Bizga kelayotgan savollarning aksariyati grantlar haqida bo’lyapti. AQShda o’qish uchun ta’lim grantlarini qanday topish mumkin? Navbatdagi maqolamizda ana shu mavzuga yana bir bor to’xtalishga qaror qildik.
AQShga o’qish uchun kelish jarayonining eng qiyin bosqichi ham shu aslida. Ya’ni, grant topish. Avvalgi maqolalarimizda ham bu mavzuga alohida to’xtalganmiz. Ular bilan tanishib chiqishingizni yana bir bor tavsiya etamiz.
Birinchi maqola: Diqqat: AQShda o’qishni istovchilar uchun yordam beramiz!
Ikkinchi maqola: AQShda ta’lim: Qayerda va nima o’qimoqchisiz?
Uchinchi maqola: AQShda ta’lim: Grantlarni qanday topish mumkin?
Quyida grant topish uchun bosib o’tilishi lozim bo’lgan muhim jarayonlarni bosqichlarga bo’lgan holda qisqacha yana bir bor tushuntirib o’tamiz.
Birinchi bosqich: Tilni va bilim-malakalarni oshirish
AQShda oq’ish juda qimmat ekani hammaga ma’lum. Ko’plab amerikaliklar ham o’qishga pul to’lay oladigan darajada boy emas yoki ortiqcha pullari yo’q. Ular, odatda, ta’lim kreditlari olishadi. Chet elliklarning AQShdan ta’lim krediti olishi oson emas yoki to’lov foizlari juda qimmat bo’ladi. Shuning uchun ular oldidagi eng yaxshi variant bu o’z hisoblaridan o’qish yoki grant topish.
O’z hisobidan AQShga kelib bir necha yil ta’lim olish va yashashga qurbi yetadiganlar kam. Shuning uchun bu variant haqida to’xtalish niyatimiz yo’q. Zotan, puli bor odam uchun hamma eshiklar ochiq. Ular bizning maslahatimizga muhtoj ham emaslar.
Demak, siz AQShdan grant topishga qasd qilganlardan birisiz! Siz uchun oldindan bir xushxabar aytishim mumkin, ko’plab universitetlarda yoki grant ajratuvchi tashkilotlarda xorijlik talabalar uchun maxsus dasturlar bo’ladi yoki amerikaliklar uchun beriladigan grantlarni, loyiq kelsa, chet elliklarga ham berishadi. Shunday ekan, sizda har doim grant olish imkoniyati mavjud.
Deyarli barcha dasturlarda grant yutishning asosiy sharti da’vogar talabaning yuqori bilim va malakaga ega bo’lishidir. Ya’ni, o’zingiz o’qimoqchi bo’lgan sohada avval olgan baholaringiz yuqori bo’lishi, o’qishingizga aloqador turli muvaffaqiyatlarga erishganingiz hamda ish tajribangiz katta ahamiyatga ega.
Chet ellik bo’lganingiz uchun, siz ingliz tilini ham a’lo darajada bilishingiz kerak. Xorijlik talabalarga grant berishda, odatda, TOEFL yoki IELTS uchun minimum ball talablarini qo’yishlari mumkin. Ya’ni, o’sha grantni yutib olishingiz uchun kamida ingliz tilidan ular talab qilgan o’sha minimum ballni yiqqan bo’lishingiz kerak.
Xullas, bunisi tushunarli. Ingliz tilini zo’r bilishingiz va o’z sohangizning eng a’lochi o’quvchilaridan bo’lishingiz kerak. Hozir balki maktabda o’qiyotgandirsiz yoki bakalavrlikning dastlabki kursidadirsiz, agar kelajakda AQShda o’qish niyatingiz bo’lsa, tayyorgarlikni boshlash uchun shu yergacha yozganimiz siz uchun kifoya. Universitet yoki grant topish haqida bosh qotirmasdan, ingliz tilingiz ustida qattiq ishlashni boshlang va albatta, o’zingiz o’qiyotgan yoki o’qimoqchi bo’lgan sohaning oldi talabasi bo’ling. Buning uchun faqat qog’ozga qo’yiladigan a’lo baholarning o’zi kifoya qilmaydi. O’zingiz qiziqqan mavzuda ilmiy konferensiyalarda qatnashing, u yerlarda ma’ruzalar qiling, yozgan ilmiy ishlaringizni chop eting va hokazo o’qishdan tashqari turli tadbirlarda faol bo’ling. Bularning barchasi rezyumengizga tushadi va o’qishga hujjat topshirayotgan paytingiz yoziladigan “Statement of Purpose” uchun muhim xom-ashyo bo’ladi.
