Shu hafta boshida Boston marafonida yuz bergan portlashlar nafaqat shahar aholisini yoki Amerikani, balki butun dunyoni larzaga soldi. Marafonning finish chizig’i yaqinida portlagan ikki bomba uch insonni hayotdan olib ketdi, 180 dan ortiq odam yaralandi. Halok bo’lganlarning biri xitoylik talaba ekani aniqlangan.
Xurujga aloqadorlikda shubhalangan shaxslar surati aniqlangach, huquq-tartibot organi xodimlarni zudlik bilan ularni qo’lga olish harakatiga tushdi. Natijada, avval, Boston yaqinidagi Votertaun shahrida, so’ng butun Bostonda favqulodda holat e’lon qilindi. Maktablar va barcha oliy o’quv yurtlari, jumladan, jamoat transporti faoliyati to’xtatildi. Bizneslar ham o’z ishlarini vaqtincha to’xtatishga majbur bo’ldi. Shahar aholisiga uydan chiqmaslik tayinlandi.
Juma kuni erta tongda politsiya va shubha ostidagi ikki shaxs o’rtasida bo’lib o’tgan otishmada gumondorlardan biri halk bo’ldi. Ikkinchi gumondorni qidirishga qaratilgan harakatlar kuni bo’yi davom etib, nihoyat kechqurunga borib Johar Tsarnayev nomli 19 yoshli yigit og’ir yaralangan holda qo’lga olindi. Hozirda uning kasalxonada ekani aytilmoqda.
Gumondorlardan biri, hozir hayot bo’lgan va kasalxonada og’ir ahvolda qolayotgan Johar Tsarnayev chechen millatiga mansub bo’lib, Qirg’izistonda tug’ilgan. 2002-yilda dadasi bilan AQShga muhojir sifatida kelgan. Boston voqealari ro’y bergunga qadar Dartmausdagi Massachussets universiteti talabasi bo’lgan. Universitetda uni yaqindan tanigan do’stlari va kursdoshlarining aytishicha, Joharning bunday ishga qo’l urganiga ishonish qiyin. U yaxshi do’st, samimiy va xushchaqchaq inson edi, deydi uni yaqindan taniganlar. Voqeani kuzatib borayotgan jamoatchilik vakillarining aytishicha, Joharning bunday ishga qo’l urishida akasining hissasi katta bo’lgan. O’qishni bitira olmay tark etgan va so’nggi paytlarda uncha ishi yurishmagan 26 yoshli Tamerlan Tsarnayevning ukasiga ta’siri yuqori bo’lgani aytiladi.
AQShning nufuzi juda baland Massachussets Texnologiya instituti kampusi juma kuni xuvillab qoldi. Maktab va oliy o’quv yurtlari yopilishi bilan birga, universitet yotoqxonalaridagi talabalar ham evakuatsiya qilindi. Juma oqshomiga qadar talabalar o’z uylarida voqealar rivojini kuzatib bordi.
Va nihoyat, Johar Tsarnayevning qo’lga olingani haqida ma’lumot paydo bo’lgach, talabalar ko’chalarga chiqib, o’z xursandchiliklarini qiy-chuv va olqishlar bilan izohladi. Quyidagi videoda ularning Boston politsiyasi departamentini olqishlab, “BPD” deb qichqirayotganini ko’rish mumkin:
Mana bu videoda esa butun shahar aholisi kochalarga chiqib, politsiyachilarni olqishlayotgani aks etgan: