Ertaga Shimoliy Karolinadan tortib Meyn shtatigacha AQSh sharqiy qirg’og’i Ayrin nomli dahshatli to’fonga yuz tutishi mumkin. Bu haqda AQSh ommaviy axborot vositalari bir haftadirki, bong urmoqda. To’fonga oid xabarlarni dovul xavfi yuqori bo’lgan shtatlardagi oliy o’quv yurtlarida ma’muriyat talabalar shaxsiy “e-mail”lariga ham yuborishmoqda.
Dovul sodir bo’layotganini quyidagi belgilar orqali bilish mumkin: yomg’ir aralash shamol har doimgidan kuchli bo’ladi. Kuchli jala yog’ishi mumkin. Dovul daraxtlarni va hatto uylarni ko’chirib yuborish quvvatiga ega. Bunday holatda ko’chaga chiqmaslik yoki o’qish joyida bo’lsa, bino ichida o’tirish tavsiya etiladi.
Bugun “IREX” tashkiloti AQShda ta’lim grantlari bo’yicha tahsil olayotgan xalqaro talabalarga xavfsizlik choralariga rioya etish haqida maktub yo’lladi. Xatda, jumladan, shunday deyiladi:
- Telefoningiz batareyasi to’la zaryadlangan holda ekaniga ishonch hosil qiling:
- O’zingiz bilan pasport, DS-2019 formasi, I-94 kartochkasini hamda ASPE sog’liq sug’urtasi kartochkasini birga olib yuring;
- Oilangizga qo’ng’iroq qilib, o’zingizning sog’-salomat ekaningiz haqida aytib qo’yishni unutmang;
- Biror kor-hol yuz berganda, zudlik bilan dasturingiz bo’yicha siz bilan ishlovchi xodimga bu haqda xabar bering.
Biz AQShda tahsil olayotgan barcha xorijlik talabalarga sog’lik-salomatlik tilaymiz. Dovul bo’lishi kutilayotgan kunlar o’zingizni ehtiyot qilishingizni va yuqorida yozilgan ko’rsatmalarga rioya qilishingizni so’raymiz.
Ob-havo haqidagi so’nggi ma’lumotlarni www.weather.com saytidan olishingiz mumkin.