AQSh universitetlari oshxonalardagi taomnomalar tarkibini xalqaro talabalar ta’biga moslashtirishga urinmoqda.
Pokistonlik Jasir Mayat Kolorado universitetiga kelganda, o’quv oshxonalarida musulmonlar uchun halol taomlar yo’q edi. U bu haqda universitetning yotoqxona va oziq-ovqat xizmatlari bo’limiga xabar berdi. Shundan so’ng birinchi semestrning o’zida o’quv yurti oshxonalari menyusiga halol go’shtdan qilingan taomlar qo’shildi, deya hikoya qiladi pokistonlik yigit.
Xalqaro talabalar istak-xohishlarini hisobga olish boshqa universitetlarda ham ko’zga tashlanmoqda.
Turli mamlakat va diniy-milliy kelib chiqishga ega xalqaro talabalarning ovqatga bo’lgan talablari ham rang-barang: musulmonlar halol taom yeyishni istasa, yahudiylar kosher taom bo’lishini xohlaydi. Shuningdek, vegetaryan yoki glyutensiz taom istovchi xo’randalar ham oz emas.
Jasir Mayat musulmonlar uchun halol ovqat so’rab universitetga murojaat qilganda, universitet talabalar o’rtasida so’rov o’tkazdi va uning natijasiga ko’ra, o’quv yurtida diniy e’tiqodiga ko’ra taom yeyishni istovchilar salmoqchi ekani ayon bo’ldi. Shundan so’ng universitet ularning istaklarini inobatga olishga qaror qildi.
Kolorado universitetida hozir talabalar internet orqali taomlarning tarkibini ko’rishi, o’zlari xohlagan taomlarni tanlashi mumkin.
Nebraska-Linkoln universitetining oziq-ovqat xizmati rahbari Pamela Edvardsning aytishicha, xalqaro talabalar o’z mamlakatlaridagi milliy taomlarni ham universitet oshxonalariga taklif etishi mumkin. Bularning barchasi yangi menyu tuzishda hisobga olinadi, deydi u.
Kolorado universitetining qaroridan ruhlangan Mayat boshqa o’quv yurtlaridagi xalqaro talabalarni ham tortinmasdan o’z e’tiroz va takliflarini o’quv yurti mutasaddilariga yetkazishni tavsiya qiladi.