Ehtiyot bo’ling: Ayrin to’foni!

Posted August 26th, 2011 at 3:49 pm (UTC-5)
Leave a comment

© NASA samodan olgan surat

Ertaga Shimoliy Karolinadan tortib Meyn shtatigacha AQSh sharqiy qirg’og’i Ayrin nomli dahshatli to’fonga yuz tutishi mumkin. Bu haqda AQSh ommaviy axborot vositalari bir haftadirki, bong urmoqda. To’fonga oid xabarlarni dovul xavfi yuqori bo’lgan shtatlardagi oliy o’quv yurtlarida ma’muriyat talabalar shaxsiy “e-mail”lariga ham yuborishmoqda.

Dovul sodir bo’layotganini quyidagi belgilar orqali bilish mumkin: yomg’ir aralash shamol har doimgidan kuchli bo’ladi. Kuchli jala yog’ishi mumkin. Dovul daraxtlarni va hatto uylarni ko’chirib yuborish quvvatiga ega. Bunday holatda ko’chaga chiqmaslik yoki o’qish joyida bo’lsa, bino ichida o’tirish tavsiya etiladi.

Bugun “IREX” tashkiloti AQShda ta’lim grantlari bo’yicha tahsil olayotgan xalqaro talabalarga xavfsizlik choralariga rioya etish haqida maktub yo’lladi. Xatda, jumladan, shunday deyiladi:

  • Telefoningiz batareyasi to’la zaryadlangan holda ekaniga ishonch hosil qiling:
  • O’zingiz bilan pasport, DS-2019 formasi, I-94 kartochkasini hamda ASPE sog’liq sug’urtasi kartochkasini birga olib yuring;
  • Oilangizga qo’ng’iroq qilib, o’zingizning sog’-salomat ekaningiz haqida aytib qo’yishni unutmang;
  • Biror kor-hol yuz berganda, zudlik bilan dasturingiz bo’yicha siz bilan ishlovchi xodimga bu haqda xabar bering.

Biz AQShda tahsil olayotgan barcha xorijlik talabalarga sog’lik-salomatlik tilaymiz. Dovul bo’lishi kutilayotgan kunlar o’zingizni ehtiyot qilishingizni va yuqorida yozilgan ko’rsatmalarga rioya qilishingizni so’raymiz.

Ob-havo haqidagi so’nggi ma’lumotlarni www.weather.com saytidan olishingiz mumkin.

O’zbekistonda yuridik ta’lim: muammolar va ularning yechimi

Posted August 7th, 2011 at 7:25 pm (UTC-5)
Leave a comment

“Talabalar shaharchasi” mehmoni: Mirakmal Nizaymatov

Mirakmal Nizaymatov Indiana shtati Notr Dam universitetida huquq bo’yicha tahsil oladi. Quyidagi maqola muallifning O’zbekistonda va AQShda huquqshunoslik sohasida olib borgan kuzatuvlari va izlanishlari asosida yozilgan. Unda Mirakmal O’zbekiston ta’lim tizimida huquqshunoslik sohasining o’qitilishini AQSh ta’lim tizimi bilan qiyoslab, bu borada O’zbekistondagi kamchilik va muammolarni sanab o’tadi. Maqolaning ilmiy va amaliy qiymati shundaki, muallif ushbu kamchiliklarni bartaraf etish va bu soha ta’limini yanada yaxshilash bo’yicha AQSh tajribasi asosida amaliy tavsiyalar beradi.

Maqola O’zbekistonda huquqshunoslik sohasida tahsil olayotgan talabalar uchun foydali bo’ladi, degan umiddamiz.

_______________________________________________________________________________________________

Quyidagi maslahatlar bugungi kunda huquqshunoslik bo’yicha tahsil olayotgan talabalarga mo’ljallangan. Ushbu maslahatlarning aksariyati O’zbekiston va AQShda huquqshunoslik sohasida 4 yil davomida olib borgan kuzatishlarim asosida yozildi. Maslahatlar talaba hayotining mazmunliroq va unumliroq o’tishini ta’minlash bilan birga, yuqori malakali huquqshunos bo’lib yetishishiga ham yordam beradi, deb umid qilaman.

