“Talabalar shaharchasi” mehmoni: Mirakmal Nizaymatov
Mirakmal Nizaymatov Indiana shtati Notr Dam universitetida huquq bo’yicha tahsil oladi. Quyidagi maqola muallifning O’zbekistonda va AQShda huquqshunoslik sohasida olib borgan kuzatuvlari va izlanishlari asosida yozilgan. Unda Mirakmal O’zbekiston ta’lim tizimida huquqshunoslik sohasining o’qitilishini AQSh ta’lim tizimi bilan qiyoslab, bu borada O’zbekistondagi kamchilik va muammolarni sanab o’tadi. Maqolaning ilmiy va amaliy qiymati shundaki, muallif ushbu kamchiliklarni bartaraf etish va bu soha ta’limini yanada yaxshilash bo’yicha AQSh tajribasi asosida amaliy tavsiyalar beradi.
Maqola O’zbekistonda huquqshunoslik sohasida tahsil olayotgan talabalar uchun foydali bo’ladi, degan umiddamiz.
_______________________________________________________________________________________________
Quyidagi maslahatlar bugungi kunda huquqshunoslik bo’yicha tahsil olayotgan talabalarga mo’ljallangan. Ushbu maslahatlarning aksariyati O’zbekiston va AQShda huquqshunoslik sohasida 4 yil davomida olib borgan kuzatishlarim asosida yozildi. Maslahatlar talaba hayotining mazmunliroq va unumliroq o’tishini ta’minlash bilan birga, yuqori malakali huquqshunos bo’lib yetishishiga ham yordam beradi, deb umid qilaman.
[1] Yodlash o’rniga o’qish
Talabalik davrimda kodeks moddalarini yoddan bilish huquqiy saviyaning yuqoriligidan dalolat berardi. Jinoyat huquqidan dars bergan domlamizga barchamiz alohida hurmat bilan qarardik. Sababi, u hammamizni O’zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining barcha moddalarini yod olganligi bilan hayratga solardi. Chet ellarda esa, xususan AQShda, kodeks va qonun moddaralarini yod bilishga uncha ahamiyat berilmaydi. Yod olishdan ko’ra tushunish, tahlil va to’g’ri tatbiq qilish zarurroq hisoblanadi. Huquqshunosning qobiliyati va mahorati u kodeks moddalarining nechtasini yod olganligi bilan emas, balki ularning qaysi huquqiy munosabatlarni tartibga solishini bilishi, tegishli huquqiy me’yorlarni sinchkovlik bilan tahlil qilishi va amalda qo’llay olishi bilan baholanadi.
Yodlash o’rniga o’qish uchun talaba kodeks va qonun moddalarini o’qish bilan birga, ularga yozilgan sharhlar va huquqshunos olimlar yozgan darsliklarni ham o’qimog’i lozim. AQSh umumiy (anglo-sakson) huquq tizimiga kirgani uchun talabalar asosan Oliy Sud (Supreme Court) tomonidan ko’rib chiqilgan ishlarni sinchkovlik bilan o’rganishadi. O’zbekiston huquq tizimi esa romano-german (sivil) huquq tizimiga kirgani uchun, Oliy Sud tomonidan ko’rib chiqilgan ishlarni o’rganish keng tarqalmagan. Shuning uchun O’zbekistondagi huquqshunos talabalar uchun kodeks va qonunlarga yozilgan sharhlarni o’qish alohida ahamiyat kasb etadi.
Huquqiy normalarni tahlil qilish qobiliyatini rivojlantirishda huquqiy masalalarni o’qish ham muhim ahamiyatga ega. Bunday qo’llanmalarda muallif huquqiy masala keltirish bilan birga, uni qanday hal qilish kerakligi haqida ham o’z fikr-mulohazalarini bildirib o’tadi. AQSh huquq maktablarida tahsil olayotgan talabalarning deyarli barchasi shunday qo’llanmalardan foydalanadi (ayniqsa yakuniy imtihonlar uchun). Masalan, ingliz tilida chop etilgan shunday qo’llanmalardan birining nomi “Examples and Explanations: Constitutional Law,” Aspen Publishers, 2009 (“Masalalar va Sharhlar: Konstitusiyaviy huquq”). Rus tilida chop etilgan qo’llanmalar orasida esa “Сборник задач по уголовному праву,” Издательство: Щит-М, 2008 (“Jinoyat huquqi bo’yicha masalalar to’plami”) ni namuna sifatida ko’rsatish mumkin.
