AQShning nufuzli universitetlari bepul ta’lim kurslarini taqdim etmoqda

Posted April 23rd, 2012 at 12:56 am (UTC-5)
1 comment

AQShning Stenford universiteti, Massachusets Texnologiya instituti (MTI) kabi bir necha nufuzli oliy o’quv yurtlari bepul “onlayn” kurslarini taqdim etmoqda. Tajriba tariqasida ilk bor tashkil etilayotgan mazkur darslar dunyoning barcha davlatlaridagi talabalar uchun ochiq. Qizig’i shundaki, ushbu kurslarda o’qish bepul va ularni muvaffaqiyatli tamomlaganlar maxsus diplom bilan taqdirlanadi.

Internet orqali dars materiallarini bepul va erkin tarqatishga mo’ljallangan “Ochiq darsxona” (Open courseware) deya nomlanuvchi elektron tizim bundan o’n yilcha muqaddam MTI tomonidan tashkil etilgan edi. Shundan so’ng yuzlab boshqa kollej va universitetlar ham dars materiallarini internetga barcha uchun bepul va ochiq qo’yish amaliyotini yo’lga qo’ydi. Bugunga kelib MTI va Stenford universiteti ushbu amaliyotni yangi bosqichga ko’tarishga qaror qildi. Ular endi nafaqat kursda o’tiladigan materiallarni, balki darsning o’zini ham bepul taqdim etishmoqda.

Stenfordda kompyuter bo’yicha ikki mutaxassis dastlab “Sun’iy zukkolik faniga kirish” (Introduction to Artificial Intelligence) nomli bepul “onlayn” kurs tashkil etdi. Dunyoning 190 dan ortiq mamlakatidan jami 160 mingdan ziyod talaba kursga yozildi. Ko’ngillilar yordamida kurs materiallari qisqa muddat ichida dunyoning 44 tiliga tarjima ham qilindi. Ishtirokchilarning 23 ming nafari kurs materiallarini to’liq tamomlab, imtihonlardan muvaffaqiyatli o’tdi hamda ushbu kursni bitirganlik to’g’risidagi guvohnomaga ega bo’ldi.

Shu yil bahorida Stenford universiteti yana beshta bepul “onlayn” kursni tashkil etdi. Ularda o’qiyotgan talabalar soni 335 mingdan oshadi.

Bu borada Massachusets Texnologiya instituti ham faollik ko’rsatmoqda. O’quv yurti tashabbusi bilan internet orqali bepul darslar beradigan “MITx” nomli yangi notijorat tashkiloti tuzildi. “MITx” qoshida ochilgan birinchi kurs – “Sxemalar va Elektronika” darsida qatnashish uchun hozirgacha dunyo bo’ylab 120 ming talaba ro’yxatdan o’tdi. “Sxemalar va Elektronika” darsi iyun oyigacha davom etadi. “MITx” internet sahifasida yozilishicha, ro’yxatga yozilganlarning kamida 20 ming nafari dars mashg’ulotlarida to’liq va faol ishtirok etmoqda.

Ushbu “onlayn” kurslarning sifati universitet darsxonalarida o’tiladigan an’anaviy darslardan qolishmaydi. Yagona farqi, internet kurslarini tugatganlar universitetda olingan kurslar kabi “kredit” bermaydi. Dars hozircha sinov bosqichida bo’lgani uchun oq’ishni bitirganlik to’g’risidagi guvohnomalar ham bepul beriladi. Kelajakda kursni muvaffaqiyatli tamomlaganlar sertifikat uchun pul to’lashlari mumkin. Ammo darsda qatnashish va kurs materiallaridan foydalanish to’liq bepulligicha qoladi.

Prinston universiteti, Berklidagi Kaliforniya universiteti, Michigan An-Arbor hamda Pensilvaniya universitetlari ham hamkorlikda bepul “onlayn” kurslarini tashkil etmoqda. Ushbu kurslar “Coursera” deb nomlangan internet saytida jamlangan. “Coursera”dan kurslarni nomlari va yo’nalishi bo’yicha yoki ularni taqdim etayotgan universitetlar bo’yicha qidirib topishingiz mumkin. Bepul darslarni taqdim etuvchi yana bir sayt “Udacity” bo’lib, u ham “Coursera” bilan birgalikda Stenford universiteti mutaxassislari tomonidan bunyod etilgan. “Udacity”ning ilk darslari aprel oyi o’rtasidan boshlanishi ko’zda tutilgan.

Stenford taqdim etayotgan kurslarni muvaffaqiyatli bitirib, kurs guvohnomasini qo’lga kiritish uchun oraliq va yakuniy imtihonlardan o’tish kerak. Bu imtihonlar talabalar joylashgan mamlakatlardagi universitetlarda tashkil etiladi. “MITx” tajriba sifatida taqdim etayotgan “Sxemalar va elektronika” kursida hozircha imtihonlar yo’q. Ammo kelajakda unga ham imtihonlarning kiritilishi ko’zda tutilgan.

Ushbu bepul “onlayn” kurslar taqdim etayotgan sertifikatlar talabalarga haqiqiy ish bozorida qanday yordam berishi hali ma’lum emas. “Buni vaqt ko’rsatadi”, deydi Stenford universiteti kompyuter bo’limi vakili Mehran Sahamiy. AQSh Ta’lim departamentining ta’lim texnologiyalari bo’limi direktor o’rinbosari Richard Kulattaning aytishicha, bu narsa guvohnomalarning kim tomonidan berilishiga bog’liq. Agar ular nufuzli ta’lim dargohi nomidan berilsa, albatta, ish topishda foydasi katta bo’ladi, deydi u.

Dunyoning nufuzli universitetlari taqdim etayotgan ushbu bepul “onlayn” kurslarda ishtirok etishni istasangiz, quyidagi veb-saytlarga tashrif buyurib, bu haqda to’liq ma’lumot olishingiz mumkin:

MITx – Massachusets Texnologiya instituti tomonidan tashkil etilgan.

Coursera – Stenford universiteti tomonidan tashkil etilgan.

Udacity – Stenford universiteti tomonidan tashkil etilgan.

One response to “AQShning nufuzli universitetlari bepul ta’lim kurslarini taqdim etmoqda”

  1. […] haqda ilgari ham xabar bergan edik. Bu safar loyiha doirasida taqdim etilayotgan kurslar haqida to’liqroq […]

Leave a Reply to Garvardda bepul o’qishni istaysizmi? « Talabalar shaharchasi Cancel reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.