Bugun AQSh ta’lim tizimi dunyodagi eng taraqqiy etgan ta’lim tizimlardan biri sanaladi. Dunyodagi “eng yaxshi oliy ta’lim dargohi” sifatida tan olingan universitetlarning yuztaligiga ham aksariyat AQSh universitetlari kiradi. Aniqroq aytganda, dunyodagi “eng yaxshi oliy ta’lim dargohlari” yuztaligining 30 tasi aynan AQShda joylashgan. Shu sabab ham bu mamlakatga kelib tahsil oluvchilar soni juda ko’p. Hozirgi kunda AQSh dunyodagi xalqaro talabalar eng ko‘p ta’lim olayotgan mamlakat bo’lib qolmoqda.

AQSh Xalqaro Ta’lim Institutining 2018-yilgi “Ochiq eshiklar” hisobotiga ko’ra, bu mamlakatda 2017-2018-o’quv yillarida ta’lim olayotgan xorijlik talabalar soni 1,9 millionni tashkil etib, bu avvalgi yilga nisbatan 1,5 foizga ko’proq demakdir.

AQShda ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni esa 570 nafarni tashkil etib, bu o‘tgan yilgiga nisbatan 12,9 foizga oshgan demakdir. Ularning qariyb 50 foizi bakalavr, qolganlari magistrlik yoki turli dastur va kurslarlarda o‘qimoqda.

“AQShning eng nufuzli universitetlaridan birida tahsil olgan o’zbekistonlik sifatida aytishim mumkinki, AQSh oliy ta’lim tizimining dunyodagi yetakchiligiga asosiy sabab bu oliygohlarning juda katta e’tiborni ilmiy-tadqiqot ishlariga qaratganidadir. Masalan, Jon Xopkins Universiteti turli ilmiy tadqiqot ishlari, loyihalari va dastirlariga 2016-yilda  2,43 million dollar ajratgan bo’lsa, Pensilvaniya Universiteti 2017 yilda 1,37 million dollar sarflagan. Yana aytish lozimki, o’qituvchi-professorlarga ilmiy tadqiqot bilan shug’ullanishlari uchun keng imkoniyatlar berilgan. Oliygohlarda ortiqcha pedogogik yuklamalar mavjud emas. Ilmiy izlanish olib borishni istaganlar uchun mavzu tanlashda erkinlik mavjud, ya’ni mavzular tegishli instansiyalar tomonidan begilab berilmaydi yoki faqatgina ma’lum bir yo’nalish doirasidagina chegaralanish talab etilmaydi. Izlanuvchi o’z qiziqqan mavzusida izlanishlar olib boradi. Mamlakatimizda ham ilmiy-tadqoqot olib borish tizimini xorij tajribasini o’rgangan holda rivojlantirish zarur”, – deydi AQShning Jorj Vashington Universitetida Biznes boshqaruvi bo’yicha magistraturada tahsil olib qaytgan o’zbekistonlik Nabijon Tog’ayev.

AQSh Savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, xalqaro talabalar o‘qish puli, turar-joy va oziq-ovqat xarajatlari orqali 2017-yilda AQSh iqtisodiyotiga 42,4 milliard dollar foyda keltirgan.

AQShda ta’lim olayotgan xalqaro talabalarning aksariyati Xitoydan bo’lib, o’tgan o’quv yilida Qo’shma Shtatlarda 363 ming xitoylik talaba ro’yxatdan o’tgan. Bu esa avvalgi yilga nisbatan 3,6 foizga oshgan demakdir. Ikkinchi o’rinda esa Hindiston turibdi; 186 ming hindistonlik talaba tahsil olgan, bu oldingi yilga nisbatan 5,4 foizga ko’proq demakdir. O’tgan o’quv yilida, ayniqsa, Nepaldan kelib o’quvchilar soni birdaniga oshib, avvalgi yilga nisbatan 14,3 foizga ko’tarilgan. Saudia Arabistonidan tahsil olishga keluvchilar soni esa aksincha eng ko’p qisqarib, 54,555 tani tashkil etgan. Bu sa 15,5 foizga pasaygan demakdir.

Shtatlar ichida xalqaro talabalarga eng ko’p “mezbon”lik qilayotgan shtat bu – Kaliforniya bo’lib, bu yerda avvalgi o’quv yilida 162 ming xalqaro talaba ta’lim olgan. Ikkinchi o’rinda Nyu-York shtati turadi. Bu yerda 121 260 talaba ro’yxatdan o’tgan.

Universitetlar ichida esa o’z bag’riga eng ko’p xorijlik talabani sig’dirgan oliygoh bu Nyu-York universitei bo’lib, u yerda 17 550 talaba tahsil olgan. Ikkinchi o’rindagi Janubiy Kaliforniya universitetida esa 16 075 talaba ta’lim olgan.

AQShda o’tgan yil ro’yxatdan o’tgan jami xalqaro talabalarning 442 800 nafari bakalavr darajasini, 383 ming nafari magistr darajasini olish uchun o’qigan bo’lsa, yana  65,630 nafari turli dastur va kurslarda tahsil olgan.

Bugun AQShda ta’lim oluvchi xalqaro talabalarning aksariyati injener-muhandis, matematika va kompyuter texnologiyasi, ijtimoiy sohalar yo’nalishida o’qib, ko’proq qismi (58.6) o’z mablag’i hisobiga ta’lim oladi.

Shu o’rinda bir savol tug’ilishi mumkin.  Bu sehrli diyor dunyodagi ko’plab kishilarni o’ziga rom etadi. Lekin amerikalaklar ham xorijiy davlatlarga tahsil olgani boradimi? Hisobotlarga ko’ra, o’tgan o’quv yilida 332 727 amerikalik fuqaro xorijga, xususan, Buyuk Britaniya, Italiya, Ispaniya, Fransiya va Germaniya davlatariga tahsil olishga borgan. Xorijda o’quvchi amerikaliklarning aksariyati qisqa muddatli dastur va kurslarda o’qigan.

Ha, xorijda o‘qish ko’pgina hollarda nafaqat malakali mutaxassis bo’lib yetishish, balki o‘sha davlat tilini oson o‘zlashtirish, chet el madaniyati bilan yaqindan tanishish, dunyoqarashni kengaytirish, xorijdan do‘stlar orttirish imkoniyatlarini ham beradi.

Oydin Sadullaeva