Ahvoling qanday, abiturient?

Posted August 2nd, 2011 at 4:11 pm (UTC-5)
Leave a comment

Siz bugun talabasiz. Yaqin o’tmishda abiturient edingiz. O’sha kunlarni, ayniqsa, kirish imtihoningiz bo’lgan kunni hozir ham juda yaxshi eslasangiz kerak. Hajayon, qo’rquv va nihoyat, orziqib kutilgan kun – mandat…

Yaxshi bilasiz, O’zbekistonda har yili 1-avgustda oliy o’quv yurtlariga kirish imtihonlari o’tkaziladi. Bu yil shu imtihon bir kun keyinga, 2-avgustga qoldirildi. Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining aytishicha, abiturientlarning bu yil har qachongidan ko’pligi imtihon kunining ortga surilishiga sabab bo’lgan.

Bu yil O’zbekistonda qancha odam o’qish uchun hujjat topshirdi? Qaysi universitetlarga eng ko’p hujjat topshirilgan? Qayerda bir o’rin uchun bo’lgan raqobat boshqa joylarga qaraganda yuqori bo’ldi? Shu kabi savollarga vazirlik e’lon qilgan raqamlar javob beradi. Keling, ularga bir nazar tashlaylik.

Bu yil oliy o’quv yurtlariga jami 418 724 nafar abiturient hujjat topshirgan. Bu o’tgan yilgi raqamdan 33 mingta ko’p. 20 159 abiturientdan hujjat qabul qilgan Termiz Davlat Universiteti ta’lim muassasalari orasida eng ko’p hujjat qabul qilish borasida yetakchilik qilmoqda. Undan keyingi o’rinlarda quyidagi universitetlar bor:

Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universiteti – 17 357;

Samarqand Davlat universiteti – 16 369;

Andijon Davlat universiteti – 15 949;

Farg’ona Davlat universiteti – 15 668.

Ajratilgan talaba o’rinlariga eng ko’p talabgor to’g’ri kelishi bo’yicha ham Termiz Davlat Universiteti birinchi o’rinda. Bu yerda bir o’ringa 12,8 kishi to’g’ri kelmoqda. Toshkent Tibbiyot Akademiyasi va Qarshi Davlat universitetlarida bir o’rin uchun 11,6 abiturient imtihon topshirgan. Bu borada keyingi o’rinlarni quyidagi o’quv yurtlari band etgan:

Toshkent Soliq akademiyasi – bir o’ringa 11.5 kishi;

Andijon Davlat tibbiyot instituti – bir o’ringa 11.2 kishi;

Andijon Davlat universiteti – 11.1 kishi.

O’quvchilarimiz orasida abiturientlar ham borligiga ishonchimiz komil. Yoki ularning yaqinlaringiz orasida borligi aniq. Siz uchun yoki tanishlaringiz uchun bu yil kirish imtihonlari qanday kechdi? Bu yilgi imtihonlar har galgidan nimasi bilan farq qiladi?

Shu haqda fikr-mulohazalaringizni biz bilan baham ko’rasiz, deb umid qilamiz.

 

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.