Oliy ta’lim olish juda qimmat bo’lgan AQShdek davlatda ham hanuz o’qish bepul bo’lgan kollejlar bor ekan. Ularning aksariyati kichik ta’lim muassasalari bo’lib, bepul ta’lim evaziga talabalardan haftasiga bir necha soat ishlab berishni talab etadi. Ayni paytda yotoq va yashash xarajatlarini talabalarning o’zlari ko’tarishi kerak. Lekin ayrimlarida yashash xarajatlari ham o’qish tomonidan qoplanadi.
Navbatdagi maqolamizda ana shunday kollejlarning bir nechtasi haqida ma’lumot bermoqchimiz.
1. Kentaki shtatida joylashgan Alis Lloyd kollejida o’qish mutlaqo bepul. Faqat bunday huquq Markaziy Apalachian hududidan kelgan talabalargagina beriladi. Bunday hudud Ogayo, Virjiniya, Vest-Virjiniya, Tennesi va Kentakining 108 okrugini o’z ichiga oladi. Amerika kollejlarining reytingini belgilovchi “U.S. News” nashri ro’xatida bu kollej 40-pog’onani band etgan.
2. Berea kolleji Kentakidagi yana bir o’qish bepul bo’lgan oliy ta’lim muassasasidir. Bu yerda talabalar o’qishga pul to’lamaydi, ammo Talabalar ish dasturida ishtirok etishi kerak. Talabalar majburiy ish soatlari uchun hatto, oz bo’lsa-da, ish haqi oladilar. “U.S. News” nashri reytingida bu kollej 76-o’rinni band etgan.
3. Montano shtatidagi Ozarks kollejida ham talabalar haftasiga 15 soat ishlab berish evaziga bepul ta’lim oladilar. Shuningdek, ta’til paytida ham qo’shimcha 40 soat ishlab berishlari kerak. “U.S. News” nashrining mintaqadagi kollejlar reytingida 10-o’rinni band etgan.
4. Nyu-York shahridagi san’at, arxitektura va muhandislik sohalari bo’yicha taniqli Cooper Union kolleji ham barcha talabalarga bepul ta’lim berishi bilan mashhur. Ammo 2014-yilning kuzidan boshlab, kollej to’liq bepul ta’lim berish siyosatidan voz kechmoqchi. Moliyaviy muammolar tufayli, yangi o’quv yilidan boshlab talabalar o’qish pulining yarmini endi o’zlari to’lashlari kerak bo’ladi. Shimoldagi hududiy kollejlar orasida Cooper Union kolleji birinchi o’rinda turadi.
5. Filadelfiyadagi Kurtis musiqa instituti kichik, lekin talabalarga bepul ta’lim berishi bilan taniqli. O’quv dargohi talabalarni musiqiy mahoratiga ko’ra o’qishga qabul qiladi va qabul qilinganlarni to’liq grant bilan ta’minlaydi.
6. Kaliforniyadagi Dip Springs kolleji ikki yillik jamoat kolleji bo’lib, o’qish mutlaqo bepul. Bu yerni bitirganlar bakalavrlik darajasini tamomlashlari uchun 3 va 4-yillarni boshqa kollejlarda davom ettirishlari lozim. Kollej juda kichik, jami 25 talabaga xizmat ko’rsatadi, xolos. Bu yerda talabalar darsdan bo’sh vaqtlarida kollej homiylarining fermalarida ishlab beradi. Kollej faqat o’g’il bolalarni qabul qiladi.
7. Nyu-Yorkning Veb Instituti AQShda kemasozlik muhandisligiga bag’ishlangan yagona bepul oliy o’quv yurti hisoblanadi. Kollej ancha kichik bo’lib, faqat 80 ta talabani qabul qiladi.
8. AQShda, shuningdek, davlatga qarashli bepul oliy o’quv yurtlari ham bor. Ular, asosan, harbiy akademiyalardan iborat. Ularni bitirgan talabalar kamida besh yil davlatga majburiy ishlab berishi kerak. Bu o’quv yurtlarida o’qish, oziq-ovqat va yotoqxona bepul ta’minlanadi. Ularning ro’yxati quyidagicha:
• AQSh Havo kuchlari akademiyasi; Kolorado shtatida joylashgan.
• AQSh Sohil qo’riqchiligi akademiyasi; Konnektikut shtatida joylashgan.
• AQSh Tijoriy dengiz akademiyasi; Nyu-York shtatida joylashgan.
• AQSh Harbiy akademiyasi; Nyu-York shtatida joylashgan.
• AQSh Dengiz floti akademiyasi; Merilend shtatida joylashgan.