Suriyada fuqarolar urushi davom etayotganiga qaramay, yoshlar orasida chet elga chiqish uchun urinayotganlar soni ko’p. Ayni shu maqsadda urushdan aziyat chekayotgan bu yoshlarga yordam berish uchun maxsus grant dasturi tashkil etildi. Xorijdagi suriyaliklarning “Jusur” nomli tashkioti tomonidan yo’lga qo’yilgan bu dasturga minglab suriyaliklar hujjat topshirgan.

“Bular katta tashvishni boshidan kechirayotgan talabalar, – deydi tashkilot vakili Lin al-Zaybak. – Bilasiz, ularning hayoti xavf ostida. Oilalarining ham hayoti xavf ostida. Daromad keltiradigan ishlari ham yo’q. Shunday bo’lsa-da, ular ta’lim olishga ahd qilgan. Chunki ta’lim kelajakka yo’l ochadigan yagona kalit ekanini ular yaxshi biladi”.

“Jusur” tashkiloti Amerikadagi Xalqaro ta’lim instituti bilan hamkorlikda maxsus Suriya ta’lim loyihasini yo’lga qo’ydi. Ushbu dastur asosida AQSh va Yevropadagi 40 dan ortiq universitet suriyalik talabalar va professorlarga yordam qo’lini cho’zishga rozi bo’ldi. Talabalarni qabul qilish va ularning o’qish sohalarini belgilash masalasini universitetlarning o’zlari hal etadi. Hozirda 70 dan ortiq suriyalik talaba shu grant asosida tahsil olmoqda.

Vashingtondagi Amerika universitetida ham bir suriyalik talaba va professor Xalqaro xizmat maktabida o’qib, malaka oshirmoqda.

Maktab dekani Liana Dansmor talabalarni qabul qilishda Davlat departamentining “EducationUSA” dasturi yordam berganini ta’kidlaydi.

“Xalqaro xizmat maktabi talabalarni ijtimoiy adolat masalalarida, shuningdek, qabul qilinadigan qarorlarning ta’siri bo’yicha tayyorgarlikdan o’tkazadi”, – deydi u.

Xalqaro ta’lim instituti vitse-prezidenti Daniela Keisning aytishicha, keyingi oylarda yana 600 talabaning o’qishini moliyalash ko’zda tutilmoqda.

Xalqaro Ta’lim instituti, shuningdek, suriyalik professor-o’qituvchilar uchun “Olimlarni qutqarish” jamg’armasini tashkil etdi. Bu yili mazkur jamg’arma yordami bilan 30 suriyalik tadqiqotchi dunyoning besh davlatida yangi ish o’rni bilan ta’minlandi.

Ushbu ta’lim dasturlari va grantlar haqida to’liq ma’lumotni www.iie.org saytidan topishingiz mumkin.