Oldingi maqolalarimizdan birida internet orqali ingliz tilini bepul o’rgatuvchi bir necha sayt haqida xabar bergan edik. Bugun sizga bermoqchi bo’lgan ma’lumotimizni ham shu mavzuning davomi deyish mumkin.

“Amerika Ovozi” axborot xizmati saytida ingliz tilini o’rgatuvchi bo’lim tashkil etildi. Bo’limning ahamiyatli tomoni shundaki, u mutlaqo bepul va aynan o’zbekistonlik talabalar uchun mo’ljallangan.

Ingliz tili darslari bo’limidan siz ingliz tili grammatikasining turli mavzulariga aloqador kundalik dars va mashg’ulotlar, testlar, shuningdek, umumiy va sohalarga aloqador xos lug’atlar hamda ingliz tiliga aloqador shu kabi boshqa material va resurslarni topasiz.

O’quvchi diqqatini jalb etish hamda mashg’ulotlarni qiziqarli, ko’ngilochar ruhda o’tkazish maqsadida saytda multimediya elementlariga katta e’tibor qaratilgan. Siz har bir yangi darsni o’rganish jarayonida video, audio, suratlar hamda boshqa harakatlanuvchi multimediya vositalaridan foydalanasiz. Mashg’ulotlar nafaqat ingliz tilingizni yaxshilashga xizmat qiladi, balki AQSh hayoti va madaniyatiga oid bilimlaringizni kengaytirishga ham hissa qo’shadi.

“How English is really spoken?” (Ingliz tili aslida qanday so’zlashiladi) nomi ostida beriladigan seriyali dars mashg’ulotlarida siz amerikaliklarning turli so’z va iboralarni og’zaki so’zlashuv uslubida qanday so’zlashlari va ishlatishlarini o’rganasiz. Bu kabi amaliy darslar sizning og’zaki so’zlashuv qobiliyatingizni rivojlantirishga, shuningdek, ingliz tilidagi jonli muloqotlarni tinglab tushunish salohiyatingizni oshirishga qaratilgan.

“Interactive wordbooks” (Interaktiv so’zlashgichlar) rukni ostida beriladigan “Amerika Ovozi iboralar lug’ati” bo’limida siz amerikaliklar kop ishlatadigan turli iboralarni tinglab va tomosha qilib o’rganish imkoniyatiga ega bo’lasiz.

“Amerika Ovozi”ning “onlayn” ingliz tili darslari o’z faoliyatining boshlang’ich bosqichida. Bo’limni kengaytirish, darslar rang-barangligi va muntazamligini ta’minlash yo’lidagi sa’y-harakatlar hanuz davom etmoqda. Bu borada sizning ham fikr-mulohazalaringiz, tavsiyalaringiz inobatga olinadi.

Marhamat, Ingliz tili darslari veb-sahifasi bilan tanishib chiqing hamda o’z fikr-mulohazalaringizdan bizni boxabar eting. Ushbu saytda ingliz tilini o’rganishga oid yana nimalar bo’lishini xohlaysiz? Qaysi mavzuda ko’proq darslar, mashqlar va materiallar berilishini istardingiz? Shu kabi savol va mulohazalaringiz bo’lsa, ularni uzbek@voanews.com elektron pochta manziliga yuborishingiz mumkin.

“Amerika Ovozi”ning ingliz tili darslari “Talabalar shaharchasi” bilan hamkorlikda olib borilayotgan loyiha bo’lgani bois fikr-mulohazalaringizni shu yerda munosabat yozish orqali bizga ham ma’lum qilishingiz mumkin.