2021-yil xorijlik talabalar AQShda qanday o’qiydi?

Posted January 16th, 2021 at 10:51 am (UTC-5)
Leave a comment

AQSh oliy o’quv yurtlarida tahsil oluvchi xalqaro talabalar 2021-yil bahorgi semestrni ham onlayn davom ettiradigan bo’lyapti. Demak, koronavirus pandemiyasi tufayli 2020-yil mart oyida qabul qilingan qoida bu yil ham amal qiladi. Bu haqda AQSh Immigratsiya va bojxona nazorati agentligi so’zlovchisi ma’lum qildi.

Pandemiyadan oldin AQSh o’quv yurtlarida ro’yxatdan o’tgan xorijliklar talabalik vizasi maqomini saqlab qolish uchun Amerikada jismonan bo’lishi talab etilar edi. Pandemiya boshlangandan beri ularga xorijdan turib ham AQShda oq’ish huquqi berildi.

2021-yilgi tartib haqida hali rasman e’lon qilinmadi, ammo xalqaro ta’lim tashkilotlari va o’quv yurtlari xorijliklarga tartib o’zgarmagani haqida xabar bermoqda.

Hozir o’qiyotgan talabalarda bu qanday ta’sir qiladi?

2020-yil 9-martgacha talabalik vizasini qo’lga kiritgan xorijliklar AQShda yoki o’z mamlakatida turib o’qishni internet orqali davom ettirishi mumkin. O’qish muddati tugaguncha ularning hozirgi immigratsion maqomi saqlanib qoladi. Darslar to’liq onlayn o’tilayotgan bo’lsa ham, ular istalgan payt AQShga qaytib kira oladi.

2020-yil 9-martdan keyin universitetga qabul qilinganlar esa barcha kurslarni o’z mamlakatlarida turib onlayn olishlari mumkin, ammo AQShga kira olishlari uchun kamida bitta dars universitetda, ya’ni sinfxonada o’tilishi kerak.

Yangi xalqaro talabalar nima qiladi?

2021-yil bahorgi semestr uchun o’qishga qabul qilinganlar, agar ular allaqachon AQShda bo’lsa, darslarni 100 foiz to’liq internet orqali olishlari mumkin.

Xorijdan turib shu yil bahorgi semestrga qabul qilinganlar, agar ta’limni to’liq onlayn oladigan bo’lsa, AQShga kira olmaydi. AQShga kirish uchun, ya’ni viza olish uchun kamida bitta dars universitetda yuzma-yuz bo’lishi kerak.

Agar universitet barcha darslarni to’liq onlayn o’tayotgan bo’lsa, xorijlik talabalarga viza olish uchun kerak bo’ladigan “F-20” formasini bermaydi. Demak, bunday holatda sizga viza berilmaydi.

Koronavirusning oliy ta’limga ta’siri

AQSh hanuz koronavirus pandemiyasi bilan kurashar ekan, mamlakat oliy o’quv yurtlari 2021-yilgi ta’lim uchun o’tgan yilgi qoidalar amal qilishini aytmoqda.

2020-yil 4-dekabr kuni AQSh Ta’lim kengashi Immigratsiya va bojxona nazorati agentligidan 2021-yil uchun xorijlik talabalarga oid qoidalarni e’lon qilishni so’radi. Hozirgacha yangi tartib rasman e’lon qilinmagan bo’sa-da, agentlik so’zlovchisi 2020-yilgi qoidalar davom etishini bildirdi.

Koronavirus pandemiyasi boshlangandan keyin 2020-yil kuzgi semestr uchun AQSh o’quv yurtlarida xorijlik talabalarning ro’yxatdan o’tishi 16 foizga qisqargan.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.