Ikkinchi bosqich: Grant topish
Bu bosqichni amalga oshirmoqchi bo’lganlar allaqachon ingliz tilini talab darajasida biladi va oq’ishga topshirish uchun barcha kerakli hujjatlarni tayyorlashga qodir deb hisoblaymiz. Agar bunday bo’lmasa, harakatlaringiz besamar ketishi ehtimoli juda yuqori. Chunki grant talablarini bajara olmaysiz. Shuni unutmangki, grantlar, odatda, cheklangan bo’ladi va talabgorlar orasidan eng zo’rlariga beriladi. Shunga tayyor bo’lishingiz kerak.
Avvalo, o’zbekistonlik talabalar uchun maxsus tashkil etilgan yoki o’zbekistonliklar uchun alohida o’rin ajratilgan grant dasturlari bor. Masalan, AQSh hukumati har yili o’tkazadigan turli grant dasturlari. Bu haqda ilgari yozganmiz, bu yerda ularga yana bir bor qisqacha to’xtalib o’tmoqchimiz.
AQSh hukumati grantlari:
O’zbekistonliklar uchun AQSh hukumati tomonidan tashkil etilgan ta’lim grantlari quyidagilar:
J. Villiyam Fulbrayt Ta’lim Granti Dasturi
Bu dastur 50 yildan beri kollej va universitetlarda tahsil olish uchun grantlar ajratib keladi. Bundan tashqari, ushbu dastur doirasida mustaqil tadqiqotchilar AQShda ma’ruza va tadqiqotlar qilishlari uchun o’rtacha to’rt va 10 oylik grantlar ham mavjud. Yana, amerikalik olimlar uchun ham chet mamlakatlarda dars berish imkoni yaratilgan.
Fulbrayt Xorijiy Talaba Dasturi
“Fulbrayt” Xorijiy Talaba Dasturi chet el oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari, yosh mutaxassislar hamda san’at arboblarining AQShda bir yil yoki undan ko‘proq muddat davomida tahsil olishlari va izlanishlar olib borishlariga ko‘mak berish maqsadida tashkil etilgan.
J. Villiyam Fulbrayt Chet Tili O’qituvchilari Uchun Dastur (FLTA)
“FLTA” dasturi ingliz tili o’qituvchilariga o’z kasb mahoratlarini oshirishga, tilni mukammal o’rganishga va o’zlarining AQSh haqidagi bilimlarini oshirishga imkon yaratadi. Dastur doirasida qatnashchilar 9 oylik bakalavr yoki magistrlik darajasi berilmaydigan kurslarda ishtirok etishi mumkin.
Xubert X. Xampri Almashinuv Dasturi
Bu dasturga 1978-yilda asos solingan va u bir yillik o’quv kursini o’z ichiga oladi. Bu grant o’rta yoshdagi mutaxassislarga mo’ljallangan. Ushbu dasturda ishtirok etishni istaganlarga quyidagi talablar qo’yiladi: liderlik qobiliyatiga ega ekanliklarini namoyish etish; mustaqil ravishda tahsil olish uchun AQShning nufuzli universitetlarida yaratilgan barcha imkoniyatlardan to’laqonli foydalanish qobiliyati borligini isbotlash. Qatnashchilarga guvohnoma taqdim qilinadi; dastur doirasida magistrlik yoki doktorlik darajasi berilmaydi.
Yosh O’qituvchilar Malakasini Oshirish Dasturi (JFDP)
“JFDP” 1994-yildan beri faoliyat olib boradi. Ushbu dastur oliy o’quv yurtlarida dars beruvchi o’qituvchilarga malaka oshirish va amerikalik hamkasblar bilan tajriba almashish uchun to’liq bir semestr mobaynida AQSh universitetlari darslarida ishtirok etish va kafedra a’zosi sifatida faoliyat yuritish imkonini beradi. Dasturda qatnashishga xohish bildirganlar gumanitar va ijtimoiy fanlar bo’yicha bir semestrlik dasturda qatnashishlari mumkin.
