AQSh ta’lim sohasi, asosan, magistratura va undan yuqori bo’lgan darajadagi o’quv dasturlari bilan mashhur. Dunyoning eng kuchli universitetlari ro’yxatida peshqadamlikni boy bermay kelayotgan AQSh oliy o’quv yurtlari bu mavqega to’rt yillik kollej dasturlari bilan emas, balki, asosan, magistratura yoki aspirantura kabi tadqiqotga asoslangan o’quv dasturlari bilan erishgan.

Kirish so’zini ko’p cho’zmasdan maqsadga o’tadigan bo’lsam, mana shunday sifatli oliy o’quv yurtlaridan birida tahsil olishni istaydigan vatandoshlarimizga bugundan boshlab blogimizda amaliy maslahatlar berib bormoqchiman. AQShning eng nufuzli oliy o’quv yurtlaridan birida magistratura darajasida tahsil olish imkoniyatini qo’lga kiritgan bir talaba sifatida aytadigan bo’lsam, maslahatlarim yosh yigit-qizlarimiz uchun foydadan xoli bo’lmas, deb umid qilaman.

Birinchi maqolada AQSh oliy o’quv yurtlariga o’qishga kirish jarayoni haqida umumiy ma’lumot olish bilan cheklanamiz. Keyingi maqolalarda ushbu jarayonning ichki bosqichlari haqida xos ma’lumotlar va amaliy maslahatlar beriladi.

Mavzularni raqamlar bilan alohida-alohida ajratib ko’rsatishni ma’qul topdim. Har bir yangi fikr, mavzu yoki bosqich ichki sarlavha ostida beriladi.

1. Harakatni imkon qadar erta boshlash kerak

Magistratura bosqichida o’qish uchun, avvalo, bakalavrlik darajasiga ega bo’lish kerak. Bakalavrlik darajasi uchun o’qishga qabul qilindingizmi, kelajak uchun reja tuzishni darhol boshlang. Oldinda to’rt yil bor, avval o’qishni bitirib olay, bir gap bo’lar, deb o’ylash katta xato! O’qishni bitirib nima qilmoqchisiz? O’z sohangizda ishlamoqchimisiz yoki magistraturada o’qishni davom ettirishni istaysizmi? Agar magistratura darajangizni xorijda, masalan, AQShda olishni istasangiz, buning rejasini imkon qadar erta tuzishingiz va shu reja bo’yicha ish olib borishingiz kerak. Chunki AQShdan siz o’qimoqchi bo’lgan universitet topish va unga topshirish lozim bo’lgan hujjatlarni tayyorlash va o’zingizni AQShda o’qish salohiyatiga ega bilimli va iqtidorli talabaga aylantirishingiz uchun oylar emas, balki yillar kerak bo’ladi.

2. Harakatni nimadan boshlash kerak?

O’qishni AQShda davom ettirishga qaror qildingizmi, avvalo, bunga erishish uchun nimalar qilish lozimligini aniqlang va rejangizni shu asosda tuzing. Bakalavrni tugatiboq magistraturada o’qishni davom ettirishni istaysizmi yoki o’rtada 1-2 yil o’z sohangizda ishlab tajriba orttirmoqchimisiz? Bakalavrni bitiriboq o’qishni davom ettirishingiz mumkin. Ammo bir-ikki yil o’z sohangizda ishlab tajriba orttirsangiz, magistratura uchun hujjat topshirganingizda ushbu ish tajribangiz sizning qabul qilinish ehtimolingizni oshiradigan muhim omil bo’lishini ham hisobga oling.

AQShda magistratura yoki undan yuqori bo’lgan darajalarda o’qish uchun, odatda, quyidagi bilim va malakalarda ega bo’lishingiz kerak:

1. Tan olingan oliy o’quv yurtidan bakalavrlik darajasiga ega bo’lish;

2. Ingliz tilini mukammal bilish. Buning isboti sifatida TOEFL yoki IELTS testlarini topshirgan bo’lishingiz kerak. Bakalavr darajasini o’qish tili ingliz tili bo’lgan oliy o’quv yurtidan olgan xalqaro talabalar TOEFL yoki IELTS imtihonidan ozod qilinishi mumkin.

3.”Bitiruv ko’rsatkichlari imtihonlari” (GRE — Graduate Record Examinations) deya nomlanuvchi AQShning kollej bitiruvchilari uchun chiqarilgan maxsus testini topshirishingiz lozim. GRE imtihonini topshirish bakalavrlik darajasidan keyingi o’quv bosqichlari uchun barchadan, xususan, amerikalik talabalardan ham talab etiladi. Bir marta topshirilgan GRE imtihoni natijasi besh yilgacha yaroqli hisoblanadi. Huquqshunoslik kabi ayrim sohalar uchun GRE imtihonini topshirish shart emas. Ba’zi ixtisoslashgan sohalarda GREning fanlar bo’yicha chiqarilgan maxsus testlarini topshirishingiz talab etilishi mumkin. Shuningdek, Biznes boshqaruvi (MBA) kabi sohalarda GRE o’rniga GMAT (Graduate Management Admission Test – Boshqaruv sohasi bitiruvchilari uchun qabul testi) imtihonini topshirish kerak bo’ladi.

