Talabalarning o’qishni tashlab ketishi kelajakda ularning pul topish salohiyatiga ham salbiy ta’sir ko’rsatadi. Talabalar kliring-tadqiqot markazi raqamlariga ko’ra, AQShda o’tgan yili 36 million kishi o’qishni bitira olmagan. Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarda esa 2016-yilda uch million odam o’qishni keyinga surgan. 

Jahon Banki tashkiloti ma’lumotlariga ko’ra, 2017-yilda Janubiy Amerika mamlakatlarida 25-29 yoshdagilarning deyarli yarmi o’qishni tamomlay olmagan. Janubiy Afrikada ham shunga yaqin raqamlar.

AQShdagi “Strada” nodavlat tashkiloti xodimi Nikol Torpey-Seyboning aytishicha, talabalarning o’qishni tashlashi sabablari turlicha. Bunda oliy ta’lim dasturining qiyinligi asosiy omil emas.

Tashkilot “Gallup” jamoatchilik fikrini o’rganish markazi bilan hamkorlikda o’qishni tashlagan 42 ming amerikalik bilan gaplashib shuni aniqlaganki, aksariyat yoshlar ham o’qib, ham ishlashga qiynalgani uchun birini, ya’ni ishni tanlashga majbur bo’lgan.  Oliy ta’lim qimmatligi va olinayotgan bilim ish topish uchun asqatishiga ishonchsizlik ham sabablar sirasiga kiradi. Universitet yoki kollejni tashlaganlarning juda ozchiligi o’qishini qayta tiklaydi.

“Ko’pchilik o’zini o’qishdan “chiqib ketgan” hisoblaydi yoki o’qishni tiklasa baribir yana xuddi shu muammolarga duch kelib, o’qishni takror tashlashga majbur bo’lishdan qo’rqadi”, – deydi Nikol Torpey-Seybo.

Tadqoqotchining fikricha, asosiy muammo nafaqat talabalarning yaxshi haq to’lanadigan ish topa olmasligida, balki ta’lim kreditini to’lashga yetadigan pul topa olmasligidadir.

Florida universitetida professor yordamchisi Jastin Ortagusning aytishicha, kam daromadli oiladan bo’lgan talabalar bir vaqtning o’zida ham o’qib, ham ishlashga majbur bo’ladi. Bu esa o’qish chala qolishiga sabab bo’ladi.

Jamoat kollejlarida ko’p hollarda kam daromadli oila farzandlari tahsil oladi. Aksariyati ishlaydi. Hukumatning hisobotlariga qaraganda, bunday kollejlarda tahsil oluvchi yoshlarning atigi 30 foizigina o’qishni tamomlay oladi.

Florida universiteti talabalarni o’qishga qaytarish mavzusida yaqinda bir tajriba o’tkazdi. Ortagusning aytishicha, o’qishni tashlagan 27 ming sobiq talabaga universitet o’qishni tiklashlari mumkinligi haqida xabarnoma yuborgan. O’qishni tiklaganlarga birinchi dars bepul o’tilgan. Shundan so’ng, o’qishni tiklaganlar soni 21 foizga oshgan. Xulosa shuki, hattoki ozgina moliyaviy yordam ham ijobiy natija beradi.

Nikol Torpey-Seybo fikricha, bunday tajribalar yaxshi, lekin Amerikada ta’lim tizimi katta islohotlarga muhtoj. Uning aytishicha, onlayn ta’limga yoziluvchilarning soni bejiz oshayotgani yo’q. Ish soatidan tashqari vaqtda olib boriluvchi kurslarni ko’paytirish kerak. Shu bilan birga, ta’lim muassasalariga ko’proq mablag’ ajratish kerak, toki ular ham yordamga muhtoj talabalarga imtiyoz bera olish imkoniyatiga ega bo’lsin.