O’rta maktab ingliz tili o’qituvchilari uchun TEA dasturi
“TEA” dasturi 10 yildan ortiqroq bo’lgan davr mobaynida o’rta maktab ingliz tili o’qituvchilari uchun o’z malakalarini oshirish, o’qituvchilik mahoratlarini chuqurlashtirish va AQSh to’g’risidagi bilimlarini boyitish uchun imkoniyat yaratib kelmoqda.
Diqqat: Ushbu dasturga bu yilgi qabul davom etmoqda. Hujjatlarni qabul qilish muddati 2014-yil 3-martgacha. Dastur haqida to’liq ma’lumot olish uchun shu haqda yozgan maqolamizni o’qing: O’qituvchilar uchun AQShda malaka oshirish imkoniyati
Edmund Maski magistratura dasturi
“Maski” dasturi sobiq Sovet Ittifoqi fuqarolariga AQShda magistraturada tahsil olish imkoniyatini yaratadi. Har yili 250 dan ziyod “Maski” chilar turli sohalar bo’yicha AQShning nufuzli oliygohlarida o’qib kelmoqda. Kamina ham AQShda shu dastur bo’yicha o’qish imkoniyatiga ega bo’lgan.
Izoh: AQSh hukumatidagi moliyaviy qisqarishlar sabab bu dastur hozir talabalarni qabul qilmayapti.
“UGRAD” 1992-yilda tashkil etilgan bo’lib, u sobiq Sovet Ittifoqida yashovchi 1, 2, va 3-kurs talabalarini ta’lim grantlari bilan ta’minlanadi. UGRAD ishtirokchilari AQShning oliy o’quv yurtlarida va kollejlarida bakalavr yoki magistrlik darajasini bermaydigan bir yillik kurslarda tahsil olishadi.
Youth Exchange Opportunity Program (Yoshlar Almashinuvi Dasturi)
Yoshlar Almashinuv Dasturi o’zbekistonlik (15 dan 17 yoshgacha bo’lgan) o’quvchilar uchun AQSh maktablarida bir yil mobaynida tahsil olish imkoniyatini yaratadi. O’quvchilar mezbon oilalarda yashaydi.
Izoh: Bu dastur hozir talabalarni qabul qilmayapti. Noma’lum muddatgacha yopilgan.
Yuqorida tilga olingan grantlar haqida to’liq ma’lumot olish uchun, nomi ustiga bossangiz, elchixona saytiga o’tib, u yerdan batafsil ma’lumot olishingiz mumkin.
Ushbu grantlarining boshqa shu kabi dasturlardan asosiy farqi shundaki, ularda O’zbekistonliklar uchun maxsus o’rinlar ajratilgan va bunga faqat o’zbekistonliklar topshiradi. Demak, raqobat maydoni xalqaro emas, balki bir mamlakat ichidadir. Ammo bu grantni qo’lga kiritish oson bo’ladi, degani emas. Chunki O’zbekistonda AQShga kelib o’qishni istovchi iqtidorli yoshlar juda ko’p va ushbu raqobatda siz ular bilan bellashishingizga to’g’ri keladi.
Bular to’liq grantlar hisoblanadi. Ya’ni, safar qilish haqi, AQShda yashash va o’qish uchun ketadigan xarajatlar to’la qoplanadi. Hatto boshqa viloyatdan imtihon yoki suhbat uchun Toshkentga kelsangiz, ushbu imtihon yoki suhbatdan o’tish-o’tmasligingizdan qat’i nazar, Toshkentga kelib-ketish va shu vaqt mobaynida Toshkentda yashash xarajatlaringiz uchun ham dastur sizga haq to’laydi. Yana bir foydali tomoni, ushbu dasturlar uchun TOEFL va GRE yoki GMAT imtihonlari ham elchixona tomonidan tashkillashtiriladi va imtihon uchun ham haqni ular to’laydi.
Mustaqil grant topish:
Yuqoridagi grantlarda qatnasha olmasangiz yoki omadingiz chopmasa, aslo xafa bo’lmang. Grantlarni mustaqil toping. Ingliz tilini bilasiz, internetda esa hamma axborot mavjud. Nima qidirishni, qayerdan qidirishni va g’ij-g’ij axborot orasidan o’zingizga keraklisini topa olsangiz kifoya.
Biz bu yo’lda sizga yo’l-yo’riq ko’rsatamiz.
