Respublikachilar AQSh oliy o’quv yurtlari haqida salbiy fikrda

Posted July 13th, 2017 at 12:42 pm (UTC-5)
Leave a comment

Katta yoshdagi respublikachilarning aksariyati AQSh kollej va universitetlari mamlakatga salbiy ta’sir ko’rsatadi, degan fikrda. 18 va 29 yosh orasidagi respublikachilar esa bu fikrga qo’shilmaydi. Ayni paytda demokratlarning ko’pi Amerika o’quv yurtlariga yuqori baho beradi. Tafsilotlar bilan men Behzod Muhammadiy.

Demokratlar va Demokratlar partiyasiga moyillar kollej va universitetlar haqida ijobiy fikrda. “Pyu” o’tkazgan so’rovga ko’ra, ularning 72 foizi AQSh oliy o’quv yurtlarining jamiyatga ta’siri yaxshi ekanini aytgan.

Ayova Davlat universitetida siyosatshunoslikdan dars beruvchi Deyvid Andersenning aytishicha, respublikachilarning oliy ta’limga salbiy ko’z bilan qarashi ajablanarli emas.

“Respublikachilar partiyasidagi ayrimlar orasida elitaga va intellektuallarga qarshi kayfiyat kuchli”, – deydi u.

Berklidagi Kaliforniya universiteti hamda Vermontdagi Midlberi kollejida konservativ so’zlovchilarga qarshi yuz bergan zo’ravon namoyishlar ham qarashlar o’zgarishi ortidagi sabab bo’lishi mumkin. Andersenga ko’ra, bu voqealar konservativ qarashlarga moyil matbuot tomonidan keng yoritilgan.

Tadqiqotchi ishonchsizlikni o’z talabalari orasida ham ko’rishini aytadi.

“Studentlar biz muhokama qiladigan mavzular bo’yicha keskin fikrlar bildiradi. Universitetda bo’lishning ma’nosi shu o’zi. Lekin e’tiqodingiz faktlarga qanchalik mos kelishi haqida gaplashishimiz kerak”, – deydi u.

Ogayo davlat universiteti professori Uilyam Ivlendning aytishicha, respublikachilar kollej va o’qituvchilarni yoqtirmasligining boshqa sabablari ham bo’lishi mumkin.

“Davlat yordami qirqilishi natijasida o’qish puli oshar ekan, talabalarning qarzga botishi va o’z pulini qoplay olmasligi ham ko’paydi”, – deydi u.

“Pyu” markazi so’rovida ommaviy axborot vositalari respublikachilar orasida o’quv yurtlaridan ham pastroq baho olgan. So’rovda qatnashgan respublikachilar va ularga moyillarning 85 foizi matbuot AQSh uchun salbiy ta’sirga ega, deb hisoblaydi.

Demokratlar orasida bunday qarash tarafdorlari 46 foiz.

“Pyu” tadqiqotchilari so’rovni AQShning barcha shtatlarida 2504 odam ishtirokida telefon orqali o’tkazgan. Suhbatlar ingliz va ispan tillarida olib borilgan.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.