O’zbekistonlik talabalar diqqatiga: AQShda ishlashni xohlaysizmi?

Posted May 9th, 2011 at 12:07 pm (UTC-5)
1 comment

Xabaringiz bo’lsa, AQSh elchixonasi O’zbekistonda o’quvchi talabalar uchun yoz davomida Amerikada ishlash dasturini tashkil etgan. Bugungi maqolamizda shu dastur va unda ishtirok etish talablari haqida ma’lumot bermoqchimiz.

Yozgi ish va sayohat dasturi (Summer Work and Travel – SWT) sizga yozgi ta’til davomida AQShda ishlab pul topish imkonini beradi. Unda ishtirok etish uchun O’zbekistondagi oliy o’quv yurtlaridan birining talabasi bo’lishingiz va ingliz tilini yaxshi bilishingiz kerak. So’nggi kursda o’quvchilar yoki ilgari shu dastur bilan Amerikada bo’lganlar ham dasturda qatnasha oladilar. Magistratura va aspirantura talabalari ham qatnashishlari mumkin. Ishtirok etuvchilarning yoshi chegaralanmagan.

Dastur haqida to’liq, to’g’ri va rasmiy ma’lumotni AQSh Davlat departamenti saytidan topishingiz mumkin: http://exchanges.state.gov/jexchanges/programs/swt.html

Ushbu dastur bo’yicha AQShga borish uchun J-1 vizasini olish lozim. Buning uchun topshirish zarur bo’lgan hujjatlar ro’yxati Konsullik xizmatlari saytida berilgan: http://travel.state.gov/visa/temp/types/types_1267.html#6

Dastur ishtirokchilari Amerikada AQSh Davlat Departamentining Ta’lim masalalari bo’limi tasdig’idan o’tgan tashkilotlar tomonidan ish bilan ta’minlanadilar. Tashkilotlarning to’liq ro’yxati quyidagi manzilda berilgan: http://eca.state.gov/jexchanges/index.cfm?fuseaction=record.list&cat=12

Dasturda ishtirok etish istagida bo’lgan talabalar ushbu tashkilotlar bilan bog’lanib, ularning O’zbekistonda vakillari bor-yo’qligini tekshirishlari lozim. Shuningdek, AQShda ish bilan ta’minlovchi tashkilotlar orqali sizga ish topib beruvchi o’zbekistonlik vositachilardan ish turi va to’lanadigan to’lovlar haqida ma’lumot olishingiz tavsiya etiladi. O’zbekistondagi ushbu vositachilar xususiy firmalar bo’lib, ularning birortasi AQSh elchixonasi tomonidan tashkil etilmagan yoki qo’llab quvvatlanmaydi. Ular haq evaziga xizmat ko’rsatadilar va ulardan istalgan birini tanlash ixtiyori sizda.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, o’tgan yillarda ketgan talabalar orasida AQShda uzoq muddat qolib ketish xavfi yuqori bo’lgani uchun viza olish talablari kuchaytirilgan. Har bir ishtirokchi ingliz tilini mukammal bilishi lozim va dastur nihoyasida O’zbekistonga qaytishiga konsullik vakilini ishontirishi kerak.

2011-yil uchun ushbu dasturda ishtirok etish muddati 15-iyundan 31-avgustgacha. Agar siz Toshkentdagi Xalqaro Vestminster Universiteti yoki Singapur Menejment Instituti talabasi bo’lsangiz, sizning Amerikada qolishingiz 25-sentabrgacha davom etadi.

Dastur bo’yicha barcha ma’lumotlarni o’zida jamlagan ixcham broshyuradan SWT haqida yanada batafsilroq ma’lumot olishingiz mumkin.

Eslatma: Nonimmigratsion viza uchun hujjat topshiruvchilarning barchasi DS-160 formasini to’ldirishlari lozim. Bu haqda batafsil ma’lumotni quyidagi manzildan topasiz: http://uzbekistan.usembassy.gov/ds-160.html

Dasur bo’yicha tug’ilgan savollaringizni consulartashkent@state.gov elektron pochta manziliga jo’natishingiz yoki (998-71) 140-2215 va 140-2216 telefon raqamlari orqali so’rashingiz  mumkin. Telefon bo’yicha murojaat Seshanba va Payshanba kunlari ertalab 9:00 dan kech soat 4:30 gacha qabul qilinadi.

One response to “O’zbekistonlik talabalar diqqatiga: AQShda ishlashni xohlaysizmi?”

  1. Doston says:

    salom meni yoshim 20 mada men qanday amerikaga borsam bo’ladi green card o’ynadim chiqmadi

Leave a Reply to Doston Cancel reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.