[2] Mantiq asoslarini o’rganish
AQSh huquq ta’limi mantiq asoslariga tayanadi. Masalan, AQShdagi abiturientlar universitet huquq bo’limiga kirish uchun LSAT (Law School Admission Test) deb nomlanadigan test topshirishlari kerak. Ushbu test taxminan 100 ta savoldan iborat bo’lib, 2.5 soatcha davom etadi. Savollarning deyarli barchasi abiturientning mantiq asoslari bo’yicha bilmini sinaydi. Mantiq asoslariga tayanish huquq bo’limiga o’qishga kirgandan keyin ham davom etadi.
Afsuski, O’zbekistoda huquqshunos talabalarga mantiq asoslaridan dars berish hali yo’lga qo’yilmagan. Shunga talabaning o’zi bu ilmni egallash uchun mantiq asoslari bo’yicha qo’llanma topib, eng kamida xulosa chiqarishning deduktiv (asosan sillogizmlar) va induktiv (asosan analogiyalar) ko’rinishlarini o’rganib chiqishi kerak. Shu bilan birga, mantiqiy xulosa chiqarishdagi xatolarni (ingliz tilida “fallacy” deb ataladi) o’rganishlari kerak.
[3] Ma’ruza mavzusini oldindan o’qish
AQSh huquq ta’limida professor “Sokrat usuli” (Socratic method) deb ataladigan dars berish usulidan foydalanadi. Ushbu usulga ko’ra, professor darsda ma’ruza o’qish o’rniga talabalarga mavzu bo’yicha savollar berish yordamida jonli bahs yuritishga jalb qiladi. Albatta, bunday dars berish uslubidan samarali foydalanish uchun talabalar yangi o’tiladigan ma’ruzaga tegishli materiallarni oldindan o’qib, tahlil qilib chiqqan bo’lishi kerak. Buning uchun professor talabalarga oldindan o’qishlari kerak bo’lgan mavzu, tegishli adabiyot va ulardagi betlar va boshqa qo’shimcha materiallarni beradi. Professorning dars davomida savollari ham shu o’quv materiallariga tayanadi.
Sokrat usuli yordamida Konstitusiyaviy huquq darsi mavzularidan birini o’qitish taxminan quyidagicha tus oladi:
Professor: “Sotvoldiev, dunyoviy davlat nima?”
Sotvoldiev: “Davlat dindan ajralgan bo’lib, davlat boshqaruvi dinga tayanmasdan olib boriladi.”
Professor: “O’zbekiston dunyoviy davlatmi?”
Sotvoldiev: “Albatta.”
Professor: “Nimaga bunday deb o’ylaysiz?”
Sotvoldiev: “Masalan, Milliy Istiqlol G’oyasi O’zbekistonni dunyoviy davlat deb ta’riflaydi.”
Professor: “Milliy Istiqlol G’oyasi huquqiy hujjatmi?”
Sotvoldiev: “Yo’q, huquqiy hujjat emas, ammo ushbu hujjat davlatimiz mustaqillikka erishgandan keyin qaysi asoslarga tayangan holda siyosat yuritishini belgilab beruvchi asosiy hujjatlardan biri hisoblanadi.”
Professor: “Aminova, ushbu masala bo’yicha siz nima deb o’ylaysiz?”
Aminova: “Men ham O’zbekistonni dunyoviy davlat deb hisoblayman. Ammo Milliy Istiqlol G’oyasiga emas, balki Konstitutsiyamizga tayangan holda. Milliy Istiqlol G’oyasi faqatgina mafkuraviy hujjat bo’lib, O’zbekistonning dunyoviy davlat deb xulosa chiqarishga yetarli dalil emas. Menimcha, O’zbekiston dunyoviy davlat ekanligiga Konstitutsiyamiz eng asosiy hujjat bo’lib xizmat qiladi.
Professor: “Konstitutsiyamiz davlatimizni dunyoviy yoki diniy deb belgilaydimi?”
Aminova: “Yo’q, dunyoviy yoki diniy deb belgilamaydi. Konstitutsiyamiz bu haqda ochiq oydin gapirmasada, uning moddalarini o’qib bunday xulosaga kelish mumkin.”
Professor: “Konstitutsiyaning qaysi moddalari O’zbekiston dunyoviy davlat ekanligiga ishora qiladi, deb o’ylaysiz?”
