Bostondagi portlashlarga aloqadorlikda ikki qozog’istonlik talaba qo’lga olingach, Ichki xavfsizlik bo’yicha vazirlik AQShga talaba vizasi bilan kirib kelayotgan xorijliklarni jiddiy tekshirish bo’yicha yangi buyruq chiqardi.  Unga ko’ra, talaba vizasiga ega har bir xorijlik, AQShda o’qish huquqiga egaligi aeroportda obdon tekshirilgandan so’nggina, mamlakatga kirishiga ruxsat beriladi.

Ma’lum bo’lishicha, Boston portlashlariga aloqador ashyoviy dalillarni yo’qotishda ayblanayotgan qozog’istonlik talabalarning biri – Azamat Tajayakov shu yilning 20-yanvar kuni AQShga talaba vizasi bilan kirib kelganda, Dartmausdagi Massachussets universiteti talabalari safida bo’lmagan. Aeroportda uning vizasini tekshirgan ofitser talabalarning qayerda o’qishi yoki o’qiyotgani haqida ma’lumot olish mumkin bo’lgan SEVIS axborot tizimini tekshirmagan. Natijada Azamat Tajayakov, talabalar safidan chetlatilgan bo’lishiga qaramay, immigratsiya tekshiruvidan muammosiz o’tib, AQShga kirib kelgan.

Xavfsizlik xodimlarining aytishicha, shu paytgacha aeroport nozirlari to’g’ridan to’g’ri SEVIS tizimidan axborot olish imkoniyatiga ega bo’lmagan. Biz faqatgina shubhali ko’ringan yoki qo’shimcha savol-javob uchun tekshirilgan xorijlik talabalarning SAVIS tizimidagi ma’lumotini tekshirganmiz, deydi ular. Ichki xavfsizlik bo’yicha vazirlik chiqargan yangi buyruqqa ko’ra, bundan buyon AQShga kirib kelayotgan har bir xorijlik talabaning SAVIS tizimidagi ma’lumotlari tekshiriladi.

Qozog’istonlik Azamat Tajayakov va Dias Qodirboyev Boston portlashlarini uyushtirganlikda ayblanayotgan Johar Sarnayevning kursdoshlari bo’lgan. Ular portlashlardan so’ng Sarnayevning laptopini hamda poroxsiz mushaklar solingan ryukzagini qasddan yo’qotib, jinoyatchiga yordam berganlikda ayblanmoqda. Agar aybdor deb topilsa, ularning har biri besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi hamda 250 ming dollar miqdorida jarimaga tortilishi mumkin.

AQShga kirib kelayotgan talabalarni tekshirish tartibining kuchaytirilishi aeroport va chegara punktlarida  kutish vaqtining haddan ziyod cho’zilib ketishiga sabab bo’lishi mumkinligi aytilmoqda. Nyu-York shtatining Buffalo shahridagi kollej qo’shni Kanadan har kuni qatnab o’qiydigan talabalariga uylaridan kamida 2 soat erta chiqishni tavsiya qilgan.

Boston portlashlari xorijliklar uchun talabalik vizasini qo’lga kiritish imkoniyatini ham qiyinlashtirishi mumkinligi haqida xavotirlar bor. Ayniqsa, musulmon o’lkalaridan keluvchi talabalarni tekshirish yanada kuchayishi kutilmoqda.

Ammo viza berish jarayonida tekshiruvni kuchaytirish haqida hali biror rasmiy qaror yoki o’zgarish e’lon qilingani yo’q. Bu haqda biror yangilik yuz bersa, bu haqda, albatta, blogimizda yozamiz. Demak, bizni kuzatib boring.