[1] Yodlash o’rniga o’qish

Talabalik davrimda kodeks moddalarini yoddan bilish huquqiy saviyaning yuqoriligidan dalolat berardi. Jinoyat huquqidan dars bergan domlamizga barchamiz alohida hurmat bilan qarardik. Sababi, u hammamizni O’zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining barcha moddalarini yod olganligi bilan hayratga solardi.  Chet ellarda esa, xususan AQShda, kodeks va qonun moddaralarini yod bilishga uncha ahamiyat berilmaydi. Yod olishdan ko’ra tushunish, tahlil va to’g’ri tatbiq qilish zarurroq hisoblanadi. Huquqshunosning qobiliyati va mahorati u kodeks moddalarining nechtasini yod olganligi bilan emas, balki ularning qaysi huquqiy munosabatlarni tartibga solishini bilishi, tegishli huquqiy me’yorlarni sinchkovlik bilan tahlil qilishi va amalda qo’llay olishi bilan baholanadi.

Yodlash o’rniga o’qish uchun talaba kodeks va qonun moddalarini o’qish bilan birga, ularga yozilgan sharhlar va huquqshunos olimlar yozgan darsliklarni ham o’qimog’i lozim. AQSh umumiy (anglo-sakson) huquq tizimiga kirgani uchun talabalar asosan Oliy Sud (Supreme Court) tomonidan ko’rib chiqilgan ishlarni sinchkovlik bilan o’rganishadi. O’zbekiston huquq tizimi esa romano-german (sivil) huquq tizimiga kirgani uchun, Oliy Sud tomonidan ko’rib chiqilgan ishlarni o’rganish keng tarqalmagan. Shuning uchun O’zbekistondagi huquqshunos talabalar uchun kodeks va qonunlarga yozilgan sharhlarni o’qish alohida ahamiyat kasb etadi.

Huquqiy normalarni tahlil qilish qobiliyatini rivojlantirishda huquqiy masalalarni o’qish ham muhim ahamiyatga ega. Bunday qo’llanmalarda muallif huquqiy masala keltirish bilan birga, uni qanday hal qilish kerakligi haqida ham o’z fikr-mulohazalarini bildirib o’tadi. AQSh huquq maktablarida tahsil olayotgan talabalarning deyarli barchasi shunday qo’llanmalardan foydalanadi (ayniqsa yakuniy imtihonlar uchun). Masalan, ingliz tilida chop etilgan shunday qo’llanmalardan birining nomi “Examples and Explanations: Constitutional Law,” Aspen Publishers, 2009 (“Masalalar va Sharhlar: Konstitusiyaviy huquq”). Rus tilida chop etilgan qo’llanmalar orasida esa “Сборник задач по уголовному праву,” Издательство: Щит-М, 2008 (“Jinoyat huquqi bo’yicha masalalar to’plami”) ni namuna sifatida ko’rsatish mumkin. Read the rest of this entry »

Abiturientlar diqqatiga: Imtihon natijalarini SMS orqali bilishingiz mumkin

Posted August 5th, 2011 at 4:04 pm (UTC-5)
Leave a comment

Vatanimizda abiturientlarning yuragi taka-puka bo’lib, mandat kunini kutayotganlari aniq. Ko’p yoshlar olis viloyatlardan imtihonlari natijasini bilish uchun Toshkentga yo’l bosib keladi. Bu, albatta, oson emas. Ayniqsa, shuncha yo’l bosib kelsa-yu, olgan natijasi – peshonadan sovuq ter chiqaradigan yomon xabar bo’lsa.

