Rossiya “FLEX” dasturidan chiqqanini ma’lum qildi

Posted October 9th, 2014 at 8:04 pm (UTC-5)
Leave a comment

https://americancouncilsforinternationaleducation.files.wordpress.com/2013/05/flex-logo-white-on-blue-no-years-no-number.pngRossiya hukumati AQSh hukumati tomonidan moliyalanadigan va yuqori sinf o’quvchilariga AQShda bir yil o’qish imkoniyatini beruvchi “FLEX” dasturi doirasida o’z fuqarolarini AQShga ortiq yubormasligini ma’lum qildi. Bunga, matbuot xabarlariga ko’ra, rus o’quvchilaridan birining AQShdan siyosiy boshpana so’ragani sabab bo’lgan.

Har yili Rossiyadan AQShga joriy dastur doirasida 240 atrofida o’quvchi kelardi. Bundan buyon Rossiyaga beriladigan o’rinlarning aksariyati Ukrainaga beriladi. Qolganlari esa Gruziya, Moldova va Armaniston o’rtasida bo’linadi. Bu haqda AQSh Davlat kotibi o’rinbosari Viktoriya Nuland Ukraina safari davomida ma’lum qildi.

Rus matbuoti xabarlariga ko’ra, rossiyalik 16 yoshli o’quvchi gomoseksual bo’lgani uchun Rossiyaga qaytib borsa, tazyiqqa uchrashini da’vo qilib, AQShdan siyosiy boshpana so’ragan. Uning AQShdagi cherkovlardan birida besoqolboz juftlik bilan tanishgani va ular taklifi va yordami bilan shu ishga qo’l urgani aytilmoqda.

Kreml yosh bola bilan yuzaga chiqqan bu mojaroni AQSh va Rossiya o’rtasidagi ta’lim almashinuviga oid mavjud kelishuv shartlariga zid ekanini aytib, o’quvchini zudlik bilan Rossiyaga qaytarishni so’ragan. AQSh esa o’smirning siyosiy boshpana so’rashga haqli ekanini aytmoqda. O’quvchining ishi bo’yicha hali sud qarori chiqmagan.

“FLEX” dasturi 21 yildan beri amalda bo’lib, har yili sobiq Sovet respublikalaridan mingga yaqin yuqori sinf o’quvchilarini ta’lim almashinuvi doirasida AQShga olib keladi. Shu paytgacha Rossiyadan 8000 dan ortiq o’quvchi shu dastur doirasida AQShga kelib o’qib ketgan. Dastur juda raqobatli bo’lib, har yili minga yaqin o’rin uchun 40 mingdan ortiq odam hujjat topshiradi.

Eslatib o’tamiz, O’zbekiston ham bir necha yil oldin “FLEX” dasturida ishtirok etishni to’xtatgan edi.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.