Aminova: “Masalan, 31-modda hamma uchun vijdon erkinligini kafolatlanishini va har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega ekanligini belgilaydi.”
Professor: “Dunyoviy davlat deb hisoblanish uchun hamma xohlagan dinga e’tiqod qilishi yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega deb belgilab o’tish yetarlimi?”
Aminova: “[…]”
[4] Chet tillarini mukammal bilish
Yuqori darajali huquqshunos bo’lib yetishish uchun talaba albatta o’zbek tiliga qo’shimcha ravishda kamida bitta chet tilini mukammal bilishi kerak. Nazarimda, chet tillardan eng avval rus tilini o’rganish lozim. Davlatimiz mustaqillikka erishganiga endigina 20 yil to’layotgani uchun huquqshunoslik sohasida o’zbek tilida yozilgan kitob va maqolalar soni juda kam. Shu sababli, tabiiy ravishda, mustaqillikdan avval yozilgan yuridik adabiyotga murojaat qilishga ehtiyoj tug’iladi. Bunday adabiyot asosan Sovet davrida yozilgani uchun, ularning aksariyati rus tilida. Shuning uchun, agar talaba mustaqillikdan oldin yozilgan yuridik adabiyotdan foydalanmoqchi bo’lsa (bu esa, Sho’ro davrini ham hisobga olganda, qariyb 130-150 yillik davr), rus tilida yozilgan yuridik adabiyotga murojaat qilishi talab etiladi.
Zamonaviy huquqshunosga faqatgina o’zbek va rus tillarini bilishning o’zi yetarli emas, albatta. Bugungi kunda huquqshunoslikka tegishli eng sara adabiyot ingliz tilida yozilmoqda. Dunyoning ko’zga ko’ringan huquqshunos olimlarning aksariyati o’z kitob va maqolalarini ingliz tilida yozib ommaga taqdim qilishga intiladi. Bunday adabiyotdan foydalanish uchun yo ularni tarjima qilinishni kutish yoki bo’lmasa bevosita ingliz tilida o’qish kerak. Albatta, yuridik adabiyot qaysi tilda yozilgan bo’lsa shu tilda o’qishning afzalliklari cheksiz. Ingliz tilida chop etilayotgan yuridik jurnallarning soni va turlari haqida tasavvurga ega bo’lish uchun ushbu veb-sahifadagi ro’yxatni ko’zdan kechirib chiqishingiz mumkin: http://www.washlaw.edu/lawjournal/.
Bo’lajak huquqshunoslar uchun ingliz tilini bilishning yana bir asosiy ustunligi shundaki, u talabaga chet elda magistratura yoki doktorantura darajalarida ta’lim olish uchun imkoniyat yaratadi. Ingliz tili bilan nafaqat AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada va Avstraliyada, balki Niderlandiya, Shvetsiya, Singapur va Yaponiya kabi rivojlangan davlatlarning ilg’or universitetlarida ta’lim olish mumkin.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, rus tili amaldagi huquq tizimiga tegishli bo’lgan va ilgari chop etilgan yuridik adabiyotni o’qishga imkon bersa, ingliz tili zamonaviy huquqiy adabiyoti bilan tanishish imkoniyatini beradi. Bundan tashqari, bakalavr diplomini qo’lga kiritgandan so’ng, chet elda magistr darajasini olish uchun ham ingliz tilini mukammal bilish kerak.
[5] Huquqiy yozuv uslubini mukamallashtirish
Huquqshunosning nutqi ravon bo’lishi mumkin, ammo huquqiiy uslubda mahoratli yoza olish alohida qobiliyat hisoblanadi. Huquqshunos ishining eng asosiy qismi huquqiy yozishmalar orqali amalga oshiriladi. AQShda huquqiy yozuv uslubini va qobiliyatini rivojlantirish uchun barcha talabalar “Legal Writing” deb nomlanadigan dars o’tadilar. Bu darsni o’zbek tiliga “rasmiy uslub” yoki “huquqiy yozuv uslubi” deb tarjima qilsa bo’ladi. Ushbu dars huquqshunoslik bo’yicha tahsil olayotgan talabalarning birinchi o’quv yilida majburiy fanlar qatorida o’tiladi. Afsuski, O’zbekistonda hozirgi kunga qadar bakalavriatda huquqiy yozuv uslubi bo’yicha darsliklar yoki darslar mavjud emas.
