Talabalar shaharchasi

O’qituvchilar uchun 5 mlrd. dollar

O'quvchi ustozi bilan

© Paul Gooddy

Obama ma’muriyati o’qituvchilik kasbini rivojlantirish va rag’batlantirish maqsadida shtatlar uchun 5 mlrd. dollarlik grantlar dasturini e’lon qildi, deya xabar qiladi “New York Times” gazetasi. 2009-yil maktablarni isloh etish maqsadida tatbiq etilgan “Race to the Top” (Yuqoriga Poyga) dasturi shaklida amalga oshiriladigan yangi grant loyihasi, Obamaning Kongressdagi nutqida ta’kidlanganidek, yaxshi o’qituvchilarni rag’batlantirish va o’qituvchilikni sharafli va qiymatli kasblar qatoriga kiritishni ko’zda tutadi.

“Respect” (Recognizing Educational Success, Professional Excellence and Collaborative Teaching) deya atalayotgan ushbu grantdan ulush olish uchun shtatlar loyiha talablariga javob beradigan ta’lim dasturlari va siyosatini ishlab chiqib, federal hukumatga taqdim etadi. Ta’lim departamentining ushbu loyiha bilan ishlovchi maxsus guruhi eng maqbul deb topilgan arizalarni tanlab olib, ularga 5 mlrd. dollarlik grantdan ulush ajratadi. Shtatlar oladigan moddiy yordam miqdori shtatdagi aholi, o’quvchi va o’qituvchilar soniga qarab farqli bo’lishi mumkin.

Shtatlar ushbu grantni o’z hududlaridagi maktablar sharoitini yaxshilash, yaxshi o’qituvchilarni rag’batlantirish, ish va malaka oshirish dasturlarini kengaytirish va ularni zarur texnik va boshqa jihozlar bilan ta’minlash kabi maqsadlarga yo’naltirishlari lozim.

“Respect” dasturi jamoatchilikka chorshanba kuni AQSh Ta’lim kotibi Arne Dunkan tomonidan rasman taqdim etiladi.

(more…)

AQSHda diplomni pulga sotib olish mumkinmi?

Dikenson universiteti joylashgan hududning umumiy ko'rinishi. © Surat universitet saytiga tegishli.

AQSH korrupsiya va poraxo’rlik darajasi juda past bo’lgan mamlakatlar ro’yxatida yetakchilik qiladi. Mamlakat ta’lim tizimi bu illatlardan xoli bo’lgani bois dunyoning eng kuchli universitetlari shu yerda joylashgan.

AQSHda ehtimol diplomni pulga sotib olish yoki imtihonlardan pora orqali o’tish holatlari biror universitetda hali uchramagandir. Ammo bakalavrlik kabi universitet darajasini barcha talab qilingan kurslarni bitirmasdan yoki ingliz tilini yaxshi bilmasdan turib olish mumkin bo’lgan universitetlar Amerikada ham bor ekan. Yaqinda Shimoliy Dakotadagi Dikenson Davlat universiteti ana shunday o’quv yurti ekani aniqlandi.

Ingliz tilini umuman bilmaydigan yoki majburiy bo’lgan kurslarni tugatmagan yuzlab xalqaro talabalar so’nggi yillarda Dikenson Davlat universiteti diplomlarini osonlikcha qo’lga kiritgan. Bu haqda “AP” axboroti asosida “Huffington Post” internet nashri xabar tarqatdi.

Universitetda o’tkazilgan tekshiruv natijasiga ko’ra, 2003-yildan beri universitetda to’rt yillik universitet darajasini olgan 410 xorijlik talabaning 400 nafari bitirish talablarini bajarmasdan turib diplom olgan. Ushbu tabalarning 95 foizi xitoylik, qolgani esa rossiyalik ekani aniqlangan.

(more…)

Obama AQSH ta’lim tizimiga nima bera oladi?

Official_portrait_of_Barack_Obama

© Oq Uy surati

AQSH prezidenti Barak Obama e’tiboridagi muhim masalalardan biri ta’lim ekani shubhasiz. Agar sifatli ta’lim berish bo’yicha yetakchilikni qo’ldan boy bersak, Amerikaning buyukligi xavf ostida qolishi mumkin, deb prezident ko’p ta’kidlaydi. Yaqinda AQSH Kongressida qilgan nutqida ham Obama mamlakat ta’lim tizimidagi ayrim maummolarga to’xtalib o’tib, ularni bartaraf etish bo’yicha o’z fikrlarini ilgari surdi.

Mamlakat ta’lim tizimining hozirgi ahvolidan Obamaning ko’ngli to’ladimi? Tizimdagi muammolarni bartaraf qilish uchun nimalarni taklif qilmoqchi? Keling, Obama nutqidan ana shu savollarga javob bo’lishi mumkin bo’lgan muhim nuqtalarni qidirib topib, ularni tahlil qilaylik.

Amerikaning ta’limga ajratadigan mablag’i mamlakat jami xarajatlarining 1 foizini ham tashkil etmaydi. Prezident nutqida ayni shu masalani tilga olib o’tdi. Uning fikricha, ta’lim uchun ajratilayotgan mablag’ miqdorini oshirish kerak. Bu boradagi real raqamlarga qaraydigan bo’lsak, vaziyat Obama aytayotgan gapning butunlay aksini ko’rsatmoqda. So’nggi yillarda AQSh shtatlarining aksariyatida ta’limga ajratilayotgan byudjet keskin qisqarishlarga yuz tutgan.

Obama, shuningdek, maktablardagi ta’lim uchun sharoitarni yaxshilash, yaxshi o’qituvchilarni rag’batlantirib, aksincha, sifatsiz muallimlar bahridan o’tish kerakligini ham ta’kidladi. U o’quvchilar ongidagi faqat imtihon uchun o’qish tushunchasi noto’g’ri ekanini alohida tilga oldi. O‘quvchilarni testga emas, balki yangilik yaratishga o‘rgataylik, dedi u.

AQSH ta’lim tizimidagi eng katta muammolardan biri bu talabalarning o’quv yurtlarini bitirmasdan erta tark etishidir. AQSHda har to’rt tababaning bittasi o’quv yurtini turli sabablarga ko’ra bitira olmaydi. Prezident ayni shu holatni ta’limdagi jiddiy muammolar qatorida sanadi.

“O‘quvchilar darslarni qoldirmasliklari kerak, – dedi Obama. – Bu ularning hayotda to‘g‘ri yo‘ldan ketishining muhim omili. Shu bois men har bir shtat o‘quvchi 18 yoshga to‘lgunga qadar maktabga to‘liq qatnashishini talab qilishini taklif qilaman”.

(more…)