Dunyoning ko’plab o’lkalarida navbatdagi o’quv yili o’z poyoniga yetmoqda. Jumladan, AQShda ham. Universitetni bitirayotgan aksariyat yoshlar oldida kelajak mavhum. Chunki hozir mamlakatda ish topish har qachongidan ham qiyin. Iqtisod jiddiy tanazzulga yuz tutgan 2008-yildan beri ishsizlik darajasi 9 foizdan pastga tushmayapti. Bu 1980-yillar boshidagi rekord darajaga yaqin.

“Amerika Ovozi” o’zbek xizmati bugun shu muammoni ko’tarib chiqdi. “AQShda o’quv yili tugar ekan, yosh kadrlar ish izlab sarson” nomi bilan chop etilgan maqolada oliy o’quv yurtlarini bitirayotgan amerikalik yoshlar uchun bugungi kunda ish topish jarayoni har qachongidan qiyin kechayotgani hikoya qilinadi. Maqolada iqtisodchi olima Heydi Sherolzning aytishicha, Amerikalik yoshlar bunday muammoga so’nggi yetmish yil ichida birinchi bor duch kelishi:

“Yaqin 70 yil ichida yoshlar bunday holat bilan yuzlashmagan. Krizis Buyuk Depressiya davriga qiyoslanishi bejiz emas. Universitetni tamomlayotgan studentlar oldida katta dovonlar yotibdi. Ular nafaqat o’tgan yilgi, balki undan ham avval bitirganlar bilan raqobat qiladi. Chunki mehnat o’rinlari cheklangan. Imkoniyatlar uncha ko’p emas”.

Maqolada ish topish borasidagi muammolar bir necha talaba boshidan o’tkazayotgan tajriba misolida bayon etilgan. Masalan, jurnalistika fakultetini bitirayotgan Nikol Man hozirgi sharoitda har qanday ishda ishlashga tayyorligini aytadi:

“Talabalar har qanday vaziyatga tayyor bo’lishi kerak. Menga boshqa bir sohada ish taklif qilishsa ham hech ikkilanmasdan rozilik bergan bo’lardim. Chunki ertaga nima bo’ladi, bilib bo’lmaydi”.

Albatta, ish topish hamma joyda ham oson emas. Ayniqsa, bugungi iqtisodiy sharoit og’ir bo’lgan vaziyatda. Amerikaliklarning o’zlari ish topishga qiynalishayotgan ekan, bu yerda ta’lim oluvchi yoki ishlovchi xorijliklarda ish topish bo’yicha vaziyat qanday? Ular ham ish topishda qiynalishmoqdami? Muhtaram o’quvchilarimizdan bu haqda qimmatli fikr-mulohazalarini bildirishlarini kutib qolamiz. Balki siz ham xuddi shu narsani hozir boshingizdan o’tkazayotgandirsiz?