Yuqoridagi umumiy shartlardan tashqari, har bir oliy o’quv yurti yoki o’quv dasturining o’ziga xos talablari bo’lishi mumkin. Masalan, ingliz tilida o’zingiz yozgan biror ilmiy ishni yuborishingiz so’ralishi mumkin. Bu narsa sizning ingliz tilida yozish malakangizni tekshirishlari uchun kerak bo’ladi.

Yuqorida alohida raqamlar bilan tilga olingan shartlar, qayerda o’qishingizdan qat’i nazar, sizdan talab qilinadi. Shu bois TOEFL va/yoki GRE/GMAT testlariga tayyorlanish va ularni topshirish ustida ishlashni imkon qadar erta boshlashingiz kerak.

3. Qayerda o’qimoqchisiz?

O’zingizga va sohangizga mos o’quv dasturini topish bo’yicha izlanishlaringizni ham imkon qadar erta boshlaganingiz ma’qul. Shunda universitet va o’quv dasturlarining o’ziga xos talablarini ham bajarishingiz uchun yetarli vaqtga ega bo’lasiz.

Unutmang, magistratura – bu ilmiy izlanish va boshlang’ich tadqiqotlar olib boriladigan o’quv darajasidir. O’zingiz qiziqqan yoki kelajakda ishlamoqchi yoxud ilmiy ish olib bormoqchi bo’lgan mavzularingizning siz tanlamoqchi bo’lgan universitetlarda mavjudligiga diqqat qiling. Buning uchun universitet va o’quv dasturlarining veb-saytlariga tashrif buyurib, u yerdagi tadqiqot (Research) bo’limini hamda professorlarning shaxsiy sahifalarini ko’zdan kechirib chiqish lozim. Talabalar olib borayotgan ilmiy tadqiqot mavzulariga ko’z yugurtirib chiqish ham foydadan xoli emas. Siz qiziqqan sohada ilmiy ish olib boruvchi professorlarga maktub yo’llab (aloqaga chiqish yo’llari veb-saytda berilgan bo’ladi), ularga shu dasturga topshirmoqchi ekaningizni va bu borada yo’l-yo’riqqa muhtojligingizni aytishdan tortinmang. Hujjat topshirguningizgacha, universitetdagi professorlar bilan aloqa bog’lash va ularning imkon qadar qo’llab-quvvatlashiga erishish sizning qabul qilinish imkoniyatlaringizni oshiradi.

Imkon qadar ko’proq o’quv yurtlariga topshirishga harakat qiling. Chunki qaysi biri sizni qabul qilishini bilmaysiz.

Eng muhimi, o’qish va yashash xarajatlarini to’liq qoplovchi universitetlarni topishga harakat qiling. AQShda ko’plab oliy o’quv yurtlari magistratura va undan yuqori bo’lgan darajadagi o’qish dasturlarida talabalarga turli manbalardan grantlar ajratadi. Buni bilish uchun o’zingiz qiziqqan oliy o’quv yurti saytlarining “Moliyaviy yordam” (Financial Aid) bo’limini ko’zdan kechirib chiqishingiz kerak. Moliyaviy yordam berish bo’yicha xalqaro talabalar uchun alohida yoki qo’shimcha shart-sharoitlar bo’lishi mumkin. Grant yoki boshqa istalgan mavzuda tug’ilgan savollarni ularga bog’lanib so’rashdan tortinmang. Bundan oldin saytdagi qabul jarayoniga oid barcha ma’lumotlarni o’qib chiqing. Chunki siz istagan ma’lumot saytda bo’lishi mumkin.

3. Qabul uchun qanday hujjatlar topshirish kerak?

Ayrim o’quv yurtlarining qabul bo’yicha o’zlariga xos talablari bo’lishi mumkin. Ammo aksariyati talab qiladigan umumiy shartlarni quyida qisqacha sanab o’taman.

1. Bakalavr darajasida o’qigan fanlaringizning (Diplom ilovasi) notarial tasdiqdan o’tgan ingliz tilidagi rasmiy tarjimasi. Ayrim o’quv dasturlari ushbu hujjatning asl nusxasini o’qigan universitetingizdan to’g’ridan to’g’ri jo’natilishini so’rashi mumkin. Aksariyati uchun norasmiy nusxasini (kserokopiya) yuborishingiz kifoya. Agar o’qishga qabul qilinsangiz, asl nusxasini yuborishingiz talab etiladi.

