Yaqinda tanishlarimdan biri talaba vizasi uchun AQSh elchixonasida bo’ladigan suhbat haqida maslahat so’rab qoldi. Hujjatlari joyida bo’lsa, AQShda o’qish va yashash uchun lozim bo’lgan mablag’ni ko’rsata olsa, vizani muammosiz oladi, deb umumiy javob berdim. Bu narsani deyarli hamma yaxshi biladi. Ammo shunday holatlar ham bo’ladiki, ba’zilar, hatto hujjatlari joyida bo’lishiga va o’qish uchun yetarli mablag’i borligiga qaramasdan suhbatdan vizasiz quruq chiqadi. Buning sababi nimada? Suhbat jarayonida rasmiyatchilikdan boshqa yana nimalar so’raladi va bu savollarga qanday javob berish kerak?
Shu savollarga javob topish maqsadida AQSh Davlat Departamentining rasmiy veb-sahifalarini biroz kovlashga to’g’ri keldi. Natijada mavzuning rasmiyatchilikdan tashqari, ammo viza olish jarayoniga bevosita ta’sir qiladigan ayrim jihatlari haqida ma’lumotlar topdim. Olgan xulosam shu bo’ldiki, viza uchun o’tkaziladigan suhbat faqat hujjatlar tekshiriladigan rasmiyatchilikdan iborat bo’lmasdan, balki viza uchun talabgor shaxsning ovozini eshitish, uning kimligini bilish ham suhbatning muhim bir qismi ekan.
AQSh Davlat Departamentining DipNote deya ataladigan rasmiy blogida Hindistondagi AQSh elchixonasining Konsullik bo’limi vakili Monika Shiy shu haqda o’z tajribasini o’rtoqlashadi. “Oyna ortidan nazar: AQShning vizalar ofisidan talaba vizasi bo’yicha maslahat” deya nomlangan blogpostda rasmiy mulozim viza uchun suhbat o’tkazishdan asosiy maqsad AQShga borish istagida bo’lgan shaxs bilan yuzma-yuz ko’rishish hamda uning o’z og’zidan nima maqsadda AQShga bormoqchi ekanini eshitishdir, deydi.