“Fulbright” AQSHda o’qish uchun arizalar qabulini boshladi

Posted March 3rd, 2012 at 3:53 pm (UTC-5)
2 comments

Fulbrayt xorijiy talaba dasturi (Fulbright Foreign Student Program) ikki yilgacha bo’lgan magistrlik darajasi uchun 2013-2014-o’quv yiliga ishtirokchilardan arizalar qabul qilishni boshladi. Tanlovda muvaffaqiyatli ishtirok etib, AQSH universitetlaridan biriga qabul qilingan talabalar ikki yilgacha AQSHda o’qish imkoniyatini qo’lga kiritadi. O’qish, yashash va safar bilan bog’liq barcha xarajatlar AQSH hukumatining Ta’lim va madaniyat ishlari  byurosi tomonidan ta’minlanadi.

Xorijda, xususan, AQSHda o’qish imkoniyatini qidirayotgan vatandoshlarimiz uchun ushbu dastur ayni muddao. Dastur talablariga javob beruvchi  barcha vatandoshlarimizni unda ishtirok etishga chaqiramiz.

Dastur haqida qisqacha ma’lumot:

Fulbrayt Xorijiy Talaba Dasturi gumanitar yo‘nalishlar, tabiiy fanlar, jumladan, muhandislik va ijtimoiy fanlar bo‘yicha o‘qish uchun ariza va hujjatlarni qabul qiladi. O’zbekistondagi AQSH elchixonasi veb saytining dastur haqidagi ma’lumotlar sahifasida Edmund Maski Bitiruvchilar Stipendiyasi dasturida  ko‘zda tutilgan akademik yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qishni istagan nomzodlar Fulbrayt Xorijiy Talaba Dasturiga ariza topshirmasliklari kerakligi yozilgan. Quyida keltirilgan oltita yo‘nalish bo’yicha ham Fulbrayt Dasturi arizalar qabul qilmaydi:

Tibbiyot, biznes boshqaruvi, iqtisodiyot, huquqshunoslik, davlat boshqaruvi va davlat siyosati.

Read the rest of this entry »

O’qituvchilar uchun 5 mlrd. dollar

Posted February 20th, 2012 at 11:17 pm (UTC-5)
Leave a comment

O'quvchi ustozi bilan

© Paul Gooddy

Obama ma’muriyati o’qituvchilik kasbini rivojlantirish va rag’batlantirish maqsadida shtatlar uchun 5 mlrd. dollarlik grantlar dasturini e’lon qildi, deya xabar qiladi “New York Times” gazetasi. 2009-yil maktablarni isloh etish maqsadida tatbiq etilgan “Race to the Top” (Yuqoriga Poyga) dasturi shaklida amalga oshiriladigan yangi grant loyihasi, Obamaning Kongressdagi nutqida ta’kidlanganidek, yaxshi o’qituvchilarni rag’batlantirish va o’qituvchilikni sharafli va qiymatli kasblar qatoriga kiritishni ko’zda tutadi.

“Respect” (Recognizing Educational Success, Professional Excellence and Collaborative Teaching) deya atalayotgan ushbu grantdan ulush olish uchun shtatlar loyiha talablariga javob beradigan ta’lim dasturlari va siyosatini ishlab chiqib, federal hukumatga taqdim etadi. Ta’lim departamentining ushbu loyiha bilan ishlovchi maxsus guruhi eng maqbul deb topilgan arizalarni tanlab olib, ularga 5 mlrd. dollarlik grantdan ulush ajratadi. Shtatlar oladigan moddiy yordam miqdori shtatdagi aholi, o’quvchi va o’qituvchilar soniga qarab farqli bo’lishi mumkin.

Shtatlar ushbu grantni o’z hududlaridagi maktablar sharoitini yaxshilash, yaxshi o’qituvchilarni rag’batlantirish, ish va malaka oshirish dasturlarini kengaytirish va ularni zarur texnik va boshqa jihozlar bilan ta’minlash kabi maqsadlarga yo’naltirishlari lozim.

“Respect” dasturi jamoatchilikka chorshanba kuni AQSh Ta’lim kotibi Arne Dunkan tomonidan rasman taqdim etiladi.

Read the rest of this entry »

AQSHda diplomni pulga sotib olish mumkinmi?

