Koronavirus davrida ta’lim: xalqaro talabalarni oldinda nimalar kutyapti?

Posted July 16th, 2020 at 5:13 pm (UTC-5)
Leave a comment

Ko’pchilik koronavirus pandemiyasi 2020-yil yoziga borib sekinlashi yoki to’xtashini umid qilgan edi. Ammo unday bo’lib chiqmadi.

Virus kuchaygandan kuchayib bormoqda. AQShda prel o’rtalarida pandemiya cho’qqisiga chiqqani taxmin qilingan edi. Ammo iyul oyiga kelib ham aprel-may oylariga qaraganda har kuni ikki barobar ko’proq odam kasallanishda davom etyapti. O’zbekiston kabi ba’zi davlatlarda esa pandemiya endi boshlangandek.

Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya va Yevropaning ba’zi mamlakatlari pandemiya ustidan nazorat o’rnata oldi. Ammo ularda ham hayot o’z iziga tushdi, deyishga hali erta. Ehtiyotkorlik va cheklov choralari hanuz mavjud.

Avgust-sentabr oylaridan boshlab dunyodagi barcha maktab va oliy o’quv yurtlarida navbatdagi o’quv yili boshlanishi kerak. Bu yil darslar qanday bo’ladi?

Darslar odatdagi tartibga qaytadimi?

Ko’p ehtimol bilan o’quv yurtlarida  kuzgi semestrlar yana onlayn tartibda o’tadi. AQShning ko’plab universitetlari shunday yo’l tutishini allaqachon e’lon qildi. Boshqa davlatlar ham shu yo’ldan boryapti.

AQSh Immigratsiya va chegara nazorati agentligi 6-iyul kuni ta’lim to’liq onlayn bo’ladigan universitetlarda xalqaro talabalarning AQShdan turib o’qishini taqiqlovchi qaror chiqarishi jamoatchilik orasida keskin noroziliklarga sabab bo’ldi. Natijada oradan bir hafta o’tib hukumat bu qaroridan voz kechishga to’g’ri keldi. Ya’ni, o’quv yurtlarida darslar to’liq onlayn rejimda o’tsa ham, xalqaro talabalar AQShga kelishi yoki allaqachon AQShda bo’lsa, shu yerda turib o’qishini davom ettirishi mumkin.

Universitetlarga qabul qanday bo’ladi?

Qabul bo’yicha tartib o’zgargani yo’q. Zotan, shu paytgacha ham talabalik uchun hujjatlar deyarli hamma joylarda onlayn tartibga ko’chgan, ya’ni internet orqali qabul qilinadi. Demak, o’qish uchun hujjatlarni topshirish odatdagidek tartib va muddatlarda bo’lib o’tadi, ammo viza olish va o’qishingiz joylashgan mamlakatga sayohat qilish amaldagi cheklovlar qanchalik yumshashiga bog’liq.

Masalan, siz o’qishga qabul qilingan taqdiringizda ham, viza olishingiz uchun siz yashab turgan mamlakatdagi elchixonalar fuqarolarni qabul qilayotgan bo’lishi kerak. AQSh Davlat departamenti tarqatgan ma’lumotga ko’ra, 15-iyuldan boshlab xorijdagi AQSh konsulliklari o’z faoliyatini boshlashi ko’zda tutilgan. Ammo bu mahalliy sharoitga bog’liq ekani ham qayd etilgan. Ya’ni, masalan, O’zbekistonda karantin choralari kuchaytirilib, aholi va idoralar faoliyatiga cheklov qo’yilgan bo’lsa, AQSh elchixonasi ham shu tartibga rioya qiladi. Demak, bunday holatda, viza olish imkoniyatingiz kechikishi mumkin.

Pandemiya davrida o’qish uchun sayohat qilish mumkinmi?

Viza olgan taqdiringizda ham, o’qishingiz joylashgan mamlakatga sayohat qila olishingiz uchun o’sha davlatga havo qatnovi bo’lishi kerak. O’zbekistonda iyun oyidan havo qatnovlari qayta tiklanishni boshlagan edi, ammo mamlakatda pandemiya bilan bog’liq vaziyat og’irlashgani bois qatnlovlar yana kamaytirilmoqda. Demak, hozirgi sharoitda mamlakatdan chiqa olishingiz ehtimoli kam. Mamlakatdan xorijga qatnovlar mavjud bo’lgan taqdirda ham, sizni o’qishga borishingiz lozim bo’lgan mamlakat qabul qila olishi ham alohida masala. Chunki ba’zi davlatlar koronavirus keng tarqalgan mamlakatlardan bo’lgan fuqarolarni kiritish bo’yicha cheklovlar o’rnatgan. Demak, siz safarni rejalashdan oldin shu ma’lumotlarni ham o’rganishingiz kerak.

Qachon hammasi avvalgi normal holatga qaytadi?

Bu narsa pandemiyaning tugashi bilan bog’liq. Ekspertlarning aytishicha, koronavirusga vaksina topilmaguncha amaldagi cheklovlar turli darajada butun dunyoda amal qiladi. Yuzlab vaksinalar ustida hozir sinovlar davom etyapti. Ular keyingi yilning boshlarida tayyor bo’lishi umid qilinmoqda. Vaksina chiqqan taqdirda ham, uni yetarli miqdorda tayyorlab, butun dunyoga tarqatish va pandemiyani to’liq to’xtatish uchun kamida 1-2 yil vaqt kerak.

Demak, 2021-yil oxirigacha dunyo pandemiya bilan bog’liq cheklovlardan to’la xoli bo’lmasligi aniq.

Men nima qilay?

Siz hozir qilayotgan ishingizni to’xtatmang. Ya’ni, o’qishni, imtihonlarga tayyorlanishni davom ettiring. Ingliz tilingiz ustida ishlang, universitet va grantlarga hujjat topshirishni rejalagan bo’lsang, rejangizni davom ettiring. Barcha davlatlarda va universitetlarda hoir ham qabullar davom etyapti. Ammo viza olishingiz yoki safar qilib, o’qishingiz joylashgan mamlakatga bu yil bora olishingiz savol ostida.

Juda bo’lmaganda, birinchi yil ta’limini o’z vataningizda turib onlayn amalga oshirasiz. Keyingi yil yo’llar ochilganda universitetga borib qo’shilishingiz mumkin. Yoki qabul qilinsangiz, o’qishni boshlashni bir yil keyinga qoldirishni universitetingizdan so’rashingiz mumkin. Odatda, ayniqsa, hozirgi pandemiya bilan bog’liq sharoitda ko’plab oliy o’quv yurtlari xalqaro talabalarga yengilliklar yaratib bermoqda.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.