“Vatandosh” talabalar gazetasimi?

Posted March 12th, 2011 at 5:28 pm (UTC-5)
2 comments

Xabaringiz bor, yaqinda Amerika tarixida ilk bor o’zbek tilida “Vatandosh” gazetasining nishona soni dunyo yuzini ko’rdi. Tahririyatga yaqin do’stlarimizning xabar berishicha, gazeta ijodiy jamoasi orasida talabalar faol va gazeta AQShdagi o’zbekistonlik talabalarni asosiy mushtariylar va ishtirokchilar sifatida  ko’rishni istaydi.

“Vatandosh” talabalar gazetasimi? U Amerikadagi o’zbek yoshlari va talabalari uchun nima bera oladi? Shu savollar bilan gazeta noshiri Farhod Sultonga murojaat etdik.

– Farhod aka, “Vatandosh” gazetasi ijodiy jamoasi orasida talabalar bormi?

– Ha, gazetamizning dunyo yuzini ko’rishida bir necha talaba faol ishtirok etdi. Biz gazetamiz ijodiy jamoasi va muxlislari orasida ko’proq talaba yoshlarni ko’rishni istardik. Chunki ular zamonga yangicha ko’z bilan qarashadi.

– “Vatandosh” Amerikadagi o’zbek talabalari uchun nima bera oladi? Aynan talabalarga mos qanday maqolalar berib borishni maqsad qilgansizlar?

– Biz ikki masalada bu yerdagi vatandosh talabalarimizga yordamchi bo’lishni istardik. Birinchisi, bu yerga o’qish uchun kelgan yoshlarimizga ish topish imkoniyatlari borasida maslahat berish. Ikkinchisi, bu yerda faqat ishlash bilan kun kechirayotgan, o’qishni turli sabablar bilan tark etgan yoshlarga bilim olishning kelajak uchun naqadar muhim ekanini tushuntirib, ularning o’qishga rag’batlarini oshiruvchi maqolalar berish. Shu maqsadda hozir materiallar tayyorlayapmiz.

– Gazetaga nafaqat AQShdagi o’zbeklar, baki butun dunyo bo’ylab vatandoshlarimiz katta qiziqish bilan qarashmoqda. Gazetani internetda “onlayn” o’qish mumkinmi, degan savollar kelib tushyapti. Shu haqda nima deysiz?

– Bu haqda o’ylayapmiz. Hozircha ayrim maqolalarni to’liq, ba’zilarini qisman internetdagi saytimizga qo’ymoqchimiz. Elektron obunani yo’lga qo’yish niyatimiz ham bor. Qolaversa, mushtariylar uchun pochta orqali xalqaro obunani ham yo’lga qo’ymoqchimiz. Bu haqda muxlislarimiz bizga info@vatandosh.com elektron pochta manzilimiz orqali bog’lanishlari mumkin.

Demak, Farhod Sultonning bizga ma’lum qilishicha, gazeta talabalar uchun muhim bo’lgan ko’plab mavzularni qamrab olishni maqsad qilgan. Bu borada gazeta jamoasiga ijodiy muvaffaqiyatlar tilab, talabalarimizni ushbu gazetaga obuna bo’lishga va uning ijodiy faoliyatida ishtirok etishga chaqiramiz. Suhbatimiz so’ngida gazeta tahririyatining ruxsati bilan nishona sonida chiqqan sara maqolalardan birini e’tiboringizga havola etamiz.

___________________________________________________________________________________________________

350 MING DOLLARLIK GILAM

yoxud o’zbek o’g’lonining g’aroyib sarguzashtlari

(«Vatandosh» gazetasining 2011-yil 24-fevral nishona sonidan olindi.)

Ko’hna fors gilamini sotish uchun dunyoning uch qit’asiga uyushtirilgan safar g’aroyibotlari haqida hikoya qiluvchi «Kristis fosh etildi» («Christie’s unmasked») asari xalqaro adabiyot, siyosat va iqtisod olamida o’ziga xos ovoza bo’ldi. Kitob Angliyadagi «Christie’s» xalqaro kimoshdi savdo uyining 19-asrga oid qimmatbaho fors gilamini aldov yo’li bilan arzon bahoda sotib olishga bo’lgan urinishi va bunga bog’liq boshqa firibgarliklari haqida. Asar syujeti bo’lgan voqealar asosiga qurilgan.

Ajabo, yillik daromadi qariyb 20 mlrd. dollar bo’lgan «Christie’s» kompaniyasiga qarshi borib, uning kirdikorlarini fosh etishga jur’at etgan inson kim?

Bu kitob haqida yozishimizga turtki bo’lgan sabab faqat asarning qiziqarli syujeti emas, balki uning bosh qahramoni va muallifi hamyurtimiz ekanidir.