Posted February 13th, 2012 at 7:09 pm (UTC-5)
Leave a comment

Dikenson universiteti joylashgan hududning umumiy ko'rinishi. © Surat universitet saytiga tegishli.

AQSH korrupsiya va poraxo’rlik darajasi juda past bo’lgan mamlakatlar ro’yxatida yetakchilik qiladi. Mamlakat ta’lim tizimi bu illatlardan xoli bo’lgani bois dunyoning eng kuchli universitetlari shu yerda joylashgan.

AQSHda ehtimol diplomni pulga sotib olish yoki imtihonlardan pora orqali o’tish holatlari biror universitetda hali uchramagandir. Ammo bakalavrlik kabi universitet darajasini barcha talab qilingan kurslarni bitirmasdan yoki ingliz tilini yaxshi bilmasdan turib olish mumkin bo’lgan universitetlar Amerikada ham bor ekan. Yaqinda Shimoliy Dakotadagi Dikenson Davlat universiteti ana shunday o’quv yurti ekani aniqlandi.

Ingliz tilini umuman bilmaydigan yoki majburiy bo’lgan kurslarni tugatmagan yuzlab xalqaro talabalar so’nggi yillarda Dikenson Davlat universiteti diplomlarini osonlikcha qo’lga kiritgan. Bu haqda “AP” axboroti asosida “Huffington Post” internet nashri xabar tarqatdi.

Universitetda o’tkazilgan tekshiruv natijasiga ko’ra, 2003-yildan beri universitetda to’rt yillik universitet darajasini olgan 410 xorijlik talabaning 400 nafari bitirish talablarini bajarmasdan turib diplom olgan. Ushbu tabalarning 95 foizi xitoylik, qolgani esa rossiyalik ekani aniqlangan.

Read the rest of this entry »

Obama AQSH ta’lim tizimiga nima bera oladi?

Posted February 6th, 2012 at 10:15 pm (UTC-5)
Leave a comment

Official_portrait_of_Barack_Obama

© Oq Uy surati

AQSH prezidenti Barak Obama e’tiboridagi muhim masalalardan biri ta’lim ekani shubhasiz. Agar sifatli ta’lim berish bo’yicha yetakchilikni qo’ldan boy bersak, Amerikaning buyukligi xavf ostida qolishi mumkin, deb prezident ko’p ta’kidlaydi. Yaqinda AQSH Kongressida qilgan nutqida ham Obama mamlakat ta’lim tizimidagi ayrim maummolarga to’xtalib o’tib, ularni bartaraf etish bo’yicha o’z fikrlarini ilgari surdi.

Mamlakat ta’lim tizimining hozirgi ahvolidan Obamaning ko’ngli to’ladimi? Tizimdagi muammolarni bartaraf qilish uchun nimalarni taklif qilmoqchi? Keling, Obama nutqidan ana shu savollarga javob bo’lishi mumkin bo’lgan muhim nuqtalarni qidirib topib, ularni tahlil qilaylik.

Amerikaning ta’limga ajratadigan mablag’i mamlakat jami xarajatlarining 1 foizini ham tashkil etmaydi. Prezident nutqida ayni shu masalani tilga olib o’tdi. Uning fikricha, ta’lim uchun ajratilayotgan mablag’ miqdorini oshirish kerak. Bu boradagi real raqamlarga qaraydigan bo’lsak, vaziyat Obama aytayotgan gapning butunlay aksini ko’rsatmoqda. So’nggi yillarda AQSh shtatlarining aksariyatida ta’limga ajratilayotgan byudjet keskin qisqarishlarga yuz tutgan.

Obama, shuningdek, maktablardagi ta’lim uchun sharoitarni yaxshilash, yaxshi o’qituvchilarni rag’batlantirib, aksincha, sifatsiz muallimlar bahridan o’tish kerakligini ham ta’kidladi. U o’quvchilar ongidagi faqat imtihon uchun o’qish tushunchasi noto’g’ri ekanini alohida tilga oldi. O‘quvchilarni testga emas, balki yangilik yaratishga o‘rgataylik, dedi u.