Bundan 10 yillar muqaddam men ham abiturient edim. Bu narsalarni o’z boshimdan o’tkazganman. Kaminaga imtihondan yiqilib, sovuq xabar olish nasib qilmagan bo’lsa ham, boshqa viloyatdan bir necha soat yo’l bosib Toshkentga kelgan va o’qishga kirolmagani haqidagi bir parcha ma’lumotni o’qib qaytib ketgan va bu narsani bir necha yillar davomida har yili takrorlagan abiturientlarni bilaman.

Bugun internetda yaxshi bir xabar o’qib qoldim. Anons.uz saytining yozishicha, “Bilayn” aloqa operatori o’zbekistonlik abiturientlarga 2-avgustda o’tgan kirish imtihonlari natijalarini telefon orqali bilish imkoniyatini taklif qilayotgan ekan. Kompaniya “Zava Mobile” provayderi hamda Davlat Test Markazi bilan hamkorlikda “Abiturient – 2011″ xizmatini yo’lga qo’ygan. Ushbu xizmatga ulangan foydalanuvchilar test natijalarini SMS orqali olishlari mumkin.

Test natijasini bilish uchun abonent 5151 raqamiga javoblar varaqasi nomerini jo’natishi kerak. Javobda uning testdan olgan bali va o’qishga o’tgan yoki o’tmagani haqida xabar keladi. Masalan,  javoblar varaqasidagi 100005 nomerini 5151 raqamiga SMS orqali jo’natsangiz, quyidagi ko’rinishda javob keladi:

N:100005, VUZ:355, BALL:195.5. Siz GRANT asosida o’qishga qabul qilindingiz. Vi postupili na GRANT.

Xizmatdan Davlat Test Markazi imtihon natijalarini e’lon qilgandan keyin foydalanish mumkin. Ungacha jo’natilgan SMSga tarmoqqa ulanish mumkin emas, degan javob keladi va ushbu xabarga ham xizmat haqi olinishi mumkin.

“Abiturient – 2011″ xizmatidan foydalanish bahosi $0,75. Qo’shimcha ma’lumotni www.zava.uz saytidan topishingiz mumkin.

Fikrimcha, juda yaxshi xizmatni yo’lga qo’yishibdi. Afsuski, hozircha undan faqat “Bilayn” aloqa xizmatidan foydalanuvchi abonentlargina foydalanishi mumkin. Nazarimda, agar Davlat Test Markazi tashabbusni o’z qo’liga olib, bu xizmatni barcha aloqa operatorlari uchun taklif etganda, boshqa aloqa operatorlaridan foydalanuvchi abiturientlar uchun ham ayni muddao bo’lardi.

Hurmatli abiturientlar! Test natijalari e’lon qilingandan so’ng o’z imtihon natijalaringiz haqida bizga yozib, kayfiyatingiz av his-hayajoningizni biz bilan baham ko’rasiz, deb umid qilamiz.

“Talabalar shaharchasi” sizdan yaxshi xabarlarni kutib qoladi.

Ahvoling qanday, abiturient?

Posted August 2nd, 2011 at 4:11 pm (UTC-5)
Leave a comment

Siz bugun talabasiz. Yaqin o’tmishda abiturient edingiz. O’sha kunlarni, ayniqsa, kirish imtihoningiz bo’lgan kunni hozir ham juda yaxshi eslasangiz kerak. Hajayon, qo’rquv va nihoyat, orziqib kutilgan kun – mandat…

Yaxshi bilasiz, O’zbekistonda har yili 1-avgustda oliy o’quv yurtlariga kirish imtihonlari o’tkaziladi. Bu yil shu imtihon bir kun keyinga, 2-avgustga qoldirildi. Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining aytishicha, abiturientlarning bu yil har qachongidan ko’pligi imtihon kunining ortga surilishiga sabab bo’lgan.

