© Photos.com

AQShda talaba hamyurtlarimizning aksariyati “scholarship”, ya’ni grantlar asosida o’qiydi. Chunki bu mamlakatda ta’lim olish qimmat. Ham yashash, ham o’qish uchun pul to’lashga ko’p o’zbek oilalarining qurbi yetmaydi. Shuning uchun AQShda o’qishni niyat qilganlar, albatta, grant topish payida bo’lishadi.

Bu maqolada Amerika hukumatining O’zbekiston fuqarolari uchun e’lon qilgan ta’lim grantlari haqida ma’lumot bermoqchimiz.

Bu ta’lim dasturlarini AQShning O’zbekistondagi elchixonasi boshqaradi. Hujjat topshirish va ichki bosqichlardagi imtihonlar elchixona orqali amalga oshiriladi. To’liq ma’lumot uchun elchixona veb-sahifasiga ko’z tashlashni tasviya qilamiz.

O’zbekistonliklar uchun ta’lim grantlari quyidagilar:

J. Villiyam Fulbrayt Ta’lim Granti Dasturi

Bu dastur 50 yildan beri kollej va universitetlarda tahsil olish uchun grantlar ajratib keladi. Bundan tashqari, ushbu dastur doirasida mustaqil tadqiqotchilar AQShda ma’ruza va tadqiqotlar qilishlari uchun o’rtacha to’rt va 10 oylik grantlar ham mavjud. Yana, amerikalik olimlar uchun ham chet mamlakatlarda dars berish imkoni yaratilgan.

Fulbrayt Xorijiy Talaba Dasturi

“Fulbrayt” Xorijiy Talaba Dasturi chet el oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari, yosh mutaxassislar hamda san’at arboblarining AQShda bir yil yoki undan ko‘proq muddat davomida tahsil olishlari va izlanishlar olib borishlariga ko‘mak berish maqsadida tashkil etilgan.

J. Villiyam Fulbrayt Chet Tili O’qituvchilari Uchun Dastur (FLTA)

“FLTA” dasturi ingliz tili o’qituvchilariga o’z kasb mahoratlarini oshirishga, tilni mukammal o’rganishga va o’zlarining AQSh haqidagi bilimlarini oshirishga imkon yaratadi. Dastur doirasida qatnashchilar 9 oylik bakalavr yoki magistrlik darajasi berilmaydigan kurslarda ishtirok etishi mumkin.

Xubert X. Xampri Almashinuv Dasturi

Bu dasturga 1978-yilda asos solingan va u bir yillik o’quv kursini o’z ichiga oladi. Bu grant o’rta yoshdagi mutaxassislarga mo’ljallangan. Ushbu dasturda ishtirok etishni istaganlarga quyidagi talablar qo’yiladi: liderlik qobiliyatiga ega ekanliklarini namoyish etish; mustaqil ravishda tahsil olish uchun AQShning nufuzli universitetlarida yaratilgan barcha imkoniyatlardan to’laqonli foydalanish qobiliyati borligini isbotlash. Qatnashchilarga guvohnoma taqdim qilinadi; dastur doirasida magistrlik yoki doktorlik darajasi berilmaydi.

Yosh O’qituvchilar Malakasini Oshirish Dasturi (JFDP)

“JFDP” 1994-yildan beri faoliyat olib boradi. Ushbu dastur oliy o’quv yurtlarida dars beruvchi o’qituvchilarga malaka oshirish va amerikalik hamkasblar bilan tajriba almashish uchun to’liq bir semestr mobaynida AQSh universitetlari darslarida ishtirok etish va kafedra a’zosi sifatida faoliyat yuritish imkonini beradi. Dasturda qatnashishga xohish bildirganlar gumanitar va ijtimoiy fanlar bo’yicha bir semestrlik dasturda qatnashishlari mumkin.

O’rta maktab ingliz tili o’qituvchilari uchun TEA dasturi

“TEA” dasturi 10 yildan ortiqroq bo’lgan davr mobaynida o’rta maktab ingliz tili o’qituvchilari uchun o’z malakalarini oshirish, o’qituvchilik mahoratlarini chuqurlashtirish va AQSh to’g’risidagi bilimlarini boyitish uchun imkoniyat yaratib kelmoqda.

Edmund Maski magistratura dasturi

“Maski” dasturi sobiq Sovet Ittifoqi fuqarolariga AQShda magistraturada tahsil olish imkoniyatini yaratadi. Har yili 250 dan ziyod “Maski” chilar turli sohalar bo’yicha AQShning nufuzli oliygohlarida o’qib kelmoqda. Kamina ham AQShda shu dastur bo’yicha o’qish imkoniyatiga ega bo’lgan.

Oliy o’quv yurtlarining boshlang’ich kurslarida tahsil olayotgan talabalar uchun Yevroosiyo Almashinuv Dasturi (UGRAD)

“UGRAD” 1992-yilda tashkil etilgan bo’lib, u sobiq Sovet Ittifoqida yashovchi 1, 2, va 3-kurs talabalarini ta’lim grantlari bilan ta’minlanadi. UGRAD ishtirokchilari AQShning oliy o’quv yurtlarida va kollejlarida bakalavr yoki magistrlik darajasini bermaydigan bir yillik kurslarda tahsil olishadi.

Youth Exchange Opportunity Program (Yoshlar Almashinuvi Dasturi)

Yoshlar Almashinuv Dasturi o’zbekistonlik (15 dan 17 yoshgacha bo’lgan) o’quvchilar uchun AQSh maktablarida bir yil mobaynida tahsil olish imkoniyatini yaratadi. O’quvchilar mezbon oilalarda yashaydi.

Ushbu grantlarining boshqa shu kabi dasturlardan asosiy farqi shundaki, ularda O’zbekistonliklar uchun maxsus o’rinlar ajratilgan va bunga faqat o’zbekistonliklar topshiradi. Demak, raqobat maydoni xalqaro emas, balki bir mamlakat ichidadir. Ammo bu grantni qo’lga kiritish oson bo’ladi, degani emas. Chunki O’zbekistonda AQShga kelib o’qishni istovchi iqtidorli yoshlar juda ko’p va ushbu raqobatda siz ular bilan bellashishingizga to’g’ri keladi.

Bular to’liq grantlar hisoblanadi. Ya’ni, safar qilish haqi, AQShda yashash va o’qish uchun ketadigan xarajatlar to’la qoplanadi. Hatto boshqa viloyatdan imtihon yoki suhbat uchun Toshkentga kelsangiz, ushbu imtihon yoki suhbatdan o’tish-o’tmasligingizdan qat’i nazar, Toshkentga kelib-ketish va shu vaqt mobaynida Toshkentda yashash xarajatlaringiz uchun ham dastur sizga haq to’laydi. Yana bir foydali tomoni, ushbu dasturlar uchun TOEFL va GRE yoki GMAT imtihonlari ham elchixona tomonidan tashkillashtiriladi va imtihon uchun ham haqni ular to’laydi.

Xullas, ushbu hukumat grantlari AQShda o’qish uchun grant qidirayotgan talabalar uchun har tomonlama qulay va ayni muddaodir. Hamyurtlarimizni, albatta, ushbu dasturlarda faol ishtirok etishga da’vat etamiz. Biz esa, “Talabalar shaharchasi”da sinovlardan muvaffaqiyatli o’tish va imtihonlar uchun qanday tayyorlanish borasida maslahatlarimizni berib borishda davom etamiz. Ayni shu mavzuda sizda fikr-mulohaza yoki savollar bo’lsa, ularni mamnuniyat bilan qabul qilamiz.