“Grin Karta – 2013” uchun ro’yxatdan o’tish boshlanmoqda

Posted September 29th, 2011 at 5:45 pm (UTC-5)
2 comments

AQSHning O’zbekistondagi elchixonasi saytining xabar berishicha, 2013-yil uchun “DV” lotereyasini (Diversity Visa) o’ynash 2011-yilning 4-oktabridan boshlanadi. Ro’yxatdan o’tish shu yilning 5-noyabrigacha davom etadi.

Xalq orasida “Grin karta” nomi bilan mashhur bo’lgan ushbu vizani yutib olganlar AQSHda doimiy yashash huquqini qo’lga kiritish imkoniyatiga ega bo’ladilar. Har yili AQSH hukumati “DV” lotereyasi orqali 50 000 kishiga domimiy yashash vizasini beradi. Ushbu dasturni amalga oshirishdan maqsad AQShda kamsonli bo’lgan immigrantlar sonini oshirish va bu bilan AQSHdagi muhojirlar rang-barangligini muvozanatga solishdir, deyiladi hukumat e’lon qilgan ma’lumotda.

O’zbekiston “Grin karta” eng ko’p beriladigan davlatlardan biri hisoblanadi. Har yili ushbu dasturda o’zbekistonliklarga 4-5 ming atrofida o’rin ajratiladi.

2013-yil uchun “Grin karta” lotereyasida ishtirok etishni xohlovchilar ro’yxatdan o’tishni  http://www.dvlottery.state.gov/ sayti orqali 4-oktabr kuni Toshkent vaqti bilan kechqurun 9:00 da boshlashlari mumkin. Ro’yxatdan o’tish muddati 5-noyabr kuni kechqurun soat 9:00 da o’z nihoyasiga yetadi.

Elchixona axborotiga ko’ra, ishtirok etuvchilar ro’yxatdan imkon qadar erta o’tishlari tavsiya etiladi. Dunyo bo’ylab kiruvchilar sonining kundan kunga oshib borishi oqibatida vaqt o’tishi bilan sayt ishida sekinlashish kuzatilishi mumkin. Ro’yxatdan o’tish mutlaqo bepul va oson bo’lib, AQSh hukumati “Grin karta” uchun ro’yxatdan o’tish xizmatini taklif etuvchi turli shaxs va kompaniyalar aslida firibgarlar bo’lishi mumkinligidan ogohlantiradi.

“Grin Karta – 2013″natijalari 2012-yilning 1-mayidan boshlab e’lon qilinadi. Shu kundan boshlab ishtirokchilar tanlov natijalarini saytga kirib bilishlari mumkin. Buning uchun ro’yxatdan o’tish davrida berilgan tasdiqlovchi raqamdan foydalanish kerak. Elchixona axborotiga ko’ra, yutgan yoki yutmaganligidan qat’i nazar, har bir ishtirokchi ro’yxatdan o’tganligini tasdiqlovchi sahifani bosmadan chiqarib, 2013-yilning 30-iyunigacha saqlab qo’yishi kerak.

“Grin karta”da ishtirok etish uchun siz O’zbekiston fuqarosi bo’lishingiz va kamida o’rta maktab darajasidagi ta’limga ega bo’lishingiz kerak. Ro’yxatdan o’tish va boshqa talablar haqida batafsil ma’lumotni AQSH Davlat Departamentining http://www.travel.state.gov/visa/immigrants/types/types_1318.html saytidan topishingiz mumkin. Xuddi shu ma’lumotlarni o’zbek tilida AQSHning O’zbekistondagi elchixonasi saytidan ham o’qishingiz mumkin: http://uzbek.uzbekistan.usembassy.gov/dv_uz.html.

Eslatib o’tamiz, “Grin Karta – 2012” natijalari kompyuter tanlashda xatoga yo’l qo’ygani bois shu yilning iyul oyi o’rtalarida bekor qilinib, tanlov ishtirokchilar orasida yangidan o’tkazilgan edi.

 

2 responses to ““Grin Karta – 2013” uchun ro’yxatdan o’tish boshlanmoqda”

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.