AQShda magistratura o’qish imkoniyatini qo’lga kiritishga bag’ishlangan seriyali maqolalarimizni davom ettiramiz. Bu safar universitetlarga hujjat tayyorlash va qabul jarayonidan muvaffaqiyatli o’tish sir-sinoatlari haqida hikoya qilamiz.

Qayerda o’qimoqchi ekaningizni bilasiz. Kamida uch-to’rtta universitetlarni ko’z oldingizga olib qo’ygansiz. Demak, endigi vazifa ushbu o’quv yurtlariga belgilangan muddat ichida kerakli hujjatlarni topshirish. Avvalgi maqolada aytganimizdek, imkon qadar ko’proq universitetga hujjat topshirish kerak. Chunki qaysi biri sizni qabul qilishini bilmaysiz. Birdan ortiq universitetga qabul qilinsangiz, o’zingizga yoqqan birini tanlab, qolganini rad etishingiz mumkin.

Avvalo, AQShda magistratura darajasida o’qish uchun talab qilinadigan umumiy shartlar haqida qisqacha ma’lumot olsak.

AQShda magistratura yoki undan yuqori bo’lgan darajalarda o’qish uchun, odatda, quyidagi bilim va malakalarda ega bo’lishingiz kerak:

1. Tan olingan oliy o’quv yurtidan bakalavrlik darajasiga ega bo’lish

O’zbekiston ta’lim tizimi sifati xalqaro standardlar bo’yicha reytingi ancha past. Shunday bo’lsa-da, umidni uzmang. O’zbekistondan olingan bakalavrlik darajasi AQShda qabul qilinadi. Ammo qabul imkoniyatlaringizni kuchaytirish uchun o’z sohangizda ish tajribasiga ega bo’lishingiz juda muhim. O’quv yurtlari magistraturadan oldin bunday ish tajribasiga ega bo’lishni shart qilmasa ham, siz kabi hujjat topshirgan yuzlab talabalar orasidan ajralib turishingiz uchun, albatta, tajriba yoki qo’shimcha diplom-sertifikatlarga ega bo’lishingiz kerak.

Xorijlik talabalarga alohida o’rin ajratilgan bo’lishi ham mumkin. Yoki siz barcha uchun teng bo’lgan o’rinlarga amerikaliklar bilan birga bellashishingizga to’g’ri keladi. AQShda ta’lim olgan, ingliz tilisi mukammal bo’lgan hujjat topshiruvchilarni yengib o’tolmasam kerak, deb tushkunlikka berilmang. Chunki sizning xorijlik ekaningiz, aslida, bir afzallik. Xorijda tahsil olish, xorij tajribasini ko’rish aynan siz o’qimoqchi bo’lgan soha uchun qiymatli bo’lishi mumkin. Shuning uchun rezyumeni tayyorlashda, maqsadlaringiz bitilgan esseda (Statement of Purpose) shu narsaga diqqat qaratishingiz kerak. Ya’ni, masalan, siz AQShda shu sohada ta’lim olib, AQSh tajribasini xorijga tatbiq etish maqsadida ekaningizni yoki o’qish davomida qilmoqchi bo’lgan ilmiy ishingizda AQSh va xorij tajribasini taqqoslash niyatida ekaningizni ta’kidlab o’tishingiz mumkin. “Statement of Purpose”ni qanday yozish haqida kelgusida batafsil to’xtalamiz. Hozir bu haqda umumiy ma’lumot va tushuncha bermoqhiman, xolos.

2. Ingliz tilini mukammal bilish

AQShda o’qish uchun, albatta, ingliz tilini bilish kerak. Siz magistratura darajasida o’qimoqchi bo’lsangiz, ingliz tilini bilish darajasi ham bakalavrga qaraganda balandroq bo’lishi talab etiladi. AQSh universitetlari xorijlik talabalardan ingliz tilini bilishlari isboti sifatida TOEFL yoki IELTS testlarini topshirishlari talab etiladi. Bu testlarni O’zbekistonda topshirishingiz mumkin. Toshkentda TOEFL va IELTS tomonidan test o’tkazish huquqi berilgan til va o’quv markazlari bor. U yerda belgilangan imtihon summasini to’lab, test topshirishingiz kerak.

