AQSh prezidenti Barak Obama ta’lim krediti olgan talabalarning qarzlarini to’lashni osonlashtirish maqsadida qabul qilingan qonun doirasini kengaytirdi.
“Topganingga yarasha to’la” deb nomlanuvchi va 2010-yilda qabul qilingan qonunga ko’ra, o’qishni qarz bilan bitirgan talabalarning qarzlarni uzishga qaratilgan oylik to’lovi 10 foizdan oshmasligi kerak. Ushbu qoida 2007-yil oktabrdan keyin kredit olgan talabalargagina amal qilar edi.
Obamaning yangi buyrug’iga ko’ra, bundan buyon 2007-yildan oldin qarz olganlar ham ushbu qonun imtiyozidan foydalanish huquqiga ega bo’ladi. Mavjud o’zgarishdan qo’shimcha 5 million talaba naf olishi kutilyapti. Qonundagi o’zgarishlar 2015-yilning dekabridan kuchga kiradi.
Demokratlar saylov kampaniyalarida yoshlarga alohida e’tibor berishga urinadi. O’tgan har ikki prezidentlik saylovida ham yosh saylovchilarning aksariyati Barak Obama uchun ovoz bergan.
Noyabr oyida bo’lib o’tadigan Kongress saylovlarida ham demokratlar partiyasi talabalar e’tiborini qozonishga urinmoqda. Obamaning ta’lim krediti to’lovlarini osonlashtirishga qaratilgan yangi qarori shu maqsadga qaratilgani aytilmoqda.
Respublikachilar Obamaning bu qarorini norozilik bilan kutib olib, talabalarga moliyaviy yordam emas, balki ish kerakligini ta’kidlamoqda.
Talabalar qarzi
Ayni paytda AQSh bo’ylab talabalar zimmasidagi qarz miqdori jami 1,2 trillion dollarga yetgan. Uning 85 foizi hukumat tomonidan kafolatlangan kreditlardir.
2012-yil bakalavr darajasini olgan talabalarning o’rtacha qarzi 29,500 dollarni tashkil etgan. Ularning qarz miqdori yildan yilga oshib bormoqda (1-jadvalga qarang).
1-jadval. Ushbu jadvalda 2006-yilda 500 mlrd. dollar bo’lgan talabalar qarzi bugunga kelib 1 trillion dollardan oshgani va bu miqdor yildan yilga oshib borayotgani aks etgan.Senatda talabalar qarzlarini to’lash jarayonini osonlashtirish haqida yangi qonun muhokamaga qo’yilgan. Agar qabul qilinsa, u talabalarga qarz uchun to’lov foizlarini kamaytirish imkonini beradi. Shunda uy uchun qarz olgan odamlar kabi, talabalar ham, moliya bozoridagi foiz darajalariga qarab qarz foizlarini o’zgartirishlari mumkin bo’ladi. Demokratlar tashabbusi bo’lgan bu qonunning qabul qilinishiga respublikachilar qarshi.