AQSH ta’lim tizimidagi eng katta muammolardan biri bu talabalarning o’quv yurtlarini bitirmasdan erta tark etishidir. AQSHda har to’rt tababaning bittasi o’quv yurtini turli sabablarga ko’ra bitira olmaydi. Prezident ayni shu holatni ta’limdagi jiddiy muammolar qatorida sanadi.

“O‘quvchilar darslarni qoldirmasliklari kerak, – dedi Obama. – Bu ularning hayotda to‘g‘ri yo‘ldan ketishining muhim omili. Shu bois men har bir shtat o‘quvchi 18 yoshga to‘lgunga qadar maktabga to‘liq qatnashishini talab qilishini taklif qilaman”.

Read the rest of this entry »

“Muskie” uchun qabul boshlandi: AQShda magistratura o’qish uchun to’liq grant

Posted October 9th, 2011 at 4:18 pm (UTC-5)
2 comments

“Edmund Muskie” nomidagi magistratura darajasi uchun ajratiladigan stipendiyalar Dasturi 2012-o’quv yili uchun o’zbekistonliklardan hujjat qabul qilishni boshladi, deya xabar beradi AQSHning O’zbekistondagi elchixonasi veb-sahifasi. Bu dastur AQSH Davlat Departamentining Ta’lim va Madaniyat Ishlari bo‘yicha Byurosi tomonidan tashkil etilgan bo’lib, Yevroosiyo mamlakatlari fuqarolariga AQShda magistratura yoki bir yillik professional ta’lim kursi uchun o’qish imkoniyatini beradi.

Dasturda ishtirok etishni istovchilar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha hujjat topshirishlari mumkin:

  • Biznes Boshqaruvi;
  • Iqtisodiyot;
  • Huquqshunoslik;
  • Davlat Boshqaruvi;
  • Davlat Siyosati;
  • Maorif;
  • Atrof-muhitni asrashni boshqarish;
  • Xalqaro Munosabatlar;
  • Kutubxona va Axborotlar Fani;
  • Jurnalistika/Kommunikatsiya;
  • Sog‘liqni Saqlash.

Read the rest of this entry »

Stiv Jobs: “Men har kuni o’limni eslayman”

Posted October 8th, 2011 at 7:28 am (UTC-5)
4 comments

“Apple” korporatsiyasi asoschisi va sobiq rahbari, Obama ta’biri bilan aytganda, bugungi kunning eng katta kashfiyotchilaridan biri Stiv Jobs shu hafta olamdan o’tdi. Bu xabar hanuz ommaviy axborot vositalarining og’zidan tushmay kelyapti. “Apple” rasmiy sayti bosh sahifasi Stiv Jobs xotirasi uchun o’zgartirilib, uning rasmi va u haqdagi qisqacha ma’lumot bilan to’ldirilgan. Mutaxassislar Jobsning o’limi “Apple”ning kelajagiga qanday ta’sir etishi haqida bahslashmoqda. “Apple” kompaniyasi axborot texnologiyalari sohasidagi ilg’orligini saqlab qola oladimi?

Yaqinda Stiv Jobs uni kashfiyotlar qilishga undaydigan eng katta kuch o’limni eslash ekani haqida gapirgandi:

“17 yoshimda shunday bir iqtibos o’qidim: “Agar sen har kuningni xuddi bu sening so’nggi kuning deb o’ylab o’tkazsang, bir kun kelib sen yaxshi odam bo’lasan.” Bu menga qattiq ta’sir qildi va o’shandan beri, o’tgan 33 yil davomida har kuni ertalab oynaga qarab, o’zimdan shuni so’rayman:

“Agar bugun umrimning oxirgi kuni bo’lsa, bugun qilmoqchi bo’lgan ishlarimni qilarmidim? Agar javob “Yo’q” bo’lsa, ketma-ket ko’p kunlarda shunday bo’lardi, nimanidir o’zgartirishim kerakligini bilardim.”

Stiv Jobs bu gaplarni bundan 6 yil muqaddam AQSHning Stanford Universiteti bitiruvchilari oldida aytgan edi. Qizig’i, bu daho o’zi hech qachon universitetni bitirishga muvaffaq bo’lmagan. Bundan ham qizig’i, o’zi asos solgan kompaniyadan, u 2 mlrd. dollarlik biznesga aylanganda, ishdan haydalgan.

