“Facebook” olamida faqat do’st orttiribgina qolmasdan, balki turli maqsad va qiziqishlarga xizmat qiluvchi rang-barang sahifa, guruh yoki tashkilot sahifalarini ham topishingiz mumkin. Bu maqolada sizlarga AQShda o’qishni istovchi talabalar uchun foydali ma’lumotlar berib boruvchi bir necha “Facebook” sahifasi haqida ma’lumot bermoqchimiz. Ushbu sahifalarga “Like” qilish orqali obuna bo’lsangiz, ular qo’yayotgan foydali ma’lumotlarni kuzatib borish imkoniyatiga ega bo’lasiz.

1. U.S. Embassy Tashkent (AQShning Toshkentdagi elchixonasi sahifasi)

Bu sahifa orqali elchixona tashkil etayotgan turli tadbir va yangiliklardan boxabar bo’lib borasiz. Rasmiy saytdan farqli o’laroq, bu yerda elchixona, ayniqsa, yoshlar uchun ta’lim olish imkoniyatini beruvchi turli xabarlarni tez-tez qo’yib turadi. Shuningdek, ushbu mavzular ostiga fikr bildirish orqali qoldiradigan savollaringizga shu yerning o’zida tezkor javob olishingiz mumkin.

2. EducationUSA (AQSh ta’limi)

AQSh hukumati tomonidan tashkil etilgan ushbu loyiha xalqaro talabalarga AQSh oliy ta’lim muassasalari va ularga qanday kirish yo’l-yo’riqalari haqida muntazam ma’lumot berib boradi. “EducationUSA” dunyoning 140 dan ortiq o’lkasida 400 dan ziyod maslahat markazlariga ega. Bu sahifadan moliyaviy ko’mak va grant dasturlari haqida ham ma’lumot topishingiz mumkin.

3. Study in the USA (AQShda o’qish)

Xalqaro talabalar uchun AQShda o’qish bo’yicha axborot berib boruvchi yana bir foydali sahifa. 1978-yilda faoliyat boshlagan “Study in the USA” (AQShda o’qish) nomli jurnalga tegishli. Sahifada AQShning yuzdan ortiq universitetlari haqida va ulardagi o’quv dasturlari bo’yicha jurnal ma’lumotlari qo’yib boriladi. Batafsil va qo’shimcha ma’lumotlar jurnal saytidan o’rin olgan. Jurnalning har bir soni saqlab olish uchun tolaligicha “Facebook” sahifasiga qo’yib boriladi.

4. Scholarships for International Students (Xalqaro talabalar uchun grantlari)

Xalqaro talabalar uchun turli grantlar haqida axbarot berib boruvchi foydali sahifa. Ushbu sahifa global grantlar haqida bo’lib, nafaqat AQShdagi universitetlar uchun, balki boshqa davlatlardagi grant dasturlari haqida ham xabar berib boradi. Chet elda o’qishni istovchi har bir vatandoshimizga ushbu sahifani doimiy kuzatib borishni tavsiya etamiz.

5. Institute of International Education (IIE) (Xalqaro Ta’lim Instituti)

Xalqaro ta’lim masalalariga bag’ishlangan yana bir foydali sahifa. Bu yerda turli ta’lim grantlari haqida ma’lumot topishingiz mumkin. IEE ta’limning barcha turlari va darajalari uchun ajratiladigan ta’lim grantlarini boshqaradi. Fulbrayt kabi 250 ortiq ta’lim grantlari aynan IEE boshqaruvi ostida amalga oshiriladi.

6. VOA Learning English (Special English) (“Amerika Ovozi” Ingliz tili darslari)

Ingliz tilingizni rivojlantirishni istasangiz yoki mahalliy amerikaliklar bilan jonli muloqot qilish niyatingiz bo’lsa, ushbu sahifa bu borada sizga yordamchi bo’ladi. Ingliz tilingizning turli qirralarini rivojlantirishga mo’ljallangan rang-barang darslar bu sahifaga kundalik qo’yib boriladi. Qiziqarli va o’yin uslubi bilan olib boriladigan ushbu bepul dars mashg’ulotlari zamonaviy Amerika ingliz tilini o’rganishingiz uchun ayni muddao vazifasini o’taydi.

7. VOA’s Student Union (“Amerika Ovozi”ning Talabalar Kengashi)

“Amerika Ovozi”ning chet ellik talabalar uchun tashkil etgan maxsus blogi. AQSh ta’lim dargohlarining o’ziga xos jihatlari, bu o’lkada o’qish va yashashga oid hayotiy maslahat va yordamlar, o’qish uchun grant topish imkoniyat va yo’llari, viza olish masalalari, xususan, xalqaro talabalarning AQShdagi hayoti haqida qiziqarli postlar qo’yib boriladi. Blogda ishtirok etuvchilarning aksariyati AQShda o’quvchi xorijlik talabalar. Ular o’z boshlaridan o’tkazgan tajribalari asosida AQShga kelishni rejalashtirayotgan xorijlik talabalar uchun qimmatli ma’lumotlar berib borishadi.

8. Talabalar shaharchasi

Yuqorida ko’plab foydali sahifalarni esga olganda, ular qatorida o’z sahifamizni yoddan chiqarish insofdan bo’lmasa kerak. Chunki bizning sahifamiz ham aynan AQShga o’qish uchun kelishni istovchi vatandoshlarimizga ko’maklashish maqsadida tashkil etilgan. Demak, bizning “Facebook” sahifamizni ham kundalik kuzatib boradigan muhim sahifalaringiz qatoriga kiritishingizni jiddiy maslahat beramiz. Eslatib o’tamiz, siz sahifamizdan AQSh oliy o’quv yurtlari, ularga kirish yo’l-yo’riqlari, AQShda o’qish uchun ta’lim grantlari hamda Amerikadagi hamyurtlarimiz hayotiga oid foydali ma’lumotlarni topasiz.

Eslatma: Yuqoridagi sahifalarga tashrif buyurganda, ularni “Like” (Yoqtirish) qilish bilan cheklanib qolmasdan, balki har bir sahifaning “Info” (Ma’lumot) bo’limiga kirishingizni va shu sahifa haqida u yerdagi to’liq ma’lumot bilan tanishib chiqishingizni tavsiya qilamiz. Chunki ko’plab foydali ma’lumotlarni ushbu sahifalarning asl veb-sahifallaridan topishinhiz mumkin. Bu veb-sahifalar manzili esa, odatda, “Info” bo’limiga qo’yiladi.

Bizning “Talabalar shaharchamiz”dan tashqari, bu yerda sanab o’tilgan barcha “Facebook” sahifalari ingliz tilida. AQShda o’qishni niyat qilgan inson, avvalo, ingliz tilini yaxshi bilishi kerak. Shuning uchun bu maqolani ingliz tilinini o’qishda qiynalmaydigan ana shunday yoshlarimizni nazarda tutib yozdik. Bunday foydali saytlarni o’qib borish sizga o’z maqsadingizga erishishingiz yo’lida yordamchi bo’ladigan qimmatli ma’lumotlar beribgina qolmasdan, balki ingliz tili matnlarini o’qish bo’yicha malakangiz oshishiga ham hissa qo’shadi.

Ushbu sahifalar haqida fikr-mulohazalaringiz yoki savollaringiz bo’lsa, kutib qolamiz.