2. TOEFL/IELTS hamda GRE yoki GMAT imtihonlari natijalarining asl nusxalari. Test natijalari haqidagi asl hujjatlar test o’tkazuvchi tashkilot/markaz tomonidan o’quv yurtlariga to’g’ridan to’g’ri yuborilishi kerak. Siz imtihonlarni topshirish paytida natijalarni o’zingiz istagan universitetlarga yuborilishini so’rashingiz yoki buni imtihondan so’ng istalgan paytda qo’shimcha haq evaziga amalga oshirishingiz mumkin.

3. Ikki yoki uch dona akademik tavsiyanoma. Ushbu xatlarni oliy o’quv yurtida sizni yaxshi tanigan professorlardan olganingiz yaxshi. Ish joyingizdan yozib berilgan tavsiyanomalar hisobga olinmasligi mumkin.

4. Qabul to’lovi. Hujjat topshirayotgan har bir talaba o’quv yurtiga ma’lum miqdorda to’lov puli yuborishi kerak. To’lov miqdori $25-$30dan $100 gacha bo’lishi mumkin.

Hozir deyarli barcha oliy o’quv yurtlarida qabul uchun hujjatlar internet orqali qabul qilinmoqda. Shu bois qabul jarayoni juda osonlashgan bo’lib, siz hujjatingizni pochta orqali yuborishingizga hojat yo’q. Faqat qabul qilingan taqdiringizda, hujjatlaringizning asl nusxalarini pochta orqali yuborishingiz talab etiladi.

Har bir o’quv yurtida hujjatlarni yuborishning so’nggi kuni belgilangan bo’ladi. Shu vaqtdan kechikmasligingiz kerak.

4. AQShda o’qishning eng oson yo’li

Yuqoridagi ma’lumotlar, asosan, o’qishga mustaqil hujjat topshirib kirishni istovchilar uchun. AQShda o’qish huquqini qo’lga kiritishning bundan oson yo’llari ham bor.

Siz xalqaro talabalar uchun e’lon qilingan maxsus grant dasturlarini topishga harakat qiling. Bunday dasturlarning afzal tomoni shundaki, siz hujjatlarni faqat grant beruvchi tashkilotga yuborasiz. Hujjatlaringizni universitetlarga yuborish kabi tashkiliy ishlar grant tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.

Ana shunday dasturlarining, shak-shubhasiz, eng a’losi bu AQSh Davlat departamenti Ta’lim bo’limining xalqaro talabalar uchun e’lon qilgan turli grantlaridir. Ular orasida magistratura darajasi uchun grant beruvchi ikkita dastur bor: Bular “Edmund S. Muskie” hamda “Fullbright” o’quv dasturlaridir. Bu grant dasturlarining eng qulay tomoni shundaki, siz hamma hujjatlarni O’zbekistondagi AQSh elchixonasiga topshirasiz va qabul jarayonidagi barcha xarajatlar AQSh davlati tomonidan to’liq qoplanadi. Sodda qilib aytganda, agar siz birinchi bosqichdan o’tib, TOEFL va GRE imtihonlarini topshirmoqchi bo’lsangiz, ushbu imtihonlar uchun to’lov to’liq  qoplanishidan tashqari, agar viloyatdan test uchun poytaxtga kelgan bo’lsangiz, yo’l xarajatlaringiz uchun ham haq olasiz. So’nggi bosqichdan muvaffaqiyatli o’tib, o’qishga qabul qilinish yoki qilinmasligingizdan qat’i nazar, ungacha bo’lgan bosqichlardagi barcha xarajatlar grant dasturi tomonidan to’liq qoplanadi.

Vatandoshlarimizni, avvalo, ana shu dasturlarda ishtirok etishlarini qattiq tavsiya etamiz. Kamina ham “Muskie” dasturidan muvaffaqiyatli o’tib, AQShda o’qish imkoniyatini qo’lga kiritgan baxtli talabalardan biri ekanini shu o’rinda aytib qo’yishim joiz.

Bitta maqolada AQShda o’qish uchun lozim bo’lgan barcha ish va masalalarni to’liq qamrab olish qiyin. Dastlabki maqolada ushbu murakkab jarayon haqida umumiy tushuncha berishga harakat qildim, xolos. Nasib qilsa, kelgusi maqolalarimda yuqorida tilga olingan har bir bosqichga alohida to’xtalib, ushbu talablarni muvaffaqiyatli bajarish uchun nimalar qilish lozimligi haqida amaliy maslahatlar berishga harakat qilaman.

Hozircha sizga bitta gapim bor: Siz AQShda, albatta, o’qiysiz. Agar xohish bilan birga harakatingiz ham bo’lsa. Qanday harakat qilish kerak? Bu haqda kelgusida gaplashamiz.