Ingliz tilini bepul o’rganishni istaysizmi?

Posted June 4th, 2012 at 8:47 pm (UTC-5)
6 comments

Amerikaga kelib tahsil olishni istamaydigan talaba yo’q. AQShda tahsil olishning shartlaridan biri ingliz tilini bilish. Shuning uchun ham yurtimizda ingliz tilini o’rganish uchun zo’r berib harakat qiladigan yoshlar juda ko’p.

Ingliz tilini o’rganish uchun ko’pchilik, odatda, til kurslariga qatnaydi. Obro’siga qarab, bunday kurslarda o’qish narxlari har xil. Eng arzonini ham oddiy talabaning cho’ntagi ko’tarishi qiyin. Kursga qatnash uchun moddiy imkoniyati yoki vaqti bo’lmaganlar uchun ingliz tilini o’rganishning muqobil yo’llari mavjud. Ana shunday yo’llardan biri bu internet orqali bepul ingliz tili kurslari xizmatidan foydalanish.

Bugun internetdagi axborot resurslari shunchalik keng, boy va rang-barangki, bir necha yil muqaddam pulli bo’lgan ko’plab xizmatlarni hozir internetda bepul topish mumkin. Biz bu yerda qonuniy, huquqlari muhofaza qilingan bepul xizmatlar haqida gapiryapmiz.

Masalan, “Google” korporatsiyasining lug’at, to’liq matnlarni tarjima qilish xizmatlari mutlaqo bepul va dunyoning qariyb barcha yetakchi tillarida xizmat ko’rsatadi. Bu borada “Google” ana shunday tarjima xizmatlarini bajaruvchi pulli kompyuter dasturlarini ishlab chiqaruvchi ko’plab kompaniyalarning nonini yarimta qilgani aniq. Mukammal va sifatli tuzilgan “onlayn” til kurslarini ham ana shunday beminnat va bepul xizmatlar qatoriga kiritish mumkin.

Xullas, maqolamizning maqsadiga ko’chadigan bo’lsak, ingliz tilini o’rganish uchun bugun qimmat til kurslariga borishingizning uncha ham hojati yo’q. Agar sizda kuchli istak bo’lsa, mustaqil o’qib o’rgana olish salohiyatiga ega bo’lsangiz hamda ingliz tilidan boshlang’ich ma’lumotingiz bo’lsa, falon pul turadigan kurs materiallarini bugun internetda bepul topishingiz mumkin. Buning uchun internetga ulangan kompyuteringiz bo’lsa kifoya.

Quyida ingliz tilini bepul o’rgatuvchi ana shunday saytlarning bir nechtasini e’tiboringizga taqdim etmoqchimiz:

1. http://www.usalearns.org

Flesh yordamida ishlangan bu sayt o’quvchining ingliz tilini bilish darajasiga moslangan turli darslardan iborat. Saytda siz o’qish, yozish va tinglab tushunish bo’yicha malakangizni oshirish imkoniyatiga egasiz. TOEFL imtihoni shaklini eslatuvchi darslarning har biri ko’plab mashg’ulotlarni o’z ichiga oladi.

2. http://www.1-language.com/

Bu sayt ingliz tilida o’qish, yozish, eshitish malakalarini rivojlantirish va yaxshilash yo’lidagi materiallarga yanada boy. Saytda ko’plab flesh o’yinlar, so’z-topishmoqlar va ingliz tilini yaxshilashga qaratilgan boshqa ko’plab qiziqarli mashg’ulotlar jamlangan. Saytning o’quv kutubxonasi bo’limidan ingliz adabiyotiga oid turli hikoyalar, ertaklar va boshqa asarlarni topib o’qishingiz mumkin.

3. http://www.learnamericanenglishonline.com/

“Amerikacha ingliz tilini internert orqali o’rganish” deya nomlanuvchi ushbu loyiha ham ingliz tilini o’rganishga yordam beruvchi boy axborot resurslariga ega. Saytda ingliz tili bo’yicha darslar murakkabligiga qarab turli ranglarda ko’rsatilgan. Masalan, boshlovchilar uchun darslar moviy daraja (blue level) deb nomlansa, eng qiyin so’nggi bosqich binafsharang daraja (violet level) deya atalgan. Bu saytda videodarslar ham mavjudligi diqqatga sazovor. Shuningdek, saytda o’qituvchilar uchun alohida bo’lim mavjud bo’lib, unda ingliz tili o’qituvchilari tilni o’qitishda kerak bo’ladigan bo’ ko’plab foydali resurslarni topishlari mumkin.

Bu maqolada sizga ingliz tilini o’rganish uchun bepul darslar va manbalar taqdim etuvchi faqat bir necha sayt haqida ma’lumot berdik, xolos. Bunday saytlar soni internetda yuzlab topiladi. Ular orasidan o’zingizga yoqqan va darajangizga mosini tanlab, ingliz tilingizni yaxshilash bo’yicha o’z ustingizda mustaqil ishlashingiz mumkin.

Ana shunday “onlayn” xizmatlarni topish va ulardan foydalanish bo’yicha qo’shimcha savollaringiz bo’lsa, biz ularga javob berishga tayyormiz.

6 responses to “Ingliz tilini bepul o’rganishni istaysizmi?”

  1. YOLQIN says:

    INGLIZ TILINI YUKLAB OLISH SAYTI KERAK BULADI. CHUNKI INTERNETDA URGANISH QIYIN. XAR XIL SAYTLARI KERAK FOTO. VIDEO. VA BOSHQALARI

  2. […] maqolalarimizdan birida internet orqali ingliz tilini bepul o’rgatuvchi bir necha sayt haqida xabar bergan edik. […]

  3. Dilora says:

    Hello,
    Thanks for sharing. Looking forward to seeing another article on useful web-sites for learning English.

    Sincerely,
    Dilora

  4. Madina says:

    I have question

  5. shahnoza says:

    Man juda holiman urganishi lekinn….

Leave a Reply to Diqqat, yangilik: “Amerika Ovozi” bepul ingliz tili darslarini taqdim etadi « Talabalar shaharchasi Cancel reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.