Bakalavr darajasini o’qish tili ingliz tili bo’lgan oliy o’quv yurtidan olgan bo’lsangiz, TOEFL yoki IELTS imtihonidan ozod qilinishingiz mumkin. Masalan, bakalavrni Hindistonda o’qigan bo’lsangiz, hujjat topshirish jarayonida TOEFL topshirish majburiyatidan ozod qilinishingiz mumkin. Buning uchun bakalavrlik diplomingizda yoki baholar varaqasida o’qishni to’la ingliz tilida o’qib bitirganingiz yozilgan bo’lishi kerak. Agar bunday ma’lumot rasmiy hujjatlarda bo’lmasa, universitetingizdan o’qishingiz ingliz tilida bo’lgani haqida xat olishingiz ham mumkin.

Magistraturada o’qish uchun chet ellik talabalardan talab qilinadigan minimum TOEFLT iBT bali (score) 61dan (Bowling Green State University) 109 gacha (Masalan, Kolumbiya va Garvard universitetlari) bo’lishi mumkin. Bu borada o’rtacha universitetlarda talab 80 atrofida bo’ladi. Bu hisob IELTSda 6,5 ga to’g’ri keladi.

TOEFL topshirayotgan paytingizda to’rttagacha universitetga imtihon natijasini bepul jo’natish imkoniyatiga egasiz. Test kuni anketani to’ldirayotganingizda, o’zingiz tanlagan universitetlarning kodini kiritishingiz lozim. Bu kodlarni universitetlar saytidan topishingiz mumkin. Rasmiy test natijalari TOEFL markazidan universitetga to’g’ridan to’g’ri jo’natilishi kerak. Test bo’lib o’tgandan keyin ham universitetlarga rasmiy nusxa yuborilishini TOEFL markazidan so’rashingiz mumkin. Buning uchun qo’shimcha pul to’lashingiz kerak.

3.  GRE/GMAT kabi bitiruv ko’rsatkichlari imtihonlari

AQShda ijtimoiy sohalarda magistratura yoki undan yuqori bo’lgan darajada tahsil olmoqchi bo’lgan har bir talaba ”Bitiruv ko’rsatkichlari imtihonlari” (GRE — Graduate Record Examinations) deya nomlanuvchi AQShning kollej bitiruvchilari uchun chiqarilgan maxsus testini topshirishi lozim. GRE imtihonini topshirish bakalavrlik darajasidan keyingi o’quv bosqichlari uchun barchadan, xususan, amerikalik talabalardan ham talab etiladi. Bir marta topshirilgan GRE imtihoni natijasi besh yilgacha yaroqli hisoblanadi. Huquqshunoslik kabi ayrim sohalar uchun GRE imtihonini topshirish shart emas. Ba’zi ixtisoslashgan sohalarda GREning fanlar bo’yicha chiqarilgan maxsus testlarini topshirishingiz talab etilishi mumkin. Shuningdek, Biznes boshqaruvi (MBA) kabi sohalarda GRE o’rniga GMAT (Graduate Management Admission Test – Boshqaruv sohasi bitiruvchilari uchun qabul testi) imtihonini topshirish kerak bo’ladi.

GRE testi natijalari ham TOEFL kabi to’g’ridan to’g’ri universitetlarda test markazlari tomonidan yuborilishi kerak. “GRE” testlarida talabaning tahlil qila olish qobiliyati, murakkab ilmiy matnlarni tushunish salohiyati hamda boshlang’ich hisob-kitob va geometriya bo’yicha bilimlari tekshiriladi. “GRE” juda murakkab test bo’lib, unga jiddiy va uzoq tayyorgarlik ko’rishingizni tavsiya etamiz.

Yuqoridagi umumiy shartlardan tashqari, har bir oliy o’quv yurti yoki o’quv dasturining o’ziga xos talablari bo’lishi mumkin. Masalan, ingliz tilida o’zingiz yozgan biror ilmiy ishni yuborishingiz so’ralishi mumkin. Bu narsa sizning ingliz tilida yozish malakangizni tekshirishlari uchun kerak bo’ladi.

Eslatib o’tamiz, yo’nalishga qarab GRE o’rniga GMAT yoki boshqa shunga o’xshash testlar talab qilinishi mumkin.

