classroom

© Royalty Free Image

Amerika universitet ta’lim sifati yuqoriligi bilan dunyoda peshqadam davlatlardan biri hisoblanadi. Bu nimaning hisobiga? Bu yurtdagi oliy ta’lim tizimidagi o’ziga xos jihatlar nimalardan iborat? Bu xos xususiyatlarning bevosita talabaga bog’liq bir nechtasi haqida quyida qisqacha ma’lumot bermoqchimiz.

1. Butun semestr davomida yozma ishlar, topshiriqlar bo’ladi

Biror fandan qanday baho olishingiz semestr oxirida bo’ladigan yakuniy imtihongagina bog’liq emas. Ya’ni, oladigan bahoingiz o’qish davomida yoziladigan, bajariladigan boshqa topshiriqlar, oraliq nazorat ishlariga ham bog’liq bo’ladi. Demak, so’nggi imtihonni kutib yurmasdan, kurs davomida barcha topshiriqlarni a’lo bajarishga harakat qilishingiz kerak.

2. Darslarda faol qatnashish muhim

Ko’plab professorlar sizning darsda ishtirok etishingizga alohida e’tibor beradi. Demak, dars davomida o’tilayotgan mavzu bo’yicha muhokamalarda qatnashishingiz, savollar berishingiz yoki qoshimcha fikrlar bildirishingiz yakunda yaxshi baho olishingizda muhim ahamiyatga ega. Ko’pincha, yakuniy bahoning 25 foizini darsdagi ishtirokingiz hal qiladi.

3. Yodlashdan ko’ra tushunishga ko’proq e’tibor beriladi

Darslarda qatnashishning muhim jihati shundaki, unda professor sizning mavzuni qanchalik tushunayotganingizni aniqlash imkoniyatiga ega bo’ladi. Professorlar sizdan ma’lum mavzudagi raqamlarni yoki jumlalarni yoddan bilishingini ta’lab etmaydi, aksincha, muhim qoidalarni, mavzu mohiyatini tushunishingiz yaxshi baho olishingiz uchun kifoya qilishi mumkin. Ba’zi imtihonlarda to’g’ri javobning o’zi bo’lmaydi. Sizning mavzuni tushuntirishingiz yoki tahlil qila olishingizga baho qo’yiladi. Yoki javobni to’g’ri topsangiz ham, ammo uni qanday topganingizni tushuntirib bera olmasangiz, bahoingiz pasayishi mumkin.

4. Darslarni tanlash ixtiyoriga egasiz

O’z yo’nalishingiz bo’yicha olishingiz shart bo’lgan ma’lum darslardan tashqari, o’qish uchun fanlarni tanlashda mutlaq erkinlikka egasiz. Ya’ni, universitetingizda o’qitiladigan ko’plab fanlardan o’zingiz istagan yoki yoqtirgan birini tanlashingiz mumkin. Shuning uchun turli darslarda har xil bilan o’tirishingiz tabiiy hol. Chunki siz kirayotgan darsni boshqa kursdoshingiz olmagan bo’lishi mumkin. Yoki magistratura darajasida o’qib turib siz bakalavrdagi talabalar bilan birga ularning darsiga kirishingiz, hatto o’z maktabingizdan boshqa maktabga borib, o’z yo’nalishingizdan mutlaqo boshqa sohadagi darsni olishingiz ham mumkin. Ayrim maktablarda boshqa yo’nalishlardan dars olish hatto majburiy qilib qo’yilgan. Chunki talabalarning turli sohalarda aqliy qobiliyatini rivojlantirishiga AQSh ta’lim tizimida alohida e’tibor qaratiladi.

5. Guruh bo’lib ishlash rag’batlantiriladi

Dars davomida ayrim topshiriqlar yoki loyihalarni guruhlarga bo’lingan holda bajarasiz. Yakunda har bir ishitirokchiga qo’yiladigan baho barcha guruh a’zolarining birgalikda qilgan ishiga qarab qo’yiladi. Ya’ni, talabalar mustaqil ishlash bilan birga, guruh bo’lib, boshqalar bilar birga ishlashni o’rganishga ham rag’batlantiriladi.

5. Ko’chirmachilik – kechirilmas jinoyat!

Hamma joyda ham imtihon davomida yoki yozma ishlarda boshqalardan, tayyor manbalardan ko’chirish taqiqlanadi. Bu narsaga, ayniqsa, AQShda juda qattiq e’tibor beriladi. Agar professor yozma ishingizda biror joydan ko’chirganingizni sezib qolsa, nafaqat ushbu fandan bahoingizni yo’q qilishi mumkin, balki hatto sizni o’qishdan haydash masalasini ham ko’tarishi mumkin. Shuningdek, ko’chirmachilik nafaqat ma’muriyat tomonidan, balki talabalarning o’zilari tomonidan ham yomon ko’riladi. Ko’chirmachilikni ko’plab talabalar pastkashlikdek deb o’zlari uchun ep ko’rmaydi.

Shuning uchun Amerikada o’qish davomida ko’chirmachilik qilishdan juda e’htiyot bo’ling. Bilmaslik tufayli yoki yalqovlik qilib imtihonni yoki vazifani bajarmasligingizni kechirishlari mumkin, ammo birovning tayyor ishidan ko’chirib yozgan ishingiz aslo qabul qilinmaydi va bu qilmishingiz kechirilmaydi.

 

Bular AQSh oliy ta’lim tizmidagi o’ziga xos xususiyatlarning ayrimlari xolos. Bunday ma’lumotlar sirasiga yana ko’plab misollarni keltirish mumkin. Biz esa yuqoridagi muhim masalalar bilan kifoyalanishni lozim topdik.

Agar sizda mavzu bo’yicha qo’shimcha ma’lumotlar, fikr-mulohazalar yoki savollar bo’lsa, ularni kutib qolamiz.