Huquqiy yozuv uslubini rivojlantirishni istagan har bir talaba mustaqil ravishda quyidagilarni amalga oshirishi mumkin. Birinchidan, iloji boricha qisqa va lo’nda yozishga harakat qilish lozim. Haligacha talabalar va huquqshunoslar orasida uzun va murakkab jumlalar qurish huquqshunosning savodini belgilab beradigan jihatlardan biri deb hisoblaydiganlar talaygina. Aksariyat hollarda bunday jumlalarni tushunish qiyin bo’ladi va natijada o’quvchining huquqiy hujjatda huquqshunosning asosiy iddaosi nimadan iboratligini tushunishini qiyinlashtiradi. Masalan, quyidagi jumlaga e’tibor bering:“Fuqarolarning hamda yuridik shaxslarning moddiy huquqini (fuqarolik, mehnat, oila va boshqalar) turli sohalarga oid huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan sub’ektiv huquqlarini himoya qilishga qaratilgan sud faoliyati manfaatdor shaxsning javobgarga nisbatan bildirgan moddiy huququqiy talablarini o’zida ifoda etgan da’vo arizasida javobgarga nisbatan bildirilgan moddiy huquqiy talabi bo’yicha javobgarning harakatini huquq normalarida ko’rsatib qo’yilgan talabga moslashtirish borasida hal qiluv qarori chiqarishni so’raydi.” Ushbu jumla 58-ta so’zdan iborat bo’lib, unda gap nima haqda ketayotganini anglash mushkil. Bunday jumlalarni iloji boricha 2 yoki 3 ta kichikroq jumlaga bo’lsa, maqsadga muvofiq bo’ladi.
Ikkinchidan, ingliz tilini biladigan talabalarga British Council (Britaniya Kengashi) kutubxonasida “legal writing” yoki rus tilida “юридическая техника” bo’yicha kitoblarni o’qib chiqishni tavsiya qilishimiz mumkin. Shu bilan birga, Oliy Sud axborotnomasini o’qib borish ham huquqiy yozuv uslubni mukammallashtirishda yordam berishi mumkin.
Huquqiy yozuv uslubini rivojlantirish uchun AQSH huquq maktablarida keng tarqalgan uslubdan ham foydalansa bo’ladi. Bu usul IRAC (Issue, Rule, Application, Conclusion) deb nomlanadi. Bu uslub quyidagi 4 bosqichni o’z ichiga oladi: [a] Huquqiy muammo (Issue); [b] Qoida (Rule); [c] Tahlil (Application); [d] Xulosa (Conclusion). Ushbu bosqichlarning ketma-ketligi albatta saqlanishi kerak. Ya’ni, birinchi bo’lib huquqiy muammo bayon etiladi, so’ngra huquqiy muammoni tartibga soluvchi huquqiy norma, undan keyin huquqiy normaning huquqiy muammoga nisbatan qanday qo’llanilishi va nihoyat, huquqiy tahlil xulosasi yoziladi.
[6] Professor bilan ishlash
Chet el univeresitetlarida talabalar professor va o’qituvchilarga “research assistant” (RA) bo’lib yollanishga harakat qilishadi. “Research assistant”ni “yordamchi tadqiqotchi” deb tarjima qilsa bo’ladi. Bunday ish uchun ba’zan pul to’lanadi, ba’zan esa yo’q. O’zbekiston sharoitida professorlar bunday ish uchun talabalarga pul to’lashlari hali amalga kirmadi. Yordamchi tadqiqotchilar asosan professorlar yozayotgan kitob yoki maqola uchun yordam beradi. Bunga qisqa tarjima ishlari, maqola matnini tekshirish, ma’lum bir mavzu ustida tegishli adabiyotni o’rganib chiqish kabi vazifalar kiradi. Yordamchi tadqiqotchi bo’lib ishlashning foydalari talaygina: talaba ma’lum bir huquq sohasida e’tiborli bo’lgan professor bilan ishlash imkoniyatiga ega bo’ladi, professordan ish o’rganadi, o’qish mobaynida va yakunida professordan tavsifnoma olish imkoniyatiga ega bo’ladi. Tavsifnoma o’qish mobaynida chet el universitetlariga magistraturada o’qish uchun hujjatlarni topshirish jarayonida, amaliyot o’tash uchun yoki ishga yollanish maqsadida obro’li yuridik firmaga yoki davlat muassasasiga hujjat topshirilayotganda kerak bo’ladi.