Qabul jarayoni

Endi hujjatlarni topshirish jarayoni qanday kechishini bosqichma-bosqich qisqacha tanishtirib o’tamiz.

Dastlab, anketa to’ldirishingiz lozim. Hozir deyarli barcha universitetlarda anketalar internet orqali to’ldirilmoqda. Qog’ozni to’ldirib, so’ng uni pochta orqali jo’natishingizga hojat yo’q. Anketa to’ldirish jarayonida bakalavr davrida olgan baholar varaqangizning ingliz tiliga qilingan rasmiy tarjimasi nusxasini kompyuteringizdan yuklaysiz. Asl nusxasi o’qishga qabul qilinganingizdan keyin yuboriladi. Shuningdek, o’zingiz va o’qish rejalaringiz haqidagi qisqacha esseni (Statement of Purppose)  va rezyumeni ham anketaga qo’shib topshirishingiz talab etilishi mumkin. Baholar varaqasining ingliz tiliga rasmiy tarjimani o’qish joyingizda, ingliz tili kafedrasida yoki rasmiy tarjima bilan shug’ullanuvchi firmalar orqali qildirishingiz mumkin. Bunda bitiruv baho darajangiz AQShning 4 balli  GPA tizimiga moslab ko’rsatilishiga diqqat qiling. Chunki anketani to’ldirayotganingizda GPA bo’yicha olgan baholaringiz so’raladi.

Shuningdek, o’qituvchi va professorlaringizdan olingan kamida ikki dona tavsiyanoma xatini ham topshirishingiz kerak. Odatda, internet orqali topshirilgan anketada sizga tavsiyanoma yozib berishga rozi bo’lgan odamlarning e-mail adreslarini kiritasiz. So’ng ularga tavsiyanomani saytga qanday kiritish bo’yicha elektron pochta orqali ko’rsatmalar yuboriladi. Ular so”ng yuborilgan maxsus internet manzili (link) orqali sizning anketangizga kirib, tavsiyanomani saytga topshirishadi. Agar o’qituvchingiz tavsiyanomani faqat qog’ozga yozmoqchi bo’lsa yoki internet orqali topshirish imkoniyatiga ega bo’lmasa, tavsiyanomani to’g’ridan to’g’ri universitet manziliga pochta orqali yuborishi kerak.

Qabul natijalari qachon chiqadi?

AQSh universitetlarining aksariyati magistratura uchun, odatda, kuzgi semestrga qabul qiladi. Masalan, 2013-yilning kuzgi semestri uchun hujjatlarni qabul qilish muddati dekabrgacha yoki yanvargacha bo’ladi. Hujjat qabul qilishning so’nggi kunini saytdan topasiz. Shu muddatgacha onlayn anketani to’ldirib, kerakli hujjatlarni topshirgan bo’lishingiz kerak. TOEFL/IELTS va GRE/GMAT rasmiy natijalari ham shu vaqtgacha universitetga yetib kelishi kerak.

Qabul natijalari haqida, odatda, aprel-may oylarida ma’lum qilishadi. Qabul qilinganingiz yoki qilinmaganligingiz haqida elektron pochtangizga maktub keladi. Ba’zan qabul natijalarini faqat qabul qilingan talabalarga ma’lum qilishadi, xolos. Qabul jarayonida anketa va hujjatingizdagi barcha ma’lumotlar hisobga olinadi. Testingiz natijalari, bakalavrlikda olingan baholar, tavsiyanomalar va yozgan esseingiz jiddiy ko’rib chiqiladi. Bu jarayonda tavsiyanomalar va siz yozgan esse juda muhim ahamiyatga ega. Shular orqali qabul komissiyasi sizning kimligingizni, boshqalardan farqli va ustun tomonlaringizni bilishga harakat qilishadi. Shuning uchun esse yozish jarayoniga jiddiy ahamiyat berishingiz lozim.

Odatdagidek, savollar uchun ochiqmiz. Bu maqolada biror muhim ma’lumot qolib ketgan bo’lsa, bizni xabardor eting. Qo’shimcha savollaringizni esa bizga munosabat bildirish orqali so’rashingizni kutib qolamiz.