. Ya’ni davlat ularni inkor etmaydi, aksincha, ular bilan yaqindan hamkorlik qiladi. Aytgancha, aksar Amerikadagi musulmonlar o‘z diniy marosimlarini nishonlash jarayonida ham amishlarga murojaat qilib turadi. Ya’ni, masalan, qurbonlik qilish uchun jonlikni aynan amishlardan sotib oladilar, zero diniy jamoa bo‘lganliklari bois, amishlar o‘z qaramog‘idagi jonivorlarga harom yegulik bermasligiga ishonadilar. Read the rest of this entry »

Vatan sog’inchi

Posted August 29th, 2017 at 10:37 am (UTC-4)
Leave a comment

Yashab bo`lar ekanmi sog`inmasdan Vatanni? Meningcha hech. Garchi so`nggi yillarda muhojirlik aksar o`zbekistonliklar uchun o`zgacha bir orzu darajasiga chiqqan esa-da, Vatanning o`rni boshqa.

Bir holat hech esdan chiqmaydi. “Ingliz tili ikkinchi til” dasturi bo`yicha o`quv mashg`ulotlarga qatnab yurgan paytlarim edi. Yangi tashkil etilgan sinfga Misr, Suriya va Iroqdan kelgan muhojirlar jalb etildi. Mashg`ulotning birinchi qismi, ya`ni birinchi ikki soatida muallima ingliz tiliga oid tushuntirishlar berar, yangi so`zlarni o`rgatsa, ikkinchi (u ham ikki soatli) qismida erkin muloqot uyushtirilardi. Ya`ni hamma o`zi bilganicha sherigi bilan suhbat qurishga urinadi. Ba`zan suhbat juda qisqa bo`lardi, ya`ni suhbatdoshlar faqat salom, isming nima, qayyerliksan va rahmat deya olardi. Ammo ayrim inglizchani birmuncha dadil gapira oladiganlar uchrardiki, ularning suhbati uzoqroq bo`lardi va ba`zan bu so`zlashuvga muallima ham aralashib ketar edi.

Xullas, ana shunday erkin suhbatlashuv mashg`uloti payti muallima qaysidir suhbat ishtirokchilaridan AQSh va o`z Vatanlari orasidagi farq haqida so`radi. U yoqda yaxshiroqmi yoki bu yoqda qabilida. Ana shunda ko`rdim men chinakam muhabbatni. Vatan haqidagi xotira suhbat ishtirokchilarining ko`zlarini namlatdi. Men mashg`ulot xonasidagi boshqa muhojirlarga qaradim… boshlar egilgan, ko`zlarga qalqigan yoshni tutish juda qiyin edi.

Fotima degan qiz jilmayib “Vatanimdagi hech bir holatni bu yerdagisiga solishtirib bo`lmaydi. Avval ham, hozir ham. Vatandagi osudalik payti undagi hayot, odamlar orasidagi o`zaro muhabbatni ta`riflash uchun ingliz tilida bu qadar go`zal so`zlarni topolmasam, hozir Vatan notinch payti qalbimdagi iztirobni anglatishga ingliz tilida so`z yo`q. Hech narsa, hech bir holat na bu yerda, na dunyoning boshqa bir joyida Vatanimdagi bilan solishtirishga arzimaydi, solishtirish qiyin. Axir, Vatanimda bunday emas deb kamsita olmayman, Vatanimku”, dedi. Muallima uni quchib yig`ladi.

AQShga qochoq maqomida kirib kelayotganlar uchun “Madaniy moslashish”, yanayam soddarog`i “sharoitga ko`nikish”, o`zni yo`qotib qo`ymaslikka oid qicqa mashg`ulotlar uyushtiriladi. Men ana shunday mashg`ulotlar o`tkazuvchi, rus millatiga mansub Stas degan yigitni taniyman, o`sha gapirib bergan. Mashg`ulot davomida bo`lajak muhojirlarga Amerikadagi ularning ona yurtidagidan farqli holatlar haqida axborot beriladi, dovdirab, sarosimaga tushib tushkunlikda qolmaslik uchun ayrim maslahatlar beriladi.

Read the rest of this entry »

O’zbek qochqinlari hayotidan: Kiyevdagi Bahodir Namozov hikoyasi

Posted July 25th, 2017 at 10:33 am (UTC-4)
Leave a comment

Bahodir Namozov huquq himoyachisi. 2012-yilda siyosiy bosimlar tufayli O’zbekistonni tark etishga majbur bo’lgan. Hozir Ukraina poytaxti Kiyevda qochoqlar markazida yashaydi.