Bu yil O’zbekistonda qancha odam o’qish uchun hujjat topshirdi? Qaysi universitetlarga eng ko’p hujjat topshirilgan? Qayerda bir o’rin uchun bo’lgan raqobat boshqa joylarga qaraganda yuqori bo’ldi? Shu kabi savollarga vazirlik e’lon qilgan raqamlar javob beradi. Keling, ularga bir nazar tashlaylik.

Bu yil oliy o’quv yurtlariga jami 418 724 nafar abiturient hujjat topshirgan. Bu o’tgan yilgi raqamdan 33 mingta ko’p. 20 159 abiturientdan hujjat qabul qilgan Termiz Davlat Universiteti ta’lim muassasalari orasida eng ko’p hujjat qabul qilish borasida yetakchilik qilmoqda. Undan keyingi o’rinlarda quyidagi universitetlar bor:

Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universiteti – 17 357;

Samarqand Davlat universiteti – 16 369;

Andijon Davlat universiteti – 15 949;

Farg’ona Davlat universiteti – 15 668.

Ajratilgan talaba o’rinlariga eng ko’p talabgor to’g’ri kelishi bo’yicha ham Termiz Davlat Universiteti birinchi o’rinda. Bu yerda bir o’ringa 12,8 kishi to’g’ri kelmoqda. Toshkent Tibbiyot Akademiyasi va Qarshi Davlat universitetlarida bir o’rin uchun 11,6 abiturient imtihon topshirgan. Bu borada keyingi o’rinlarni quyidagi o’quv yurtlari band etgan:

Toshkent Soliq akademiyasi – bir o’ringa 11.5 kishi;

Andijon Davlat tibbiyot instituti – bir o’ringa 11.2 kishi;

Andijon Davlat universiteti – 11.1 kishi.

O’quvchilarimiz orasida abiturientlar ham borligiga ishonchimiz komil. Yoki ularning yaqinlaringiz orasida borligi aniq. Siz uchun yoki tanishlaringiz uchun bu yil kirish imtihonlari qanday kechdi? Bu yilgi imtihonlar har galgidan nimasi bilan farq qiladi?

Shu haqda fikr-mulohazalaringizni biz bilan baham ko’rasiz, deb umid qilamiz.

 

F-1 talaba vizasini ololmaslik sabablari

Posted August 1st, 2011 at 11:04 am (UTC-5)
Leave a comment

Yaxshi bilamizki, AQShda o’qish istagiga ega bo’lgan hamma ham bu niyatiga yeta olmaydi. Chunki AQShda o’qish huquqini beruvchi F-1 talaba vizasini olish hammaga ham nasib qilmaydi. Ayniqsa, O’zbekistondan AQShga F-1 vizasini olish yildan yilga qiyinlashib borayotgani haqida ko’p eshitamiz. Buning sabablari nima? Odatda, qanday sabablar AQSh elchixonasi tomonidan F-1 vizasi uchun topshirilgan anketaning rad qilinishiga sabab bo’ladi?

“Baxtli maktablar blogi” (Happy Schools Blog) yaqinda shu haqda yozibdi. Unda talaba vizasini ololmagan 100 dan ortiq inson bilan qilingan suhbat asosida AQShdagi universitetlarga F-1 vizasini ololmaslikning eng ko’p uchraydigan 10 sababi haqida hikoya qilingan. Ushbu sabablarni quyida bittama bitta sanab o’tsak: Read the rest of this entry »

Obama: “Ta’lim oldimizda turgan eng dolzarb vazifa”

Posted July 26th, 2011 at 12:09 am (UTC-5)
Leave a comment

Oq Uy surati

Kuni kecha Prezident Barak Obama Oq Uyda jamoat va biznes doirasi vakillari bilan AQShda ta’lim tizimini yanada rivojlantirish mavzusida yig’in o’tkazdi. Oq Uy blogining xabar berishicha, Obama uchrashuvda bir qator xususiy kompaniya va jamoat sektori namoyandalari bilan Amerikaning barqaror kelajagini ta’minlashda ta’limning roli va unda xususiy sektorning ishtiroki mavzusida fikr almashgan.

