© US Department of State

AQSh Davlat Departamentining ingliz tilini o’rgatishga mo’ljallangan ajoyib bir loyihasi bor: American English. Bu yerda til o’rganuvchilar uchun turli foydali maslahatlar, darslar, videolar va boshqa yana ko’plab resurslar jamlangan.

Yaqinda bu sayt yana bir ajoyib manba bilan boyidi: Ingliz tili o’rganuvchilari uchun “Trace Effects” (Samarasini izlab top) nomli maxsus o’yin yaratildi.

Xo’sh, o’yin yaratilsa, nima qipti, hozir o’yindan ko’pi bormi, deya e’tiroz bildirishga shoshmang. To’g’ri, hozir internet olamida bepul o’yinlar ko’p. Yengil funksiyalardan iborat oddiy turidan tortib, murakkab va og’ir videoo’yinlargacha topiladi. Ammo “Trace Effects” bu borada o’ziga xos o’yin. Xo’sh, uning boshqa shu kabi o’yinlardan farqli yoki afzal tomonlari nimada?

Javobni biroz uzoqdan boshlaymiz. Ingliz tilini a’lo darajada o’rganishni xohlamaydigan talaba bo’lmasa kerak. Ammo til o’rganishga bel bog’lagan hamma ham ingliz tilini a’lo darajada bilmaydi. Nega? Chunki o’rganish oson emas. So’z yodlash, kitob titish, ko’plab soat o’tirib dars qilishga hammaning ham sabri va toqati yetmaydi. Chunki oramizda dangasalar ko’p. Demak, dangasalarni qiziqtirishning eng yaxshi yo’lini topish kerak. Qiziqarli o’yin ana shu yo’llardan biri.

Kompyuterda o’yin o’ynashni yoqtirmaydigan bolaning o’zi yo’q. Qolaversa, hozirgi murakkab videoo’yinlarga faqat yosh bolalar emas, hatto kattalar ham mukkasidan ketmoqda. Bundaylarning didi juda nozik. Ularning e’tiborini tortish uchun o’yin so’nggi nusxadagi animatsion texnologiya asosida yaratilgan bo’lishi kerak. Nafaqat tasvir, balki o’yin mazmuni, ta’bir joiz bo’lsa, ssenariysi ham shunga yarasha bo’lishi lozim. Aks holda, bunday o’yinning bozordan o’tishi qiyin. Xullas, “Trace Effects” o’yinini yaratishda shu jihatlari, albatta, e’tiborga olingan. Bundan tashqari, mualliflar asosiy maqsaddan chalg’imagan. Ya’ni, bu o’yin, shunchaki, ko’ngilxushlik uchun emas, balki ingliz tilini o’rgatish maqsadida yaratilgan.

O’yinni o’ynash davomida siz yangi so’zlarni o’rganasiz. Keyingi bosqichlarga o’tish uchun ingliz tilida o’rgangan yangi so’z yoki qoidalaringiz asqotadi. O’yinda g’olib chiqish uchun ingliz tilingiz ustida ishlashga majbursiz. Qizig’i, ingliz tilini o’yindan tashqarida emas, o’yin davomida o’rganib borasiz.

Quyidagi qisqa videorolikda o’yin haqida ma’lumot berilgan (Videoni tushunish uchun ingliz tilini boshlang’ich darajada bilishingiz kerak).

O’yinni o’ynash uchun, avvalo, saytda ro’yxatdan o’tishingiz kerak. Shundan so’ng sizga 1-bosqich eshigi ochiladi. O’yin jami 7 bosqichdan iborat bo’lib, ularning har biridan oshib o’tish uchun ingliz tiliga bog’langan to’siqlarni bartaraf etishingiz kerak. Demak, o’yin sizni ingliz tilini o’rganishga majbur qiladi.

Qani, hurmatli talabalar, o’yinga marhamat! Agar u sizga yoqsa, bu haqdagi fikr-mulohazalaringizdan bizni boxabar qilasiz, degan umiddamiz.