[ 8] O’qishdan tashqari faoliyatlarda qatnashish
O’qishdan tashqari faoliyat deganda konferensiya, seminar, tanlov va boshqa shu kabi tadbirlar nazarda tutiladi. Bunday faoliyatlar talabaga eng avvalo huquqshunoslik sohasidagi zamonaviy taraqqiyotni kuzatib borishga, o’z qiziqishi doirasiga kiradigan soha haqida ko’proq ma’lumot olishga, ma’lum bir mavzu bo’yicha izlanish olib borib, izlanish natijalarini ommaga taqdim qilishga, omma qarshisida nutq so’zlashga, boshqa universitet talabalari, professorlar va huquqshunoslar orasidagi hamkorlar doirasini kengaytirishga imkoniyatlar yaratadi. Huquqshunoslik sohasi bo’yicha tahsil olayotgan talabalar uchun tashkil etiladigan tadbirlar haqida ma’lumotni kutubxonalardan (British Council), yuridik klinikalardan, xalqaro tashkilotlardan (Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakolatxonalaridan, JICA), professorlardan va universitet xalqaro bo’limidan olish mumkin.
Yuqorida sanab o’tilgan o’qishdan tashqari faoliyatlarni albatta bugungi kunda barcha ishga qabul qilish e’lonlarida talab qilinayotgan rezyumega qo’shib qo’yish kerak. Shubhasiz, bunday faoliyatlarni rezyumega qo’shib qo’yish orqali talaba o’zini boshqa talabalardan qaysi tomonlari bilan ajralib turishini ko’rsatishi mumkin.
[9] Amaliy tajriba orttirish
Amaliy tajriba orttirish deganda o’qish davomida yuridik klinikada, firmada, davlat korxonasi yoki xalqaro tashkilot vakolatxonasining yuridik bo’limida huquqshunosga yordamchi sifatida ishlash nazarda tutiladi. Ko’pincha, amaliy tajriba orttirish uchun ishga qabul qilingan talabaga pul to’lanmasada, bunday ishning ko’pgina foydali tomonlari mavjud. Birinchidan, talaba huquqshunosning kundalik ish faoliyati nimadan iboratligi, huquqshunos ishining mohiyati va o’ziga xos qiyinchiliklari bilan tanishadi. Ikkinchidan, talaba universitetda o’rgangan huquqiy tushuncha va me’yorlarni ma’lum holatlarga nisbatan qo’llanishidan kelib chiqadigan qiyinchiliklar, davlat huquq tizimi qanday ishlashi va shu kabi boshqa masalalar bilan tanishadi. Uchinchidan, talaba o’zi qiziqqan yo’nalishni tanlashga va kelajakda qaysi huquqiy soha bo’yicha ishlamoqchiligini o’zi uchun belgilab olishiga yordam beradi. To’rtinchidan, xususiy yuridik firmada yoki davlat korxonasida amaliy tajriba orttirish davomida talaba ularda o’ziga nisbatan yaxshi taasurot qoldirish orqali kelajakda mazkur joylarga ish taklif qilinishi ehtimolini oshiradi.
[10] Xorijda magistr va/yoki doktorlik darajasi uchun ta’lim olish
O’zbekistonda huquqshunoslik bo’yicha bakalavr darajasini qo’lga kiritgandan keyin xorijiy universitetlarining birida magistr va/yoki doktorlik darajasini qo’lga kiritish uchun tahsil olishning ko’pgina foydalari bor. Birinchidan, xorijiy davlatlarda joylashgan ilg’or universitetlardan birida huquqiy ta’lim olish talaba uchun yangi huquqiy ta’lim tizimida o’qishga imkon tug’diradi. Bu esa talabaga chet davlat huquqiy tizimi bilan tanishishga, uning ustunliklari va kamchiliklarini o’rganishga imkoniyat yaratadi. Xorijiy yuridik universitetlarida tahsil olgan talabaning kelajakda yaxshi ish topish ehtimoli ham ko’payadi. Chet eldagi universitet diploma bilan nafaqat O’zbekistondagi ilg’or yuridik firmalar va xalqaro tashkolotlar vakolatxonalarida, balki chet elda ham yuridik faoliyat olib borish mumkin bo’ladi.
*Muallif ushbu maqola yuzasidan fikr-mulohazalarini ayamaganlari uchun Umida Khikmatillaeva, Rahmatjon Sobirov va Nodir Zakirovga o’z minnatdorchiligini bildiradi.