Yig’inda ishtirok etgan bir qator davlat maslahatchilari, ta’lim va xususiy sektorning yetakchi tarmoqlari vakillari kelajakda AQSh ta’lim tizimi muvaffaqiyatini saqlab qolish uchun ta’limni ishlab chiqarish va amaliyotga yaqindan bog’lab olib borish zarurligini ta’kidladilar. Shuningdek, ushbu uchrashuv Obama oldida turgan eng dolzarb vazifalardan biri yoshlar ta’limi ekanini yana bir bor ko’rsatishga xizmat qildi.

“Jahon standartlariga mos ta’lim nafaqat farzandlarimiz eng yaxhsi ish topishlari uchun, balki Amerika dunyoda boshqa davlatlarni raqobatda quvib o’tishi uchun ham eng muhim yagona faktordir, – dedi Obama ushbu yigi’inda. – Biznes yetakchilari buni yaxshi tushunishadi: gap ta’lim haqida ketar ekan, biz eng oldinda bo’lishimiz kerak. Shuning uchun har bir farznadimiz ta’lim olish imkoniyatiga ega bo’lsin, deb biz birga ishlayapmiz”.

Read the rest of this entry »

Xalqaro talabalar uchun yangi imkoniyat

Posted May 30th, 2011 at 12:45 pm (UTC-5)
Leave a comment

Davlat departamenti xalqaro talaba, tadqiqotchi va mutaxassislar uchun jamiki ta’lim grantlari va dasturlarini bir joyga yig’ib, yangi vebsayt ochdi.

J-1 vizasini oluvchi xorij fuqarolariga doir ma’lumot http://j1visa.state.gov vebsaytiga joylandi.

Sayt 1-iyundan to’liq ishga tushgan.

Amerikada o’qish imkoniyati, ta’lim dasturlari, grantlar va hujjat topshirish yo’l-yo’riqlari hamda J-1 vizasini olish tartibi haqida sayt batafsil ma’lumot beradi.

Har yili 350 mingdan ziyod xalqaro talaba, tadqiqotchi, doktor hamda qisqa muddatli ishchilar J-1 vizasi bilan keladi.

Yangi sayt ta’lim dasturlari qatnashchilari va xohlovchilar ishini osonlashtiradi.

Masalan, siz Amerika universitetida o’qimoqchi bo’lsangiz, saytga kirib, xalqaro almashinuv programmalariga homiylik qiluvchi universitet va tashkilotlar ro’yxatini topasiz.

Qiziqish, maqsad va yo’nalishga qarab, mosini tanlab, ular bilan mustaqil tarzda bog’lanishingiz mumkin.

Read the rest of this entry »

“Kelajak ovozi”ning yozgi o’quv oromgohiga borasizmi?

Posted May 28th, 2011 at 6:29 pm (UTC-5)
Leave a comment

Har yili 7-21-iyul kunlari Qashqadaryo viloyatida tashkil etiladigan “Kelajak ovozi” o‘quv lagerlarida qatnashish uchun arizalar qabuli boshlangan.

Bu haqda “Kelajak ovozi” Yoshlar tashabbus markazining matbuot xizmati ma’lum qildi.

Yozgi oromgoh muallif va ijrochilari – Fond Forum, “Kelajak ovozi”, Britaniya kengashi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti.

Arizalar 2011-yilning 20-mayidan 10-iyuniga qadar “Kelajak ovozi” bo‘limlari va markaz sayti orqali (kelajakovozi.uz@gmail.com) qabul qilinadi.

Lager sharofati bilan mamlakat va xorijning yetakchi murabbiylari bilan birga mashg‘ulotlar o‘tadi.

Bolalar, yoshlar esa ta’lim, sport va madaniy tadbirlarda qatnashib, do‘stlar orttirib, qo‘shimcha bilim va ko‘nikmalar olib, o‘z iste’dodlarini namoyish etish imkoniga ega bo‘ladilar.

