Davlat departamenti xalqaro talaba, tadqiqotchi va mutaxassislar uchun jamiki ta’lim grantlari va dasturlarini bir joyga yig’ib, yangi vebsayt ochdi.

J-1 vizasini oluvchi xorij fuqarolariga doir ma’lumot http://j1visa.state.gov vebsaytiga joylandi.

Sayt 1-iyundan to’liq ishga tushgan.

Amerikada o’qish imkoniyati, ta’lim dasturlari, grantlar va hujjat topshirish yo’l-yo’riqlari hamda J-1 vizasini olish tartibi haqida sayt batafsil ma’lumot beradi.

Har yili 350 mingdan ziyod xalqaro talaba, tadqiqotchi, doktor hamda qisqa muddatli ishchilar J-1 vizasi bilan keladi.

Yangi sayt ta’lim dasturlari qatnashchilari va xohlovchilar ishini osonlashtiradi.

Masalan, siz Amerika universitetida o’qimoqchi bo’lsangiz, saytga kirib, xalqaro almashinuv programmalariga homiylik qiluvchi universitet va tashkilotlar ro’yxatini topasiz.

Qiziqish, maqsad va yo’nalishga qarab, mosini tanlab, ular bilan mustaqil tarzda bog’lanishingiz mumkin.

Bu saytdan nafaqat talaba, balki Amerikada amaliyot o’tayman, o’qituvchi bo’laman deganlar, tadqiqotchiyu maktab o’quvchisi o’ziga ma’qul dasturlarni topishi mumkin.

Agar Amerikada J-1 vizasi bilan o’qiyotgan yoki ishlayogan bo’lsangiz, sayt sizga ham as qotadi.

Masalan, kimdir bu davlatda ko’proq qolmoqchi bo’ladi.

Yangi DS formasini olish yoki boshqa dasturga o’tish niyatingiz bo’lsa, marhamat, saytga boqing. Huquq va majburiyatlar rukniga ham ko’z yugurtirib chiqilsa, yaxshi.

Sayt internet tezligi past sharoitda ham yaxshi ishlaydi. Sahifalar dizayni oddiy – tushunish uchun qulay, axborot topish oson.

Umid qilamizki, bu vebsayt sizga AQShda ish va o’qish imkoniyatlari borasida kengroq ma’lumot berib, amaliy yordamchingiz bo’ladi.