Grant topish yoki internetni kovlashdan oldin quyidagi savollarga javob toping:
1. Nima o’qimoqchisiz? Ya’ni, o’qimoqchi bo’lgan yo’nalishingiz, darajasi – bakalavr, magistratura yoki undan yuqori bo’lgan bosqichlar – haqida aniq tasavvurga ega bo’lishingiz kerak.
2. Qayerda o’qimoqchisiz? AQShda siz o’qimoqchi bo’lgan sohada yuzlab, balki undan ham ko’p universitetlar va kollejlar bor. Qayerda o’qishning sizga ahamiyati bormi? Masalan, ko’z ostingizga olib qo’ygan biror universitetingiz, shahar yoki shtat bordir? Okean oshib, bu yurtga kelishni niyat qilgan ekansiz, arqonni uzun tashlang. Imkoniyatingizni kam sanamasdan, yaxshi universitetda o’qishga intiling. Amerikada har bir o’qish joyining reytingi bo’ladi. Universitet tanlashda shunga ahamiyat bering. Ammo reytingi yuqori bo’lgan universitetga kirish ham oson bo’lmaydi. Tayyorgarligingiz shunga yarasha bo’lishi lozim.
Do’stlar yordamiga tayaning:
AQShda o’qiyotgan, o’qigan yoki o’qiydigan do’sti bor do’stlaringiz bo’lsa kerak. Internet avlodi bo’lganingiz bois, balki Amerikadan allaqachon do’stlar orttirgandirsiz.
100 marta eshitgandan ko’ra, bir marta ko’rgan afzal deganlaridek, AQShda o’qigan yoki o’qiyotgan do’stlaringizdan maslahat oling. Ayniqsa, o’zingiz o’qimoqchi bo’lgan sohani yaxshi biladigan odam topib, ulardan maslahat olishingiz juda muhim. Ular sizga universitet topishda yoki bir necha variantlar orasidan qay birini tanlashga yordam beradi.
Internet – eng yaqin do’stingiz:
Internetda siz istagan hamma ma’lumot bor. Yuqorida aytganimdek, kerakli ma’lumotni qanday topishni bilsangiz kifoya.
O’qish sohangiz aniq bo’lgach, endigi ishingiz universitetlarni topish bo’ladi. Bir emas, bir necha universitet topishingiz juda muhim. Qancha ko’p joyga hujjat topshirsangiz, qabul qilinish imkoniyatingiz shuncha ko’payadi. Bir nechtasi sizga qabul taklif etsa, o’zingiz xohlagan birini qabul qilishingiz va qolganlariga rad javobini berishingiz mumkin. AQShda bu tabiiy jarayon.
Universitet qidirganda, albatta, grant beradiganlarini topishingiz kerak. Deyarli har bir universitet vebsaytida moliyaviy yordam (Financial Aid) bo’limi bo’ladi. Shu sahifada ularda talabalar uchun qanday yordam dasturlari bor, ularga qanday hujjat topshirish kerak, hammasi batafsil yozilgan bo’ladi. Biror universitet topganda, birinchi bo’lim shu bo’limini o’qib chiqing. Agar ularda chet ellik talabalar uchun grant yoki moliyaviy yordam berilmasa, boshqa ma’lumotlarni o’qiganingizdan foyda yo’q, bu saytni butunlay tark etishingiz mumkin.
Quyida universitet saytidan moliyaviy yordam va hujjat topshirishga oid zarur ma’lumotlarni qanday topish jarayonini bir universitet misolida tushuntirib beraman.