Oromgoh loyihasini qo‘llab-quvvatlayotganlar safida, shuningdek, Yaponiyaning xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA), Nagoya hamda Vestminster Universitetlari, Singapurning Toshkentdagi menejmentni rivojlantirish instituti va boshqalar bor.

Read the rest of this entry »

O’qituvchilar Amerikada malaka oshirsa

Posted May 11th, 2011 at 5:22 pm (UTC-5)
Leave a comment

Amerikada ta’lim olish imkoniyatlari haqida ma’lumot berishda davom etsak. Bugungi maqolada o’zbekistonlik o’qituvchilar uchun mo’ljallangan ikki ta’lim granti haqida yozmoqchimiz.

1. Yosh O‘qituvchilarni Rivojlantirish Dasturi (Junior Faculty Development Program (JFDP)

Yosh O‘qituvchilarni Rivojlantirish Dasturini Davlat departamentining Ta’lim va madaniyat ishlari bo‘yicha byurosi ta’sis etgan.

Uning yordamida O’zbekistonda oliy o’quv yurtlarida ishlovchi o‘qituvchilar bir semestr davomida AQSh universitetlarida o’qib, o’qituvchi-professorlar bilan ishlaydi, bilim va malakasini oshiradi.

Dasturda gumanitar va ijtimoiy soha o’qituvchilari qatnashishi mumkin.

Yana bor maqsad – Amerika va O’zbekiston universitetlari o’rtasida aloqani yo’lga qo’yish va mustahkamlash.

Dastur qatnashchilari zamonaviy o‘quv materiallari va resurslar to‘plab, o‘z yurtidagi hayot tarzi va ta’lim tizimi bilan. o’rtoqlashadi.

Ishtirokchiga ilmiy daraja berilmaydi. Ular dastur tugashi bilan vatanga qaytishi lozim.

Read the rest of this entry »

O’zbekistonlik talabalar diqqatiga: AQShda ishlashni xohlaysizmi?

Posted May 9th, 2011 at 12:07 pm (UTC-5)
1 comment

Xabaringiz bo’lsa, AQSh elchixonasi O’zbekistonda o’quvchi talabalar uchun yoz davomida Amerikada ishlash dasturini tashkil etgan. Bugungi maqolamizda shu dastur va unda ishtirok etish talablari haqida ma’lumot bermoqchimiz.

Yozgi ish va sayohat dasturi (Summer Work and Travel – SWT) sizga yozgi ta’til davomida AQShda ishlab pul topish imkonini beradi. Unda ishtirok etish uchun O’zbekistondagi oliy o’quv yurtlaridan birining talabasi bo’lishingiz va ingliz tilini yaxshi bilishingiz kerak. So’nggi kursda o’quvchilar yoki ilgari shu dastur bilan Amerikada bo’lganlar ham dasturda qatnasha oladilar. Magistratura va aspirantura talabalari ham qatnashishlari mumkin. Ishtirok etuvchilarning yoshi chegaralanmagan.

Dastur haqida to’liq, to’g’ri va rasmiy ma’lumotni AQSh Davlat departamenti saytidan topishingiz mumkin: http://exchanges.state.gov/jexchanges/programs/swt.html

Ushbu dastur bo’yicha AQShga borish uchun J-1 vizasini olish lozim. Buning uchun topshirish zarur bo’lgan hujjatlar ro’yxati Konsullik xizmatlari saytida berilgan: http://travel.state.gov/visa/temp/types/types_1267.html#6

Dastur ishtirokchilari Amerikada AQSh Davlat Departamentining Ta’lim masalalari bo’limi tasdig’idan o’tgan tashkilotlar tomonidan ish bilan ta’minlanadilar. Tashkilotlarning to’liq ro’yxati quyidagi manzilda berilgan: http://eca.state.gov/jexchanges/index.cfm?fuseaction=record.list&cat=12

Read the rest of this entry »

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.