Fulbrayt xorijiy talaba dasturi (Fulbright Foreign Student Program) ikki yilgacha bo’lgan magistrlik darajasi uchun 2013-2014-o’quv yiliga ishtirokchilardan arizalar qabul qilishni boshladi. Tanlovda muvaffaqiyatli ishtirok etib, AQSH universitetlaridan biriga qabul qilingan talabalar ikki yilgacha AQSHda o’qish imkoniyatini qo’lga kiritadi. O’qish, yashash va safar bilan bog’liq barcha xarajatlar AQSH hukumatining Ta’lim va madaniyat ishlari  byurosi tomonidan ta’minlanadi.

Xorijda, xususan, AQSHda o’qish imkoniyatini qidirayotgan vatandoshlarimiz uchun ushbu dastur ayni muddao. Dastur talablariga javob beruvchi  barcha vatandoshlarimizni unda ishtirok etishga chaqiramiz.

Dastur haqida qisqacha ma’lumot:

Fulbrayt Xorijiy Talaba Dasturi gumanitar yo‘nalishlar, tabiiy fanlar, jumladan, muhandislik va ijtimoiy fanlar bo‘yicha o‘qish uchun ariza va hujjatlarni qabul qiladi. O’zbekistondagi AQSH elchixonasi veb saytining dastur haqidagi ma’lumotlar sahifasida Edmund Maski Bitiruvchilar Stipendiyasi dasturida  ko‘zda tutilgan akademik yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qishni istagan nomzodlar Fulbrayt Xorijiy Talaba Dasturiga ariza topshirmasliklari kerakligi yozilgan. Quyida keltirilgan oltita yo‘nalish bo’yicha ham Fulbrayt Dasturi arizalar qabul qilmaydi:

Tibbiyot, biznes boshqaruvi, iqtisodiyot, huquqshunoslik, davlat boshqaruvi va davlat siyosati.

Qatnashuvchilar ochiq raqobat sharoitida, bilim va tajribalari asosida tanlab olinadi. Tanlovda qatnashuvchilarning yetakchilik qobiliyati, a’lo baholarga o‘qishi, AQSHdagi hayotga muvaffaqiyatli moslasha olish qobiliyati, amerikaliklar bilan muloqotga kirishish ishtiyoqi, Amerika Qo‘shma Shtatlari va O‘rta Osiyo mamlakatlari o‘rtasida o‘zaro anglashuvni olg‘a surish salohiyatiga katta e’tibor beriladi.

Dastur Talablari:

Nomzodlar O‘zbekiston fuqarolari yoki mamlakat tomonidan beriladigan haqiqiy pasport olish huquqiga ega doimiy istiqomat qiluvchi bo‘lishi lozim.
Nomzodlar grant muddati boshlanish paytida AQSH ta’lim darajasi bo‘yicha bakalavr unvoniga tenglashtirilgan ma’lumot sohibi bo‘lishlari lozim.
Qaysi universitetdan bo‘lishidan qat’i nazar, magistr ma’lumotiga ega bo‘lgan nomzodlar ushbu dasturda ishtirok eta olmaydi.

Nomzodlar AQSHdagi o‘qishlarini muvaffaqiyatli yakunlashlari uchun ingliz tilini yetarli darajada o‘zlashtirgan bo‘lishlari zarur. Ularning qog‘oz-asosidagi TOEFL baholari kamida 550 ga yoki uning kompyuter  yoki internet asosidagi ekvivalentiga teng bo‘lishi kerak.

Dastur haqidagi ma’lumotnomada AQSHda bo’lmagan ishtirokchilarning yutish imkoniyatlari ko’proq ekani aytilgan. Hozirgi kunda AQSHda bo‘lgan nomzodlar ishtirok eta olmaydi. Tanlov jarayonida nomzodning moliyaviy ehtiyojlari yoki holatiga e’tibor berilmaydi.

Muhim eslatma:

J-viza talablariga binoan hamda o‘zaro anglashuvni olg‘a surish maqsadida barcha grant oluvchilar dastur tugashi bilan o‘z mamlakatlariga qaytib, unda kamida ikki yil yashashlari lozim.

Dastur tomonidan ta’minlanadigan grant miqdori:

Barcha grant sohiblari o‘qish to‘lovi, 24 oygacha bo‘lgan oylik stipendiyalar, kasallik va baxtsiz hodisalarga qarshi sug‘urta xarajatlari, kitob va jihozlar uchun ajratiladigan mablag‘lar, safar xarajatlari uchun moddiy yordam hamda Fulbrayt tomonidan uyushtiriladigan tadbirlarda ishtirok etish imkoniyatlari bilan ta’minlanadi.

Ariza topshirish sanasi:

2013-2014-o’quv yili uchun arizalar 2012-yil 4-iyun soat 18:00 gacha qabul qilinadi.

Hujjatlarni topshirish tartibi:

Hujjat va arizalarni  topshirish yo’l-yo’riqlari haqida batafsil ma’lumot (ingliz tilida): Application Instructions (PDF – 184kB)

Hujjatlarni internet orqali to’gridan to’g’ri topshirishingiz mumkin. Buning uchun “Fulbright” dasturi rsamiy veb-sahifasida ro’yxatdan o’tishingiz va elektron anketani to’ldirishingiz kerak.

Fulbright Foreign Student Program Online Application

Qo’shimcha savollaringiz bo’lsa, Toshkentdagi AQSH elchixonasiga murojaat etishingiz mumkin. Murojaat uchun manzil:

U.S. Embassy Tashkent
3 Moyqorgon Street,
Yunusabad 5th District, Tashkent
(998 71) 120-5450

Savollarni elektron pochta orqali quyidagi e-mail manziliga ham yuborishingiz mumkin:  Tashkent-program@state.gov

Maktub nomi yoziladigan joyga “Fulbright Foreign Student Program” deb yozishni unutmang.

Shoshiling va ushbu imkoniyatni qo’ldan boy bermang!