O'quvchi ustozi bilan

© Paul Gooddy

Obama ma’muriyati o’qituvchilik kasbini rivojlantirish va rag’batlantirish maqsadida shtatlar uchun 5 mlrd. dollarlik grantlar dasturini e’lon qildi, deya xabar qiladi “New York Times” gazetasi. 2009-yil maktablarni isloh etish maqsadida tatbiq etilgan “Race to the Top” (Yuqoriga Poyga) dasturi shaklida amalga oshiriladigan yangi grant loyihasi, Obamaning Kongressdagi nutqida ta’kidlanganidek, yaxshi o’qituvchilarni rag’batlantirish va o’qituvchilikni sharafli va qiymatli kasblar qatoriga kiritishni ko’zda tutadi.

“Respect” (Recognizing Educational Success, Professional Excellence and Collaborative Teaching) deya atalayotgan ushbu grantdan ulush olish uchun shtatlar loyiha talablariga javob beradigan ta’lim dasturlari va siyosatini ishlab chiqib, federal hukumatga taqdim etadi. Ta’lim departamentining ushbu loyiha bilan ishlovchi maxsus guruhi eng maqbul deb topilgan arizalarni tanlab olib, ularga 5 mlrd. dollarlik grantdan ulush ajratadi. Shtatlar oladigan moddiy yordam miqdori shtatdagi aholi, o’quvchi va o’qituvchilar soniga qarab farqli bo’lishi mumkin.

Shtatlar ushbu grantni o’z hududlaridagi maktablar sharoitini yaxshilash, yaxshi o’qituvchilarni rag’batlantirish, ish va malaka oshirish dasturlarini kengaytirish va ularni zarur texnik va boshqa jihozlar bilan ta’minlash kabi maqsadlarga yo’naltirishlari lozim.

“Respect” dasturi jamoatchilikka chorshanba kuni AQSh Ta’lim kotibi Arne Dunkan tomonidan rasman taqdim etiladi.

Mamlakatdagi o’qituvchilarning eng katta birlashmasi bo’lgan Milliy Ta’lim Assotsiatsiyasi prezidenti Dennis Van Roekel ushbu loyihani to’la qo’llab quvvatlashini aytdi.

“Bu loyihada tizimni o’zgartirish uchun lozim bo’lgan hamma narsa bor, – dedi u. – Biz bularning barchasini amalga oshirishimiz kerak.”

“Respect” Obama ma’muriyatining ta’lim tizimini yaxshilash borasidagi keng miqyosli dasturi doirasida amalga oshirilayotgan loyihalardan biri.

Dastur ijroga kirishi uchun, avvalo, Kongress tasdig’idan o’tishi lozim.