AQSH prezidenti Barak Obama “Amerika Ish qonuni” loyihasini Kongressga taqdim etarkan, mamlakat taraqqiyoti uchun ta’lim muhim ahamiyatga ega ekanini yana bir bor ta’kidladi. Asosan, mamlakatdagi ishsizlik darajasini kamaytirish maqsadida qabul qilinayotgan yangi qonun loyihasida maktablarni ta’mirlash va boy berilgan o’qituvchi ish o’rinlarini qayta tiklash ham ko’zda tutilgan.

Iqtisodiy inqiroz bevosita ta’lim tizimiga ham ta’sir etayotgani amalda allaqachon ko’zga tashlanmoqda. Yaqinda e’lon qilingan xalqaro tadqiqotda AQShda universitetni tamomlayotgan talabalar soni kamayib borayotgani tilga olingan.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tomonidan olib borilgan kuzatuv natijalariga ko’ra, 25 yoshdan 34 yoshgacha bo’lganlar orasida universitet darajasiga ega bo’lishni qayd etib boruvchi xalqaro reytingda AQSh  to’rt pog’ona pastga qulagan. AQSH jahon mamlakatlari orasida avvalgi ro’yxatda 12-o’rinda bo’lgan bo’lsa, hozir 16-o’ringa tushib qolgan.

Mutaxassislar universitet ta’limi bo’yicha AQSH ko’rsatkichlarining pasayib borayotganini ikki sabab bilan izohlashmoqda. Birinchidan, Osiyo va Yevropada universitetga qatnayotgan yoshlar soni keskin oshib borayotgan bo’lsa, ikkinchidan, AQShda oliy ta’lim, asosan, to’rt yillik kollejga qatnash bilan belgilanadi. Boshqa davlatlarda esa bir yoki ikki yillik professional kasb ta’limi kurslari soni ham ortib bormoqda.

Aholisi orasida eng ko’p bakalavr darajasiga ega bo’lish bo’yicha AQSH dunyoda Norvegiyadan so’ng ikkinchi o’rinda turadi. Shuningdek, AQSh oliy o’quv yurtlari xalqaro talabalarni o’ziga eng ko’p jalb etuvchi davlatlardan biri. Shunga qaramay, oliy ta’limni rivojlantirishni targ’ib etuvchi “Lumina” jamg’armasi rahbari Jemi Merisotisning aytishicha, oliy ta’lim sifatini oshirish bo’yicha boshqa davlatlar faol oldinga qarab bormoqda.

Oliy ta’lim haqida e’lon qilingan bayonotda aytilishicha, AQSH yoshlarining 41 foizi universitetlarga qatnaydi. Bu ko’rsatkich bilan AQSH jahon reytingining 16-o’rnida. Ro’yxatda yetakchilik Janubiy Koreyaning qo’lida. Bu o’lkada yoshlarning 63 foizi universitet darajasiga ega. Ikkinchi va uchinchi o’rinlarni Kanada va Yaponiya egallagan. Bu davlatlarda yoshlarning qariyb 56 foizi kamida bakalavr darajasiga ega.

Yevropaning ko’plab mamlakatlari, xususan, Rossiya, Isroil va Belgiya ham ro’yxatda AQSHdan oldinda.

AQSHning o’tgan galgi reytingdan 4 pog’ona pastga tushgani, ayrim mutaxassislar fikriga ko’ra, jiddiy muammo emas.

“AQSHda ahvol yomonlashayotganini ko’rsatuvchi biror dalilimiz yo’q, – deydi Andreas Shleyxer, Parijda joylashgan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Ko’rsatkichlar va Tahlil bo’limi rahbari. – Bu, shunchaki, butun dunyo bo’ylab dinamizm yuqoriligidan va ko’plab davlatlar shunga mos harakat qilayotganidan dalolat beradi”.

70-yillarda AQSH oliy ta’lim bo’yicha xalqaro reytingda peshqadamlik qilgan. 2009-yil prezident Barak Obama 2020-yilgacha o’z fuqarolariga oliy ta’lim berish bo’yicha AQSH dunyoda yana peshqadamlikni qo’lga kiritishi lozimligi haqida gapirgan edi. Ammo bugungi ahvol va raqamlar ushbu maqsadning qo’lga kiritilishini shubha ostiga qo’ymoqda.

1998 va 2009-yillar orasida AQShda universitetga qatnovchilar soni besh foiz o’sgan bo’lsa, ayni shu vaqt ichida bunday o’sish Yaponiyada 11 foizni, Kanadada esa 10 foizni tashkil etgan.

AQSH darajasidan ancha ortda bo’lishiga qaramay, Xitoy va Hindistonda ham oliy ta’lim oluvchilar soni keskin oshib bormoqda.

AQSHning barcha shtatlarida universitet bitiruvchilari sonini 2020-yilgacha 60 foizga yetkazish maqsad qilingan. Bunga, asosan, yoshlarni ikki yillik jamoat kollejlariga (Community colleges) jalb etish orqali erishish ko’zda tutilmoqda. Ikki yillik jamoat kollejlarini yaxshilash maqsadida Obama 12 mlrd. dollar ajratish haqida qonun loyihasini taklif etgan edi. Kongress faqat 2 mlrd. dollar ajratishga qaror qildi.

Jamoat kollejlari AQShdagi barcha universitet talabalarining qariyb beshdan ikki qismini qamrab olsa-da, ushbu kollejlarga qatnovchilarning bitirish ko’rsatkichi 21 foizni tashkil etadi, xolos.

Ushbu muammolarga qaramay, AQSH universitetlari hanuz jahoning eng zo’r oliy ta’lim dargohlari hisoblanadi. 2010-yilgi jahon universitetlari reytingida eng yuqori besh o’rinning barchasini AQSH universitetlari egallagan. Jahondagi eng kuchli 25 universitetning 18 tasi ham AQSHda joylashgan.

Mutaxassislar fikriga ko’ra, iqtisodiyotdagi va jahon ta’limidagi tez o’zgarib borayotgan sharoitlarga moslashish uchun AQSH asosiy e’tiborni faqat ko’p yillik bakalavr darajasiga emas, balki oz muddatli, professional ta’lim kurslariga ham qaratmog’i lozim. Zero, daromadning ta’lim darajasiga bog’liqligi bo’yicha mavjud eskicha odat va qarashlar ham o’zgarib bormoqda.