BMTning Qirg’izistondagi vakolatxonasi sifatidan boshpana izlovchi qochqin sifatida ro’yxatga olingan. Boshpana berilishini kutib avvaliga Qirg’izistonda, keyinchalik Rossiyada va ikki yildirki, hozir Ukrainada yashab kelmoqda.

Siyosiy boshpana so’rab qilgan murojaati Kiyev tomonidan rad etilgan, hozirda shikoyati sud tomonidan ko’rib chiqilmoqda.

Bahodir Namozov hayoti aks etgan videolavhani quyida tomosha qiling.

Video muallifi Malik Mansur

Ukraina inqiloblaridan uch yil o’tib…

Posted November 30th, 2016 at 12:12 pm (UTC-4)
Leave a comment

kivmay-025

Ukrainada maydon inqiloblarining uch yilligi kutib olindi, qurbonlar xotirlandi. Inqilob ortidan mamlakat sharqida ayirmachilar bilan boshlangan urush ham, Qrimning  ishg`oli, boy berilishi ham aholining aksariyat qismida oriyat va qadr-qimmat inqilobi sifatida qabul qilingan bu siyosiy silsiladan taassuf uyg`otmagan.

Maydon inqiloblari boshlangan kun – 21-noyabr Ukrainada bayram sifatida belgilangan. Taomilga ko`ra, shu kuni jamoatchilik, siyosiy rahbariyat inqilob qurbonlarini xotirlaydi, turli tadbirlar o`tkaziladi, inqilob ortidan hokimiyatga kelgan rahbariyat bu kurashning behuda ketmaganligini isbotlashga harakat qiladi.

Uch yil avvalgi inqiloblar Yevropa Ittifoqi va Ukraina o`rtasidagi hamkorlik bitimini imzolashdan bosh tortgan Viktor Yanukovich hukumatiga qarshi bir guruh jurnalistlarning kichik norozilik o’tkazishidan boshlangan edi.

Yuzdan ortiq qurbonlar berish bilan tugagan maydon inqilobi Ukraina uchun qimmatga tushdi. Qrim Rossiya tomonidan ishg`ol qilindi, Donbas, Donetsk, Lugansk vuloyatalarida ayirmachilar bosh ko`tardi. Bu to`qnashuv uch yildirki, hamon davom etmoqda. Read the rest of this entry »

SSSR parcha-parcha bo’lib ketganidan chorak asr o’tib… Ukraina

Posted August 26th, 2016 at 5:06 pm (UTC-4)
Leave a comment

Sovet Ittifoqi parchalanib, mustaqil davlatlar paydo bo’lganining 25 yilligi tantanalari boshlanmoqda. Birinchilardan bo’lib bu bayramni Ukraina nishonladi.

24-avgust kuni Kiyevda harbiy parad o’tdi. Prezident Petro Poroshenko mamlakat mustaqilligi sinovlardan o’tayotgani, dushman (Rossiya) Ukrainani tiz cho’ktira olmagani haqida gapirdi.

Shubhasiz, mustaqillikning chorak asrini sarhisob qilayotgan davlatlar ichida bu davr Ukraina uchun ancha og’ir keldi. Qrimning boy berilishi, mamlakat sharqidagi ayirmachilik harakati, surunkali qurolli to’qnashuvlar.

Ukraina bularning hammasida so’ng yuz yillikda uni mustamlakada ushlab kelgan Rossiyani aybdor sanaydi. Ukrainlar mamlakatning haqiqiy mustaqilligi rossiyaparast hukumatni ag’dargan inqilobdan so’ng boshlandi, deb hisoblashadi. Va ular bu ishonchni ikki yildirki, Rossiya harbiy ko’magiga suyangan ayirmachilar bilan kuzatilyotgan janglarda himoya qilib kelishayapti. Poroshenko shu ma’noda haq, qudratli agressor Ukrainani, ukrainaliklar irodasini tiz cho’ktira olmadi.

Ahamiyatlisi shuki, tiz cho’ktirilmagan bu iroda tantana bilan o’tkazilayotgan harbiy parad, siyosiy tashviqotu rasmiy bayonotlar evaziga emas, oddiy xalq matonati hisobiga shakllandi. Chunki mamlakat sharqidagi urush paytida deyarli falajlangan Ukraina armiyasi bugunga kelibgina o’zini o’nglamoqda. Buning ifodasi sifatida harbiy paradlar o’tkazilmoqda.

