Izoh: Talabaning hayotida vaqt juda g’animat. Buni, ayniqsa, imtihon arafasida juda yaxshi tushunasiz. Vaqtingizdan unumli foydalanyapsizmi, Vatandosh? Hatto bir daqiqaning, payti kelsa, qadri bo’lishini bilasizmi?
Shu haqdagi mulohazalarimni kundaligimga qachonlardir yozib qo’ygan ekanman. Vaqtini behuda sarflayotganlar uchun zora bir eslatma bo’lsa, deb quyida shuni keltirishga qaror qildim.
Yoshligimizda maktabda tutgan daftarlarimizning muqovasida G’afur G’ulomning surati hamda uning ostida vaqt haqida yozilgan to’rt qator she’ri bo’lardi. O’sha davrlarda yod olingan bu misralar hanuz xotiramda:
Aziz asrimizning aziz onlari
Aziz odamlardan so’raydi qadrin,
Fursat g’animatdir, shoh satrlar-la
Bezamoq chog’idir umr daftarin.
Ajoyib satrlar, darhaqiqat, shoh satrlar. Yuksak falsafa va haqiqatni o’zida mujassam etgan. Shoir umrinining qanchalik shoh satrlar bilan bezalganini bilmaymanu, lekin misralarning o’zi she’riyat umrining shoh satrlari ekani aniq.
Litseyimizda Xayriniso opa degan matematika fani o’qituvchisi bo’lardi. Juda aqlli, dono hamda ziyoli inson edi. Talabalar undan hayiqishardi, bergan darslarini o’z vaqtida bajarishga harakat qilardik.
11-sinfda o’qiyotganimizda bir kuni shu o’qituvchimiz darsda ajoyib tajriba o’tkazdi. “Hamma qo’lini ko’tarib tursin”, – dedi u, “ va har biringiz ichingizda bir daqiqani hisoblang va bir daqiqa o’tdi, deb o’ylaganingizda qo’lingizni tushiring”. Biz ichimizda soniyalarni 60 ga qadar sanay ketdik. Xayriniso opa esa soatga qarab soniyalarning haqiqiy o’tishini kuzatib turdi. Hammamiz o’z hisobimiz bo’yicha bir daqiqa nihoyasiga yetdi, deb o’ylaganimizda, birin-ketin qo’llarimizni tushira boshladik. Hammadan oxiri men tushirganim esimda. Lekin men ham hisobda adashibman…
“Hammangiz bir daqiqa tugamasdan qo’lingizni tushirdingiz”,- dedi o’qituvchimiz. Shundan so’ng biroz jim turdi-da, so’ng “Bir daqiqa ana endi o’z nihoyasiga yetdi”, – dedi.
Biz o’sha payt bir daqiqaning bunchalar uzun bo’lishini o’ylamagan ekanmiz.
“Ana, ko’rdingizmi?” – dedi Xayriniso opa, “Bir daqiqa oz fursat emas. Shu bir daqiqa ichida ham qancha ishni amalga oshirsa bo’ladi. Aytmoqchi bo’lganim, vaqt oz, deb ko’p noliymizu, lekin bir daqiqaning ham aslida katta fursat ekanini bilmaymiz. Oldingizga qanday maqsad qo’ygan bo’lsangiz, shunga erishishga yetarli imkoniyat, vaqt bor. Faqat bu vaqtni boy bermasangiz bas. Uni yo’qotganingizdagina siz vaqtni juda tez o’tkazib yuborgan bo’lasiz”.
Bu gaplar oliy o’quv yurtiga kirish o’sha paytlar umrining eng katta orzusi bo’lgan biz abituriyentlarga qarata aytilgan edi. Bizni ruhlantirish, vaqtning qadriga yetib, undan unumli foydalanishimiz uchun bir rag’batlantirish so’zi edi bu.
Shu gaplar aytilgandan beri oradan qariyb 10 yil vaqt o’tibdi. 10 yil 365 kundan iborat desak, 365 kun 8760 soatdan iborat. 8760 soat esa 525600 daqiqadan tashkil topar ekan. Bu esa kichik muddat emas. Lekin men uchun bu muddat juda tez o’tganga o’xshaydi. Bir daqiqaning kutilgandan ko’ra uzoqroq muddat ekanidan hayratlangan odam uchun 10 yilning bunchalar tez o’tgani juda qizig’-a? Xayriniso opaning aytishlaricha, vaqtdan unumli foydalanmagan odamgina vaqtining tez o’tganidan ajablanar ekan.
Darhaqiqat, vaqt atalmish maxluq g’animat, ayni paytda g’aroyib matohdir. Bir qarasang, u juda sekin o’tayotganga o’xshaydi. Bu narsa azoblanayotgan yoki o’zi yoqtirmagan faoliyat bilan band odamlarda, ayniqsa, tez bilinadi. Boshqa toifa insonlar uchun esa u ko’z yumib ochguncha tez o’tib ketadi. Buni bog’ sayliga chiqqan oshiq-ma’shuqlar misolida yoki umrining eng baxtli onlarini o’tkazayotgan kishilar hayotida ko’rishimiz mumkin. Ushbu voqelik XX asr fizikasi dohiylaridan biri Eynshteynning Nisbiylik nazariyasi mezonlari bilan o’lchanadi.
Bolaligimda dori qutilarining yaroqlilik muddatida “2000-yilgacha yaroqli” degan yozuvlarga ko’zim tushardi. O’sha paytlar 2000 raqami ko’zimga juda katta ko’rinardi. “O’h-ho’, 2000-yilgacha qancha boru…” Nazarimda bu yillarga yetib borish uchun hali ko’-o’-o’p yashash kerak edi. Lekin vaqt o’tib 2000 tugul, 2010 ham kelib qoldi. Shu tariqa 2020 ham, 2050 ham, 2100 ham ana shunday kelib qolaveradi (agar ungacha dunyo tursa)…
Vaqt ana shunday tez o’taverar ekan. Kamina ham 25 ni qoralab qo’yibdi.
Ko’chada yosh bolakaylar salom bersa, uyalib ketaman. Katta kishiga salom berayapti ular…
31-yanvar, 2009-yil, Juma, 09:33