Prezident Barak Obama Chapel Hildagi Shimoliy Karolina Universiteti talabalari bilan uchrashuvda. 24-aprel, 2012-yil. (AP Photo/Carolyn Kaster)

O’tgan hafta prezident Barak Obama AQShning uch nufuzli universitetiga tashrif buyurdi. Tashriflar ish safari sifatida belgilangan bo’lsa ham, saylov arafasida prezident Shimoliy Karolina, Kolarado va Ayova shtatlaridagi yosh saylovchilar e’tiborini qozonishga urinmoqda. Chunki saylov taqdirini hal qilishda ushbu shtatlar muhim ahamiyatga ega.

Talabalar bilan uchrashuvda Obama o’qish uchun davlatdan olinadigan qarzlarga to’lanadigan foiz miqdorlari kamaytirilishi kerakligi haqida gapirdi.

Ma’lumki, AQSh hukumati kam ta’minlangan oila farzandlariga oliy o’quv yurtlarida o’qiy olishlari uchun turli grant va qarz berish dasturlari orqali moliyaviy yordam ko’rsatadi. Ularning ayrimlari, masalan, “FAFSA” dasturi qaytarib berilmaydigan grantlar ajratsa, ba’zilari foiz miqdori kam bo’lgan qarz hisoblanadi. Ushbu davlat dasturlarida qarzlarni qaytarish uchun qo’yilgan foiz stavkalari qarz beruvchi xususiy moliya kompaniyalari stavkalaridan ancha past bo’lgani uchun ko’plab amerikaliklar o’qish uchun davlatdan pul olishga harakat qiladi.

Demokratlar, jumladan, prezident Obama talabalar o’qish uchun olgan qarzlarga to’lov foizlarini kamaytirish haqida oldindan gapirib keladi.

Masalan, 2006-yilgi Kongress saylovlarida demokratlar talaba qarzlari uchun foiz stavkalarini ikki barobar qisqartirishga va’da bergan edi. Saylovdan so’ng parlamentda ko’p o’rinlarni qo’lga kiritgan demokratlar va’dalarini qisman bajarishdi: Hukumatning Stafford federal qarz dasturidan pul olgan talabalarning foiz to’lovlari 6,8 foizdan 3,4 foizga tushirildi. Va’daning qisman bajarilgani shu ediki, foizlar butunlay emas, balki faqat 2012-yillning 1-iyuligacha kamaytirildi, xolos.

2012-yilning 1-iyuli yaqinlashar ekan, agar yuqoridagi qonunning amal qilish muddati uzaytirilmasa, hukumatdan o’qish uchun qarz olgan talabalarning yillik to’lovlari ikki barobarga oshadi.

Obamaning saylov kampaniyasidan o’rin olgan masalalardan biri shu. U kollejlarda talabalar bilan o’tkazgan uchrashuvlarida aynan shu masalani ko’tarib, talaba qarzlari uchun to’lovning past holda qolishini qo’llab quvvatlashini ta’kidlab kelmoqda.

Hukumatning ta’limga aralashishini xush ko’rmaydigan respublikachilar, kutilmaganda, Obama bilan bu masalada hamfikr chiqdi. Shu hafta oxirida AQSh Kongressining asosan respublikachilardan iborat Vakillar palatasi talabalar to’loviga oid qonunni yana uzaytirishga rozi bo’ldi. Ammo qonun bandlari bo’yicha respublikachilar hamda demokratlar o’rtasida bahs hanuz davom etmoqda.

Talabalar to’laydigan qarz foiz stavkalarining 3,4 foizligicha qolishiga har ikki partiya vakillari rozi, ammo ular buning oqibatida hukumat gardaniga tushadigan qariyb 6 milliard dollarni qayerdan topish bo’yicha kelisha olmayapti. Obama bu pulni boylar uchun daromad solig’ini oshirish evaziga topishni taklif qilayotgan bo’lsa, respublikachilar sog’liqni saqlash tizimidagi ayrim ijtimoiy yordam dasturlarini to’xtatib, uning byudjetini talabalar qarziga yo’naltirishni talab etmoqda.

Xullas, bahsli qonun loyihasi hozirgi holatida Senat tasdig’idan o’tmasligi aniq.

Nega respublikachilar qonunni uzaytirish bo’yicha Obama taklifini ma’qulladi? Bu demokratlar va respublikachilar o’rtasida har ikki guruh yakdil bo’lgan masalaning ham mavjudligini anglatadimi?

Yuqorida bayon etilganidek, bu masala bo’yicha har ikki guruhni hamfikr deb bo’lmaydi. Respublikachilar qonunning amal qilish muddatini uzaytirish bo’yicha demokratlarga yon bosgan bo’lsa ham, bu, aslida, masala bo’yicha har ikki partiyaning hamfikrligidan emas, balki saylov arafasidagi nozik sharoitning shuni taqozo etganidandir.

Respublikachilar o’qish uchun olgan qarzlarini to’layotgan millionlab talabalar va ularning ota-onalarini norozi qilishni istamaydi. Ayni paytda ular o’z prinsiplariga sodiq qolgan holda, ushbu masalada ham demokratlarni tanqid qilishni va ular fikriga qo’shilmaslikni uddalamoqda.

Yuqorida yozilganidek, talabalar qarzining bir qismini o’z bo’yniga olayotgan hukumat shu maqsadga 6 milliard dollar ajratishi kerak. Davlat g’aznasi og’ir moliyaviy ahvolda bo’lgan bir paytda ushbu mablag’ni qayerdan topish masalasida har ikki tomon o’zininig azaliy farqli qarashlariga asoslanib fikr yuritmoqda. Agar bu borada ikki tomon kelishuvga erisha olmasa, qonun uzaytirilmasligi, natijada talabalar qarz uchun to’laydigan foiz stavkalari ikki barobarga oshishi mumkin.

Masalaning nozik tomoni shundaki, ushbu holatda agar qonun qabul qilinmasa, talaba bunda kimni ayblashni bilmaydi. Chunki respublikachilar ham, demokratlar ham qonunni qabul qilishga rozi va bu ular uchun talabalar oldida o’zlarini himoya qilish uchun yetarli asos bo’lib xizmat qiladi. Qonun shu tariqa qabul qilinmasa, biz qonunni qabul qilishni xohladik, ammo qarshi tomonning aybi bilan u amalga oshmadi, degan ayblovni har ikki partiyadan eshitish mumkin bo’ladi.

“New York Times” nashrining yozishicha, talaba qarzlariga oid qonun loyihasi bo’yicha ikki partiya o’rtasida kechayotgan bahslar har qachongidek yuqori va ushbu masala muhimligi bo’yicha prezidentlik uchun nomzodlarning saylov kampanyasida soliq va immigratsiya mavzulari bilan bir qatorga chiqqan.

Qonun muddatining aynan saylov arafasida o’z nihoyasiga yetayotgani buning asosiy sababi. Har ikki taraf saylovchi talabalarning ishonchini yo’qotishni istamaydi. Bu yerda gap millionlar ustida ketyapti. Obamaning aytishicha, mamlakatda 7 milliondan ortiq talaba AQSh hukumatidan o’qish uchun qarz olgan. Shuningdek, Nyu York Federal zahira bankining hisob-kitobiga ko’ra, amerikaliklarning 15 foizi o’qish uchun davlatdan olingan qarzlarini to’lashi kerak. Ushbu qarzlarning miqdori 1 trillion dollarga yaqin va bu raqam mamlakatdagi jami kredit kartochkalaridan olingan qarzlardan ham ko’p.