Deylik, men AQShda Siyosatshunoslik bo’yicha magistratura o’qimoqchiman. Berklidagi Kaliforniya Universiteti (University of California at Barkley) mashhur ekanini bilaman. Saytini topib kiraman: http://berkeley.edu/
Keyingi qiladigan ishim – Siyosatshunoslik bo’limini topish. Bosh sahifadagi Academics degan bo’limning ustiga bosaman, o’ng tomonda ichki bo’limlar ochiladi. Ular orasidan Graduate Division ni tanlayman: http://www.grad.berkeley.edu/
Men magistratura darajasiga topshirmoqchi bo’lganim uchun Gradute Division bo’limini tanladim. Endi bu sahifadan Academic Programs degan ichki bo’limga kiraman: http://www.grad.berkeley.edu/admissions/list.shtml
Chunki men dasturlar orasidan aynan mening sohamni topishim kerak. Yangi sahifada barcha o’quv dasturlari alifbo tartibida chiqadi. Ular orasidan Political Science (Siyosatshunoslik) ni topaman: http://polisci.berkeley.edu/
Endi sahifaning tagidan Graduate Program degan sahifaga kiraman: http://polisci.berkeley.edu/grad/
Chunki magistratura Graduate bo’limida bo’lishini bilaman. Bu sahifadagi ma’lumotlarni o’qib bilamanki, dastur faqat aspirantura (PhD) uchun hujjat qabul qilar ekan. Agar menda faqat bakalavr darajasi bo’lsa, demak, men bu dasturga topshira olmas ekanman, degan tushuncha paydo bo’lishi mumkin. Chunki aspiranturaga kirish uchun avval magistraturani tamomlash kerak. Ammo saytni biroz kovlab, bu yerda bakalvrni bitirganlarni ham qabul qilishlarini va yo’l-yo’lakay magistratura darajasi ham berilishini bilib qolaman. Saytning Ko’p So’raladigan Savollar (FAQ) bo’limiga kirsangiz, shu haqda yozilganini ko’rishingiz mumkin: http://polisci.berkeley.edu/grad/applying/faq/
Faqat aspiranturaga qabul qilamiz, degani faqat magistratura o’qiyman, deganlarni emas, balki magistraturadan keyin aspiranturada ham qolib o’qiyman degan niyatdagi talabalarni olamiz, degan ma’noni anglatadi.
Aspiranturada o’qish niyatim bor. Demak, bu dasturga topshirishim mumkin. Endi qanday hujjat topshirishim kerak, o’qishga kirish talablari nimalardan iborat, shu ma’lumotlarni topishim kerak. Bu haqda ham FAQ bol’imida batafsil yozilgan ekan. Xalqaro talabalar uchun alohida shartlar quyidagi manzilda ekan: http://www.grad.berkeley.edu/admissions/admis_require.shtml#4_2
Bu maqolada ushbu universitetning qabul shartlari haqida batafsil to’xtalmoqchi emasman. Yuqoridagi manzillarga kirib, istasangiz, to’liq ma’lumot olishingiz mumkin. Shuni aytishim mumkinki, O’zbekistonda tan olingan universitetdan bakalavr diplomingiz bo’lsa, TOEFL/IELTS va GRE testlarini topshirgan bo’lsangiz yoki hujjat topshirish muddatigacha topshirish imkoniyatiga ega bo’lsangiz, siz bu yerga hujjat topshirishingiz mumkin. Endi mavzuning eng muhim qismiga kelamiz – grant olish masalasiga.
Saytning o’ng tomonida Funding degan sahifa bor. Shu yerga kiramiz: http://www.grad.berkeley.edu/admissions/admis_require.shtml#4_2
Bu yerdan o’qib bilamizki, deyarli barcha talabalar o’qishni tamomlaguncha o’qish va yashash uchun to’liq grant bilan ta’minlanadi. Jumladan, xalqaro talabalar ham. Bu biz uchun ayni muddao. Endi hujjat topshirish haqidagi ma’lumotlarni yaxshlab o’qib chiqib, hujjat topshirish uchun tayyorgarlikni boshlash kerak.
Boshqa universitetlarni qaraganingizda ham xuddi shu jarayondan o’tasiz. Xalqaro talabalar uchun moliyaviy yordam berilmaydi, deb alohida ta’kidlangan saytlarni o’qib o’tirmasangiz ham bo’ladi. Yuqoridagi misolda kelganidek, barchaga birdek moliyaviy yordam beradigan dasturlarni qarang.
Saytimizni kuzatishda davom eting. Mavzu bo’yicha yanada qiziqarli maqolalarimiz hali oldinda. Doimgidek, savol va mulohazalaringiz uchun ochiqmiz.
2 responses to “AQShda o’qish uchun grant topish yo’llari”
men Andijon Davlat tibbiyot instituti 5 kursda uqiyman. Men AQSHda magistratura uqishni layman. tibbiyot yunalishida grand topa olmayapman. iltimos menga yordam Bering. sizni kutaman
Man 2018yil meditsina yunaloshini bitiraman bilishimcha klinik ordinatura arzonro ekan USA da uqish shuni narxini biliberin.Raxmat