Muharrir: Quyidagi maqola “FLEX” dasturi bo’yicha AQShda tahsil olgan o’zbekistonlik talaba tomonidan yozilgan:

Bilasizmi, aslida o’zbek xalqida familiya mavjud bo’lmagan. Ota-bobolarimiz o’tmishda ismi va otasining ismi bilan chaqirilgan. Hozirgi kunda bizda urf bo’lgan –ov; -yev, -ova; -yeva qo’shimchalarini qo’shish orqali yasaladigan familiya ruslardan kirib kelgani ko’pchiligimizga ma’lum. Masalan, biror kishining familiyasi Abdusamadova bo’lsa, u Abdusamadning nabira qizi, Hamidov bo’lsa, Hamid boboning nabira o’g’li ekanini yaxshi bilamiz.

Boshqa joylarda bu borada urf qanday? Masalan, amerikaliklarning familiyasi qanday yasalishi yoki qayerdan olinishi haqida o’ylab ko’rganmisiz? Nega bu yerdagi familiyalar binikiga o’xshamaydi? Keling, avvalo, bu mavzuga qanday qiziqib qolganim haqida gapirib beray.

Ilk bor Amerikaga kelganimda, bir oilada bobosining ham, o’glining ham, nabirasining ham bir xil familiyada ekani meni ajablantirgandi. Axir familiya faqatgina boboning ismi bilan bo’lishi, keyingi avlodda bu familiya otaning ismi bilan almashishi kerak emasmi deb, ulardan shu haqda so’rab ko’rdim. Bildimki, Amerikada familiyalar faqat boboning  ismi bilan bo’lishi shart emas ekan, balki ilk ajdodlaridan bo’lgan biror kishining nomi familiya sifatida ishlatilgan bo’lsa, o’sha ism oilda avloddan avlodga familiya bo’lib o’tib kelaverar ekan.

Nega faqat birinchi ismlar familiya sifatida qabul qilingan? Keyingi avlod ismlari hech qachon familiyaga aylanmaydimi? Bu narsa ularning nomi unut bo’lishiga olib kelmaydimi? O’sha paytda xayolimdan shunday fikrlar o’tgandi. Chunki, bilasiz, bizda ota ismining familiya sifatida qo’llanilmasligi yoki ismning unutilishi otaga nisbatan hurmatsizlik deb qaraladi. Shu xayollar bilan Amerikada familiyalarning kelib chiqish tarixiga qiziqishim yanada ortdi va bu haqda izlanishga tushdim. Kamtarona tadqiqotim natijasi bilan quyida sizlarni tanishtirsam.

Familiya kishi haqida ma’lumot beruvchi bir belgi bo’lib, u turli xalqlar va madaniyatlarda turlicha qo’llaniladi. Har bir xalqning bu borada o’z an’anasi, qoidalari mavjud. G’arb mamlakatlarida familiya, odatda, kishining qaysi oilaga tegishliligini bildiradi.

Ko’p madaniyatlarda (Yevropa, Amerika, O’rta Sharq, Janubiy Osiyo va Afrika) familiya shaxs ismining so’ngida keladi. Sharq madaniyatlarining ko’pchiligida esa (Janubiy Osiyo, Xitoy, Koreya, Yaponiya, Vyetnam va boshqalar) u ismning boshida turadi.

Amerika familiyalarini o’rganishda Buyuk Britaniya tarixiga nazar solish masalaga ancha oydinlik kiritadi. Britaniyada avloddan avlodga o’tadigan ismlar XIII va XIV asrlarda yuzaga kelgan. Dastlab faqat aristokratlar tomonidan qo’llanilgan oilaviy ismlar keyinchalik oddiy xalq orasida ham ommalasha boshladi. Geynrix VII davriga kelib nikoh bilan tug’ilgan bolalarni otasining familiyasi bilan ro’yxatdan o’tkazish qonuniy tusga kiradi.

Amerikada hozirgacha amalda bo’lgan va asl kelib chiqishi Angliyaga borib taqaluvchi familiyalar yetti turga bo’linadi:

  • Kasb va lavozimni bildiruvchi familiyalar: Baker (Nonvoy), Butcher (Qassob), Carter (Aravakash), Cook (Oshpaz), Carpenter (Duradgor), Dyer (Bo’yoqchi), Fisher (Baliqchi), Head (Boshliq), Hunt yoki Hunter (Ovchi), Judge (Qozi), Knight (Ritsar), Miller (Tegirmonchi), Porter (Hammol), Weaver (To’quvchi).

  • Shaxsiy xarakterni ifodalovchi familiyalar: Short (Kalta), Brown (Jigarrang), Back (Qora), Whitehead (Oqbosh), Young (Yosh), Long (Uzun), White (Oq).

  • Geografik xususiyatga ega familiyalar: Bridge (Ko’prik), Camp (Lager), Hill (Qir), Bush (Buta), Lake (Ko’l), Wood (Yog’och), Forest (O’rmon), Fields (Dala), Stone (Tosh).

  • Joy nomlarini bildiruvchi familiyalar: Washington, Everingham, Burton, London, Hamilton, Sutton, Flint, Laughton.

  • Mol-mulkning egaligini bildiruvchi familiyalar: Bu turdagi familiyalar odatda biror mol-mulk nomida bo’lgan.
  • Ota-ona yoki ajdodlar ismi bilan yasalgan familiyalar: Richardson (Richardning o’g’li), Stephenson, Jones (Jone+s, ya’ni Johnning farzandi), Williams, Jackson, Wilson, Thompson, Benson, Johnson, Harris (Harry+s), Evans, Simpson, Willis, Fox, Davies, Reynolds, Adams, Dawson, Lewis, Rogers, Nicholson, Robinson, Edwards, Roberts, Harrison, MacDonald (Mac+Donald, Mac shotland tilida “o’g’li” degan ma’noni bildiradi).

  • Vasiylikni ifodalovchi familiyalar: Hickman (Hick+man), Kilpatrick (Patrickning ergashuvchisi), Kilbride (Bridgetning ergashuvchisi). Kil “cill”dan olingan bo’lib, cherkov ma’nosini bildiradi.

Amerikada ko’plab qora tanli amerikaliklarning familiya olishi qulchilik davriga borib taqaladi. Ularning ko’pchiligi o’z xo’jayinlarining familiyasi bilan atalgan. Qulchilik Amerikada barham topganidan keyin ayrim qora tanli amerikaliklar o’zlari uchun yangi familiyalar qabul qilishgan bo’lsa, ba’zilari eski xo’jayinlarining familiyalarini o’zlashtirgan.

O’tmishda ba’zi yurisdiksiyalarda ayollar oila qurish orqali turmush o’rtog’ining familiyasiga o’tishi majburiy bo’lgan.  Amerika Qo’shma Shtatlarida turmush qurgan ayollar familiya tanlash huquqiga ega bo’lsa-da, 2004-yilgi statistik ma’lumotga ko’ra, 90 foiz ayollar nikoh paytida turmush o’rtog’ining familiyasini qabul qiladi.

Xullas, Amerikada familiyalarning kelib chiqishi haqida biroz ma’lumotga ega bo’ldingiz. Siz O’zbekistondagi hozir amalda bo’lgan familiya tizimi qachon amaliyotga tatbiq qilinganini bilasizmi? Ruslardan o’zlashtirilgan bu familiya shakliga munosabatingiz qanday? Shu haqda siz talabalarimizdan qimmatli fikr-mulohazalaringizni kutib qolamiz.