Ish topish uchun amaliyot qanchalik muhim?

Posted January 1st, 2020 at 11:59 am (UTC-5)
Leave a comment

Talabalar kelajakda qanday sohada ishlashi, nima ish qilishi haqida o’qish paytidayoq jiddiy o’ylashi kerak.

Nyu-York shtatidagi Klarkson universiteti rasmiysi Margo Jenkinsning aytishicha, ko’plab talabalar kelajakda qanday ish xohlashlari haqida aniq tasavvurga ega emas.

U talabalarga o’qish paytidayoq tajriba oshirishni tavsiya qiladi.

“Nimaga qiziqasiz? Hozirdan shuning ortidan borishingiz kerak. Biz talabalarni to’g’ri yo’lga yo’naltirish uchun shu yerdamiz”, – deydi Jenkins.

AQShda ko’plab universitetlarning karyera markazlari bor. Yangi talabalar o’qishga kirishi bilan shunday markazlarga bog’lab qo’yiladi. Qanday ish xohlashlari haqida aniq tasavvurga ega bo’lmaganlarga markazda alohida maslahat va tavsiyalar beriladi.

Talabalar bu yerda qanday ish topish, rezyume yozish, intervyuga tayyorlanish kabi mavzularda treningdan o’tadi.

Universitetlar mamlakat bo’ylab ko’plab ish beruvchilar bilan yaqin aloqada bo’ladi. Shuningdek, bitirib ketgan sobiq talabalar ham ba’zan universitetga kelib yoki masofadan turib ish topish bo’yicha maslahat berib turadi.

Mutaxassislarga ko’ra, o’qish paytida amaliyot (internship) o’tagan talabalarning bitirgandan so’ng ish topish imkoniyati ancha yuqori bo’ladi.

Illinois Department of Revenue employment recruiters speak to students looking for a full time jobs or an internship during The…
Illinoys universitetida o’tkazilgan ish yarmarkasi, 2014-yil, 25-sentabr

 

Amaliyot davrida talabalar ish joyi bilan yaqin aloqa o’rnatadi va ko’pincha, bitirgandan so’ng shu talabalarga amaliyot o’tagan joyidan ish taklifi beriladi. Ish beruvchi uchun ham amaliyot davri xodimning imkoniyatlarini o’rganish uchun yaxshi imkoniyat hisoblanadi. Agar talaba o’zini yaxshi ko’rsatsa, ishga qabul qilinish ehtimoli yuqori bo’ladi.

Ba’zi amaliyotlar yil bo’yi davom etishi mumkin, lekin ko’pincha ular yozgi ta’til davomida bo’ladi. Ba’zi amaliyotlar hech qanday to’lovsiz bo’lsa, boshqalari talabaga ish haqi to’lashi mumkin.

Jenkinsning aytishicha, Klarkson universitetida talabalarning 90 foizi o’qish paytida amaliyot o’taydi.

“Amaliyot talabalar uchun hech qanday xatarsiz 2-3 oy biror ishda o’zlarini sinab ko’rish uchun hayotlaridagi yagona imkoniyatdir”, – deya qo’shimcha qiladi u.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.