AQSh iqtisodiyoti xalqaro talabalardan qancha foyda ko’radi?

Posted December 3rd, 2014 at 10:41 am (UTC-5)
Leave a comment

Photo SUNY Canton

Photo SUNY Canton

AQSh universitetlarida bir millionga yaqin xalqaro talaba ta’lim oladi. Ularning yarmi Osiyodan, asosan, Xitoydan. Dunyoda eng ko’p xorijlik talabalarga ega universitetlari bilan taniqli Amerika hali-veri bu mavqeni qo’ldan boy beradigan emas.

Xalqaro ta’lim instituti chiqargan ma’lumotga ko’ra, 2013-2014-o’quv yilida AQSh oliy o’quv yurtlarida 886 ming xorijlik talaba tahsil boshlagan. Bu o’tgan yilga qaraganda 8 foizga ko’p. O’n yil oldingi ko’rsatkichdan esa ikki barobar ortiq. Bu raqam, asosan, Xitoydan kelayotgan talabalar hisobiga oshmoqda.

“AQShdagi sinfxonalarda bahslarga, erkin fikr bildirishga, xususan, o’qituvchi-professorlar bilan fikr almashishga alohida e’tibor qaratiladi. Menga shunisi yoqadi”, – deydi Kolumbiya universitetida o’quvchi xitoylik talaba.

Xitoylik talabalar soni keskin oshib borishi bilan birga, Quvayt, Braziliya, Saudiya Arabistoni va hatto Erondan ham ko’plab tolibi ilmlar kelmoqda. AQSh oliy o’quv yurtlaridagi talabalarning 4 foizdan ortig’i xorijliklardir. Ta’lim sohasi vakillari buning Amerika uchun ham foydali ekanini ta’kidlaydi.

“Xalqaro talabalar AQSh sinfxonalariga o’zlarining global qarashlari bilan ijobiy hissa qo’shadi. Chet elda o’qish imkoniga ega bo’lmagan AQShliklar ham ularning xalqaro tajribalaridan bahra oladi”, – deydi Xalqaro ta’lim instituti xodimi Rajika Bandari.

Xorijlik talabalar AQSh iqtisodiyoti uchun ham foydali.

“Shtatlar va mamlakat miqyosida bu yil o’qish, yashash va boshqa xarajatlar uchun ular sarflagan mablag’ 27 milliard dollarni tashkil etdi”, – deydi AQSh Ta’lim vaziri o’rinbosari Evan Rayn.

AQSh Davlat departamenti va Ta’lim vazirligi AQSh talabalarini ham xorijda o’qishga chorlaydi.

“Xorijda o’qigan student chet tilini, 21-asrda muvaffaqiyat qozonish garovi bo’lgan mintaqaviy va global bilimlarni o’rganadi hamda bu Amerikaning raqobatbardoshligini oshiradi”, – deydi Rayn.

2012-2013-o’quv yilida 300 mingga yaqin AQSh talabasi xorijda o’qidi. Yevropa, ayniqsa, Britaniya yoshlar o’qish uchun tanlaydigan asosiy manzil hisoblanadi. So’nggi paytlarda Lotin Amerikasi yoki Xitoyni tanlayotganlar soni ham ortib bormoqda.

“Amerikalik talabalar soni bo’yicha Xitoy mezbon davlatlar ichida beshinchi o’rinda”, – deydi Xalqaro ta’lim instituti vakili Kristina Farrugia.

AQSh eng ko’p chet ellik talabani o’ziga jalb etish bo’yicha peshqadamlikni qo’ldan boy bermayotgan bir paytda, boshqa davlatlar o’rtasida ham ta’lim almashinuvi hajmi ortib bormoqda.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.