Tadbirkor va yozuvchi Otabek Teshabekovni O’zbekistonda balki ko’pchilik tanimas. Ammo bu kishining «Kristis fosh etildi» asari bugun dunyoning bir qator o’lkalarida, xususan, AQShda ancha shov-shuv bilan tilga olinmoqda.

Otabek Teshabekov Toshkent shahrida ziyoli oilasida tug’ilgan. Hozirda AQShning Los Anjelos shahrida «Muboraks» kompaniyasi va katta savdo uyining prezidenti.

Otabekning biznes olamidagi muvaffaqiyatlari uning ko’hna fors gilamini sotish maqsadida dunyoning yirik kimoshdi savdo markazi – Londondagi «Christie’s» kompaniyasiga uyushtirgan safari ortidan boshlandi. U bu yerga 200 ming AQSh dollari atrofida baholangan qadimiy fors gilamini sotish maqsadi bilan keladi. Savdo uyi vakillari gilamni dastlab taklif qilingan narxda sotib olish fikridan qaytib, uning qiymatini tushirishga va natijada Otabekni aldashga urinishadi.

Bundan g’azablangan Otabek gilamni sotishdan bosh tortib, uning asl qiymatini biluvchi odamlar bilan uchrashish uchun dunyo bo’ylab o’zining tahlikali, ammo qiziqarli sayohatiga otlanadi. Gilam AQShda birinchi narxdan ham yuqoriroq qiymatga – 350 ming AQSh dollariga baholanadi. Dunyoning uch qit’asini kezgan Otabek endi faqat gilamni sotish fikri bilan cheklanmasdan, balki “Christie’s” savdo uyining kirdikorlarini fosh etishni ham o’z oldiga maqsad qilib qo’yadi. Safari so’ngida Otabek ushbu g’aroyib sayohati tafsilotlarini kitob holiga keltirishga jazm etadi.  Shu tariqa sarguzasht-detektiv uslubidagi “Kristis fosh etildi” asari dunyo yuzini ko’radi.

Otabek Teshabekov

Kitob bugun xalqaro jamoatchilik tomonidan katta qiziqish bilan o’qilmoqda. U rus, ingliz va ispan tillarida chop etildi. Kitobning nemis va fransuz tilidagi tarjimalari ham tayyorlanmoqda. Asar ko’plab xalqaro adabiyotshunos va tanqidchilarning nazariga tushdi. Marhum adib, dunyo adabiyoti tarixida o’chmas iz qoldirgan yozuvchi Chingiz Aytmatov asar haqida iliq fikr bildirganini alohida ta’kidlash lozim. Ushbu asar yuzasidan hozirda bir qator Gollivud kinoijodkorlari film ishlash taklifi bilan chiqishmoqda. Yaqin yillarda ushbu asar asosida suratga olingan detektiv janridagi Gollivud filmi jahon kinoteatrlariga chiqib qolsa ajab emas.

Biz Otabek Teshabekov bilan bog’lanib, bu kitobni yozish istagi unda qanday paydo bo’lgani bilan qiziqdik.

– Kitobda hikoya qilinayotgan «Kristis» savdo uyi bir yilda 17.5 milliard dollar daromad qiladi, – deydi tadbirkor-yozuvchi Otabek Teshabekov. – Lekin bu pullarning asosiy qismi odamlarni aldash va yolg’on bilan topilgan. Men «Kristis» kompaniyasining firibgargarlik ishlarini fosh qilish maqsadida va aldangan odamlarning haq-huquqlarini himoya  qilish maqsadida ushbu kitobni yozishga jazm qildim.

Otabekning ushbu jasorati uning boshiga ko’p sinovlarni soldi.

– Ikki marta  hayotimga suiqasd uyushtirishdi – deydi u. – Bularning ortida «Kristis» turganiga ishonchim komil.

– Gilamning taqdiri nima bo’ldi? Uni sotdingizmi? – deya qiziqib so’raymiz muallifdan.

– Buni kitobni o’qisangiz bilib olasiz – deya savolni ochiq qoldiradi Otabek.

Kitob va uning muallifi haqida qo’shimcha ma’lumotlarni gazetxonlarimiz www.christiesunmasked.com internet sahifasidan topishlari mumkin. Xarid qilish istagida bo’lganlar kitobga ushbu manzildan buyurtma berishlari mumkin.

2 responses to ““Vatandosh” talabalar gazetasimi?”

  1. Diyora says:

    Men USA da yashayman. Vatandosh gazetasiga qanday qilib obuna bo’lish mumkin?
    Vatandosh.com ga hecham kirib bo’lmayapti.
    Iltimos, yordam beringlar.
    Minnatdorchilik bildirib, Diyora.

  2. Behzod says:

    Diyora, info@vatandosh.com ga yozib ko’rdingizmi? Unda telefonlariga qo’ng’iroq qilib (646-397-0325) obuna haqida so’rang.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.