Har bir muvaffaqiyat ortida nima turadi, bilasizmi? AQShda nufuzli oliy o’quv yurtida to’liq grant bilan o’qish imkoniyatini qo’lga kiritish uchun, avvalo, nima qilish kerak? IELTSdan 7 ball olish kerakmi yoki qattiq mehnat qilish kerakmi?

Albatta, bular muhim. Lekin bulardan ham oldin sizda ishtiyoq bo’lishi kerak. IELTSdan 7 ball olishingizni ta’minlaydigan qattiq mehnatni sevib qilshingiz kerak. Bu sevgini esa sizga motivatsiya beradi. Busiz tezda zerikib qolasiz; o’qish og’ir mashaqqatga aylanadi.

Litseyda o’qib yurganimda mening uchun dunyodagi eng ulkan orzu Toshkentda o’qish edi. Rejalarimda bu marradan keyingi hayotga hali o’rin yo’q edi.

Bir sutkada 15-20 soatgacha dars qilardim. Qabul imtihoniga tayyorlanish uchun hatto sahar 3 da turib dars qilgan paytlarim bo’lgan. Ertalab kallaga yaxshi kiradi, deyishardi. O’qishga ham kirdim, Toshkentga ham keldim. Qarasam, hali hayot oldinda ekan…

Shundan keyin ham ko’p muvaffaqiyatlarga erishdim, lekin hech qachon abiturientlik davrimdagidek qattiq o’qimaganman. To’rt yillik Toshkentdagi o’qishni abiturientlik davrida olingan bilimlar bilan tamomlaganman, desam xato bo’lmasa kerak.

Universitetda o’qishni boshlaganimdan keyin ingliz tilini tashlab qo’ydim. Chunki o’rganishga ishtiyoq, sabab yo’q edi.

O’sha paytlar “Tasvir” degan gazeta bo’lardi. Bir kuni shu gazetada, adashmasam, IREX orqali AQShda o’qish uchun hujjat qabul qilinayotgani haqida kichkina e’lon o’qib qoldim. Shundan so’ng ingliz tili darslarimni yana davom ettirishga ishtiyoq paydo bo’ldi. Yana o’qishga tushib ketdim. Chunki endi sabab bor edi.

Aytmoqchi bo’lganim nima? Oldingizga maqsad qo’ying va shu maqsadga erishish uchun qattiq mehnat qiling.

Do’stlaringizning o’yin-kulgi, kayfu safo qilib yurgani sizni chalg’itmasin. Bugun kamroq uxlarsiz, kamroq choyxonada o’tirarsiz, lekin ertaga bularning hammasiga sizda yetali vaqt ham, mablag’ ham bo’ladi. Bir-ikki yil qiynalasiz, lekin keyin bir umr rohat-farog’atda yashashingiz uchun zamin yaratasiz. Shuning uchun qisqa muddatli mashaqqat va rohat-farog’at sizni chalg’itib qo’ymasin.

AQShda yuzlab universitetlar bor. Deyarli barchasida qaysidir darajada grant dasturlari bor. Aksariyatida xorijliklar uchun ham grant yoki moliyaviy yordam beriladi. Demak, siz ularning har birini qo’lga kiritish imkoniyatiga egasiz. Nima qilish kerak? Mehnat qilish kerak, xolos.

Umumiy talablar barcha joyda bir xil: IELTS/TOEFLdan minimum ball, maktab/kollej/litsey yoki bakalavr diplomi yoki GRE/GMAT testlari (magistratura uchun).

Sizning mendan yoki AQShda o’qiyotgan boshqa o’zbekistonliklardan hech qanday farqingiz yo’q. Kallamiz ham, kalla ichidagi miyamiz ham, miya ichidagi to’qimalarimiz ham bir xil.

Farqi shundaki, qaysidir davrda bizning oldimizda AQShda o’qish imkoniyati chiqib qoldi va bu imkoniyatdan unumli foydalana oldik. Sizda ham shu imkoniyat bor. AQShda o’qish uchun bir emas, ikki emas, yuzlab imkoniyat bor va bu imkoniyatlar har yili keladi. Siz shu imkoniyatga o’zingizni tayyorlasangiz bas. Imkoniyat sizning tayyor bo’lisihingizni kutib turmaydi, siz o’zingizni unga tayyorlashingiz kerak.

Demak, mehnatdan, o’qishdan to’xtamang.

Mavzuga aloqador maqola: AQShda o’qish uchun grant topish yo’llari