© Photos.com
Amerikada o’qishni istamaydigan odamni topish qiyin. AQShning nufuzli oliy o’quv yurtlarida ko’plab o’zbekistonlik vatandoshlarimiz tahsil olishadi. Ularning bu yerda o’qish imkoniyatiga qanday erishganlari haqida to’liq tushuncha hosil qilishimizdan oldin biroz lirik chekinish qilishimga ijozat bergaysiz.
O’zbekistonda litseyda o’qib yurgan kezlarim matematika fanidan bir o’qituvchimiz bo’lardi. Juda qattiqqo’l, o’ziga to’q, litseyimizning eng obro’li o’qituvchilaridan edi. Farzandlarining barchasi oliy ma’lumotli, ayrimlari chet ellarda ham o’qib kelishgan. Ularning oilasiga havas qilardim.
Bir kuni shu domlam menga bir gap aytib qoldi: “O’qing, Behzod. Chet ellarga chiqib o’qing. Nima istasangiz, hamma imkoniyat bor, faqat qidirib topishingiz kerak, xolos. Sizning o’rningizda bo’lganimda, ehhe, men dunyo kezardim…”
Bu gaplar aytilgandan beri oradan 10 yildan ziyod vaqt o’tibdi. Domlamning menga qilgan nasihatlariga amal qilgan holda, jiddiy o’qishga va chet elga chiqib, dunyo ko’rishga harakat qildim. Bir talaba sifatida, o’tgan yillarimdan chiqargan tajribam asosida shunga amin bo’ldimki, domlam haq ekan. Qidirgan, imkonini topgan, albatta, maqsadiga erishar ekan…
AQShning eng boy odami Bil Geyts bilan sizning o’rtangizdagi asosiy farq nima, bilasizmi? Asosiy farq bu uning boshqalar erishmagan muvaffaqiyatlarga erishganida. Uni boy qilgan ham, dunyoga mashhur “Microsoft” kompyuter dasturlari kompaniyasining asoschisi qilgan ham mana shu muvaffaqiyat. U erishgan bu muvaffaqiyatning kaliti nimada? Sizu biz ham u kabi bo’la olamizmi? Yo’g’e, deyishga shoshilmang. Albatta, bo’la olamiz. Undan zo’rroq ham bo’lishimiz mumkin.
Bil Geyts ham sizu biz kabi odam naslidan, ikki oyoqli, og’iz-burun, ko’z-quloqqa ega bir banda. Tug’ilganda hech narsani bilmasdi, hatto boshini ham ko’tara olmaydigan zaif bir go’dak edi, xuddi siz go’dakligingizda bo’lganingiz kabi. Ammo o’qish va izlanish, qattiq mehnat uni bugungi muvaffaqiyatlar cho’qqisiga chiqardi…
Bir ustozimiz bizga shunday derdi: “Har bir sohaning eng kuchli, eng zo’r odamlari bor. Bir ish qilishga kirishdingmi, bir sohani kasb sifatida tanladingmi, men shu sohaning eng zo’ri bo’laman, deb niyat qil. Yaxshi mutaxassis bo’laman, deb emas, birinchi raqamli eng zo’r mutaxassis bo’laman, deb ayt va shu yo’lda bor kuchingni sarfla. Shu sohaning eng zo’ri bo’lish balki sening peshonangga bitilgandir, nega urinib ko’rmaysan? Shunday niyat bilan harakat qilsang, eng zo’ri bo’lmasang ham, kamida eng zo’rlaridan bittasi bo’lasan”.
O’zim bu hikmatli nasihatga to’la amal qila olmagan bo’lsam ham, ammo mendan maslahat so’rovchi do’stlarimga, ukalarimga doim shu gapni aytaman. Zero Bil Geyts muvaffaqiyatining asl siri shunda. Chunki insonni ruhlantiruvchi, olg’a intilishi uchun rag’batlantiruvchi bir maqsad, bir marra bo’lmasa, aslo oldinga siljish bo’lmaydi. Talaba bu izlanuvchi, o’rganuvchi degani. U izlanishdan, o’rganishdan to’xtamasligi, faqat oldinga intilishi kerak.
Yuqoridagi gaplar ishtiyoqingizni, shijoatingizni qaynatgan bo’lsa, demak, asosiy mavzuga o’tsak ham bo’ladi. Siz Amerikada o’qimoqchisiz, o’zingiz tanlagan sohaning yetuk mutaxassisi bo’lib, shu kasb bilan halol rizq topib oila tebratishni, xalqqa xizmat qilishni niyat qilgansiz. Tabriklayman, Amerikada o’qish imkoniyatining eng muhim, eng asosiy imtihonidan muvaffaqiyatli o’tibsiz. Chunki to’g’ri niyatga ega bo’lishning o’zi va bu niyatga erishish yo’lidagi qat’iy ahd muvaffaqiyatning asosiy shartidir. Sizdan endi biroz izlanish va qattiqroq mehnat qilish talab etiladi.
Dunyoning eng sifatli bilim beruvchi ta’lim dargohlari Amerikada joylashgan. Sifatli narsaga talab kuchli bo’ladi. Bu degani, Amerikada o’qishni istaganlar ko’p va shunga yarasha, qabul qilish shartlari qiyin va ilm olish narxlari ham qimmat.