Read the rest of this entry »

O’zbek olimlari uchun “Fulbright” dasturi tanlovni boshladi

Posted October 5th, 2011 at 11:35 pm (UTC-5)
Leave a comment

AQSHning “Tashrif buyuruvchi olimlar uchun Fulbrayt dasturi” (Fulbright Visiting Scholar Program) 2012-2013-o’quv yili uchun arizalarni qabul qilishni boshladi.

Ushbu dasturda imiy darajaga ega bo’lgan kollej va universitet o’qituvchilari yoki kamida 15 yillik ish tajribasiga ega professionallar ishtirok etishi mumkin. “Fulbrayt” har yili quyidagi yo’nalishlar bo’yicha grantlar ajratadi:

  • Huquq;
  • Ta’lim;
  • Kutubxonachilik;
  • Jurnalistika;
  • Siyosatshunoslik;
  • Biznes;
  • Moliya;
  • Jamiyatshunoslik;
  • Atrof-muhitni o‘rganish;
  • Madaniyat va san’at.

 

AQShning Toshkentdagi elchixonasi saytida yozilishicha, ushbu dasturdan ko‘zlangan asosiy maqsad Amerika Qo‘shma Shtatlari xalqi va boshqa xalqlar o‘rtasida o‘zaro hamfikrlilikni kuchaytirish, shu tariqa Qo‘shma Shtatlar va boshqa mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona, samimiy va tinch munosabatlarni rivojlantirishga ko‘maklashishdan iborat.

Fulbrayt stipendiyasini qo’lga kiritgan olim va professionallar AQShda to‘rt oydan 10 oygacha bo‘lgan muddatda tadqiqot olib borish imkoniyatini qo’lga kiritadilar.

Read the rest of this entry »

“Grin Karta – 2013” uchun ro’yxatdan o’tish boshlanmoqda

Posted September 29th, 2011 at 5:45 pm (UTC-5)
2 comments

AQSHning O’zbekistondagi elchixonasi saytining xabar berishicha, 2013-yil uchun “DV” lotereyasini (Diversity Visa) o’ynash 2011-yilning 4-oktabridan boshlanadi. Ro’yxatdan o’tish shu yilning 5-noyabrigacha davom etadi.

Xalq orasida “Grin karta” nomi bilan mashhur bo’lgan ushbu vizani yutib olganlar AQSHda doimiy yashash huquqini qo’lga kiritish imkoniyatiga ega bo’ladilar. Har yili AQSH hukumati “DV” lotereyasi orqali 50 000 kishiga domimiy yashash vizasini beradi. Ushbu dasturni amalga oshirishdan maqsad AQShda kamsonli bo’lgan immigrantlar sonini oshirish va bu bilan AQSHdagi muhojirlar rang-barangligini muvozanatga solishdir, deyiladi hukumat e’lon qilgan ma’lumotda.

O’zbekiston “Grin karta” eng ko’p beriladigan davlatlardan biri hisoblanadi. Har yili ushbu dasturda o’zbekistonliklarga 4-5 ming atrofida o’rin ajratiladi.

2013-yil uchun “Grin karta” lotereyasida ishtirok etishni xohlovchilar ro’yxatdan o’tishni  http://www.dvlottery.state.gov/ sayti orqali 4-oktabr kuni Toshkent vaqti bilan kechqurun 9:00 da boshlashlari mumkin. Ro’yxatdan o’tish muddati 5-noyabr kuni kechqurun soat 9:00 da o’z nihoyasiga yetadi.

Elchixona axborotiga ko’ra, ishtirok etuvchilar ro’yxatdan imkon qadar erta o’tishlari tavsiya etiladi. Dunyo bo’ylab kiruvchilar sonining kundan kunga oshib borishi oqibatida vaqt o’tishi bilan sayt ishida sekinlashish kuzatilishi mumkin. Ro’yxatdan o’tish mutlaqo bepul va oson bo’lib, AQSh hukumati “Grin karta” uchun ro’yxatdan o’tish xizmatini taklif etuvchi turli shaxs va kompaniyalar aslida firibgarlar bo’lishi mumkinligidan ogohlantiradi.

