Yoshlar uchun imkoniyat: AQSh universitetlariga sayohat qiling

Posted February 6th, 2020 at 1:55 pm (UTC-5)
Leave a comment

AQShda o’qishni xohlaysizmi? Buning uchun ishni nimadan boshlashni, anketa va hujjatlarni qanday tayyorlashni, qaysi universitetni tanlashni bilmayapsizmi?

Mana shu ishlarning hammasiga yordamni AQShning o’ziga borib olish imkoniyati bor. Ya’ni, AQShda bir oygacha vaqt o’tkazib, Amerika universitetlariga tashrif buyurib, talaba bo’lish yo’l-yo’riqlarini amerikaliklarning o’zidan o’rganib kelish imkoniyati mavjud. Bularning barchasi mutlaqo bepul amalga oshiriladi. Samolyot biletidan tortib, borish-kelish va Amerikada yashash xarajatlarigacha to’loq qoplanadi.

Albatta, kim ham buni xohlamaydi, deysiz. Keling, endi shu dasturda qatnashish shartlari bilan tanishamiz.

“EducationUSA Academy” dasturi Amerika universitetlarida ikki haftadan to’rt haftagacha vaqt o’tkazish imkoniyatini beradigan dastur bo’lib, ingliz tilini o’rtacha yoki yuqori darajada biladigan 15 va 17 yosh orasidagi O’zbekiston fuqarolariga mo’ljallangan. Demak, bu dasturda qatnasha olishingiz uchun yoshingiz 15 va 17 orasida bo’lishi va ingliz tilini kamida o’rtacha, ya’ni muloqot qila oladigan darajada bilishingiz kerak.

Dasturga qabul qilinganlar, asosan, bitta universitetda vaqt o’tkazadi, lekin unga yaqin bo’lgan boshqa universitet va kollejlarga ham olib boriladi.

Quyidagi universitetlar 2020-yil uchun dastur ishtirokchilarini qabul qiladi:

Dasturga qabul qilinsangiz, tepadagi universitetlardan birida bir oygacha vaqt o’tkazasiz. U yerda yashaysiz; xalqaro talabalar bilan ishlaydigan universitet xodimlari sizga hujjatlarni qanday topshirish, o’qish uchun moliyaviy yordamni qanday topish kabi mavzularda ma’lumot beradi. U yerda talabalar bilan ham uchrashib, yangi do’stlar orttirish, Amerika hayoti bilan yaqindan tanishish va ingliz tilida muloqot qilish malakangizni oshirish imkoniyatiga ham ega bo’lasiz.

Dasturda qatnashish mutlaqo bepulmi?

AQShga borish-kelish va u yerda yashash xarajatlari to’liq qoplanadi. Qo’shimcha kundalik xarajatlar uchun qo’lingizga pul ham beriladi. Ehtimoliy xastaliklar uchun tibbiy sug’urta bilan ham ta’minlanasiz. Xullas, Amerikaga borishni xohlaydigan yoshlar uchun juda zo’r imkoniyat.

Dastur ishtirokchilariga qo’yiladigan talablar

Agar dasturda ishtirok etishni xohlasangiz, quyidagi talablarga javob berishingiz kerak:

  • O’zbekiston fuqarosi bo’lish;
  • 15 va 17 yosh orasida bo’lish;
  • Maktab yoki kollej/litseyning yuqori sinflarida o’qiyotgan bo’lish;
  • Ingliz tilini muloqot qila oladigan darajada bilish;
  • AQSh universitetlarida o’qish niyatiga ega bo’lish;
  • Dasturni bitirib qaytganingizdan keyin O’zbekistondagi maktab yoki litseyingizda kamida yana bir semestr yoki chorak o’qishingiz kerak; ya’ni maktab yoki litsey/kollejni bitirganlar topshira olmaydi;
  • O’qishdagi baholaringiz yaxshi bo’lishi;
  • AQShga ilgari bormagan bo’lishingiz;
  • Mustaqil, mas’uliyatli, o’ziga ishonadigan, maqsadlaringiz jiddiy bo’lishi;
  • Universitet yotoqxonasida yashashga tayyor va boshqalarning madaniy-ijtimoiy farqli qarashlarini hurmat qiladigan bo’lishingiz lozim.

 

Eslatma: 2020-yil 1-iyunda 15 yoshdan kichik bo’lsangiz yoki 17 yoshdan o’tib ketsangiz, bu dasturga topshira olmaysiz.

Dasturda qatnashish uchun quyidagi hujjatlarni topshirish kerak:

  • To’ldirilgan anketa (DOC 78 KB)
  • Maktab baholari varaqasining ingliz tiliga tarjima qilingan va maktab (yoki kollej, litsey) muhri bilan tasdiqlangan nusxasi (so’nggi chorak va o’tgan yilning baholarini topshirish kerak)
  • Pasport nusxasi.

Qayerga topshirish kerak?

Yuqoridagi hujjatlar elektron pochta orqali Tashkent-Advising@state.gov manziliga 2020-yil 20-fevral mahaliy vaqt bilan 18:00 gacha yuborilishi kerak. Email sarlavhasiga “EducationUSA Academy” deb yozishni unutmang.

Hujjatlar faqat email orqali olinadi. Ularni ko’tarib elchixonaga borib yurmang.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.