Avvalo, siz o’zingiz tanlagan yo’nalish bo’yicha yetarli ma’lumot yig’ishingiz kerak. Shu soha bo’yicha o’qish taklif etuvchi qanday kollej yoki universitetlar bor, kirish uchun qanday hujjatlar talab etiladi kabi masalalarda to’liq axborotga ega bo’ling. Hozirgi kunda uiversitet veb-sahifalaridan bu boradagi barcha ma’lumotlarni osonlikcha topish mumkin.
Keyingi bosqichda shu hujjatlarni tayyorlashingiz kerak. Xabaringiz bor, chet ellik talabalardan ingliz tilini bilish darajalarini tekshirish uchun maxsus TOEFL yoki IELTS testlari talab etiladi. Agar magistratura yoki aspiranturaga topshirayotgan bo’lsangiz, qo’shimcha, GRE yoki GMAT kabi maxsus imtihonlar bor. Shularni topshirishingiz kerak.
Mana shu jarayondagi yana bir muhim masala bu o’qishingiz xarajatlarini qoplash uchun grant qidirish. Men bilan sizga o’xshagan oddiy o’zbek bolasining Amerikaga kelib, bu qimmat shaharlarda na yashashga va na o’qishga qurbi yetadi. Ammo umidni uzmaslik kerak, chunki buning chorasi bor.
AQShda ta’lim olishning o’ziga xos afzalliklaridan biri ham shunda, moliyaviy ahvolingiz bu yerda yashash va o’qish xarajatlarini ko’tara olmasa, ta’lim grantlari taklif etuvchi ko’plab maxsus dasturlar bor. Odatda, har bir universitetning o’zida talabalar uchun, xususan, xalqaro talabalar uchun maxsus grant dasturlari bo’ladi. Bundan tashqari, maxsus chet elliklar uchun yoki maxsus ayrim davlatlar, masalan, o’zbekistonliklar uchun hamma xarajatlarni to’liq qoplovchi yoki qisman qoplovchi grant dasturlari mavjud. Masalan, Amerika hukumati o’zbekistonliklar uchun 15 dan ortiq yo’nalish bo’yicha to’liq grant beruvchi maxsus o’quv dasturlarini tashkil etgan. Bu haqda AQShning O’zbekistondagi elchixonasi saytidan (http://uzbekistan.usembassy.gov) to’liq ma’lumot topishingiz mumkin. Ushbu dasturlar haqida kelgusi maqolalarimizda batafsilroq ma’lumot berish niyatimiz bor. Grant yutib olish uchun hujjatlarni qanday tayyorlash lozim yoki ushbu grantni yutishga sabab bo’ladigan zarur bilim va ko’nikmalarni qanday egallash va rivojlantirish kerak, bularning barchasi kelgusi maqolalalarimizning mavzusi.
Demak, sahifalarimizni muntazam kuzatishda davom eting. Savollaringiz bo’lsa, ularni bizga elektron pochta manzilimiz orqali yo’llashingiz yoki shu yerda munosabat bildirish orqali so’rashingiz mumkin.
11 responses to “Amerikada o’qishni istaysizmi?”
Yozgan gaplaringizga 100 foiz qo’shilaman. Agar odamda maqsad bolmasa u yoldan adashadi. Man Amerikaga kelishdan oldin ancha harakat qilganman. Har hil dasturlarda qatnashib yurganman. Viza olomagan paytim ham boldi. Lekin baribir yoldan qaytmadim. Bir bolmasa boshqasi unib qolar deb yurdim. Mana..shunday ham boldi. Amerikada oqish jarayonida man ozimni qaytatdan kashf ettim desam mobolaga bolmiydi.
Man hech qachon umidni yoqotmaslik kerak deb oylayman. Harakat qilsa hamma boladi. Harakatda barakat.
Harakatda barakat, deb dono xalqimiz bejizga aytmagan. 🙂
Yana Amerikaga borgim kelyapti… Oldin ham borgim kelgandi )))
Agar talaba sifatida kelishni istasangiz, biz bu borada sizga yordamchi bo’lishimiz mumkin. Buning uchun blogimizni kuzatib boring. 🙂
Rahmat, balkim kelajakda borib qolarmiz. Talaba sifatida bo’lmasa ham, sayohat qilib. Bloglarni albatta kuzatib boraman.
amerikaga o’qishga juda borgim keladi bu mani bolalidan qilgan orzuyim in kottasi lekin manga hich kim ishonmidi.
Ismigul, siz boshqalarga emas, o’zingizga ishoning. Ishonchingiz asosida astoydil harakat qilsangiz, albatta, orzuingizga yetasiz. Bu Amerikada eng ko’p qadrlanadigan tamoyillardan biri.
Bekzod aka menga maslahatizkerak. Men hozir 2-kursman. Keyingi yili neft gaz inistitutga kirmoqchman. Nasib qilsa kirsam, Keyin magistraturami Amerikada dovom etkizdirsam bolaveradimi. Menga koproq maslaxat bering. Xozir boshim qotgan inistut tanlash borasida. Faqat ingilis tilini bilaman.
Otabek,
Neft-gaz juda yaxshi soha. Unga tortinmay topshiravering va o’qish davomida ingliz tilingiz ustida qattiq ishlang va albatta, grant topib AQShga o’qishga bora olasiz.
Juda zo’r maslahatlar, men hozir Dubaydaman kelganimga 6 oy bo’ldi aytmoqchimanki dubayda da turib Amerikaga chiqib ketaolamanmi o’qish u.n, albatta elchihonadan visa olsam…?
Programming