Xitoylik talabalar AQSh maktablarida ham ko’paymoqda.

Posted October 8th, 2014 at 10:58 am (UTC-5)
Leave a comment

FILE - 16-year-old Zhang Kaisheng smiles near Chinese and U.S. national flags at the lobby of Focus Education, a tutoring and consulting agency in Beijing.

Amerika maktablarining yuqori sinf o’quvchilari orasida xitoyliklar tez-tez ko’zga tashlanadi. Chunki boyib borayotgan xitoylik oilalar uchun farzandini AQSh maktablariga yuborish an’anaga aylanib bormoqda.

Greys Lyu 17 yoshda. U Xitoy sharqidagi 14 million kishilik Tianjin shahrida ulg’aygan. Hozir esa AQSh janubidagi bir maktabda yuqori sinf o’quvchisi.

“Bu yerning aholisi juda kam. Odamlar esa juda yaxshi. Bir-birimizni tanimasak ham, salomlashamiz. Odamlar yordam berishga tayyor, atrof-muhit ham ajoyib”, – deydi u.

Greys Jorjiya shtatidagi Rabun Gep nomli shaharchada kichik bir xususiy maktabda o’qiydi. U Amerikada ta’lim oluvchi 30 mingdan ortiq xitoylik o’quvchilardan biri. Aksariyati bu yerda o’qish uchun 50 ming dollargacha to’laydi.

Rabun Gep maktabi direktori Antoni Sigroning aytishicha, bu yerda o’qish uchun hujjat topshirayotgan xitoyliklar soni yildan yilga oshib bormoqda.

“Bizda har doim xalqaro o’quvchilar bo’lgan. Lekin 80-yillargacha xitoyliklar bo’lmagan. O’tgan 15 yil ichida ularning soni oshib ketdi”, – deydi u.

O’tgan yili Amerika maktablariga qabul qilingan xitoylik o’quvchilar soni bundan sakkiz yil oldinga qaraganda 50 barobar ko’p bo’ldi.

Aksariyati Xitoyning o’sib borayotgan o’rta qatlam oilalaridan. Ular farzandlarini sifatli ta’lim olish uchun AQShga jo’natishni xohlaydi. Amerika maktablarini bitirgan bu yoshlar shu yerda qolib, ta’limni oliy o’quv yurtlarida davom ettiradi.

Xitoyliklarning o’qish uchun xorijga yo’l olayotganining yana bir sababi o’z yurtlarida raqobatning juda katta ekanidir. Xitoy universitetlariga kirish murakkab bo’lib, o’qishda, asosan, yodlashga katta e’tibor qaratiladi. Natijada talabalar uchun sport va boshqa mashg’ulotlar bilan shug’ullanishga vaqt deyarli qolmaydi.

Xorijlik talaba va o’quvchilar ko’paygani AQShning ayrim hududlarida norozilikka ham sabab bo’lmoqda. Sigroning aytishicha, Rabun Gep shaharchasida ham e’tirozlar kuzatilgan.

“Xitoyliklar ko’plab kelishni boshlashi bilan shunaqa e’tirozlar bo’ldi. Nega biz dushmanlarimizni o’qityapmiz, degan. Bunday odamlarga aytadigan javobim shuki, biz katta bo’lgan dunyo bilan bu yoshlar ulg’ayayotgan dunyo o’rtasida hozir farq bor. O’quvchilarimiz bugun “Uol Strit Jornel”ni ochib o’qisa yoki “Si-Bi-Es Nyus” kanalini ko’rsa, Xitoy haqida, Shanxay haqida nimadir ma’lumot oladi va ular bu davlatdan allaqachon beshta bolani tanishadi. Tomonlarni ajratib turgan yagona jihat – samolyot safari, xolos. Ular bir-birlari bilan yaqin aloqada bo’lishi kerak”, – deydi u.

17 yoshli Yivet Yang o’zini va xitoylik sinfdoshlarini global kelajakning bir qismi, deb biladi.

“Aytmoqchi bo’lganim, hozir vaziyat o’zgargan, dunyo boshqa. Odamlar istiqbolni o’ylab ish qiladi, o’tmishga qarab emas”, – deydi xitoylik o’quvchi Greys Lyu.

AQSh oliy o’quv yurtlarida xalqaro talabalar soni ham rekord darajada oshgan. 2012-yilning o’zida universitetlarda 800 mingdan ortiq xorijlik talaba tahsil olgan.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.