To’qnashuvlarning dastlabki davrida esa oddiy aholidan tashkil topgan ko’ngilli batalyonlar muhim ahamiyat kasb etdi. Ayni paytda bu kuch siyosiy jihatdan ham, mudofaa jihatidan ham o’z o’rnini yo’qotgani yo’q. Shuning uchun balki Kiyevdagi harbiy paraddan so’ng ko’ngilli batalyonlar, to’qnashuvlarda halok bo’lgan jangchilarning yaqinlari qatnashgan “Nepokoryonniye” (tizcho’kmaslar) marshi alohida o’tkazildi. Bu marsh tafsilotlari quydagi fotosuratlarda.

 

mustaqillik kiev 019

mustaqillik kiev 024

mustaqillik kiev 026

mustaqillik kiev 034

mustaqillik kiev 039

mustaqillik kiev 049

mustaqillik kiev 057

mustaqillik kiev 072

mustaqillik kiev 096

Malik Mansur

Kiyev, Ukraina

Qrim tatarlari milliy bayroq kunini nishonladi

Posted July 2nd, 2016 at 2:01 pm (UTC-4)
Leave a comment

tatar flag 038

26-iyun qrim tatarlari uchun milliy bayroq kuni hisoblanadi. Ular ikki yildirki, o`z qadriyatlarini belgilovchi bayramlarini vatandan tashqarida o`tkazishga mahkum. Qrimda Rossiya hukmronligi o`rnatilishi ortidan yarimoroldagi shundoq ham kamsonli bo`lgan tatarlarning bir qismi ichki muhojirlikka yuz tutdi, nazorat, bosim, tazyiqlar tufayli Ukrainaning boshqa hududlariga chiqib ketishdi.

Ular bir kun kelib Rossiya tasarrufidan xoli Qrimga qaytishga umid qilishadi. Milliy bayroq kunini Kiyevda tantana qilgan qrim tatarlarining aksariyati bunga shubha qilishmaydi. Bayramda qatnashgan yetakchilar Mustafo Jemilov, Refat Chubarovlar hozirgi vaziyatda xalqdagi bu ishonchning o`ta muhumligi, Qrimning ishg`oldan ozod bo`lishi muqarrar ekanligi haqida gapirishdi.

Read the rest of this entry »

Terror harakatlaridan Yevropa musulmonlari xavotir va aziyat chekmoqda

Posted March 24th, 2016 at 9:32 pm (UTC-4)
Leave a comment

Terror qurbonlari xotirlanmoqda, Bryussels

Yevropada kuzatilayotgan har bir terorchilik harakati bu qita`da yashayotgan musulmonlarni ko`proq xavotir va tahlikaga solib qo`ymoqda. Bryusseldagi qonli xurujlar ham bundan mustasno emas, muhojirlardagi hadik yanada ortgan.

Bunining uchun sabablar yetarli; har bir xuruj dahshat va vahima urug`ini sochishidan tashqari jamoatchilikning musulmonlarga, islomga munosabatini ham sinovdan o`tkazadi. Aslida terrorning maqsadi ham ko`proq shunga, jamiyatdagi shu bardoshni, bag`rikenglikni izdan chiqarishga qaratilgan.

Yevropdagi muhojirlar inqirozi ortidan kuzatilayotgan terrorchilik harakatlari bu vaziyatni yanada qaltislashtirgan, terror din va millat tanlamasligi, uning islomga aloqasi yo`qligini takrorlashdan ba`zan naf yo`qdek.

Yevropa bo`ylab muhojirlarga, musulmonlarga qarshi siyosiy populistlar oyoqqa turmoqda. Bu gurhlarning ayrimlari mahalliy saylovlarda muvaffaqiyat qozonayotgani, fuqaroligi bor-yo`qligidan qat’i nazar, muhojirlar uchun yanada xavotirli tuyuladi.   Read the rest of this entry »

Buxoro yahudiylari O’zbekistonni vatan deb biladi

Posted March 24th, 2016 at 4:52 pm (UTC-4)
1 comment

Sovet Ittifoqi paytida Buxoro yahudiylari o’zbek san’atida juda faol bo’lgan. Mustaqillikdan so’ng aksariyati AQSh va Isroilga ko’chib, shashmaqom va musiqa san’atini yangi vatanda targ’ib etishda davom etmoqda.

O’zbekistonda Muhabbat Shamayevani tanimaydiganlar bo’lmasa kerak. San’atkor mamlakatni salkam chorak asr oldin tark etgan bo’lsa-da, xalq uning qo’shiqlarini hanuz sevib tinglaydi.

Muhabbat Shamayeva ko’plab Buxoro yahudiylari kabi Nyu-Yorkning Kvins rayonida yashaydi. Ijodni tashlamagan. Marhum turmush o’rtog’i, O’zbekiston SSRda Xizmat ko’rsatgan artist Ilyos Mallayev asos solgan “Maqom” ansamblining faol ishtirokchisi.