Read the rest of this entry »

To’liq grant beruvchi Amerika universitetlari

Posted September 25th, 2011 at 9:29 am (UTC-5)
Leave a comment

Xorijlik talaba uchun AQSHda o’qishninhg eng qiyin jihatlaridan biri bu o’qish uchun pul topish. AQSHda o’qish arzon emas. Buning ustiga, chet ellik talabalar AQSHdagi mahalliy talabalarga qaraganda o’qish uchun ancha ko’p to’lashi talab etiladi. Ana shunday vaziyatda talabaning joniga oro kiruvchi, ehtimol, yagona chora “scholarship” topish.

Quyida talabalarga to’liq grant ajratuvchi ayrim universitetlar ro’yxatini bermoqchimiz. Grant olish uchun, avvalo, o’qishga qabul qilinish kerak. Quyida keltirilayotgan olti universitet, to’liq grant berish bilan birga, Amerikaning kirish juda qiyin bo’lgan eng kuchli universitetlaridan hisoblanadi. Demak, o’qishga qabul qilinish uchun kuchli raqobatdan o’tishingiz kerak bo’ladi.

MIT, Massachusetts Institute of Technology in Massachusetts

Harvard University

Princeton University

Yale University

Williams College in Massachusetts Middlebury College in Vermont

Ushbu oliy o’quv yurtlari saytlariga kirganda, qabul (admission), moddiy yordam (financial aid) va xalqaro talabalar (international students) bo’limlariga kirib, o’qishga qabul va moddiy yordam olish yo’l-yo’riqlari haqida ma’lumot olishingizni tavsiya etamiz.

 

AQSHda talabalar soni kamaymoqdami?

Posted September 19th, 2011 at 10:26 pm (UTC-5)
Leave a comment

AQSH prezidenti Barak Obama “Amerika Ish qonuni” loyihasini Kongressga taqdim etarkan, mamlakat taraqqiyoti uchun ta’lim muhim ahamiyatga ega ekanini yana bir bor ta’kidladi. Asosan, mamlakatdagi ishsizlik darajasini kamaytirish maqsadida qabul qilinayotgan yangi qonun loyihasida maktablarni ta’mirlash va boy berilgan o’qituvchi ish o’rinlarini qayta tiklash ham ko’zda tutilgan.

Iqtisodiy inqiroz bevosita ta’lim tizimiga ham ta’sir etayotgani amalda allaqachon ko’zga tashlanmoqda. Yaqinda e’lon qilingan xalqaro tadqiqotda AQShda universitetni tamomlayotgan talabalar soni kamayib borayotgani tilga olingan.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tomonidan olib borilgan kuzatuv natijalariga ko’ra, 25 yoshdan 34 yoshgacha bo’lganlar orasida universitet darajasiga ega bo’lishni qayd etib boruvchi xalqaro reytingda AQSh  to’rt pog’ona pastga qulagan. AQSH jahon mamlakatlari orasida avvalgi ro’yxatda 12-o’rinda bo’lgan bo’lsa, hozir 16-o’ringa tushib qolgan.

Mutaxassislar universitet ta’limi bo’yicha AQSH ko’rsatkichlarining pasayib borayotganini ikki sabab bilan izohlashmoqda. Birinchidan, Osiyo va Yevropada universitetga qatnayotgan yoshlar soni keskin oshib borayotgan bo’lsa, ikkinchidan, AQShda oliy ta’lim, asosan, to’rt yillik kollejga qatnash bilan belgilanadi. Boshqa davlatlarda esa bir yoki ikki yillik professional kasb ta’limi kurslari soni ham ortib bormoqda.

Aholisi orasida eng ko’p bakalavr darajasiga ega bo’lish bo’yicha AQSH dunyoda Norvegiyadan so’ng ikkinchi o’rinda turadi. Shuningdek, AQSh oliy o’quv yurtlari xalqaro talabalarni o’ziga eng ko’p jalb etuvchi davlatlardan biri. Shunga qaramay, oliy ta’limni rivojlantirishni targ’ib etuvchi “Lumina” jamg’armasi rahbari Jemi Merisotisning aytishicha, oliy ta’lim sifatini oshirish bo’yicha boshqa davlatlar faol oldinga qarab bormoqda.

Read the rest of this entry »

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.