Koronavirus va sport: universitetlar millionlab dollar yo’qotmoqda

Posted August 5th, 2020 at 2:43 pm (UTC-5)
Leave a comment

AQShdagi ko’plab kollej va universitetlar koronavirus pandemiyasi tufayli bekor qilingan sport tadbirlaridan millionlab dollar daromad yo’qotmoqda.

Milliy kollejlar sport assotsiatsiyasi (NCAA) ma’lumotiga ko’ra, har yili universitetlar sport o’yinlariga chiptalar sotish va aksiyalar o’tkazishdan bir milliard dollarga yaqin daromad qiladi. Basketbol, ​​futbol va beysboldan tushadigan pul o’quv yurtlari amaliy byudjetining yarmidan ko’prog’ini tashkil qiladi.

“Kollej sporti uchun pandemiyadan yomonroq davr bo’lmagan, chunki u basketbol bo’yicha erkaklar musobaqasi boshlanishi arafasida yuz berdi. Bu musobaqa assotsiatsiya uchun eng katta daromad manbaidir”, – deydi  kollej sporti bo’yicha mutaxassis Kristi Dosh.

“Bu yil basketbol bo’yicha erkaklar musobaqasining o’tkazilmasligi kollej sporti uchun katta yo’qotish. Agar kuzda futbol ham ham qoldirilsa, vaziyat yanada yomonlashadi”, – deya qo’shimcha qiladi u.

Sportdan tushgan pullarning bir qismi moliyaviy yordam orqali talabalar uchun ishlatiladi. Shunday grantlar asosida 20 000 dan ortiq xalqaro sportchi talaba o’quv yurtlariga qabul qilingan. Kollejlar har yili bunday talabalarga 2,9 milliard dollardan ortiq stipendiya to’laydi.

“Men mavsum davomida sport musobaqalarida ko’rsatgan natijalarim evaziga o’qishga kirish uchun stipendiya olishga ishonchim komil edi”, – deydi ogayolik yuqori sinf o’quvchisi Ira Grem.

“Ammo mavsum yakunlanmaganligi sababli bu amalga oshmadi. Hanuz grant olishdan va kollej darajasida musobaqalarda qatnashishdan umidimni uzganim yo’q” – deya qo’shimcha qiladi u.

Ba’zi kollejlar kuzgi futbol mavsumini davom ettirishni rejalamoqda. Ammo sog’liqni saqlash mutaxassislari bu sportchilar sog’ligini xavf ostiga qo’yishi haqida ogohlantirmoqda.

Klinik laboratoriyalar va diagnostik testlar bo’yicha ekspert Tomas Xuard shu yozda kollej va universitetlarga nafaqat sportchilar uchun, balki barcha talabalar uchun test sinovlarini o’tkazish qobiliyatini oshirishga yordam beruvchi “Campus Health” loyihasini boshladi.

“Test o’tkazish bo’yicha ularda zarur resurslar mavjud emas. Bu xavotirli, chunki koronavirus aniqlanmagan birorta futbol jamoasini bilmayman”, – deydi u.

Kollejlar futbol mavsumini o’tkazishi sog’lik uchun xavflarni oshirishiga qaramay, o’zi ham sobiq futbolchi Xuard mavsumni bekor qilish o’quv yurtlari uchun katta moliyaviy qiyinchiliklarni keltirishini tushunadi.

“Siz tasavvur qilganingizdek, universitetlarga iqtisodiy ta’siri juda katta. Menimcha, futboldan tushadigan daromad Texas uchun 500 million dollarga teng”, – deydi u.

“Chiptalar egalarini nima qilasiz? Siz allaqachon chipta sotib olgan odamlarga nima deysiz? Siz bu pullarning hammasini qaytarib bera olasizmi yoki uni boshqa joyga sarflab bo’ldingizmi?” – deya so’raydi u.

Ko’plab nufuzli universitetlar kuzgi sport o’yinlarini bekor qildi. Boshqalari esa hali bir qarorga kelgani yo’q.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.