Muhabbat Shamayeva O’zbekistonga so’nggi bor 2011-yilda bordi.

“Meni yaxshi kutib olishdi. Toshkentda o’zgarishlar katta. Vaqt juda tez o’tdi”, – deydi u.

“Maqom” ansamblining yana bir a’zosi – Tamara Katayeva. Mullokandov sulolasining davomchilaridan. O’zbekiston va Tojikistonda ijod qilgan.

“Biz san’atkorlar eng baxtli odamlarmiz. Chunki eng sevimli mashg’ulotimiz bilan shug’ullanamiz. Men ijodimni Dushanbe shahrida boshlaganman. O’zim Samarqandda tug’ilganman. Ota-onam Xalq maorif komissarligi qoshidagi Buxoro yahudiylari teatrida artist bo’lgan. Kasbim hamshiralik bo’lsa-da, taqdir taqozosi bilan ularning izidan ketdim. Amerikada yaratilgan “Maqom” ansambli bilan butun dunyoni, butun Amerikani aylanib chiqdik. Agar Yaratgan senga iste’dod bergan bo’lsa, uni o’z xalqingga ulashgin. Mana shu bizning missiyamiz – Yaratganning tuhfasini ulashish. Biz orqali esa odamlar o’zbek, tojik, Buxoro yahudiylari san’ati haqida o’rganmoqda”.

Yoshlarimiz ham san’atga qiziqadi, deydi Muhabbat Shamayeva. Uning qizi Nargiza Mallayeva va o’g’li Raj Mallayev ota-ona izidan borishdi.

Muhabbat Shamayeva va Tamara Katayeva Amerikada o’zbek va tojik tadbirlarida doim xizmatda.

“Hali ham sahnaga chiqayotganimiz katta baxt. Bu yerda o’zimni xuddi O’zbekistondagidek his qilaman. Atrofimda o’zbeklar, tojiklar, tatarlar, qozoqlar, koreyslar, yahudiylar, ruslar – ruschada so’zlashamiz. Amerikada ekanimni his qilmayman. Faqat shu Manxettenga borib, osmono’par binolarni ko’rganimda, nahotki Amerikadaman, deb qo’yaman. Undan tashqari holatlarda go’yoki O’zbekistondamiz – uyim, odamlar, dugonalarim. Hali ham qo’shiq aytayotganimizdan men va Tamaraxon juda baxtlimiz. Men har bir chiqishimni o’zbekcha qo’shiqdan boshlayman. Odat tusiga kirgan bu. Chunki men O’zbekiston estradasining artistiman, o’zbek san’atkoriman”, – deydi Muhabbat Shamayeva.

Ezro Malakov ham “Maqom” ansamblida kuylaydi. Ssli Shahrisabzdan. Yoshligidan maqomga qiziqadi. Katta ustalardan saboq olgan. Amerikaga 1992-yilda kelgan. Ezro Malakov o’zi tashkil etgan maxsus akademiyada yoshlarga bilimlarini ulashmoqda.

San’atkor yaqinda 75 yoshini qarshiladi. Buxoro yahudiylari jamoasi katta konsert uyushtirib berdi. 2006-yilda Ilyos Mallayevning 70 yilligi ham keng nishonlandi. Bunday tadbirlar nafaqat taniqli hofizlarning hurmati uchun, balki milliy san’atni yosh avlodga meros qilib qoldirishda ham muhimdir.

BLOG HAQIDA

muhojirlar shaharchasi2

Garchi blogimizni "Muhojirnoma" deb nomlagan bo'lsak-da, u alohida muhojirning kechinmalari va yoki sarguzashtlari haqida bayon qiluvchi sahifa emas. Bu ma'lum ma'noda muhojirotni o'z tanasida tatib ko'rgan insonlarning kundalik daftariday. Sahifa Amerika bilan tanishish, uning ijtimoiy-ma'naviy hayotini o'rganish, qolaversa bu mamlakatga kelish va undagi ayrim “imkoniyatlar”dan foydalanishni ko'zlayotgan minglab o'zbekistonliklar uchun ma'lumotnoma vazifasini o'tashni maqsad qilgan. Unda nafaqat Amerika, balki butun dunyodagi muhojirlar hayotiga oid ma’lumot va kechinmalarni berib borishni niyat qilganmiz.
Bizni kuzatib boring.

Kalendar

October 2024
M T W T F S S
« Jan    
 123456
78910111213
14151617181920
21222324252627
28293031